Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi doirasida Parlamentlararo ittifoq Prezidenti Tuliya Ekson bilan suhbatlashdik.
– Yosh parlamentariylar global konferensiyasini o‘tkazishning ahamiyati haqida qanday fikrdasiz?
– Samarqanddek tarixiy va qadimiy shaharda Yosh parlamentariylar global konferensiyasini o‘tkazayotganimizdan juda mamnunmiz. Parlamentlararo ittifoq jamoasi nomidan O‘zbekiston rahbariyati va parlamentiga ushbu muhim tadbirni yuksak saviyada tashkil etgani uchun minnatdorligimni bildiraman.
Bugun biz inson huquqlariga nisbatan dunyoning ko‘plab hududlarida chekinish kuzatilayotgan murakkab davrda yashamoqdamiz. Dunyoda Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrdagi eng ko‘p sonli qurolli mojarolar yuz bermoqda.
Parlamentlarda yoshlar ovozini kengaytirish borasida yillar davomida erishilgan taraqqiyotdan so‘ng, bugun yana ortga chekinish holatlariga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bu o‘z-o‘zidan barqaror holatga qaytishiga umid qilib o‘tirishimiz mumkin emas. Bu – ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotgan tub va ulkan o‘zgarishdir.
– Bu o‘zgarishlar nimasi bilan xavfli?
– Bu o‘zgarishlar bizni qonun ustuvorligiga asoslangan xalqaro tartib hali shakllanmagan davrga – kuch haqiqatni belgilagan davrga qaytarishi mumkin. Bu esa nimalarga olib kelishi mumkinligini biz juda yaxshi bilamiz. Shu bois barchamiz uyg‘onishimiz va harakat qilishimiz vaqti keldi.
Parlament a’zolari sifatida biz xalq vakillarimiz. Inson huquqlari tizimi esa aynan biz vakillik qilayotgan insonlarni himoya qilish uchun yaratilgan.

– Bunday vaziyatda parlamentlar qanday pozitsiyada bo‘lishi kerak?
– Boshqalar inson huquqlaridan chekinayotgan bir paytda parlamentlar bunday qilmasligi kerak. Biz bu pozitsiyani qat’iy himoya qilishimiz shart.
Parlamentlararo ittifoqda bu borada faol harakatlarni boshlamoqdamiz. Shuning uchun ham bu yil inson huquqlarini asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida belgiladik. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish maqsadida «Inson huquqlarini diqqat markaziga olib chiqaylik» kampaniyasini boshladik.
Bu – har bir parlament va har bir parlamentariyga qaratilgan chaqiriq. Qonun ijodkorligi, parlament nazorati va byudjet vositalaridan foydalanib, inson huquqlarini amalda ta’minlashimiz kerak.

– Bu jarayonda yosh parlamentariylarning o‘rni qanday?
– Yoshlarning hissasisiz parlamentlar inson huquqlarining samarali tayanchi bo‘la olmaydi. Xavf va tahdidlar o‘zgarib bormoqda. Yosh avlod esa ushbu o‘zgarishlarni yanada bevosita his qilmoqda. Bu parlamentlarimiz uchun nihoyatda zarur bo‘lgan o‘ziga xos nuqtai nazarni shakllantiradi.
Yoshlar parlament minbaridan foydalanib, inson huquqlari buzilishi uchun javobgarlikni talab qilishi kerak.
– Yosh parlamentariylar oldida inson huquqlari bilan bog‘liq yana qanday yangi vazifalar turibdi?
– Bugun inson huquqlariga ta’sir qilayotgan masalalar doirasi tobora kengayib bormoqda. Iqlim o‘zgarayotgan yangi davr allaqachon inson huquqlariga ta’sir ko‘rsatmoqda. Yosh parlamentariylar avlodlararo adolat tamoyilining yetakchilari bo‘lishi mumkin. Ular qisqa muddatli siyosiy qarorlarga qarshi chiqib, isib borayotgan sayyoraning oqibatlari va xarajatlarini kelajak avlodlar zimmasiga yuklaydigan qarorlarga yo‘l qo‘ymaslikka hissa qo‘shishi kerak.
Raqamli texnologiyalarning yangi davrida esa insonlarni zo‘ravonlik, shaxsiy hayot daxlsizligining buzilishi va yolg‘on axborotning jadal tarqalishiga duchor qilayotgan yangi makonlar paydo bo‘lmoqda.
Yoshlar raqamli dunyo uchun zarur qoidalarni shakllantirishga yordam berishi kerak. Zotan, texnologiya inson huquqlarini zaiflashtirmasligi, aksincha, ularga xizmat qilishi lozim.
– Hozirgi sharoitda yoshlar uchun qanday imkoniyatlar yaratish mumkin?
– Bugungi kunda, ya’ni iqtisodiy noaniqlikning yangi davrida juda ko‘plab yoshlar mustaqil hayotga ishonchli va barqaror yo‘lga ega bo‘lmagan holda qadam qo‘ymoqda. Parlamentlarda bunga javob berish uchun amaliy mexanizmlar mavjud: mehnat qonunchiligi, byudjet siyosati va bandlik sohasidagi siyosat ustidan parlament nazorati.
Yosh parlamentariylar ana shu vositalardan foydalanib, yoshlarning hech qachon chetda qolib ketmasligini ta’minlashga hissa qo‘shishi zarur.
Fursatdan foydalanib, yosh parlamentariylarga murojaat qilmoqchiman: inson huquqlarini kun tartibiga kiriting. Va avlodlar o‘rtasida ittifoqlar tuzing – sizlar bilan birgalikda harakat qilishga tayyor bo‘lgan parlamentariylar bilan hamkorlik qiling. Bugungi davr bizdan aynan shunday siyosiy jasoratni talab qilmoqda. Ushbu konferensiya esa ana shunday jasoratni safarbar etishga qaratilgan.
– Konferensiya ishtirokchilarini qanday muhokamalar kutmoqda?
– Ikki kun davomida yoshlar huquqlari keng muhokama qilinadi. Ishtirokchilar bu yerdan shaxsiy majburiyat bilan qaytadi: o‘z parlamentlarida inson huquqlarining ochiq va faol himoyachisi bo‘lishda davom etadi.
Samarqand – inson huquqlari borasida qat’iy chegara belgilaydigan nuqtaga aylanadi. Yosh parlamentariylar shu yerda birlashib, «Biz huquqlar yemirilib borayotgan va adolatsizlik odatiy holatga aylanayotgan dunyoni qabul qilmaymiz. Biz o‘zimizdan oldingi avlodlar kurashib erishgan taraqqiyotni himoya qilamiz», degan fikr atrofida birlashadi. Parlamentlararo ittifoq bu yo‘lda yoshlar bilan doim birga.
O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova suhbatlashdi.
