2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda demokratik islohotlar olib borildi. Ushbu islohotlar “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan insonparvar g‘oya asosida amalga oshirildi. Natijada, eng avvalo, xalqimizning dunyoqarashi o‘zgardi, davlat va jamiyat bir-biri bilan yaqinlashdi, tashkilot hamda idoralarning ish yuritish uslubi demokratlashdi. Bu esa, tom ma’noda, Yangi O‘zbekistonni shakllantirdi.
Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoev 2021 yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod sifatida ishtirok etib, saylovchilarning 80,12 % ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib qayta saylangani ham yurtimizdagi demokratik islohotlar xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganining yaqqol tasdig‘idir.
Davlatimiz rahbari joriy yilning 6 noyabr kuni o‘tkazilgan inauguratsiya marosimida – prezidentlik lavozimiga kirishish tantanali tadbiriga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida quyidagi fikrlarni ishonch bilan ta’kidladi: “Yangi muddatga lavozimga kirishayotgan Prezident sifatida jonajon Vatanimizning bugungi kuni va kelajagi uchun butun mas’uliyat va javobgarlikni chuqur his etgan holda aytmoqchiman: Xalqimiz bilan boshlagan demokratik islohotlar yo‘lini yanada qat’iy davom ettiramiz va bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaymiz! Yangi O‘zbekistonni birgalikda albatta barpo etamiz!”
Bu fikrlar yaqin besh yillikda ham demokratik islohotlar davom ettirilishidan dalolat beradi.
Xo‘sh, keyingi besh yilda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari nimalardan iborat bo‘ladi? Islohotlar qaysi sohalarda olib boriladi? Qanday g‘oya va maqsad yo‘lida xalqimiz birlashadi va harakatlanadi? Ushbu savollarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobini mutolaa qilish orqali javob topish mumkin. Kitobda mamlakatimizning keyingi besh yillik taraqqiyot strategiyasida belgilangan 7 ta eng ustuvor vazifa batafsil sharhlangan. Bu vazifalar quyidagilardan iborat:
- Erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
- Adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlash;
- Milliy iqtisodiyotni rivojlantirish;
- Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish va inson kapitalini rivojlantirish;
- Ma’naviy va ma’rifiy sohalarda islohotlarni amalga oshirish;
- Global muammolarning milliy va mintaqaviy darajadagi yechimlarini topish;
- Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Yuqoridagi ustuvor vazifalarning mohiyatiga e’tibor qaratsak, davlat siyosati yurtimizdagi har bir inson baxtli va farovon hayot kechirishini ta’minlashga qaratilganini anglash mumkin. Bunda “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini amalga oshirish, “Rahbarlar faqat davlatga emas, avvalo, inson va oilaga, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilishi kerak” tamoyilini hayotga tatbiq etish ko‘zda tutilgan. Xalqparvar davlat barpo etish uchun erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish zarurligi, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlash muhimligi strategik vazifa sifatida belgilangan. Ushbu ustuvor vazifaning tarkibiy qismlari quyidagilardan iborat:
- mahalliy boshqaruv organlarining joylarda muammolarni hal etishdagi roli va mas’uliyatini yanada kuchaytirish;
- davlat funksiyalarining katta qismini markazdan hududlarga o‘tkazish;
- mahalla tizimini hokimliklar bilan bog‘lash;
- hokimliklar va mahallalarning moliyaviy imkoniyatini kengaytirish;
- markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish;
- qabul qilingan dasturlar ijrosi yuzasidan rahbarlarning hisobot berish tizimini yo‘lga qo‘yish;
- Xalq qabulxonalari uchun qo‘shimcha huquqiy asoslar yaratish;
- kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish jarayoniga yangicha, zamonaviy yondashuvlar joriy etish;
- Oliy Majlis faoliyatini yanada takomillashtirish;
- parlament tomonidan murojaatlar bilan ishlash holatining nazoratga olinishi;
- Xalq deputatlari mahalliy kengashlari hamda hokimlarning vakolatlarini aniq belgilashga oid qonuniy asoslarni yaratish;
- Fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish;
- jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni hayotga tadbiq etishda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kuchaytirish;
- so‘z va matbuot erkinligi, fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish, o‘z fikr va qarashlarini erkin bildirish huquqini ta’minlash;
- mansabdor shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni kuchaytirish.
Aytish mumkinki, ushbu vazifalarni samarali ijro etish bugungi davr talabi va zaruratidir. Chunki davlatning kelajagi, barqaror rivojlanishi va dunyo geosiyosatida tutgan o‘rni uning xalq xohish-istaklarini qay darajada ifoda etishi bilan chambarchas bog‘liq. Xalqdan uzoqlashgan davlat uzoq yashamaydi. Xalq – davlat hokimiyatining birdan-bir manbai. Shuning uchun ham Yangi O‘zbekistonda jamiyat qurilishi va davlat siyosati “Davlat inson uchun” tamoyili asosida olib borilmoqda. Demak, mamlakatimizda davlat manfaatlaridan ko‘ra inson manfaatlari ustuvor bo‘lib bormoqda.
Aytish o‘rinliki, 2020 yil 22 iyunda davlatimiz rahbari farmoni bilan mustaqil mamlakatimiz tarixida ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi qabul qilindi. Mazkur Milliy strategiyaning bosh maqsadi O‘zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash bo‘yicha izchil olib borilayotgan davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari va vazifalarini belgilab olishdan iborat. Bunda 2020 – 2025 yillarga mo‘ljallangan vazifalar aniq qayd qilingan va izchil ijro etilmoqda.
Mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Natijada, 2020 yil 13 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida bo‘lib o‘tgan saylovlarda O‘zbekiston 2021 – 2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylandi. Bu har birimiz faxrlansak arziydigan tarixiy hodisadir.
Albatta, davlatning inson huquqlari sohasidagi faoliyatiga eng to‘g‘ri va xolis bahoni, avvalo, shu yurt fuqarolari, o‘sha zaminda istiqomat qilayotgan insonlar beradilar. Shuning uchun ham davlatimiz rahbari ta’kidlaydilar, “Yangi O‘zbekiston strategiyasi – fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ishtirokini kengaytirish, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ilg‘or tashabbuslarini amalga oshirish, hayotiy muammolarini hal etish, turmush darajasini yuksaltirish, mustaqil ravishda o‘z moddiy farovonligini oshirishi uchun yetarli va zarur sharoitlarni yaratish deganidir”.
Ushbu ulug‘ maqsadni ro‘yobga chiqarish uchun aniq vazifalar belgilangan. Jumladan, yaqin besh yilda “Xalqchil davlat” milliy dasturi ishlab chiqiladi. Xalq qabulxonalariga konstitutsiyaviy maqom beriladi. “Elektron parlament” va “Elektron Xalq kengashi deputatlari” kabi konsepsiyalar hayotga izchil tatbiq etiladi. Ixcham va professional ijro organlari tizimi, zamonaviy menejmentga asoslangan boshqaruv tizimi yaratiladi.
Demokratik davlatda fuqarolik jamiyati institutlari xalq va davlat o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajaradi. Yangi O‘zbekistonda ayni shu jihatga alohida e’tibor qaratilishi, qonuniy faoliyat olib boruvchi fuqarolik jamiyati institutlarining maqomi kuchaytirilishi strategiyada qayd etilgan. Bunda, ayniqsa, mahalla faoliyatiga alohida urg‘u berilib, “Mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idora va hokimliklar faoliyatini baholashda bosh mezon bo‘ladi”, – deyilgan. Mahallaning nufuzini, uning resurs va imkoniyatlarini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, strategiyada qayd etilganidek, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun qayta ko‘rib chiqiladi. Fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinadi. Davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi bo‘yicha muhim ijtimoiy-iqtisodiy dasturlar ishlab chiqiladi va amalga oshiriladi. Nodavlat notijorat tashkilotlar kodeksini qabul qilish hamda Jamoatchilik palatasini tuzish ishlari jadallashtiriladi.
“Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida oshkoralik va so‘z erkinligini ta’minlash islohotlarning muhim talabi sifatida baholangan. Haqiqatdan ham, axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylanib bormoqda. Bu o‘rinda ommaviy axborot vositalaridan ham ijtimoiy mas’uliyatni anglash talab etiladi. Ijtimoiy mas’uliyat – bu OAVning, har bir jurnalistning ommaga taqdim etayotgan axborotga nisbatan javobgarligi, axborotning xolis, haqqoniy va ishonchli bo‘lishiga mas’ulligidir.
Shuningdek, kelgusi besh yilda axborotlashgan jamiyatning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida yaxlit Axborot kodeksi qabul qilinadi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan OAV ijodiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish kabi harakatlar sodir etilgani uchun javobgarlikni nazarda tutadigan moddalar kiritiladi.
Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston xalqparvar va insonparvar davlatga aylanib bormoqda. Davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobi bu yo‘ldan sobitqadamlik bilan olg‘a intilishimizga ishonch beradi.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali mas’ul kotibi
- Qo'shildi: 27.12.2021
- Ko'rishlar: 4006
- Chop etish