Nogironlik muammolari bo‘yicha ikkinchi Global sammitda O‘zbekistonning bu boradagi natijalari ta’kidlandi

2022 yil 16-17 fevral kunlari Nogironlik muammolari bo‘yicha ikkinchi Global sammit (GDS22) bo‘lib o‘tdi. Ushbu xalqaro anjuman Norvegiya va Gana hukumatlari hamda Nogironlik muammolari bo‘yicha xalqaro alyans (IDA) tomonidan onlayn shaklda tashkil etildi.

Global sammitda BMT va uning mintaqalardagi muassasalari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat boshliqlari va hukumat rahbarlari, aloqador vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari, xususiy sektor vakillari va fuqarolik jamiyati faollari – jami 4 mingdan ziyod vakil ishtirok etdi. 

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilishning bir qator ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surdi. Xususan, Bosh kotibning fikricha, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamma joyda har qanday imkoniyatlardan teng foydalana olishiga sharoit yaratish uchun investitsiyalar zarur. Bu esa katta miqdordagi moliyalashtirishni taqozo etadi.

Sammitni Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore ochar ekan, mazkur xalqaro anjuman butun dunyodagi imkoniyati cheklangan insonlar hayotini yaxshilash bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faollashtirishga yo‘l ochishini ta’kidladi. Zero, bugungi kunda dunyo aholisining qariyb 15 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etmoqda. Koronavirus pandemiyasi ana shu insonlar huquqlarini ta’minlash borasidagi notenglikni kuchaytirmoqda.

Gana Respublikasi Prezidenti Nana Akufo-Addo bunday notenglik pandemiya tufayli mamlakatlar ichkarisida ayniqsa kuchayganiga e’tiborni qaratdi. Bu vaziyat, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga koronavirus bilan bog‘liq holatlarda tibbiy, ijtimoiy va moliyaviy xizmatlar yetarlicha ko‘rsatilmayotgani misolida ko‘zga tashlanmoqda.

Nogironlik muammolari bo‘yicha ikkinchi Global sammitda so‘zga chiqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov qayd etganidek, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 2021 yil 7 iyunda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingani ushbu sohada samarali islohotlarni davom ettirishning yorqin namunasi bo‘ldi. 2020 yilda qabul qilingan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun mazkur Konvensiyaning asosiy qoidalarini amalga oshirishga qaratilgan.

O‘z navbatida, mamlakatimizda Konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi ishlab chiqildi. Bu loyiha O‘zbekiston Hukumati tomonidan fuqarolik jamiyati institutlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy sheriklar bilan yaqin hamkorlikda tayyorlandi.

O‘zbekiston Respublikasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining a’zosi hisoblanadi. Shu ma’noda, mamlakatimiz Konvensiyani milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha mazkur Milliy harakatlar rejasini tasdiqlashni zimmasiga  oladi. Keyingi, ya’ni 2023 yilda O‘zbekiston BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining bajarilishi bo‘yicha dastlabki hisobotini tegishli tartibda taqdim etadi.

Global sammitda 20 nafar oliy darajadagi spiker ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Xalqaro anjumanda ta’kidlanganidek, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ijrosini ta’minlash va uning bajarilishini muntazam monitoring qilib borish juda muhim. Shundagina imkoniyati cheklangan insonlarning huquqlarini to‘liq ta’minlash masalasi insoniyatning barqaror va farovon jamiyat barpo etish borasidagi global faoliyatining diqqat markazida turishiga erishamiz.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech