O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi kafolatlangan. Bunda arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart.
Mamlakatimizda fuqarolarning murojaatlari “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun bilan tartibga solinadi. Aholining davlat organlari bilan munosabatga kirishishini huquqiy tartibga soladigan ushbu Qonunda ko‘zda tutilgan normalar barcha davlat organlari, davlat ishtirokidagi tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun birdek amal qiladi.
Shu o‘rinda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi”da inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishda fuqarolar bilan bamaslahat ishlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilanganini alohida ta’kidlash lozim. Taraqqiyot strategiyasining 11-maqsadi “Xalq bilan muloqotning mexanizmlarini takomillashtirish” deb nomlangani ham bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Taraqqiyot strategiyasining ushbu maqsadi doirasida bugungi kunda, xususan:
- xalq bilan ochiq muloqotning mexanizmlarini yanada takomillashtirish, muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini kengaytirish;
- davlat organlariga kelib tushgan murojaatlarni jamlovchi markazlashgan tizimni yaratgan holda ularni ko‘rib chiqish muddati va sifati ustidan raqamli nazorat o‘rnatish;
- aholining kundalik turmush tarziga bevosita ta’sir qiluvchi masalalar bo‘yicha murojaatlar tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash;
- “Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi shart” g‘oyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi “Xalqparvar davlat” milliy dasturi izchil amalga oshirilishini ta’minlash;
- Jamoatchilik palatasining faoliyatini samarali tashkil etib, uning fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish va aholini qiynayotgan muammolarni hal etish yo‘llarini belgilash jarayoniga faol jalb etish kabi eng muhim vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu haqda bejiz so‘z yuritmayapmiz. Chunki Taraqqiyot strategiyasida ushbu maqsadning to‘liq ro‘yobga chiqishi nuqtai nazaridan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi zimmasiga ham muayyan vazifalar yuklatilgan.
Ayni vaqtda Milliy markaz tomonidan faoliyatining boshqa muhim sohalari qatori ayni yo‘nalishda ham izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda so‘z yuritganda, xususan, fuqaro A.Azikaevaning arizasi bilan bog‘liq holatga muxtasar to‘xtalish o‘rinlidir.
A.Azikaeva Milliy markazga yozma murojaat qilib, Bosh prokuraturaning Majburiy ijro byurosi tizimida sodir etilgan xato va kamchiliklar yuzasidan shu soha rahbariyati qabuliga kirish uchun qilgan harakatlari besamar ketganini bildirgan.
Milliy markazning yuborgan rasmiy xati asosida fuqaro A.Azikaevaning sud qarori ijrosi taminlanmayotgani to‘g‘risida yo‘llagan murojaati Bosh prokuraturada ko‘rib chiqilgan. Ma’lum bo‘lishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudining ijro varaqasiga ko‘ra, qarzdor A.A. dan arizachi foydasiga 6 mln. so‘m ma’naviy zarar undirish belgilangan.
Milliy markaz rahbariyati yordami va mas’ul xodimlarining sa’y-harakatlari natijasida o‘tkazilgan o‘rganish va monitoring tufayli aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf qilindi. Yangiyo‘l tuman sudi va Mirobod tumani fuqarolik sudining qarzdor A.A. hisobidan fuqaro A.Azikaeva foydasiga tegishli mablag‘lar to‘liq undirib berilishi bo‘yicha qarorlari ijrosi ta’minlandi.
Bundan tashqari, fuqaroning Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori tomonidan qabul qilinishida amaliy yordam berish to‘g‘risidagi iltimosi qanoatlantirildi. Byuro direktori fuqaro A.Azikaevani qabul qildi.
Shu munosabat bilan fuqaro A.Azikaeva Milliy markaz rahbariyati va xodimlariga, xususan, Jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Otabek Norboev hamda ushbu bo‘lim mas’ul xodimi Farida Haqberdievaga alohida minnatdorchilik bildirilgan maktub yo‘llagan. Yurtdoshlarimizning hamkasblarimiz faoliyatidan rozi ekani bizga ham mamnuniyat bag‘ishlaydi, albatta.
Ayni chog‘da, fursatdan foydalanib, aholi murojaatlarini muntazam o‘rganish va inson huquqlariga oid har qanday muammoni ijobiy hal qilish – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari uchun nafaqat bevosita xizmat vazifasi, balki vijdon burchi ham hisoblanishini yana bir bor ta’kidlamoqchimiz. Zero, har bir murojaat ortida inson taqdiri yotibdi.
Oydin Ibrohimova
- Qo'shildi: 22.02.2022
- Ko'rishlar: 3050
- Chop etish