2022 yil 22-24 fevral kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining 71-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqiladi.
Uchinchi davriy ma’ruzani ko‘rib chiqishda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi onlayn qatnashmoqda.
A.Saidov BMT Qo‘mitasi 71-sessiyasidagi muhokamalarning birinchi kuni – 22 fevralda so‘zga chiqib, O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan Harakatlar strategiyasi doirasida 2017-2021 yillarda qariyb 300 ta qonun va davlat rahbarining 4 mingdan ziyod farmon hamda qarorlari qabul qilinganiga e’tiborni qaratdi. Ushbu qonun hujjatlari davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga xizmat qildi.
O‘z navbatida, bugungi kunda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalda tatbiq etishga kirishildi. Bunda «Inson qadri uchun» tamoyili keng qamrovli va ko‘lamdor islohotlarning bosh mezoni sifatida belgilab olindi.
Muhimi, O‘zbekistonda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda belgilangan huquqlarni izchil va to‘la amalga oshirishga qaratilgan tadrijiy siyosat olib borishga ustuvor ahamiyat berilmoqda.
O‘zbekiston hukumati mazkur Pakt qoidalarini va BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalda samarali tatbiq etish uchun qonun ijodkorligi, ma’muriy, tashkiliy, ma’rifiy, iqtisodiy sohalarda ta’sirchan choralarni qo‘llab, ijrosini muntazam monitoring qilib bormoqda.
BMT Qo‘mitasi sessiyasida ishtirok etayotgan O‘zbekiston delegatsiyasi Oliy Majlis Senati, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri, Qurilish vaziri, Madaniyat vaziri, Maktabgacha ta’lim vaziri, Xalq ta’limi vaziri, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri birinchi o‘rinbosarlari, Sog‘liqni saqlash vaziri, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosarlari, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘idan iborat tarkibda tuzilgan.
BMT qo‘mitasi sessiyasi ishida, shuningdek, O‘zbekistondagi bir qator fuqarolik jamiyati institutlarining faollari masofadan – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi onlayn-studiyasidan qatnashmoqda.
Uchinchi davriy ma’ruzada Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarining O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotiga joriy qilinishi, mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berilgan. Jumladan:
- inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha milliy institutlarni rivojlantirish;
- korrupsiyaga qarshi kurashish;
- kamsitishlarni bartaraf etish va tenglik, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash;
- gender tenglik;
- bandlik;
- kambag‘allikni qisqartirish;
- ijtimoiy himoyani kuchaytirish;
- mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish;
- sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish;
- ta’lim olish huquqini ta’minlash;
- madaniy huquqlarni ta’minlash kabi masalalar yoritilgan. O‘zbekiston Uchinchi davriy ma’ruzani 2019 yil 19 iyunda BMT Qo‘mitasiga taqdim qilgan. Davriy ma’ruzani tayyorlashda 30 ga yaqin davlat organi va 10 ta nodavlat notijorat tashkilot ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun: Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt 1966 yil 16 dekabrda qabul qilingan bo‘lib, 1976 yil 3 yanvarda kuchga kirgan. O‘zbekiston Respublikasi mazkur Paktga 1995 yil 31 avgustda qo‘shilgan.
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mita BMTning shartnomaviy organi bo‘lib, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Qo‘mita tarkibi BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi tomonidan har to‘rt yilda saylanadigan 18 nafar a’zodan iborat.
Qo‘mita Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga a’zo davlatlarning hisobotlarini ko‘rib chiqadi. Shu asosda inson huquqlarini himoya qilish sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘zining taklif va mulohazalarini taqdim qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.02.2022
- Ko'rishlar: 3465
- Chop etish