O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Yangi O‘zbekiston” tushunchasini zamonaviy dunyo siyosati lug‘atiga kiritgani beqiyos ahamiyatga ega bo‘ldi. Yangi O‘zbekiston – bu ibora Yurtboshimiz ilgari surgan va bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan ezgu g‘oyadir.
Bu g‘oya zamirida: bir tomondan, bugungi va ertangi avlodlarimizning “Uchinchi Renessans” poydevorini qo‘yishdek ezgu maqsad-muddaolari; ikkinchi tomondan, milliy tariximizda Birinchi va Ikkinchi Uyg‘onish davrlariga asos solgan ulug‘ ajdodlarimiz, alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari; uchinchi tomondan, bunyodkorlik, yaratuvchanlik, har doim o‘qish va izlanishga da’vat o‘z mujassamini topgan.
“Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat”.
Ushbu fikrlarni Prezidentimiz ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha 2021 yil 19 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirgandi. Davlatimiz rahbari mazkur yig‘ilishda so‘zlagan nutqning mazmun-mohiyati va ahamiyati keyinchalik Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini yanada yaqqol topdi: Taraqqiyot strategiyasining yetti yo‘nalishidan biri ma’naviyat sohasida amalga oshiriladigan islohotlarga bag‘ishlandi.
Shu yil 24-26 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Yurtboshimiz iqtisodiyot va ma’naviyatning o‘zaro uzviy bog‘liqligi haqida yana bir bor batafsil to‘xtaldi. Zero, O‘zbekiston zamini ko‘p asrlar davomida dunyoning turli mintaqalaridagi savdogar, ishbilarmon va tadbirkorlar e’tiborini o‘ziga tortib kelgan.
Buyuk ipak yo‘lining markazida joylashgan yurtimiz qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alarining karvon yo‘llari tutashgan hudud sifatida mashhur bo‘lgan. Xitoy, Hindiston, Eron, Vizantiya, Misr kabi mamlakatlarda shakllangan sivilizatsiya va madaniyat namunalari aynan qadimgi Movarounnahr, hozirgi O‘zbekiston hududida uchrashib, bir-birini o‘zaro boyitgan.
Darvoqe, birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishtirokchilari ushbu jahoniy anjumanni kelgusida an’anaviy forumga aylantirish fikrini bildirdilar. Bu bejiz emas. Chunki Toshkent Forumi biznes dunyosida ulkan tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Buning bir qator sabablari bor.
Birinchidan, tadbir 2 ming nafardan ortiq ishtirokchi – jahonning 56 mamlakatidan yirik investorlar va yuqori martabali xorijiy mehmonlar uchun ochiq fikr almashish, muloqot va istiqbolli tashabbuslar maydoniga aylandi.
Ikkinchidan, eng muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimidagi nutqida Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilgan shiddatli islohotlar natijalari to‘g‘risida so‘z yuritildi hamda galdagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi.
Uchinchidan, Forumda 7,8 mlrd dollarlik aniq shartnomalar va investitsiyaviy bitimlar paketi imzolandi.
To‘rtinchidan, qiymati 3,5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Harakatlar strategiyasining mohiyati va ahamiyati nimada? Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Biz, birinchi navbatda, ilgari investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishi va erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qilgan barcha omillarni bartaraf etib, tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yarata boshladik”.
Bularning barchasi yurtimizda inson sha’ni va qadr-qimmatini ulug‘lashga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlardir. Joriy yil boshidan amalga oshirishga kirishilgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi maqsadlarini ro‘yobga chiqarish uchun 2022 yilga – «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» deb nom berilgani ham bejiz emas.
Inson qadri degani, sodda qilib aytganda, insonni ulug‘lash va insonlar o‘rtasidagi o‘zaro mehr-muhabbatni qadrlash deganidir. Alisher Navoiy bobomizning:
Kimki ulug‘roq, anga xizmat kerak,
Ulki kichikroq, anga shafqat kerak, –
degan hikmatini olaylik.
Bu purhikmat ibora zamirida, avvalambor, Sharq kishilari, xususan, o‘zbek xalqi uchun necha ming yillar davomida asosiy axloq nizomiga aylangan “Ulug‘larga xizmat, kichiklarga shafqat” naqliga xos insonsevarlik falsafasi o‘z mujassamini topgan.
Davlatimiz rahbari ta’riflaganidek, “Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz. Inson qadri deganda, biz har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya tizimi, sog‘lom ekologik muhit yaratib berishni tushunamiz”.
Prezident Shavkat Mirziyoevning Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqida keyingi besh yilda bu borada erishilgan o‘nta muhim natija sanab o‘tildi va ularning tub mohiyati ishonchli dalillar asosida chuqur ochib berildi.
Birinchi muhim natija: 2017 yilda milliy valyuta – so‘mning erkin konvertatsiyasi joriy etildi va xorijiy investorlar tomonidan foydani repatriatsiya qilish bilan bog‘liq barcha cheklovlar olib tashlandi. Natijada O‘zbekistonning banklari va yirik korxonalari ilk marta xalqaro reytinglar olib, jahon moliya bozorlariga chiqdi. Dunyo bozorlariga milliy valyutada ham xalqaro obligatsiyalar chiqarilgani ulkan voqea bo‘ldi.
Inson huquqlari himoyasini kafolatlash, aholi turmush darajasini oshirish, iqtisodiy faoliyatda erkinlikni ta’minlash, sud-huquq sohasidagi moddiy va protsessual normalarni takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar mamlakatimizning xalqaro reyting va indekslardagi ko‘rsatkichlari oshishiga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, mamlakatimiz keyingi besh yilda:
- Ekologiya samaradorligi indeksida – 29 pog‘ona;
- Farovonlik indeksida – 9 pog‘ona;
- Statistik salohiyat indeksida – 16 pog‘ona;
- Global innovatsiyalar indeksida – 29 pog‘ona;
- Global tinchlik indeksida – 19 pog‘ona;
- Ochiq ma’lumotlar reytingida – 124 pog‘ona;
- Oziq-ovqat xavfsizligi indeksida – 9 pog‘ona;
- Internet tezligi reytingida – 25 pog‘ona;
- Iqtisodiy erkinlik indeksida – 52 pog‘ona;
- Biznes yuritish indeksida – 18 pog‘ona;
- Bolalar hayoti sifati reytingida – 16 pog‘ona yuqorilagan. Shuningdek, Siyosatdagi ayollar reytingida – 2021 yilda 45-o‘rinni egallagan.
Bugungi kunda O‘zbekistonning jahonda nufuzi o‘sib borayotgani — bu nafaqat davlatning har tomonlama puxta o‘ylangan, qat’iy va mustaqil ichki va tashqi siyosati natijasi, balki mamlakatda demokratik va bozor islohotlarini amalga oshirishda erishilayotgan yutuqlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilishi hamdir.
Eng muhim maqsadga erishish yo‘lida inson kapitalini rivojlantirishga yo‘naltirilgan, O‘zbekistonning 2030 yilga kelib “Global innovatsion indeks” reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirish strategik rejasi qabul qilindi.
Ikkinchi muhim natija: mamlakatimizda ochiqlik siyosatini ta’minlash uchun 90 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O‘zbekistonga vizasiz kirish imkoniyati yaratildi. Yana 60 ga yaqin mamlakat fuqarolariga esa yengillashtirilgan tartibda viza olish imkoniyati berildi. Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng ochiq davlat maqomini qo‘lga kiritdi.
Yangi O‘zbekiston me’mori va tashabbuskori bo‘lmish Prezidentimiz qayd etganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etish – bu shunchaki xohish-istak, sub’ektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan ob’ektiv zaruratdir”.
Uchinchi muhim natija: korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Shu maqsadda Senat raisi rahbarligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tashkil etildi.
Ilk bor Prezidentimizning 2020 yil 29 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan korrupsiyaviy xavflarni aniqlash va tizimli tahlil qilish, ularni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf qilish uchun mas’ul bo‘lgan alohida organ — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha parlament qo‘mitalari tuzildi. Bu amaliy qadamlar barcha darajadagi davlat muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashni tubdan kuchaytirishga yordam beradi.
Sohaga oid bir qator konseptual normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlar, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturi shular jumlasidandir.
To‘rtinchi muhim natija: mamlakatimizda yashayotgan har bir insonning huquq va erkinliklarini kafolatlash va to‘liq himoya qilish ham eng ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
Inson huquqlari madaniyatini shakllantirish – ustuvor ahamiyatga ega. Bugungi kunda inson huquqlari va erkinliklari sohasida O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq xalqaro hujjatdagi holatlar milliy qonunchilikda o‘z ifodasini topgan.
2020 yilda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilindi. Mamlakatimiz tarixda birinchi marta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo etib saylandi. O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi o‘rinbosarligiga saylandi.
Mamlakatimiz qo‘shilgan xalqaro hujjatlarning bajarilishi yuzasidan milliy ma’ruzalar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda shartnomaviy qo‘mitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilmoqda. O‘tgan davrda O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari masalalari bo‘yicha majburiyatlari bajarilishi yuzasidan BMTning ustav va shartnoma organlariga 41 ta milliy ma’ruza taqdim etildi.
Inson huquqlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadigan sud tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, nazorat instansiyasi bekor qilinib, fuqarolar va advokatlarning shikoyatlari ham, xuddi prokuror protesti kabi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘riladigan tartib o‘rnatildi.
Ilk bor mansabdorlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turadigan ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali 2021 yilning o‘zida 6,5 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorning huquqlari tiklandi. Iqtisodiy va fuqarolik sudlarida prokurorning ishtiroki cheklandi, jinoyat ishlarini asossiz ravishda suddan chaqirib olish bilan bog‘liq amaliyotga barham berildi.
Eng muhimi, keng ko‘lamli demokrtik islohotlar xalq hayotini, huquqiy tafakkuri va dunyoqarashini, turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Jamiyatda “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz” degan yuksak maqsad shakllantirilgan va “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan yangi tamoyil kundalik faoliyatning asosiga aylandi.
Beshinchi muhim natija: mamlakatda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va so‘z erkinligini ta’minlash, demokratik media makon yaratish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Avvalo mavjud normativ-huquqiy bazani kuchaytirish maqsadida keyingi besh yilda 12 ta qonun hujjati qabul qilindi. Media sohasi, axborot xizmatlari tizimi tubdan yangilandi.
Elektron ommaviy axborot vositalari, xususan, Internet jurnalistikasi hayotimizga tobora chuqur kirib bormoqda. Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 1 ming 893 ta ommaviy axborot vositasidan 638 tasi yoki 33,7 foizi Internet nashrlari – veb-saytlar sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
Davlat idoralarining jamoatchilik bilan aloqalarini mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Agar 2019 yilda davlat va nodavlat tashkilotlardagi axborot xizmatlarining manbalari – rasmiy veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlardagi kanallar 559 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda bu raqam 2 ming 410 taga yetgan.
Ommaviy axborot vositalarini “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylantirish, davlat idoralarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirish borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Prezidentimiz haqli e’tirof etganidek, bu boradagi eng muhim yutug‘imiz shuki – biz jamiyatimizda “yopiqlik muhiti”dan qutulib, Yangi O‘zbekiston poydevorini aynan erkinlik va adolat tamoyillari asosida barpo etmoqdamiz.
Oltinchi muhim natija: ko‘p yillar davomida mamlakatimiz turli “qora ro‘yxat”larga kiritilishi uchun sabab bo‘lgan majburiy mehnat, jumladan, bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi.
Yaqinda xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari koalitsiyasi – “Cotton Campaign” hamda jahondagi mashhur brendlar tomonidan O‘zbekiston paxtasi va to‘qimachilik mahsulotlariga nisbatan ilgari o‘rnatilgan boykot bekor qilindi. Bu ham ayni yo‘nalishda erishgan yutuqlarimizning adolatli e’tirofidir.
Haqiqatan ham, O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining 19 ta konvensiyasi, jumladan, Bolalar va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha konvensiyasini ratifikatsiya qildi.Xalqaro tashkilotlarning tavsiyalariga muvofiq, Oliy Majlis Senati raisi boshchiligidagi odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy komissiya tashkil etildi.
Xalqaro mehnat tashkilotining zamonaviy talablari va tavsiyalariga javob beradigan yangi Mehnat kodeksi qabul qilindi. Xalqaro tashkilotlarning tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida vaqtinchalik yoki doimiy yashash huquqiga ega bo‘lmagan yoki yashash joyida ro‘yxatdan o‘tmagan fuqarolarni ishga qabul qilishni taqiqlash bekor qilindi.
Mamlakatimizda odam savdosiga qarshi kurashish sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar joriy etildi. AQSh Davlat departamentining 2020 yilda odam savdosiga qarshi kurashning dunyo bo‘yicha holati tahliliga bag‘ishlangan ma’ruzasida O‘zbekiston bu borada 2021 yilda ikkinchi toifaga (Tier 2) o‘tkazilgani ta’kidlandi.
Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati, qonuniy ehtiyojlari va manfaatlarini himoya qilishdir.
Yettinchi muhim natija: Prezident Shavkat Mirziyoev joriy etgan shiddatli islohotlarning birinchi kunidan boshlab yurtimizda ta’lim va inson kapitalini rivojlantirishga alohida e’tibor berib kelinmoqda.
Yaqin yillargacha mamlakatda bolalarning maktabgacha ta’limga qamrovi 30 foizga ham yetmasdi. So‘nggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etildi. Ushbu maskanlarda tarbiya olayotgan bolalarimiz qamrovi 67 foizga ko‘tarildi.
Maktab ta’limidagi islohotlar jamiyatda o‘qituvchilar maqomini oshirishdan boshlandi. Pedagog xodimlar ish haqi muntazam oshirilib, aksincha, o‘qituvchilar to‘ldiradigan hujjatlar soni kamaytirildi. Iqtidorli yoshlar uchun mutlaqo yangi turdagi Prezident maktablari va ijod maktablari tashkil etildi.
Bundan tashqari, 200 ga yaqin yangi maktab barpo etildi va 3 mingdan ortiq mavjud maktablar rekonstruksiya qilindi va to‘liq jihozlandi. Shuningdek, 11 yillik maktab ta’limiga o‘tilishi munosabati bilan bo‘shab qolgan 383 ta kasb-hunar kolleji maktabga aylantirilib, qo‘shimcha 221 mingta o‘quvchi o‘rni yaratildi.
Qisqa davrda 82 ta yangi universitet va institut, jumladan, 23 ta xorijiy oliygoh tashkil etilib, oliy ta’lim dargohlarining umumiy soni 159 taga yetdi. Ta’limning bakalavriat, magistratura va sirtqi shakllari uchun kvotalar oshirilib, kechki ta’lim shakli joriy etildi. Natijada maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim bilan qamrov darajasi oldingi 9 foizdan 28 foizga yetkazildi.
Sog‘liqni saqlash tizimida ham muhim islohotlar izchil olib borilmoqda. Shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon va zarur buyumlar bilan ta’minlash maqsadida davlat tomonidan ajratilgan mablag‘lar miqdori o‘tgan davrda 12 barobar ko‘paytirildi.
Pandemiya milliy sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham jiddiy sinov va katta tajriba maktabiga aylandi. Mamlakatda bu xavfli kasallikka qarshi kurashish uchun misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, ko‘plab yangi shifoxonalar va karantin zonalari foydalanishga topshirildi. Ko‘plab qo‘shimcha tibbiy asbobuskunalar va tez yordam mashinalari xarid qilindi.
Har bir inson davlat rahbarining “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, degan qat’iy irodasi va prinsipiga guvoh bo‘lmoqda.
Sakkizinchi muhim natija: mamlakatimizda amalga oshirilayotgan soliq siyosati ham biznes sohasini rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda. So‘nggi yillarda soliqlarning umumiy soni 13 tadan 9 taga tushirildi. Mol-mulk, shaxsiy daromad va ijtimoiy soliq stavkalari ikki barobar pasaytirildi.
Shu bilan birga, import bo‘yicha 6 mingga yaqin boj stavkalari ham kamaytirildi. O‘tgan 5 yil ichida 200 ga yaqin litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki soddalashtirildi.
To‘qqizinchi muhim natija: O‘zbekistonda “yagona darcha” tamoyili asosida xorijiy investorlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etildi. Xususan, sarmoyadorlarga har tomonlama ko‘mak beradigan, barcha hudud va tarmoqlarni qamrab olgan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Natijada iqtisodiyotimizga jalb qilingan yillik xorijiy investitsiyalar hajmi 3,5 barobar oshib, oxirgi 5 yilda ularning umumiy qiymati 25 milliard dollarni tashkil etdi. Buning hisobidan 59 mingta investitsiya loyihasi amalga oshirilgani mamlakatimizda 2,5 milliondan ortiq yangi ish o‘rni yaratishga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Qolaversa, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmasevtika, elektrotexnika, kimyo va neft-kimyo, qurilish materiallari, oziq-ovqat sanoatlari va boshqa ko‘plab sohalardagi qayta ishlash darajasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga muvaffaq bo‘lindi. Bu, o‘z navbatida, eksportning yillik hajmini salkam 20 milliard dollarga yetkazish imkonini berdi.
O‘ninchi muhim natija: ikki yil avval mamlakatimiz tarixida birinchi marta kambag‘allikni bartaraf etish Hukumat siyosatining asosiy maqsadlaridan biriga aylantirildi.
Ushbu yo‘nalishda alohida Strategiya qabul qilinib, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tashkil etildi. Natijada qisqa davrda yarim milliondan ortiq oilani muhtojlar toifasidan chiqarishga erishildi.
Aslida, kambag‘allik hamma makon va zamonlarga xos hayotiy voqelikdir. Ulug‘ rus yozuvchisi Fyodor Dostoevskiy qayd etganidek, “Kambag‘allik ayb emas. Yo‘qchillik bu – illat”.
Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy qo‘llabquvvatlashning yangi samarali mexanizmlari joriy etilyapti. Shu asosda o‘tgan davrda 758 mingdan ortiq kambag‘al oilaga tomorqasidan samarali foydalanishga ko‘maklashildi. Eng muhimi, odamlarda o‘zo‘zini ish bilan ta’minlash, ishbilarmonlik qobiliyati va tadbirkorlik orqali kambag‘allikdan chiqish borasidagi tajribasi va ko‘nikmalari shakllanmoqda.
Mamlakatimizda ijtimoiy muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy etilgan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimlari dastlabki ijobiy natijasini berayotganini ta’kidlash lozim. Ayniqsa, faxriylarimiz, xotin-qizlar, yoshlar, aholining yordamga muhtoj qatlamlarining huquq va manfaatlarini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Eng asosiysi, hatto koronavirus pandemiyasi avj olgan 2020 yilda ham mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining o‘sishida ijobiy dinamika saqlab qolindi. Ayni chog‘da, 2021 yilda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 7 foizdan oshdi.
Yangi O‘zbekiston zamonaviy xalqaro munosabatlarning faol ishtirokchisiga aylandi. O‘zgarib borayotgan O‘zbekiston biznes va sarmoyadorlar uchun iqtisodiy ochiqligi va jozibadorligi bilan tavsiflanadi, ustuvor vektori Markaziy Osiyo bo‘lgan davlatning samarali tashqi siyosati uning qo‘shnilar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishiga, Afg‘oniston bilan o‘zaro aloqalarni kuchaytirishga, mintaqa va jahon davlatlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashiga yordam beradi.
O‘zbekiston rahbarining pragmatik tashqi siyosiy tashabbuslari butun dunyoda e’tirof etilmoqda. Ko‘plab xalqaro tashkilotlar va yetakchi xorijiy ekspertlarning baholashicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev mintaqadagi taraqqiyot “lokomotivi” hisoblanadi.
Dunyodagi hech bir mamlakatda so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi kabi keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmagan. Toshkentning yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari ilk bor bugungi kunda dolzarb bo‘lgan mintaqaviy masalalarni bu qadar ochiq va samimiy muhokama qila boshladi.
O‘zbekiston jahon minbarlaridan ilgari surgan xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga, bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgani uchun xalqaro hamjamiyatning e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.
Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonning islohotlar yo‘li to‘g‘ri tanlanganidan dalolat beradi. Binobarin, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, "Islohotlar ortga qaytmaydigan muqarrar tus olgani real haqiqatdir".
Akmal Saidov,
akademik
- Qo'shildi: 01.04.2022
- Ko'rishlar: 3591
- Chop etish