YANGI O‘ZBEKISTON TARAQQIYOT STRATEGIYASI: IQTISODIYOT VA MA’NAVIYAT UYG‘UNLIGI YO‘LIDA

Yaqinda davlatimiz rahbarining “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli birinchi fundamental kitobi chop etildi. Yaqin besh yil davomida amalga oshiriladigan Taraqqiyot strategiyasining o‘tgan besh yilda mamlakat hayotining barcha sohalariga tatbiq etilgan Harakatlar strategiyasiga o‘xshash jihati haqida so‘z borganda, mazkur strategik hujjat ham albatta keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilganidan so‘nggina qabul qilinganiga e’tibor qaratish lozim.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «Inson qadri uchun» tamoyilini barcha islohotlarimizning bosh mezoni sifatida belgiladik. «Davlat – inson uchun» degan ezgu g‘oyani hayotga tatbiq etish maqsadida 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini bevosita xalqimiz bilan maslahatlashib, odamlarimizning fikr va takliflari asosida ishlab chiqdik». 

 

Jamiyat hayotining tanasi – iqtisodiyot, joni va

ruhi – ma’naviyat

 

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi yettita ustuvor yo‘nalishni qamrab olgani, mohiyatiga ko‘ra, ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish masalasi ana shu ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangani bilan Harakatlar strategiyasidan alohida ajralib turadi. Shu ma’noda, ushbu dasturulamal hujjatda belgilangan ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash bilan bog‘liq maqsad-vazifalar xususida so‘z yuritish ayni muddaodir.

Taraqqiyot strategiyasining boshqa oltita ustuvor maqsadi:

  • inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
  • mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
  • milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;
  • adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
  • milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
  • mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish – bularning barchasi ma’naviy taraqqiyot mezonlari bilan chambarchas bog‘liq.

Bu bejiz emas. Chunki, “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi  bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi  ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyat”.

Ushbu fikrlarni Prezidentimiz ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha 2021 yil 19 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirdi. Davlatimiz rahbari mazkur yig‘ilishda so‘zlagan nutqning mazmun-mohiyati va ahamiyati keyinchalik Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida o‘z aksini yanada yaqqol topdi.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi “Inson qadri uchun  100 ta maqsad”dan iborat bo‘lib, shundan 8 tasi, ya’ni 71-78-maqsadlar bevosita ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash masalalariga taalluqli hisoblanadi. Taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirishga doir Davlat dasturida 398 ta band belgilangan bo‘lsa, shuning 29 tasi – 257-285-bandlar aynan ma’naviyat sohasiga oid chora-tadbirlardir.

Joriy yil 24-26 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida Prezidentimiz iqtisodiyot va ma’naviyatning o‘zaro uzviy bog‘liqligi haqida yana bir bor batafsil to‘xtaldi. Zero, O‘zbekiston zamini ko‘p asrlar davomida dunyoning turli mintaqalaridagi savdogar, ishbilarmon va tadbirkorlar e’tiborini o‘ziga tortib kelgan.

 

Yangi O‘zbekiston Uchinchi Renessans

 

Taraqqiyot strategiyasining 71-maqsadi: “Ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan “Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari” g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish” deb nomlangan. Bu maqsad ijrosi doirasida joriy yilgi Davlat dasturida yetti banddan iborat vazifalar ko‘zda tutilmoqda.

Dastlabki vazifa “Yangi O‘zbekiston  ma’rifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshirishdir. Buning uchun ayni paytda mazkur konsepsiya va uni amalga oshirish milliy dasturini ishlab chiqishga kirishildi.

Binobarin, biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan, dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, adolatni qadrlaydigan xalq farzandlarimiz. Moziy shohidki, IX-XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan va Musulmon Renessansi deb nomlangan Birinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham, butun dunyoda Temuriylar davri Renessansi deya e’tirof etilgan XIV-XVI asrlardagi Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham jamiyatda e’tiqod  mustahkam, ma’naviyat  kuchli, insonlar dunyoqarashida ma’naviyat  ustuvor, davlatchilik tuzumida ma’naviyat va ma’rifat  yetakchi bo‘lgan.

Sharqning butun insoniyat tarixidagi nodir ijtimoiy hodisa bo‘lgan har ikki Renessansi buyuk ajdodlarimizning ilm-ma’rifat va kuchli e’tiqod, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan edi. Bu g‘oyalar bizning davrimizda, O‘zbekiston mustaqilligi yillarida alohida, yanada teran ma’no-mazmun kasb etib bormoqda. 

Har ikki Renessans davrida ilmu ijod bilan mashg‘ul bo‘lgan buyuk ajdodlarimiz va ulug‘ allomalarimiz o‘zlarining yuksak ma’naviyati, sobit e’tiqodi, havas qilsa arzigulik milliy g‘urur va faxr-iftixor tuyg‘ulari, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga yo‘g‘rilgan go‘zal va noyob fazilatlari bilan alohida ajralib turgan.

Sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning mashhur “O‘zbekiston” qasidasida e’tirof etilganidek:

“Temur tig‘i yetmagan joyni

Qalam bilan oldi Alisher”.

Temuriylar davri Renessansining yorqin namoyandasi bo‘lmish davlat arbobi, buyuk alloma, ulug‘ shoir va mutafakkir ajdodimiz Alisher Navoiyning oliymaqom ma’naviyati yurtimiz asrlar osha taraqqiy topishi hamda millatimiz qadr-qimmati olam aro yuksalishi borasida buyuk sohibqiron Amir Temur bobomizning mohirona davlatchilik faoliyati va harbiy jasoratidan sira kam bo‘lmagan darajada ulug‘vor o‘rin tutadi.

Taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirishga doir Davlat dasturida belgilangan vazifalardan yana biri “Yoshlar – Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” shiori ostida "Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” g‘oyasining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlashdir. Bu jarayonda:

birinchidan, “Yangi  O‘zbekiston  taraqqiyot strategiyasi" mavzusida plakatlar turkumi, multimedia va boshqa zamonaviy targ‘ibot mahsulotlari yaratish;

ikkinchidan, “O‘zbekiston qahramonlari", “Ma’naviyat lug‘ati" kitoblarining taqdimotini o‘tkazish;

uchinchidan, “Ma’naviyat festivali"ni har yili  o‘tkazib borish ko‘zda tutilmoqda.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbari ma’naviyat yo‘nalishidagi dolzarb vazifalarni, ma’naviy-ma’rifiy yangi Uyg‘onishning ilmiy-nazariy va metodologik asosini yaratib berdi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Biz yaratayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi”. Mafkura, avvalo, fikr tarbiyasi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasi, deganidir. Bu qadriyatlar esa xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga tayanadi.

“Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”, deydi Yurtboshimiz.

Binobarin, ana shu sa’y-harakatlarimiz samarasi sifatida yuzaga chiqadigan ma’naviy-ma’rifiy Uyg‘onish biz bunyod etishga kirishgan Uchinchi Renessans uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Yanada aniq qilib aytganda, Uchinchi Renessansning muhim asosini ma’naviy-ma’rifiy uyg‘onish tashkil etadi.

 

Kitobsevar millat bo‘laylik!

 

Taraqqiyot strategiyasi 72-maqsadining mavzusi: “Aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish”. Shu maqsadga erishish uchun aholiga axborot-kutubxona xizmat ko‘rsatishni yanada rivojlantirish hamda sohada yagona  boshqaruv  tizimini joriy etish va kitobxonlikni keng ommalashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.

Bu o‘rinda, albatta, birinchi navbatda, Prezident kutubxonasini tashkil etish va uni samarali faoliyat olib borishini ta’minlash talab etiladi. Sohani davlat tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va  rag‘batlantirish tizimini joriy etish ham juda muhim.

Bundan tashqari, Davlat dasturida qayd etilgan:

  • o‘zbek milliy mumtoz va zamonaviy adabiyoti namunalarini jahon tillariga sifatli o‘girishga doir tarjimonlik maktablarini rivojlantirish;
  • xorijiy tillarga tarjima   qilingan  o‘zbek ijodkorlari asarlarini keng targ‘ib qilishni tizimli yo‘lga qo‘yish;
  • jahon adabiyotining  eng  sara namunalarini  vosita  va  original tillardan o‘zbek tiliga tarjima qilish tizimini keng qo‘llab-quvvatlash;
  • noshirlikning “print-on-demand” tajribasi hamda soha xizmat ko‘rsatuvchi vakillarining workfarm” onlayn   maydonchasini shakllantirish;
  • nogironligi bo‘lgan   shaxslarga, shuningdek,  bolalar uylari tashkil etayotgan oilalarga kitoblar to‘plami taqdim etish va “Mehr kutubxonasi” loyihasini amalga oshirishga oid vazifalarni izchil bajarish zarur.

Davlat statistika qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda ommaviy kutubxonalar soni 400 tani tashkil etadi.

 

Buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganamiz va keng targ‘ib etamiz

 

Taraqqiyot strategiyasi 73-maqsadi ayni shu mavzu bilan bog‘liq istiqboldagi muhim vazifalarni o‘zida qamragan. Bunda, xususan quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish mo‘ljallanmoqda:

birinchidan, IHT, IRSIKA,  AYSESKO, YuNESKO kabi   dunyoning nufuzli xalqaro tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va universitetlari bilan hamkorlikda “Yangi O‘zbekiston – Uchinchi Renessans” shiori ostida xalqaro konferensiya, simpozium  va  anjumanlar tashkil etish;

ikkinchidan, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy   merosini keng targ‘ib qilish maqsadida yurtimizdan  yetishib chiqqan allomalarning    asarlarini xalqchil tarjimasini amalga oshirish, ular asosida ilmiy va ommabop risolalar yaratish;

uchinchidan, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy  merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom  akademiyasi,  Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy,  Imom  Termiziy, Imom Moturidiy  xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatini  qo‘llab- quvvatlash.

Bu haqda so‘z borganda, avvalo, Prezident Shavkat Mirziyoev shu yil 10 fevral kuni Samarqand viloyatiga safari doirasida buyuk muhaddis Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgani va mazkur majmua qurilishini ko‘zdan kechirganiga e’tibor qaratish lozim. Binobarin, shu kunlarda bu yerda qariyb 10 ming namozxonga mo‘ljallangan masjid, to‘rtta minora, ayvonlar barpo etilmoqda.

 

Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik – jamiyatning qo‘sh tayanchi

 

Bu borada Harakatlar strategiyasi doirasida:

birinchidan, millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangani;

ikkinchidan, Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlangani;

uchinchidan, 2019–2021 yillarda Millatlararo munosabatlar sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangani va izchil amalga oshirilganini alohida ta’kidlash lozim.

Prezidentimiz 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida jamiyatda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish zarurligini qayd etib, BMT Bosh Assambleyasining rezolyusiyasi bilan har yili 30 iyul – Xalqaro do‘stlik kuni sifatida keng nishonlanishi, shu bois mazkur sanani O‘zbekistonda “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilashni taklif etgani yurtimizda istiqomat qiluvchi ko‘p millatli fuqarolarimizni benihoya quvontirdi.

Endilikda O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 10 fevraldagi Qonuniga asosan, mamlakatimizda 30 iyul – Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilangan. Bu Qonun hududida 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari o‘zaro ahillikda istiqomat qiladigan O‘zbekiston jamiyatida xalqlar va davlatlar o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan juda muhimdir.

Prezidentimiz 2017 yil 19 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahon hamjamiyati oldida turgan dolzarb masalalarga to‘xtalib, “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiyani qabul qilish bo‘yicha taklif bildirgandi. 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi 73-sessiyasi 51-yig‘ilishida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasi 193 ta a’zo mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilindi.

“Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyusiyasining aynan O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilishida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Bugun millatlararo totuvlik va konfessiyalararo bag‘rikenglikni ta’minlash borasidagi O‘zbekiston namunasi jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. Binobarin, ona zaminimizda dinlararo bag‘rikenglik va millatlararo hamjihatlik chuqur tarixiy ildizlarga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan millatlararo munosabatlar, mamlakatimizda yashab kelayotgan turli millat va elat vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar samaralari xalqaro tashkilotlar, qolaversa, keng jamoatchilik tomonidan e’tirof etilmoqda. 

O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlari, bir tomondan, Konstitutsiya va qonunlarimizga, ikkinchi tomondan, mamlakatimiz qo‘shilgan xalqaro shartnomalar, jumladan, BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlariga to‘la hamohangdir.

O‘z navbatida, Taraqqiyot strategiyasining xuddi shu ezgu yo‘nalishdagi 74-maqsadini amalga oshirish uchun joriy yildagi Davlat dasturida bir qancha vazifalar mustahkamlab qo‘yilgan. Bunda, xususan, turli millat yoshlari uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati  his-tuyg‘usini mustahkamlashga urg‘u berilmoqda.

Bu borada, shubhasiz, xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida do‘stlik jamiyatlari faoliyatini takomillashtirish ham nihoyatda katta ahamiyat kasb etadi.

 

“Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir”

 

Yangi O‘zbekiston — bu davlat faoliyati, avvalo, xalq tinchligi va farovonligini ta’minlashga, jamiyatda adolat g‘oyalari va tamoyillarining tantana qilishiga qaratilgan mamlakatdir.

Dunyoda davom etayotgan koronavirus pandemiyasi Prezidentimizning:

  • mamlakat sog‘liqni saqlash tizimini chuqur isloh qilish;
  • aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni dunyoda yetakchi o‘ringa olib chiqish;
  • mamlakatimizda zamonaviy jihozlar hamda malakali kadrlar bilan ta’minlangan yuqori texnologik va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirish;
  • tibbiyot muassasalarining ilmiy, uslubiy va ta’lim berish salohiyatini rivojlantirish;
  • sog‘liqni saqlash tizimida zamonaviy tibbiy asbob­uskunalar, diagnostika vositalari va usullaridan keng foydalanish;
  • jamiyatda sog‘lom turmush tarzi va sog‘lom ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha ishlari va tashabbuslari qanchalik o‘z vaqtida amalga oshirgani hamda hayotiy ekanini ko‘rsatdi.

O‘zbekiston Prezidenti 2022 yil 8 aprel kuni Toshkent shahridagi 102-zaif eshituvchi bolalar maktab-internatida yurtimizdagi shunday ijtimoiy muassasalardagi sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishini Qur’oni karimning “Rahmon” surasidagi “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir” oyatini zikr etish bilan boshlagani bejiz emas. Zero, keksalarga hurmat, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

Pandemiya davrida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati keng tarqalib, elimiz ehtiyojmandlarga beg‘araz yordam bergani, qiyinchilik va sinovlarni bahamjihat yengib o‘tgani buning yorqin misoli bo‘ldi. Ayni chog‘da davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishi – inson qadrini ulug‘lash, mehr va yordamga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash borasida juda ko‘p xayrli ishlar qilinmoqda.

Bu haqda fikr yuritganda, 2021 yil 25 martda qabul qilingan Prezident farmoni asosida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarini yaxshilash choralari ko‘rilganini alohida ta’kidlash lozim. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, “Saxovat” va “Muruvvat uylari”, faxriylar sanatoriy va pansionatlari, boshqa qator tibbiy-ijtimoiy muassasalar uning tasarrufiga o‘tkazilgani shunday amaliy  choralar sirasiga kiradi.

Shu bilan birga, “Saxovat”, Muruvvat” uylari, Respublika faxriylar pansionatining rahbar va shifokorlari ish haqi 1,5 barobarga, kichik va o‘rta tibbiyot xodimlari ish haqi 2 barobarga oshirildi. Ushbu internat uylarda yashovchi 9 ming 400 nafar keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda 18 ming nafar yolg‘iz fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Qolaversa, “Zamin” jamg‘armasi bilan hamkorlikda zaif eshituvchi 2 mingdan ziyod bolalar raqamli eshitish moslamalari bilan ta’minlandi. Shuningdek, 11 ta ixtisoslashgan maktab-internat yordamchi tovush-nutq vositalari bilan jihozlandi. Nogironligi bo‘lgan 900 nafar bolaga protez-ortopediya moslamalari, 1 ming 100 nafar shaxsga pultli aravachalar yetkazib berilganini ham qayd etish maqsadga muvofiqdir.

Davlat rahbari tomonidan Xalq ta’limi vazirligiga “Zamin” jamg‘armasi bilan birga 2 ming 600 dan ziyod zaif eshituvchi bolani tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib, ularni eshitish moslamalari bilan ta’minlash, eshitish qobiliyati tiklangan bolalarni bosqichma-bosqich umumta’lim maktablarida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish vazifasi yuklatilgani bu yo‘nalishdagi ishlarning davomiyligi va izchilligidan dalolat beradi.

 

Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarining badiiy-estetik didini yuksaltirish yo‘lida

 

Taraqqiyot strategiyasining 75-maqsadi: “Tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarini rivojlantirish, aholining badiiy-estetik didini yuksaltirish” deb nomlangan. Unda ayni maqsadga erishishni t’minlaydigan bir qancha amaliy chora-tdbirlar nazarda tutilgan.

Xususan, atoqli O‘zbekiston xalq rassomlari Chingiz Ahmarov tavalludining 110 yilligi, Zinaida Kovalevskaya tavalludining 120 yilligi sanalarini munosib nishonlash misolida ularning namunali hayoti va ijodini keng targ‘ib qilish hamda xotiralarini abadiylashtirish haqida so‘z bormoqda. Bunda, ular yashagan va ijod qilgan uylariga yodgorlik lavhalari o‘rnatilishi ham muhim ahamiyat kasb etishi tayin.

Qolaversa, O‘zbekiston   tasviriy   va amaliy san’atini xalqaro darajada ommalashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshiriladi. Tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarida yetuk         mutaxassislarni tayyorlash tizimini tubdan takomillashtiriladi.

Dunyo  hamjamiyatiga “Sahrodagi   Luvr”   nomi bilan  tanilgan           Saviskiy muzeyining madaniy, ma’rifiy imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu yo‘nalishda rivojlangan mamlakatlarning yetakchi ilmiy-madaniy muassasalari bilan hamkorlikda maxsus tadqiqotlar amalga oshiriladi, chet tillarda kitob va albomlar nashr qilinadi.

Taraqqiyot strategiyasining “Madaniyat va san’at sohalarini yanada rivojlantirish, madaniyat muassasalari va ob’ektlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash” nomli 76-maqsadi ijrosi doirasida:

  • madaniyat va san’at sohasi vakillari, ijodkorlar, shuningdek, ushbu sohada faoliyat   olib  borayotgan professor-o‘qituvchi        va xodimlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash va ularning yashash sharoitlarini yaxshilash;
  • teatr san’atini rivojlantirish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
  • milliy madaniyatni xalqaro darajada ommalashtirishga qaratilgan tadbirlarni hududlarda o‘tkazishni joriy etish;
  • o‘zbek xalqi madaniyati va san’atini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan atoqli ijodkor ziyolilar yubileylarini munosib nishonlash, hayoti va faoliyatini keng targ‘ib qilish, xotirasini abadiylashtirish bilan bog‘liq amaliy chora-tadbirlarlar belgilangani ham ahamiyatlidir.

Bularning barchasi san’atning inson badiiy-estetik didini yuksaltirishga xizmat qiladigan muhim sohalarini rivojlantirish ko‘lami naqadar kengligini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Zero, can’at milliylikka asoslanadi va ezgulik, olijanoblik, do‘stlik, hamjihatlik, ma’naviy yetuklik kabi umuminsoniy g‘oyalarni targ‘ib etadi.

Shunday ekan, milliy san’atimizni har tomonlama ravnaq topishi, iste’dodli yoshlarimizning o‘qib-o‘rganishi, o‘z ijod namunalarini namoyish etishi uchun barchamiz birdek mas’ulmiz.

Bugungi kunda dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda, manfaatlar to‘qnashuvi kundan-kun kuchaymoqda. Ayniqsa, globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarayotganiga aslo befarq qarab bo‘lmaydi.

Chunki ayni shu global miqyosli jarayonlarda milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora kuchayib bormoqda. Ayni chog‘da, faqat o‘zini o‘ylash, mehnatga, oilaga yengil qarash, iste’molchilik kayfiyati turli yo‘llar bilan odamlar, ayniqsa, yoshlar ongiga ustomonlik bilan singdirilayotgani ham sir emas.

Shuni ham ta’kidlash joizki, ayni vaqtda dunyoning juda ko‘p mintaqalarida insoniy qadriyatlar yemirilmoqda. Hatto iqtisodiy taraqqiyoti yuksalayotgan aksariyat mamlakatlarda ham ma’naviyat inqirozga yuz tutmoqda.

Ayniqsa, pandemiya sharoitida ayrim o‘lkalarda betoqatlik, tajovuzkorlik kayfiyatlari kuchayib borayotgani achinarlidir. Bugun dunyoda sodir bo‘layotgan shu kabi tashvishli voqeliklarning barchasi O‘zbekiston Prezidenti haq ekanini, ya’ni iqtisodiy va ma’naviy yuksalish uyg‘unligini ta’minlash zarurligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston hayotining boshqa barcha sohalaridagi yutuqlari qatorida o‘zbek xalqining yuksak ma’naviyatini, boy milliy madaniy, tarixiy, ma’rifiy merosini, xususan, kitobat va xattotlik, musiqa va raqs, kino va teatr san’ati, me’morlik va hunarmandchilik, zargarlik va kandakorlik, pazandalik va qandolatpazlik bobidagi mahoratini dunyoga keng hamda izchil targ‘ib qilish taqozo etiladi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bilimli odam  e’tiqodli bo‘ladi. Ma’naviyat vaksinasini har bir millatning o‘zi yaratadi. Bugungi ma’naviy qashshoqlik  adolatli haqiqatdir. Hozirgi kunda iqtisodiy kambag‘allikni tugatish choralarini ko‘ryapmiz, lekin ma’naviy qashshoqlikka barham berish borasidagi natijalarimiz bilan hali maqtana olmaymiz. Shu ma’noda, iqtisodiyot va ma’naviyat uyg‘unligiga erishmog‘imiz shart.

 

Akmal SAIDOV,

akademik

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

Powered by GSpeech