26 aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni
Insoniyat tamadduni tafakkur kuchi bilan ravnaq topgan. Jahon sivilizatsiyasini inson tafakkuri mahsuli bo‘lgan g‘oya, ixtiro yoki san’at asarlarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Jamiyatning har bir a’zosi tabiiy va ijtimoiy qonuniyatlar asosida moddiy hamda ma’naviy ehtiyojlar qurshovida yashaydi. Shu ma’noda, ixtiro yoki san’at asarlariga intellektual mulk sifatida qarash dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shadigan ilm va iste’dod sohiblarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va ularga keng imkoniyatlar yaratish imkonini beradi.
Bugungi kunda xalqaro miqyosda intellektual mulk huquqining kafolatlanishi va ta’minlanishi Jahon intellektual mulk tashkiloti (World Intellectual Property Organization – WIPO) tomonidan amalga oshiriladi hamda nazorat qilinadi. Ushbu nufuzli tashkilot BMTning ixtisoslashgan agentligi bo‘lib, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari ishonchli va barqaror xalqaro intellektual mulk tizimini rivojlantirishga qaratilgan.
Jahon intellektual mulk tashkilotining ta’sis etilishiga asos bo‘lgan Konvensiya 1970 yil 26 aprelda kuchga kirgan. 2000 yildan boshlab har yili 26 aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni sifatida keng nishonlanadi.
Xalqaro intellektual mulk kuni har yili muayyan mavzuga bag‘ishlanadi. Ayni mavzu doirasida dunyoning ko‘plab mamlakatlarida konferensiyalar, intellektual hamda ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi.
Joriy yilda ushbu xalqaro sana “Intellektual mulk va yoshlar: kelajak innovatsiyalari” shiori ostida nishonlanmoqda. Bu orqali iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar orasida ilm-fan yangiliklari hamda innovatsion ishlanmalarni targ‘ib etish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda dunyo aholisining 2 milliarddan ortig‘i yoshlardan iborat. Bu insoniyat tarixida yoshlar sonining eng yuqori ko‘rsatkichidir.
Jahondagi yoshlarning qariyb 90 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. Demak, yigirma birinchi yuz yillikda yoshlar huquqlarini ta’minlash, ularni rag‘batlantirish va jamiyatda munosib o‘rin egallashlariga ko‘maklashish har qachongidan ham muhim va dolzarb.
So‘nggi yillarda BMT doirasida yoshlar muammolariga doir 10 dan ortiq xalqaro hujjat qabul qilingani ham ayni masalaning ahamiyatidan dalolat beradi.
Shuningdek, jahon yoshlarining talab-ehtiyojlarini qondirish, salohiyatini mustahkamlash va huquqlarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida BMTning “Yoshlar-2030” strategiyasi ishlab chiqilgan. Unda yosh avlodga sifatli ta’lim berish, shu jumladan ularni ilmiy-innovatsion sohalarga jalb etish, ilmiy-ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanadigan yoshlarning intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarini ta’minlash zarurligi belgilangan.
Mamlakatimizda ham yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor tamoyillaridan biri hisoblanadi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda bu borada qator qonunlar, Prezidentning o‘nlab farmon va qarorlari, hukumat hujjatlari qabul qilindi.
Shu asosda Yoshlar ishlari agentligi va Bosh vazir raisligida Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash ish boshladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiya tuzildi, Oliy Majlis palatalari qoshida Yoshlar parlamentlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekistonda 30 iyun – Yoshlar kuni, deb e’lon qilindi.
Iste’dodli yoshlar salohiyatini yuzaga chiqarish, ularning kreativ va innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish, yoshlarning intellektual mulk huquqini kafolatlash kabi yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan ishlar ham salmoqli.
Jumladan, muntazam o‘tkazilayotgan xalqaro yoshlar innovatsion forumlari, respublikamizning chekka hududlarida yoshlarga zamonaviy yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim berishga mo‘ljallangan “TexnoBus” texnologik mobil ta’lim platformasi, “Technoways” texnologik rivojlanish marafoni kabi istiqbolli loyihalar samarali natija bermoqda.
Muxtasar aytganda, Jahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan joriy yildagi Xalqaro intellektual mulk kuni uchun tanlangan mavzu dunyo hamjamiyatini yoshlar huquqlarini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga chorlaydi. Zero, bugun o‘z qobiliyatini namoyon eta olgan yosh avlod ertaga insoniyat farovonligi yo‘lida olamshumul ixtirolar qilishga qodir.
Azizbek RAMAZONOV,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali bosh muharririning o‘rinbosari
- Qo'shildi: 26.04.2022
- Ko'rishlar: 2864
- Chop etish