2022 yil 26 aprelda Jizzax davlat pedagogika universiteti huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotira muzeyining Ma’naviyat va ma’rifat markazi zalida “Mashrab” nashriyoti tomonidan yaqinda chop etilgan "Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)" nomli kitob taqdimoti o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va tarjimon G‘ulom Mirzo qalamiga mansub ushbu qissa tarixiy hujjatlar va shaxsiy xotira-kechinmalar asosida bitilgan.
Taqdimotda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori akademik Qalandar Abdurahmonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘rol O‘rozboev, Jizzax davlat pedagogika instituti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori Baxtigul Ergasheva, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari, shoira Mehribon Abdurahmonova va boshqalar so‘zga chiqdi.
Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganlaridek, XX asrning 50-yillaridagi "iliqlik davri"da katta qatag‘on qurbonlari orasidan ayrim taniqli ziyolilarnigina qisman oqlash yo‘lidan borilgan. Buning sababi shuki, agar o‘shanda nohaq qatag‘on etilgan millionlab oddiy kishilar ham yalpi oqlab yuborilsa, sovetlar tuzumi zulmkor bo‘lgani to‘g‘risidagi haqiqat ochilib qolar, oqibatda xalqning ishonchsizligi va noroziligi kuchayib ketishi mumkin, deb qaralgan.
Oqibatda "xalq dushmani" degan soxta ayblov bilan qatag‘onga duchor etilgan ushbu kitob qahramonlari – ota-bola Mirza To‘laev va Abdirayim Mirzaevning oqlanishi uchun 70 yil vaqt kerak bo‘ldi. Bunga qadar esa sovet davrida dinu e’tiqodida mustahkam turgan Mirza So‘fi bobo – 10 yil, o‘g‘li Abdirayim bobo – 6 yil qamoq jazosini GULAG – Axloq tuzatish mehnat koloniyalari bosh boshqarmasining mehnat-tuzatish lagerlarida to‘la o‘tab qaytganlar.
Ushbu kitob muallifining 2018 yil dekabridagi murojaati asosida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 1949 yili qatag‘onga uchragan M.To‘laev va A.Mirzaevga nisbatan inson huquqlari qo‘pol buzilganligi holatlari yuzasidan xulosa tayyorlandi. Shu asosda va arxiv hujjatlariga tayangan holda, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudiga protest kiritdi.
Harbiy sudning kassatsiya instansiyasi sudlov hay’ati 2019 yil 30 aprelda mazkur jinoyat ishini protest bilan birgalikda ochiq sud majlisida ko‘rib chiqdi. Natijada 1949 yil 9 dekabrda M.To‘laev va A.Mirzaevlarga nisbatan chiqarilgan hukm bekor qilindi. Ota-bolalar vafotidan so‘ng aybsiz deb topildi va oqlandi. Yetmish yildan so‘ng ushbu insonlarga nisbatan adolat qaror topdi.
Bu – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning insonparvar siyosati tufayli yurtimizda mustabid sho‘rolar tuzumi davrida qatag‘on qilingan vatandoshlarimizning pok nomlarini oqlash, ularning xotiralarini abadiylashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarga birgina amaliy misoldir.
Taqdimotda qatnashgan professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, nuroniylar va mahalla faollari o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Mehmonlar Qatag‘on qurbonlari muzeyi eksponatlari bilan tanishdilar.
– Qatag‘on qurbonlari muzeyimizda ko‘p yillik tarixga ega nodir manbalar saqlanadi, – deydi Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori Shavkat Sharipov. – Eng muhimi, qatag‘on davri adabiyotiga ham qiziquvchi talaba-yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Zero, o‘tmishini unutgan inson kelajagini qura olmaydi.
Akademiklar A.Saidov va Q.Abdurahmonov muzeyning faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozdilar.
Muzeyga yangi nashr etilgan kitoblar hadya qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 28.04.2022
- Ko'rishlar: 2699
- Chop etish