Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirishda davlat organlarining roli

2022 yil 27 aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi shu mavzuda seminar-trening o‘tkazdi. Tadbir BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti hamda O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminar-treningda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti Inklyuziv ijtimoiy rivojlanish bo‘limining texnik yordam va hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Oleg Seryojin, O‘zbekiston Nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isakov, O‘zbekiston Nogironlar jamiyati raisi Komil Abdullaev so‘zga chiqdi.

Tadbirda Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalaridan vazirlik va idoralar xodimlarining xabardorligini oshirish muhimligi ta’kidlandi. Konvensiya qoidalarini bajarish jarayonida ijtimoiy sohada islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha xorijiy mamlakatlar tajribasi alohida ahamiyatga egaligiga e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonda kam ta’minlanganlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yoshlar, xotin-qizlar va keksalarni ijtimoiy himoya qilish inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2021 yil 7 iyunda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilingani bunga yaqqol misoldir.

 Yurtimizda nogironlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – xalqaro huquq prinsiplari va normalarini milliy qonunchilikka tatbiq etishdan iborat. Bu muhim jarayon O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida nazarda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarni amalga oshirish bilan uzviy holda olib borilmoqda.

Ishtirokchilar tomonidan, shuningdek, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmang” tamoyiliga hamohang tarzda amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

Seminar-trening mashg‘ulotlarini AQShning Sirakuza universiteti doktoranti Mirjahon Turdiev, BMT va YuNICEFning nogironlik va reabilitatsiya masalalari bo‘yicha xalqaro maslahatchisi, xalqaro ekspert, tibbiyot fanlari doktori Oksana Vladimirova, BMT xalqaro eksperti, Armanistondagi “Urartu” amaliy psixologiya va sotsiologiya universitetining ijtimoiy faoliyat kafedrasi mudiri Jemma Bagdasaryan, BMT xalqaro eksperti, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi dotsenti Burulsun Suyunalieva olib bordi.

Trening doirasida “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya – huquqlar standarti va elementlari”, “Zamonaviy dunyoda nogironlik: paradigma va tushunchalar, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning roli”, “Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirishda ijtimoiy sohani isloh qilish: tajriba va istiqbollar” kabi mavzular muhokama qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech