Jizzaxdagi ijod maktabida “Uch avlod” uchrashuvi bo‘ldi

Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2017 yili Jizzax shahrida Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi  ijod maktabiga asos solingan. Bundan ko‘zlangan maqsad o‘zbek xalqining atoqli farzandlari – shoir, dramaturg, publitsist va jamoat arbobi Hamid Olimjon hamda XX asr o‘zbek she’riyatida o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lgan sevimli shoiramiz, chin ma’nodagi sadoqat ramzi Zulfiya ijodini keng targ‘ib qilish, ularning izdoshlarini kashf qilish va iste’dodlarini namoyon etishlariga shart-sharoit yaratishdir.

Bugungi kunda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ushbu ijod maktabi jamoasi zimmasidagi sharafli va mas’uliyatli vazifalarni to‘liq ado etish uchun astoydil intilmoqda. Bu yerda 2022 yil 26 aprel kuni bo‘lib o‘tgan “Uch avlod” uchrashuvi avvalida shu haqda fikr yuritildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov, G.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori akademik Qalandar Abdurahmonov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O‘rol O‘rozboev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va tarjimon G‘ulom Mirzo ishtirok etdi.

Tadbirga  Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi  ijod maktabi direktori Dilafro‘z Hamdamova moderatorlik qildi.

Akademiklar A.Saidov va Q.Abdurahmonov mamlakatimizda ilmiy va ijodiy faoliyat uchun yaratilgan qulay sharoitlar hamda keng imkoniyatlarning amaliy samaralari haqida to‘xtaldi. Taniqli olimlar yoshlarga o‘zlarining ilmiy-ijodiy izlanishlari, yangi nashr etilgan kitoblari haqida ham so‘zlab berdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Qahramoni Anorboy Eshmatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limi rahbari, shoira Mehribon Abdurahmonova so‘zga chiqdilar.

 Ijod maktabi o‘quvchilari Hamid Olimjon va Zulfiya, shuningdek o‘zbek hamda jahon she’riyati namoyandalari hamda o‘zlarining ijod namunalarini bir nechta tillarda o‘qib berdilar.

Ijod maktabining madhiyasi ijro etildi.

Uch avlod vakillarining o‘zaro muloqoti samimiy va qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi.

Tadbir yakunida ijod maktabi kutubxonasiga kitoblar taqdim etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech