Lev Tolstoy ijodxonasi
“Lev Tolstoy – har bir yozuvchi uchun akademiyadir”.
Aleksey TOLSTOY,
atoqli rus adibi
Jahon adabiyotining durdona asarlaridan biri – “Urush va tinchlik” roman-epopeyasi nodir iste’dod sohibi Lev Nikolaevich Tolstoy badiiy-ijodiy merosining bebaho xazinalaridan biri hisoblanadi.
L.N. Tolstoy ushbu asarni 1863 – 1869 yillarda yozgan. Hajman ulkan, shaklan betakror va mazmunan serqirra ushbu asarga munosib nom topish ustida adib uzoq vaqt o‘ylangan. Ijod jarayonida “Uch kemtik” (“Tri porы”), “1805 yil” (“1805 god”), “Oxiri xayrli ishlarning barchasi yaxshi” (“Vse xorosho, chto xorosho konchaetsya”) degan nomlardan foydalangani manbalarda qayd etilgan. Alal-oqibat esa “Urush va tinchlik” degan yakuniy to‘xtamga kelgan.
Asarning bunday nomlanishida L.N. Tolstoy fransiyalik siyosatchi, iqtisodchi, publitsist, faylasuf va sotsiolog Per-Jozef Prudonning 1861 yilda yozilgan va rus tilidagi tarjimasi Rossiyada 1864 yilda nashr etilgan “Urush va tinchlik” (“La Guerre et la Paix”) falsafiy traktatidan ta’sirlangan bo‘lishi mumkin. Sababi, Lev Tolstoy 1860-1861 yillarda Yevropa bo‘ylab amalga oshirgan sayohatida Prudon bilan shaxsan tanishgan. Demak, ulug‘ rus adibi fransuz do‘stining ijodiga befarq bo‘lmagan. Qolaversa, XIX asrda rus jamiyatida fransuz tilining mavqei ustuvor bo‘lgani va Lev Tolstoy asarlarida fransuz tilidagi jumlalar ko‘p bor ishlatilgani ham yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi, nazarimizda.
Ko‘rinib turibdiki, daho adib Lev Tolstoy tafakkurida toblangan va qalbida ilhom suvi bilan sug‘orilgan umuminsoniy va ezgu g‘oyalarni ushbu asarda ifodalashga urinar ekan, voqealar rivojini, qahramonlar taqdiri va xususiyatlarini oldindan qat’iy belgilangan yo‘nalishda olib bormagan, asarni ko‘p marta tahrir qilib, o‘zgarishlar kiritgan. Bu esa L.N. Tolstoy yashagan XIX asrda jahon adabiyoti uchun mutlaqo yangi hodisa hisoblangan, o‘ziga xos janr va betakror uslubdagi asar yozilishiga sabab bo‘lgan.
Shuning uchun ham L.N. Tolstoy 1865 yil 3 yanvarda “Russkiy vestnik” jurnali noshiri M.N. Katkovga yo‘llagan maktubida: “Mazkur asar roman ham, qissa ham emas, unda yechilishi bilan tamom bo‘lib qoladigan va qiziqishni so‘ndiradigan bironta tugun ham yo‘q. Bularni sizga yozayotganimga sabab shuki, mundarijada ham, bo‘lajak e’lonlarda ham mening asarimni roman, deb atamang. Bu men uchun juda muhim bo‘lganidan sizdan shuni iltimos qilyapman”, – deya ta’kidlagan.
Adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan L.N. Tolstoyning “Urush va tinchlik” asari roman-epopeya janriga mansub.
Roman-epopeya – yirik tarixiy voqea-hodisalarni qamrab olgan, ularni yaxlit holda batafsil aks ettiradigan roman turidir. Odatda, roman-epopeyalarda asosiy va ikkilamchi qahramonlar soni nihoyatda ko‘p bo‘ladi.
L.N. Tolstoyning “Urush va tinchlik” asari roman-epopeya janrining barcha talablariga to‘la mos keladi va jahon adabiyotida ushbu janr rivojini yangi bosqichga olib chiqqan asar hisoblanadi.
“Urush va tinchlik” roman-epopeyasida Fransiya imperatori Napoleon Bonapartning 1805 – 1807 hamda 1812 – 1814 yillardagi harbiy yurishlari, shu jumladan Fransiya – Rossiya urushi voqealari tarixi yoritilgan. O‘z asarida adib 500 dan ortiq badiiy qahramonlardan foydalangan. Ularning ba’zilari tarixiy shaxslar, ba’zilari prototiplar, ba’zilari esa to‘qima badiiy obrazlardir.
Asarning asosiy va chinakam qahramoni – ona Vatanini bosqinchilardan mardonavor himoya qilgan rus xalqi. Roman-epopeyada ijtimoiy kelib chiqishi va jamiyatdagi mavqei turfa xil bo‘lgan kishilar rus zaminiga bostirib kelgan umumiy dushmanga qarshi bir yoqadan bosh chiqarib, bir safda turib kurash olib borganliklari yuksak mahorat bilan tasvirlangan. Shu bilan birga, har bir qahramonning ruhiy kechinmalari va botiniy dunyosi, o‘y-fikrlari va orzu-intilishlari ta’sirchan uslubda ifodalangan.
Urush va tinchlik davrini muqoyasa qilish orqali urushning dahshati va tinchlikning qadri aks ettirilgan. Tarixiy voqealar asnosida muhabbat, sadoqat, do‘stlik, vatanparvarlik va jasorat kabi ezgu insoniy tuyg‘ular ularning aksi bo‘lgan nafrat, xiyonat, dushmanlik, sotqinlik va qo‘rqoqlik kabi razil illatlar bilan taqqoslangan. Inson umri g‘animatligi, uning har onini yaxshilik va bunyodkorlikka sarflash zarurligi ibratli falsafiy-badiiy mulohazalar orqali bayon etilgan.
1868 – 1869 yillarda “Urush va tinchlik” roman-epopeyasi birinchi marta alohida kitob shaklida nashrdan chiqqan. L.N. Tolstoy asarni qayta tahrirdan o‘tkazib, 1869 yilda ikkinchi marta chop ettirgan. Shundan keyin ham adib hajman ulkan ushbu ijod mahsulini qayta ishlash va tahrir qilishda davom etgan. Shu tariqa 1873 yilda roman-epopeyaning uchinchi nashri dunyo yuzini ko‘rgan.
“Urush va tinchlik” roman-epopeyasi nashr etilgach, adabiy jamoatchilikning yuksak e’tirofiga sazovor bo‘lgan. N.Straxov, V.Sokolov, S.Bocharov, P.Annenkov kabi mashhur rus adabiyotshunos olimlari asar haqida yozgan taqrizlarida unga yuqori baho berishgan. Masalan, adabiy tanqidchi Sergey Bocharov quyidagi fikrlarni qayd etgan: “Kitoblar o‘quvchi xotirasida qanday muhrlanib qolishi bilan xarakterlanadi. “Urush va tinchlik” yorqin epizodlar, alohida manzaralar bilan yodda qoladi, ularning har biri katta ma’noga ega”. Mashhur rus shoiri va yozuvchisi I.S. Turgenev esa 1880 yilda “XIX asr” nomli fransuz gazetasi muharririga yozgan maktubida “Urush va tinchlik” roman-epopeyasini “buyuk yozuvchining buyuk asari” deya ta’riflagan.
Asar dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan va jahon adabiyotining eng sara namunalaridan biri sifatida bugungi kunda ham sevib mutolaa qilinadi. U asosida serial va kinofilmlar suratga olingan, opera va spektakllar sahnalashtirilgan.
To‘rt jilddan iborat “Urush va tinchlik” roman-epopeyasining birinchi jildini 1947 yilda atoqli o‘zbek adibi va tarjimoni Abdulla Qahhor o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning ikkinchi va uchinchi jildini Abdulla Qahhor hamda uning turmush o‘rtog‘i, taniqli tarjimon Kibriyo Qahhorova hamkorlikda o‘zbek tiliga o‘girishgan. Roman-epopeyaning so‘nggi to‘rtinchi jildini esa Kibriyo Qahhorova ona tilimizga tarjima qilgan.
O‘zbek tilida bir necha bor nashr etilgan “Urush va tinchlik” roman-epopeyasi xalqimizning eng sevimli asarlaridan biri hisoblanadi.
Qadrli mutolaa ixlosmandlari, jahon adabiyotining durdona asarlaridan biri – “Urush va tinchlik” roman-epopeyasidan saralab olingan hikmatli fikrlarni e’tiboringizga havola etamiz. Ushbu hayotiy-falsafiy mushohadalar ma’naviy olamingizni boyitib, Sizni umumbashariyat adibi Lev Tolstoy ijodiga yaqinlashtiradi degan umiddamiz.
* * *
Ruhan azob chekayotgan kishida salomatlik qayoqda deysiz?
* * *
Dunyoda baxt degan narsa ba’zan juda adolatsizlik bilan taqsim qilinar ekan.
* * *
Agar hamma faqat o‘z e’tiqodi asosida urushadigan bo‘lsa, dunyoda urush degan narsa bo‘lmas edi.
* * *
Xotinga bog‘lanib qoldingmi, demak, kishanga tushding – butun erkingni yo‘qotasan. Dilingdagi butun umid, belingdagi butun quvvat – hammasi o‘zingga ortiqcha yuk bo‘ladi: pushaymondan azob chekkaning chekkan.
* * *
Yovg‘on oshimu beg‘alva boshim.
* * *
Qirq yil qirg‘in bo‘lsa ham ajali yetgan o‘ladi.
* * *
Insonda bo‘ladigan nuqsonlarning ikki manbai bor: biri – bekorchilik, biri – xurofot.
* * *
Insonda ikki fazilat bor: biri – faoliyat, biri – aql.
* * *
Matematika – buyuk ish.
* * *
Harakatda barakat degan gap bor.
* * *
Mashaqqat tortsang, murodga yetasan.
* * *
Hamma vaqt kulfat lazzatdan kuchliroq bo‘ladi.
* * *
Faqat ahmoq odamlar-u fosiq odamlar salomat bo‘lmaydi.
* * *
Har kimning bir kamchiligi bo‘ladi.
* * *
Biron yoqqa ketayotganida yoki hayotida biron o‘zgarish bo‘lgan vaqtda o‘z qilmishlarini o‘ylab ko‘rish qobiliyatiga ega bo‘lgan kishilar odatan jiddiy fikr va mulohazalar qiladi.
* * *
Stern aytganidek, “Biz odamlarni ularning bizga qilgan yaxshiliklaridan ko‘ra o‘zimizning ularga qilgan yaxshiligimiz uchun ko‘proq yaxshi ko‘ramiz”.
* * *
Hamma vaqt ish chappasiga ketganida nima bo‘lishini nazarga olib ish tutish kerak.
* * *
Soldatga o‘g‘rilik nomus. Soldat degan halol, olijanob va jasur bo‘lishi kerak: o‘z og‘aynisining narsasini o‘g‘irlagan bo‘lsa, demak, nomusi yo‘q.
* * *
Agar odam o‘lganidan keyin nima bo‘lishini bilsa edi, hech kim o‘limdan qo‘rqmas edi.
* * *
Nima bo‘lishingni bilmaganliging uchun qo‘rqasan.
* * *
Mehr-muhabbatning hech kimga og‘irligi yo‘q.
* * *
Kiyim odamni chiroyli qiladi.
* * *
Yigitning aqli ko‘zida bo‘ladi.
* * *
Qo‘rqqan odamning aft-angorini kiyim bilan o‘zgartirib bo‘lmas.
* * *
Ko‘ngil yaqin – yo‘l yaqin.
* * *
Suvorovning “Dushmanga o‘zingni hujum qilgani qo‘yma, o‘zing hujum qil” degan qoidasini esdan chiqarish kerak emas.
* * *
Botirlik yoshga qaramaydi.
* * *
Qani endi, odam bu dunyoda kimdan yordam so‘rashni-yu, u dunyoda nima bo‘lishini bilsa!
* * *
Hamma narsaning hech narsaga arzimasligidan va anglab bo‘lmaydigan, lekin juda muhim allaqanday bir narsaning buyukligidan boshqa hech, hech to‘g‘ri gap yo‘q!
* * *
Abadiyatga nisbatan bir lahzagina umring qolganda shunga shunchalik azob-uqubat chekib o‘tirishga arziydimi?
* * *
Nomardlik har kimda ham bo‘ladi.
* * *
O‘lsang, hammasi tamom bo‘ladi. O‘lsang yo hammasini bilasan yoki qaytib so‘ramaysan.
* * *
Hamma narsani barbod qiladigan va bugunmi, ertami keladigan ajal abadiyatga nisbatan ko‘z ochib yumguncha bari bir kelib yoqangdan ushlaydi.
* * *
Hech qanday haqiqat topilgan emas. Hech qanday haqiqatning tagiga yetib bo‘lmaydi.
* * *
Biz faqat bilmasligimiznigina bilamiz. Mana shuning o‘zi inson zakovatining eng oliy nuqtasidir.
* * *
Hech kim yakka o‘zi haqiqatga yetisha olmaydi.
* * *
Hikmati ilohi va haqiqat ichmog‘imiz kerak bo‘lgan pokiza suv demakdir.
* * *
Hikmati ilohi faqat aqlu idrokka, fizika, tarix, kimyo va boshqa dunyoviy ilmlardan murakkab bo‘lgan bilimga asoslangan emas. Hikmati ilohi yagonadir. Hikmati ilohi bir ilmdan hamma narsani, olamning yaratilishi va unda insonning tutgan o‘rnini tushuntirib beradigan ilmdan iborat. Bu ilmni zabt etish uchun odam o‘zini, ko‘nglini pok qilishi kerakdir. Shuning uchun bu ilmni bilishdan oldin e’tiqod qilish va takomillashish lozim. Bu maqsadlarga erishmoq uchun qalbimizga vijdon otli nuri ilohiy joylashtirilgandir.
* * *
Bezor bo‘lsang, bu hayotingni o‘zgartir, o‘zingni pok qil, pok bo‘lganing sayin hikmati ilohini tushunaverasan.
* * *
Madadni faqat xudodan so‘rash kerak.
* * *
O‘lim ezgulik yo‘lida riyozat chekkan ruhni rohat va farog‘atga eltish uchun bu dunyoning kasiratidan qutqaradigan do‘st.
* * *
Ieoroglif – his qilib bo‘lmaydigan va tasvir qilingan narsadagi sifatlarga ega bo‘lgan narsaning nomidir.
* * *
Xizmatda yuqori martabaga erishish uchun harakat, mehnat, botirlik, sadoqat emas, balki qilingan xizmat uchun mukofot beradiganlar bilan muomala qilishni bilish kerak.
* * *
Hech narsa abadiy bo‘lmaydi.
* * *
Insof va noinsoflik to‘g‘risida o‘ylash odamlarning ishi emas. Odamlar hamma narsadan ham ko‘ra insofni noinsoflikdan ajratish to‘g‘risida bir umr adashgan va bundan keyin ham adashadi.
* * *
Birovga nisbatan qilingan har bir yovuzlik noinsoflik bo‘ladi.
* * *
Men o‘zim uchun yovuzlik deb bilgan narsani birovga qilmayman.
* * *
Men hayotda faqat ikki narsani chinakam baxtsizlik deb bilaman: vijdon azobi va xastalik. Mana shu ikki narsa bo‘lmasligining o‘zi xushbaxtlikdir.
* * *
Yovuzlik qilmaslik, pushaymon bo‘lmaslik uchungina yashash kifoya qilmaydi.
* * *
Har kim o‘z bilganicha yashaydi.
* * *
Shon-sharaf nima o‘zi? Bu ham boshqalarni sevish, o‘shalar uchun biron yaxshilik qilish, ularning maqtoviga sazovor bo‘lish degan gap.
* * *
Hayotda eng yaxshi baxt shu ezgulik lazzatidir.
* * *
Bizning uchun aqliy mehnat qanchalik zarurat bo‘lsa, uning uchun jismoniy mehnat ham shunchalik zarurat va hayotining matlabidir.
* * *
Kishi hayotini mumkin qadar yaxshiroq o‘tkazishga harakat qilishi kerak.
* * *
Yashash kerak, sevish kerak va shunga ishonish kerak.
* * *
Tomirlardan qonni chiqarib tashlab, o‘rniga suv quysang, o‘shanda urush bo‘lmaydi.
* * *
Birovga yaxshilik qilsam, ko‘p xursand bo‘laman, lekin adolatsizlik o‘rniga adolat o‘rnatish buyuk bir baxtdir.
* * *
Qonun mendan kuchliroq.
* * *
Qonunni bajarishdan ko‘ra, yozish osonroq.
Akmal SAIDOV,
akademik
- Qo'shildi: 05.05.2022
- Ko'rishlar: 4152
- Chop etish