Inson qadrini ulug‘lash ayyomi

“Ulug‘ mutafakkir va shoir Mir Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, odamlarning dardiga darmon bo‘lish – insoniylikning oliy namunasi ekanini unutmasligimiz, bunday ezgu ish uslubi bizning nafaqat xizmat vazifamiz, shu bilan birga, vijdoniy burchimizga aylanishi kerak”.

Davlatimiz rahbari 2022 yil 29 aprel kuni Ramazon hayiti bayrami arafasida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shunday deb ta’kidladi. Shu munosabat bilan viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari oldiga Ramazon oyi va musulmonlarning mo‘tabar bayrami Iyd al-Fitr yuqori saviyada o‘tishini ta’minlash vazifasini qo‘ygani bejiz emas.

Binobarin, xalqimiz azaldan Ramazon oyi va hayitini insoniylik, shukronalik, sabr-qanoat, saxovat, mehr-oqibat bayramlari sifatida keng nishonlab kelgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda dinlararo bag‘rikenglik muhiti to‘la shakllangan. Yoshlarimiz imon-e’tiqodli va boshqa dinlarga ehtirom ruhida tarbiyalanmoqda.

Yurtimizda 16 ta diniy konfessiyaning barchasi emin-erkin o‘z ibodatlarini ado etadi va diniy marosimlarini bajaradi. Diniy bayramlardan Ramazon va Qurbon hayitlari, Pasxa va Rojdestvo hamda boshqa bayramlar keng nishonlab kelinmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda, bu yilgi Ramazon oyida diniy-ma’rifiy soha xodimlari tomonidan 23 ming 124 ta kam ta’minlangan oila, 8 ming 565 nafar yetim bola holidan xabar olingan. Shuningdek, homiylarni jalb etgan holda, 6 ming 596 nafar moddiy yordamga muhtoj fuqaroga 725 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Yurtimizda ahillik, ezgulik, birdamlik va ma’naviy poklik fazilatlari ulug‘lanadigan qutlug‘ Ramazon oyi va Hayit bayrami kunlari – inson qadrini ulug‘lashning o‘ziga xos ezgu ayyomi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Davlat rahbarining qator yangi farmon va qarorlari bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 aprelda qabul qilingan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2022 yil 1 maydan boshlab yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirildi.

Buning natijasida 4 million 100 ming aholi xonadoniga qo‘shimcha mablag‘ kirib boradigan bo‘ldi. Ushbu maqsadlar uchun joriy yilda 4 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Shuningdek, eng kam pensiya oladigan 725 ming nafar aholining pensiyasi 14 foizga oshiriladi.

Yanada sodda qilib aytganda, Hayit bayrami arafasida pensiya va nafaqalarning eng kam miqdori biryo‘la 40 foizga oshdi. Nafaqa oluvchilar soni 2016 yilgi 466 ming nafardan – 2022 yilda 1 million 860 ming nafarga yetganini ham qayd etish lozim.

Ikkinchidan, 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolarga 15 million so‘mdan beriladi. Bu haqdagi topshiriq Prezidentimizning 2022 yil 29 aprelda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonida ko‘zda tutilgan.

Agar e’tibor qaratilsa, urush qatnashchilari va mehnatga layoqatsiz faxriylar uchun to‘lanadigan haq miqdori Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan muntazam va ko‘p miqdorda oshirib kelinayotganiga amin bo‘lish mumkin. Xususan, ushbu mablag‘ hajmi 2017 yilda – 2 mln so‘m, 2018 yilda – 5 mln so‘m, 2019 yilda – 7,5 mln so‘m, 2020 yilda – 10 mln so‘m, 2021 yilda – 12 mln so‘mdan iborat bo‘lgan. 

Uchinchidan, O‘zbekiston Prezidenti Muborak Ramazon hayiti bayrami arafasida xalqimizga xos ezgulik, bag‘rikenglik, insonparvarlik, mehr-oqibat va kechirimli bo‘lish kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, Konstitutsiyamizning 93-moddasi 23-bandiga asosan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 65 nafar shaxs afv etildi. Mutasaddilarga ushbu fuqarolar bayramni o‘z uyida, yaqinlari bag‘rida kutib olishlari, shuningdek, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

To‘rtinchidan, davlat rahbarining 2022 yil 29 aprelda qabul qilingan “Ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan bir qator muhim vazifalar:

· aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish;

· nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvi uchun keng imkoniyatlar yaratish;

· yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning oilaviy va boshqa muqobil shakllarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadlari ijobatiga qaratilgan.

Beshinchidan, ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mutasaddilarga:

  • yolg‘iz yashayotgan va o‘zgalar parvarishiga muhtoj odamlardan shaxsan xabar olib, ularga sovg‘a-salomlarni yetkazish;
  • urush qatnashchilari, konslagerlar mahbuslari va Leningrad qamalida bo‘lgan fuqarolarning har birining xonadoniga shaxsan borib, pul mukofoti va qimmatbaho sovg‘alarni  tantanali ravishda topshirish;
  • front ortida mehnat qilgan 10 ming nafar faxriy bilan shaxsan uchrashib, holidan xabar olish va sovg‘a-salomlar yetkazish topshirildi.

Oltinchidan, 2022 yil 1 iyundan boshlab urush qatnashchilari va nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarga har oyda oziq-ovqat va gigiena vositalari xaridi uchun ularning pensiya va nafaqalariga 270 ming so‘m miqdorida ustama tayinlanadi. Bundan tashqari, ularga kiyim-kechak xaridi uchun har yili 4 million so‘mdan kompensatsiya to‘lash tartibi joriy etiladi.

Yettinchidan, nogironligi bo‘lgan ehtiyojmand aholini qo‘llab-quvvatlash tizimi ham kengaytirilmoqda. Xususan, 1 maydan boshlab nogironligi bo‘lgan fuqarolarni ishga olgan korxonalarga 6 oy davomida har bir shunday xodimi uchun 400 ming so‘mdan subsidiya beriladigan bo‘ldi.

Mamlakatimiz rahbari tomonidan viloyat, tuman va shahar hokimlariga mahalliy byudjetlar, «daftarlar» jamg‘armalari va «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan bu kabi savobli ishlarning qamrovini kengaytirish vazifasi yuklandi. Zero, Prezident Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “Ramazon oyi – saxiylik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik oyidir. Bu qutlug‘ ayyomda mehr-shafqatli, kechirimli bo‘lish hammamiz uchun ham farz, ham qarz”.

Prezident Shavkat Mirziyoev inson qadrini ulug‘lash va inson huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq bunday ezgu amallarni muntazam hamda izchil davom ettirishga, yurtimizdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga qaratilgan yanada keng imkoniyatlarni ko‘rsatib bergani bejiz emas.

Chunki xalqparvar va adolatli davlat barpo etish maqsadlari mustahkamlab qo‘yilgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ham ijtimoiy adolat tamoyili asosida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni bartaraf etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan.

 

G‘ulom MIRZO,

Oydin IBROHIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi mas’ul xodimlari

O‘zA 

Powered by GSpeech