Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joriy yilning 7-8 may kunlari bo‘lib o‘tadigan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga dunyoning turli davlatlaridan kelayotgan xorijlik mehmonlar tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan muqaddas obidalarni ziyorat qilmoqda.
Arxeologik yodgorliklar va boshqa sayyohlik ob’ektlari bilan tanishayotir.
“Boysun bahori” xalqaro folklor festivali ko‘rik-tanlovida ishtirok etib o‘zlarining noyob san’atlarini dunyoga keng tarannum etish uchun Buyuk Britaniya va Fransiyadan kelgan san’atkorlar hamda soha mutaxassislari Termiz shahri hamda Termiz tumani bo‘ylab sayohat qildi.
Mehmonlar dastlab Termiz shahridagi “Azizbek” to‘yxonasida o‘tkazilayotgan kelin-kuyov to‘yida qatnashdi. Muhtasham “San’at saroyi” da bo‘lib milliy hunarmandlik mahsulotlari ko‘rgazmasi, Termiz arxeologiya muzeyi bilan tanishildi. “Surxon ipagi” korxonasi muzeyi va bu yerda to‘qilayotgan milliy atlas, adras kabi matolar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Buyuk ajdodimiz Hakim Termiziy majmuasi va Fayoztepa arxeologik yodgorliklari ularda o‘zgacha taassurot qoldirdi.
– Menga O‘zbekiston juda yoqib qoldi, – deydi Buyuk Britaniyalik folklorshunos Yeva Skalla. – Xivada o‘tkazilgan “Lazgi” festivalida bo‘lib, Xorazm va Buxorodagi ko‘plab tarixiy obidalarni tomosha qildim. “Boysun bahori” ga kelib shunday maftunkor yurtni tomosha qilayotganimdan bahad mamnunman. Qadimiy yurtda yashayotgan samimiy odamlarning mehmondo‘stligi tahsinga loyiq.
O‘zbeklar hamisha mehmondo‘st bo‘lgan. Lekin, men bunday yuksak darajada bo‘lishini kutmagan edim. Qayerga bormaylik, bizni ochiq chehra bilan samimiy kutib olishadi. Ayniqsa, eramizdan avvalgi asrlarga oid Fayoztepa arxeologik yodgorligi menda boy taassurot uyg‘otdi. O‘tmishda buddistlar barpo etgan stupaga ta’zim qilib, uni o‘z qo‘lim bilan ushlab ko‘rdim. Uzoq tarixdan so‘zlaydigan bunday noyob yodgorlikni uchratmagan edim. Boysun ham bizni hayratda qoldirishiga ishonaman. Albatta, bu haqida “Boysun bahori” da uchrashib qolsak, maroq bilan gapirib berarman. Shunday nafis festivalni tashkil etgan davlatingizdan minnatdormiz.
– Termizga qo‘ngan zahoti bizni milliy kuy-qo‘shiqlar ohangida samimiy chehra bilan kutib olishdi, – deydi fransiyalik san’atkor Bijan Yetemad Moghadam. – Mehmonxonaga joylashgach, yosh kelin-kuyov to‘yida qatnashib, go‘zal milliy qadriyatlaringizga guvoh bo‘ldik. Mahalliy mehmonlar bilan raqsga tushdik. Yoshlarga baxt tiladik. Milliy hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi ham bizga juda yoqdi. Tinch, osuda tarixiy bu go‘shada maroqli sayohat qilib, boy taassurot olayotganimizdan quvonchimiz cheksiz.
Xorijlik mehmonlarning qadimiy va hamisha navqiron viloyat bo‘ylab sayohatlari davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA
- Qo'shildi: 06.05.2022
- Ko'rishlar: 2484
- Chop etish