Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud tomonidan shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda qoplab beriladi

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz axborot xizmati rahbari G‘ulom Mirzaev ma’lum qildi.

 Joriy yil birinchi choragining eng muhim voqealaridan biri – 25 mart kuni O‘zbekiston Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani bo‘ldi. Mazkur qaror birinchi navbatda O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi bilan doimiy hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.

Prezident qarori bilan Milliy markaz tarkibida Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” tashkil etildi. “Inson huquqlari uyi”:

birinchidan, inson huquqlari bo‘yicha o‘quv, ilmiy-uslubiy va ommabop nashrlar, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi to‘plamlari doimiy chop etilishini ta’minlaydi;

ikkinchidan, kutubxona fondini inson huquqlari sohasiga oid milliy va xalqaro nashrlar bilan tizimli ravishda boyitib boradi;

uchinchidan, fuqarolar ushbu nashrlardan foydalanishlari uchun zarur sharoitlar yaratadi.

Shuningdek, Milliy markazga qo‘shimcha asosiy vazifalar yuklatildi. Bu vazifalar:

  • inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazani tizimlashtirish;
  • inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xronologiyasini yuritish;
  • fuqarolar va ilmiy tadqiqotchilarga inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratishdan iborat.

Milliy markazda O‘zbekiston Prezidentining ushbu qarorida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, axborot-kutubxona resurslari ro‘yxatining elektron shakli yaratilmoqda.

O‘zbekiston inson huquqlari sohasida 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, shu jumladan BMTning 7 ta asosiy shartnomasi va 4 ta Fakultativ protokoliga qo‘shilgan. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatlarning bajarilishi yuzasidan milliy ma’ruzalar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda shartnomaviy qo‘mitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilmoqda.

Joriy yil fevral oyida ana shunday ikkita davriy ma’ruza eshitildi. Bulardan biri – BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosi bo‘yicha O‘zbekisonning Oltinchi davriy ma’ruzasi bo‘lsa, keyingisi – Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni bajarish bo‘yicha Uchinchi milliy hisobotdir.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston delegatsiyasi joriy yilning 15-16 fevral kunlari BMT Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasining 81-sessiyasida hamda 22-23 fevral kunlari BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasining 71-sessiyasida ushbu davriy hisobotlarni eshitish jarayonlarida ishtirok etdi.

     Shu kunlarda BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi hamda Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishni bartaraf etish qo‘mitasi O‘zbekiston Davriy ma’ruzalari yuzasidan taqdim etgan tavsiyalarini amalga oshirish uchun Milliy harakatlar rejalari loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli vazirlik idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi 2022 yil 28 fevraldan – 2 martga qadar BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 49-sessiyasining Yuqori darajadagi segmenti ishida qatnashdi.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2021 yil 7 iyunda ratifikatsiya qilingan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini mamlakatimizda amalga oshirish maqdsadida Milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi.

Loyihani tayyorlash jarayonida milliy maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati vakillari, xalqaro ekspertlarning fikrlari inobatga olindi. Milliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan tasdiqlanishi belgilangan.

 Ayni chog‘da, “Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi shart” g‘oyasini tatbiq etishga qaratilgan “Xalqchil davlat” milliy dasturi loyihasini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar jadal bormoqda.  

Mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Milliy markaz tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi va Qiynoqqa qarshi qo‘mitasi tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan hamda joriy yil 29 martda qabul qilingan Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura organlari va sud tomonidan shaxsga nisbatan har qanday qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash natijasida yetkazilgan zarar davlat tomonidan to‘la hajmda qoplab beriladi.

Bu o‘rinda qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini huquqiy mustahkamlash haqida so‘z bormoqda. Ya’ni, qonun talabiga muvofiq, bundan buyon qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan jismoniy va ruhiy zarar, moddiy zarar yoki boy berilgan foyda, ma’naviy zarar, yuridik yordam, dori vositalari va tibbiy xizmat, psixologik va ijtimoiy xizmatlar uchun qilingan xarajatlar davlat tomonidan to‘lab berilishi nazarda tutilmoqda.

Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv mexanizmni yanada takomillashtirish borasidagi ushbu ibratli natijaga O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar ijrosi tufayli erishildi. Taraqqiyot strategiyasida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka keng joriy qilish va preventiv milliy mexanizmning qonunchilik asoslarini rivojlantirish vazifalari kun tartibiga qo‘yilgan.

Milliy markaz tomonidan tashkil etilgan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kurslarini tugatgan 1 ming 51 nafar tinglovchiga sertifikatlar topshirildi.

Joriy yilning dastlabki uch oyida Milliy markaz tomonidan 17 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari huquqiy ekspertizadan o‘tkazildi.

Hisobot davrida Milliy markazga 393 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning 26,3 foizi fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul jarayonida, 73,7 foizi aloqa vositalari, asosan pochta aloqa tarmog‘i orqali olingan.

Milliy markaz tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida hisobot davrida 15 ta murojaat qanoatlantirildi. Ya’ni, fuqarolarga huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda amaliy ko‘mak berildi. 14 ta murojaatda esa ko‘rsatilgan faktlar tasdiqlanmadi.

Shu yilning birinchi choragi davomida telefon orqali murojaat qilgan 720 nafardan ortiq fuqaroga Markaz xodimlari tomonidan huquqiy maslahatlar berildi.

 

Powered by GSpeech