2022 yil 17 may kuni Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Konrad Adenauer nomidagi fondning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Samarali parlament nazorati mexanizmlarini joriy etishning dolzarb masalalari: O‘zbekiston va xorijiy davlatlar tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Asosiy maqsadi – xorijiy tajriba va xalqaro standartlar asosida parlament nazoratining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘lgan ushbu konferensiya 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi
7-maqsadida, Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 23-bandida belgilangan “Qonun ijodkorligi va parlament nazoratini amalga oshirishning amaldagi mexanizmlari samaradorligini oshirish” vazifasi ijrosi doirasida tashkil etildi.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova, Konrad Adenauer nomidagi fondning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakili Ronni Xayne kirish so‘zlari bilan ochib berishdi.
Konferensiyani moderator – Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori Foziljon Otaxonov olib bordi hamda “Parlament nazorati mexanizmlari: Yangi O‘zbekiston tajribasi” mavzusida ma’ruza qildi.
Onlayn va oflayn tarzda o‘tgan tadbirda dastur bo‘yicha xalqaro, xorijiy va milliy ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi.
Ta’kidlanganidek, huquqiy davlatchilikni shakllantirish ko‘plab muammolarni bartaraf etish bilan uzviy bo‘lgan murakkab va davomli jarayondir. Bugungi kunga kelib oddiy bir haqiqat – davlat boshqaruvida keng vakolatga ega bo‘lgan parlamentsiz mamlakatda to‘laqonli demokratiya bo‘lishi mumkin emasligi yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Bunda parlament xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda, qonunlarning ijro hokimiyati organlari tomonidan to‘liq bajarilishini nazorat qilib borishi mamlakat taraqqiyotida muhim omildir.
So‘nggi yillarda yurtimizda olib borilayotgan jahon tendensiyalariga mos demokratik islohotlar jarayonida parlamentning, xususan parlament nazoratining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati yanada oshdi. Xususan, parlament nazoratini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni parlamentning nazorat funksiyasini Yangi O‘zbekiston va “Uchinchi renessans” yo‘lida yanada rivojlantirishga qaratilgan samarali tizim yaratilishida huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Qonunda parlament nazorati ob’ektlari, sub’ektlari, nazorat shakllari, qonun hujjatlari ijrosi hamda huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring qilish, ochiqlik va oshkoralik masalalari va uni amalga oshirish mexanizmlari tartibga solingan.
Bundan tashqari, parlament nazoratining yangi shakllari, ya’ni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “hukumat soati” instituti, Oliy Majlis Senatida esa viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining tegishli hududni rivojlantirish masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish amaliyoti joriy etildi.
Shu bilan birga, yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik o‘zgarishlar milliy parlamentning mavjud nazorat funksiyalarini hozirgi zamon talablari asosida takomillashtirishni va samarali mexanizmlarini ishlab chiqishni taqozo etmoqda.
Xalqaro tadbirda parlament nazoratini amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha mavjud muammolar tahlil qilindi va ularning yechimiga doir, shuningdek parlament nazorati borasida samarali mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha milliy va xorijiy ekspertlar, xalqaro hamkor tashkilotlarning fikr-mulohaza va takliflarini inobatga olgan holda, ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti
- Qo'shildi: 18.05.2022
- Ko'rishlar: 3496
- Chop etish