Oilani muqaddas maskan sifatida e’zozlash, oilada tinchlik-osoyishtalik, farovonlik muhitini qaror toptirish xalqimizga azaldan xos bo‘lgan fazilatlardir. Oila va oilaviy qadriyatlar har qanday inson hayotida quriladigan eng muhim poydevor hisoblanadi. Shaxsning shakllanishi oilada boshlanadi.Oilaviy qadriyatlar yaxlit tabiatning uyg‘un rivojlanishi uchun zarur ko‘nikmalarni singdiradi.
Oilada eng muhimi nima? Bu savolga hech kim aniq javob bera olishi qiyin. G‘amxo‘rlik va ishonchmi? Fidoyilik va mehnatsevarlik? Oilaviy an’analarga rioya qilishmi? Balkim Sevgidir?
Oila va oilaviy qadriyatlar doimo chambarchas bog‘liq va bir-birisiz mavjud emas. Agar oila bo‘lmasa, oilaviy qadriyatlar tabiy ravishda o‘z ma’nosini yo‘qotadi. An’anaviy oilaviy qadriyatlar g‘amxo‘rlik va sevgiga asoslanadi. Oilaning bosh sarboni ota bo‘lsa, ona oilaning tinchligini mustahkamlovchi, unda voyaga yetayotgan farzandlarlar tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi, mehr-muhabbat ulashuvchi muqaddas zot sanaladi. Azaldan oila-muqaddas dargoh, nikoh esa buzilmas rishta sanaladi. Oila mustahkam, tinch, halol va pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta, mustahkam, farovon bo‘ladi. Aksincha, oilalarda parokandalik, buzg‘unchilik bo‘lsa, o‘sha jamiyat buziladi, tichlik, hotirjamlik yo‘qoladi, u oqibatda chuqur tanazzulga yuz tutadi. Baxtli oilalar tufayli baxtli jamiyat vujudga keladi.
Hayot juda murakkab jarayon bo‘lib, unda turli holatlar uchrab turadi. Gohi shodlik, gohi g‘am deganlariday oilada er va xotin o‘rtasida ham turli sabablar ila kelishmovchiliklar bo‘lib turadi. Shoshqaloqlik, jahlning tez chiqishi, qanoatsizlik, manmanlik, tirnoq ostidan kir qidirmoqlik oilaviy munosabatlarga putur yetkazadi.
Ma’naviy jihatdan bir-biriga sabr qilish lozim bo‘lganiday, moddiy jihatdan ham qanoatli va sabrli bo‘lish juda muhimdir. Oilaning tinch, farzandlarning baxtli bo‘lishligida er-xotinning har ikkisi ham oiladagi o‘z burchlarini astoydil ado etishga intilishlari muhimdir. Mustahkam va saodatli oilada er-xotin o‘zaro totuv yashashi bir-birining yaxshi va yomon jihatlarini ko‘tarishi, ayb va kamchiliklarini kechirishi, tinch va totuv yashashi lozim.
Oilada erkak kishining mas’uliyati alohida qayd etilgan. Sharqda qadim-qadimdan oila muqaddas go‘sha sanalgan. Agar oila sog‘lom va mustahkam bo‘lsa, mahallada tinchlik va hamjihatlikka erishiladi. Binobarin, mahalla-yurt mustahkam bo‘lsagina, davlatda osoyishtalik va barqarorlik hukm suradi. Oila farovonligi – milliy farovonlik asosidir.
Xalqimiz tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, eng qimmatli an’analar: halollik, rostgo‘ylik, or-nomus, sharm-u hayo, mehr-u oqibat, mehnatsevarlik kabi barcha insoniy fazilatlar, eng avvalo oilada shakllangan. Bugungi kunda ham ana shu an’analarni davom ettirib, o‘zbek oilalari oilaning sog‘lom iqlimi, ota-onaning bir-biriga mehri va hurmati sharoitida, oila bag‘rida farzandlarini el-yurtining munosib o‘g‘il-qizlari bo‘lib unib o‘sishlarida astaoydil jon kuydirmoqdalar.
Sevara Ishmuratova,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
Umumiy bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 18.05.2022
- Ko'rishlar: 10206
- Chop etish