80 mingdan ziyod ayollarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha aniq loyihalar amalga oshirilimoqda

Ayol jamiyatning asosiy ustunidir!

Yangi O‘zbekiston islohotlari inson manfaatlari ustunligini ta’minlash barobarida jamiyatda xotin-qizlar mavqeini oshirish, ularning huquq hamda imkoniyatlarini ustuvor qadriyatlardan biri sifatida himoya qilishga qaratilgan. Bunda, ayniqsa, ayollarning siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy faolligini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida ro‘yobga chiqarilmoqda. Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularning o‘z intilish va qobiliyatlarini to‘laqonli ro‘yobga chiqara olishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalasi  Prezidentimizning doimiy e’tiborida.

Erkak va ayolning teng huquqliligi xalq farovonligida, jamiyat tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda muhim o‘rin tutadi. Davlat boshqaruvida ayollar ishtirokini oshirish maqsadida 6 mingdan  ziyod  xotin-qizlardan iborat   kadrlar zaxirasi shakllantirildi.  2018-2021 yillar davomida 4878 nafar xotin-qizlarning uy-joy sotib olishlari uchun 112 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. 150 nafar bemor xotin-qizlar turli darajada tibbiy operatsiya qilindi.  Prezidentimizning “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021 yil 19 maydagi qarori asosida, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha Respublika markazi, uning 14 ta hududiy va 14 ta Namunali tumanlararo markazlari tashkil etildi. Hududlarda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida “Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish markazlari” tashkil etilib, ularda 2021 yilning o‘zida 102 mingga yaqin xotin-qizlar tikuvchilik, nonvoylik bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida tahsil olishdi.

 Taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da mamlakatimizni rivojlantirishning 7 ta ustuvor yo‘nalishi doirasida 100 ga yaqin puxta ishlangan maqsadlarga erishish nazarda tutilmoqda.  Jumladan, ayollar orasidagi ishsizlik darajasini  ikki barobar kamaytirish, birgina joriy yilda 80 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha ham aniq loyihalarni  amalga oshirishko‘zda tutilmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda gender tenglikni ta’minlashning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yo‘lida muhim choralar ko‘rildi. 

Xalqaro tajriba

Aslida, xotin-qizlar huquqlari masalasi inson huquqlarining ajralmas qismi, sivilizatsiyaning eng muhim yutuqlaridan biridir. Inson haq-huquqlari uchun dastlabki harakatlar boshlangan va inson huquqlarini himoyalovchi ilk tarixiy hujjatlar (Fransiya Inson va fuqaro huquqlari deklaratsiyasi, AQSh Mustaqillik deklaratsiyasi) qabul qilingan davrlardanoq ayollar o‘z fuqarolik va siyosiy huquqlari uchun kurashib, tegishli hujjatlar qabul qilinib kelmoqda.

Xususan, Fransiyada ayollar buyuk Fransuz inqilobidan 150 yil keyin saylov huquqiga ega bo‘lgan, AQShda esa XX asrning 90-yillaridagina homiladorlik va tug‘ruq ta’tili qonun bilan belgilandi. Bu masalada anchayin taraqqiy topgan Skandinaviya mamlakatlarida XX asrning 70-yillariga qadar qonun va huquqni qo‘llash amaliyotida “boquvchi” atamasi faqat erkak jinsidagi shaxs – er yoki otani anglatgan. Yevropa mamlakatlari orasida  gender tengligi tan olinishiga eng uzoq qarshilik ko‘rsatgan davlat Shveysariya bo‘lib, shveysariyalik ayollar bir necha natijasiz urinishlardan so‘ng, nihoyat 1968 yilda saylov huquqini qo‘lga kiritishdi.  Inson huquqlari hamda xotin-qizlar haq-huquqlarining tan olinishi uchun xalqaro miqyosdagi harakatlar tarixida muhim bosqich Ikkinchi jahon urushidan so‘nggi yillarda boshlandi. 1945 yil iyun oyida urush yakun topgach, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 1948 yilning 10 dekabrida inson huquqlari xartiyasi – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilindi.

Ushbu hujjatning ikkinchi moddasida Deklaratsiyada bayon qilingan huquq va erkinliklarga irqi, terisining rangi, jinsi, tili, e’tiqodi, siyosiy yoki boshqa qarashlari, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulk, tabaqa yoki boshqa mansubiyatidan qat’i nazar, barcha insonlar teng ravishda egaligi qayd etilgan bo‘lib, u hozirda milliy va xalqaro antidiskriminatsion qonunchilikka asos sanaladi.

Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasiga tayangan holda, 1950 yilning 4 noyabrida muhim va samarali mintaqaviy xalqaro hujjat – Inson huquqlari va asosiy erkinliklari himoyasi haqida Yevropa konvensiyasi qabul qilindiki, yuqorida zikr etilgan mazmun uning 14-moddasida o‘z ifodasini topdi. 1966 yilda esa siyosiy va fuqarolik huquqlari to‘g‘risidagi hamda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi ikki xalqaro pakt qabul qilindi. Ushbu xalqaro ahamiyatga ega hujjatlarning barchasi uchun umumiy bo‘lgan bir jihat shundaki, ularning har biri individuumning huquq va erkinliklari xartiyasi ahamiyatini kasb etadi va “har bir inson erkin, o‘z qadri va huquqlarida teng bo‘lib tug‘iladi”, degan g‘oyaga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, inson huquqlarining tabiiy mohiyatini ifodalagan ushbu tamoyil ularning ijtimoiy tabiatini mutlaqo inobatga olmaydi. Ayollarga kelganda u faqatgina tabiat va insonning o‘ziga emas, balki jamiyatga ham bog‘liq bir faktni hisobdan tashqarida qoldiradi: shaxsning chin erkinligi nafaqat teng huquqlilik, balki ularni amalga oshirish imkoniyatlarida ham tenglikni taqozo qiladi. Xotin-qizlarda esa bunday imkoniyatlar borasida turli to‘siqlar juda ko‘p va bu xalqaro ahamiyatga ega muammodir.

Inson huquqlarining individual tabiati haqidagi e’tirofdan voz kechish va ayollar huquqlarining alohida, avvalo diskriminatsiyaga uchrovchi, ijtimoiy guruh sifatida tan olinishi inson huquqlarining uchinchi (siyosiy, fuqarolik va ijtimoiy-iqtisodiy huquqlardan keyingi) avlodi shakllanishi bilan bog‘liq.  U ijtimoiy, siyosiy, jismoniy va boshqa sabablarga ko‘ra barcha insonlar uchun umumiy bo‘lgan huquq va erkinliklarni amalga oshirishda boshqalar bilan teng imkoniyatga ega bo‘la olmaydigan va shu boisdan davlat tomonidan ham, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanishga muhtoj fuqarolar kategoriyasi huquqlarini qamrab oladi.

Mazkur kollektiv huquqlar sub’ektlari qamrovi anchayin keng. U o‘z ichiga xususan yoshlar va qariyalar, nogironlar va ishsizlar, qochoqlar, mahalliy bo‘lmagan millat vakillarini kiritadi. Biroq ushbu doiraning markazida aynan xotin-qizlar turadiki, sababi ular barcha insonlar uchun umumiy bo‘lgan huquq va erkinliklardan amalda foydalanishda avvalo jismoniy jihatdan erkaklar bilan teng imkoniyatlarga ega emasligidan va ayni paytda o‘smir, qariya, nogiron, qochoq, muhojir, ishsiz va hkz. bo‘lishlari, ya’ni mazkur sabablar tufayli ham huquq va erkinliklaridan foydalanishda kamsitilishi mumkinligidan ham davlat tomonidan alohida muhofazaga muhtojdirlar.

Shu bois BMT tomonidan Ayollarga nisbatan diskriminatsiyani bartaraf etish deklaratsiyasi (1967) hamda Ayollarga nisbatan diskriminatsiyaning barcha shakllarini bartaraf etish haqidagi konvensiya (1979) qabul qilingan. Aynan ikkinchi hujjatda ayollarning kollektiv va individual huquqlari himoyasi masalasiga kuchliroq urg‘u berilgan. Xususan, 1979 yilgi Konvensiyaning 1-moddasiga muvofiq, “ayollarga nisbatan diskriminatsiya” tushunchasi jins belgilari asosida, xotin-qizlarning, oilaviy ahvolidan qat’iy nazar,ayol va erkak tengligiga tayanib, insonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va boshqa sohalardagi huquqlari va asosiy erkinliklaridan foydalanishiga to‘sqinlik qilish, ularni tan olmaslikka qaratilgan har qanday cheklov yoki taqiqni bildiradi”. Ayni paytda Konvensiyaning 4-moddasida a’zo-davlatlar tomonidan tomonidan onalikni himoyalash, shuningdek, ayollar va erkaklarning faktik tengligini o‘rnatishni jadallashtirishga yo‘naltirilgan maxsus muvaqqat choralar diskriminatsiya sanalmasligi ta’kidlanadi.   Aytish joizki, 1979 yilgi BMT Konvensiyasi inson huquqlarining XVIII asrdagi Fransuz inqilobidan so‘ng mustahkamlangan e’tirofiga sezilarli o‘zgarish kiritdi.  Jahon hamjamiyati ilk marotaba inson huquqlari mohiyati va ildizlari sifatida “adolat” mezonini “erk” va “tenglik” kategoriyalari bilan bir qatorda qo‘llay boshladi.  Umuman olganda, o‘tgan asrning 70-yillari dunyo miqyosida ayollar teng huquqliligi masalalarida uyg‘onish, jadallashuv sezilgan davr bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Xususan, 1975 yilning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Xalqaro ayollar yili deb atalishi, 1976-1985 yillar oralig‘idagi davrning esa “Tenglik, taraqqiyot, tinchlik” shiori ostida BMT Ayollar O‘n Yilligi e’lon qilinishi fikrimiz isbotidir. 1979 yilgi BMT Konvensiyasi esa erkak va ayollarning huquqiy asosga bo‘lgan huquq va imkoniyatlarini tenglashtirish vazifasini ko‘ndalang qo‘ygan, mazkur masalaga bag‘ishlangan prinsipial ahamiyatli ilk xalqaro hujjat bo‘ldi. 1985 yilda ayollar ahvoli yuzasidan Nayrobi (Keniya)da o‘tkazilgan xalqaro konferensiya “gender tengligi” tushunchasiga yangicha mazmun bag‘ishladi. Tenglikka faqatgina huquqiy tushuncha, ya’ni diskriminatsiyaning de jure bartaraf etilishi emas, balki ayollarning taraqqiyot jarayonida nafaqat iste’molchi (benefitsiar) balki faol harakatlanuvchi kuch sifatida ishtirok etishi uchun imkoniyat, shart-sharoit va huquqlar tengligi sifatida yondashila boshlandi.

Yevropa, xususan Skandinaviya mamlakatlari, miqyosida bu holat huquqiy davlatlarning huquqiy ijtimoiy davlat shakliga o‘zgarishi bilan izohlanadi. Muayyan ma’noda bunga xotin-qizlarning o‘z huquqlari uchun kurashi faollashuvi ham hissa qo‘shdi. O‘tgan asrning 90-yillari ham gender tengligi, ayollar huquq va erkinliklari himoyasi masalalarida samarali davr bo‘ldi. Jumladan, harbiy ziddiyatlar davrida eng ko‘p aziyat chekadigan qatlam ayollar va bolalar ekanligi inobatga olingan holda, 1993 yil Venada o‘tkazilgan Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro konferensiya kun tartibiga ayollarning inson sifatidagi huquqlari umuminsoniy haq-huquqlarning ajralmas tarkibiy qismi ekanligi haqidagi masala qo‘yildi. Vena konferensiyasida qabul qilingan hujjatlar harbiy ixtiloflar davrida ayollar huquqlarining buzilishini inson huquqlari va gumanitar huquq sohasidagi xalqaro huquqning tayanch tamoyillarini buzishga tenglashtirdi.

Shuningdek, konferensiya Deklaratsiyasida ijtimoiy va shaxsiy hayotda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtatish, jinsiy tajovuz, ekspluatatsiya va odam savdosini bartaraf qilish, madaniy qadriyatlar niqobi ostida an’ana va maishiy hayotga o‘rnashgan zararli tajriba, diniy aqidaparastlikka qarshi kurashishga yo‘naltirilgan harakatlarning muhimligi ta’kidlanadi. Inson huquqlari bo‘yicha Vena xalqaro konferensiyasi Bosh Assambleyaga Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik haqida deklaratsiya qabul qilishni taklif qildi va mamlakatlarni bunday sharmandali holat bilan kurashishga chorladi. O‘sha yili – 1993 yilning 20 dekabrida Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash haqida deklaratsiya qabul qilindi.

Unga ko‘ra, BMTga a’zo davlatlar BMT organlariga inson huquqlari borasida taqdim etadigan hisobot ma’ruzalariga ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va unga qarshi ko‘rilayotgan choralarga oid ma’lumotlar, shuningdek, mazkur masaladagi tendensiyalar tahlilini ham kiritishi lozim bo‘ldi. Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha BMT Komissiyasi tomonidan ayollarga nisbatan zo‘ravonlik masalalari yuzasidan maxsus ma’ruzachi tayinlandi. Biroq, shuni ta’kidlash joizki, xotin-qizlar huquqlari uchun milliy va xalqaro miqyosda amalga oshirilayotgan xatti-harakatlardan qat’iy nazar, maishiy zo‘ravonlik, tajovuzlar, ish haqlaridagi nomutanosiblik, mehnat huquqlarining kamsitilishi kabi muammolar hamon dolzarbligicha qolmoqda. Ana shunday muammolarning borligi bugungi kunda faqatgina huquq va qonunchilik amaliyoti sohasida emas, balki ijtimoiy-madaniy darajada, oilada, jamiyatda ayolga hurmat, uning erkak bilan teng, ammo shu bilan bir qatorda nozik xilqat ekanligi haqidagi g‘oyani rivojlantirish, huquqiy, axloqiy, jinsiy tarbiyaga jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat’iy davom ettiramiz”, alohida deb takidlagan.

Darhaqiqat,  so‘nggi yillarda O‘zbekistonda gender tengligini, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasidagi ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Bu boradagi ishlar sobitqadamlik bilan davom ettirilmoqda. Jamiyat taraqqiyotini demokratlashtirish jarayonini ayollarning siyosiy hayotdagi faol ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Sevara IShMURATOVA

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi

Umumiy bo‘lim boshlig‘i

«Yangi O‘zbekiston» va «Pravda Vostoka» gazetalari tahririyati

 

Powered by GSpeech