2022-yilning 12-13-may (Andijon) hamda 16-17 may (Termiz) kunlari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori ofisi vakillari va YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) bilan hamkorlikda Andijon va Termiz viloyatining Prokuratura va Ichki ishlar organlari xodimlari uchun “Terrorizmga qarshi samarali kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish” mavzusida amaliy-o‘quv seminari tashkil etildi.
Ushbu treningda xalqaro ekspertlar Lise Crouch, Johannes Heiler va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi xodimlari Go‘zal Nazarova va Qodirjon Obidov milliy trenerlar sifatida ishtirok etdilar.
Treningning birinchi kunida ishtirokchilar Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar, terrorizmga qarshi kurashish siyosatiga inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni tatbiq etish, inson huquqlarini buzuvchi terrorizmga qarshi kurashish amaliyotlaridan kelib chiqadigan xavf-xatarlar, inson huquqlarining buzilishi huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatiga ta’siri, tergov jarayonida ishonch va hurmatni mustahkamlovchi texnikalardan foydalanish bo‘yicha nazariy va amaliy ko‘nikmalar bilan tanishtirildi.
Ta’kidlash kerakki, yuqoridagi masalalar turli sessiyalar doirasida muhokama qilinib, har bir sessiya so‘ngida ishtirokchilar tomonidan tegishli amaliy topshiriqlar yechildi.
Treningning ikkinchi kuni doirasida qiynoqlar va boshqa g‘ayriinsoniy munosabatlarning ta’siri, stereotiplar va ularning tushunchasi, terrorizmga qarshi kurashish uchun jamoaviy yondashuvni oshirish masalalari, bosimlar va ularga munosabatni shakllantirish yuzasidan qizg‘in suhbat olib borildi va xorijiy trenerlar bilan birgalikda nazariy va amaliy bilim-ko‘nikmalar almashildi.
Trening davomida ishtirokchilar egallagan bilim va ko‘nikmalar inson huquqlari sohasidagi me’yorlarga rioya qilib, terrorizmga qarshi kurash faoliyatida o‘z vazifalarini samarali bajarishga yordam beradi. Ishtirokchilar inson huquqlari sohasidagi tegishli milliy qonunlar va xalqaro standartlarni o‘zlarining amaliy faoliyati jarayonida yuzaga keladigan vaziyatlarga tatbiq etish va ularga rioya etish muhimligiga alohida e’tibor qaratdilar.
Ishtirokchilarning amaliy misollarni ko‘rib chiqish va ular birgalikdagi strategiyalarni yaratish, so‘roq qilish va tergov usullarini ishlab chiqish uchun zarur bo‘lgan vaziyatlarni tahlil qilish jarayonida bahs-munozaralar va tajriba almashish eng asosiy yutuqlaridan bo‘ldi.
Mazkur seminar treninglar O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan o‘zlarining terrorizmga qarshi kurashishdagi qisqa va uzoq muddatli faoliyatlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 24.05.2022
- Ko'rishlar: 3098
- Chop etish