KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR MAQSADI — INSON HUQUQLARI HIMOYASI

 

Shu kunlarda keng jamoatchilik Konstitutsiyamizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasini qizg‘in muhokama qilib, takliflarni faol bildirmoqda. Konstitutsiyaviy komissiya esa bu takliflar asosida tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonini boshlagan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ushbu muhim mavzu muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi. Quyida davra suhbati ishtirokchilari fikri bilan tanishasiz.

 

 

Mirzatillo TILLABOEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari:

— Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish konstitutsiyaviy islohotlarning ajralmas qismi bo‘lib, bir qator davlatlar konstitutsiyalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy shartnomalar normalari talablarini o‘ziga singdirgan.

Zamonaviy konstitutsiyalarda inson huquqlari keng miqyosda qamrab olingan. Tadqiqotchilar aniqlashicha, jahon mamlakatlari konstitutsiyalarida qayd etilgan inson va fuqarolik huquqlarining 117 turi mavjud. XVIII asr oxirlarida yozilgan AQSh Konstitutsiyasida inson huquqlari 35 marta, Rossiya Konstitutsiyasida esa 64 marta tilga olingan. 2008 yilda qabul qilingan Ekvador Konstitutsiyasida inson huquqlarining 99 turi, 2006 yilda qabul qilingan Serbiya Konstitutsiyasi hamda 2009 yildagi Boliviya Konstitutsiyasida inson huquqlarining 88 turi keltirilgan. Inson huquqlariga eng kam e’tibor qaratilgan qomus 2012 yildagi Tailand Konstitutsiyasi bo‘lib, unda inson huquqlarining atigi 2 turi sanab o‘tilgan. Umuman olganda, dunyo davlatlari konstitutsiyalarida inson va fuqarolarning o‘rtacha 50 ga yaqin huquqi ko‘rsatilgan. O‘zbekiston Respublikasining hozirgi Konstitutsiyasida esa jami 40 ta moddada inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga oid 60 dan ortiq norma mavjud.

Ko‘pchilik konstitutsiyalarda ekologiya masalalariga katta e’tibor berilgan. Ularda tabiat va uning resurslari noyob milliy xazina sifatida qaraladi. Atrof-muhit va tabiiy boyliklarni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qoidalar juda xilma-xil bo‘lib, tegishli konstitutsiyaviy normalarda ifodalangan. Masalan, 2004 yilda Fransiya Konstitutsiyasiga Atrof-muhit to‘g‘risidagi Xartiya kiritildi. 2006 yilda Janubiy Afrika Konstitutsiyasi “ekologik qonun” tushunchasi bilan to‘ldirildi. Atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari Gruziya Asosiy qonunida 2018 yilda o‘z ifodasini topdi. Shuningdek, Marokash, Nepal va Maldiv orollari konstitutsiyalarida toza suvdan foydalanish huquqi mustahkamlangan. Zamonaviy konstitutsiyalarda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy xilma-xillikni saqlash va jonzotlarga nisbatan mas’uliyatli munosabatda bo‘lishga doir me’yorlar mavjud.

Yana bir qiziqarli tendensiya faol saylov huquqi uchun yosh chegarasini pasaytirish bilan bog‘liq. Ko‘pgina mamlakatlarda saylovda ovoz berish huquqi 18 yoshdan boshlanadi. Ammo asrimiz boshidan buyon ba’zi mamlakatlarda ovoz berish yoshini 17 yoki 16 yoshgacha pasaytirish bo‘yicha faol munozaralar olib borilmoqda. Natijada, ayrim davlatlar konstitutsiyasida bu borada tegishli o‘zgartirishlar kiritilib, saylovda ovoz berish yoshi kichraytirildi. Masalan, Nikaragua (1984 yilda), Venesuela (2007 yilda), Avstriya (2007 yilda), Ekvador (2008 yilda), Argentina (2012 yilda), Malta (2018 yilda) davlatlarida ovoz berish uchun yosh chegarasi 18 yoshdan 16 yoshga, Yaponiyada esa 2018 yildan e’tiboran 20 yoshdan 18 yoshga tushirildi. Yurtimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarda bu boradagi xalqaro tajribani ham, albatta, inobatga olish kerak.

Ma’lumki, mamlakatimizda 2008 yildan e’tiboran o‘lim jazosi bekor qilingan. Ayni shu yili O‘zbekiston Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning o‘lim jazosini bekor qilishga qaratilgan Ikkinchi fakultativ protokolini ratifikatsiya qilgan. O‘lim jazosini bekor qilish to‘g‘risidagi normani mamlakatimiz Asosiy qonunida ham mustahkamlash payti keldi, nazarimizda.

Shuningdek, yurtimizda olib borilgan demokratik islohotlar natijasida bolalar mehnati va majburiy mehnat butunlay bartaraf etildi. Xalqaro va milliy hamkorlar bilan paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring tizimi yaratildi. Buni jahon hamjamiyati ham tan olmoqda.

Inson huquqlarini himoya qilishning samarali tizimini mustahkamlash maqsadida Konstitutsiyamizda bolalar mehnatiga barham berish, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini himoya qilish masalalarini mustahkamlab qo‘yish, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, xususan, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Ombudsman, Bolalar ombudsmani, Biznes-ombudsman maqomi va vakolatlari to‘g‘risidagi qoidalar o‘z aksini topishi kerak.

Dilnoza MURATOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari:

— Yangi O‘zbekistonning xalqaro siyosat maydonida olib borayotgan har tomonlama puxta ishlab chiqilgan, chuqur o‘ylangan faol tashqi siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak darajada e’tirof etilmoqda. Ushbu erishayotgan yutuqlarimiz tag zamirida Asosiy qonunimizning insonparvar normalari mujassam. Konstitutsiyamizda davlatimizning tashqi siyosatida amal qilinadigan prinsiplar ham mustahkamlab qo‘yilgan.

So‘nggi yillarda qabul qilingan konstitutsiyalarda xalqaro huquq normalari ustuvorligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bu orqali xalqaro huquqiy me’yorlarni milliy huquqiy tizimga tatbiq etish samaradorligi ortadi.

Mamlakatimizda ham milliy qonunchilikni xalqaro huquq normalari asosida takomillashtirishga katta e’tibor berilmoqda. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida quyidagi chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan:

- sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida umume’tirof etilgan prinsiplar hamda xalqaro huquq va O‘zbekiston Respublikasi qo‘shilgan xalqaro shartnomalar normalarining keng qo‘llanishini ta’minlaydigan samarali mexanizm yaratish;

- “Xabeas korpus” institutini yanada takomillashtirish orqali sudlar mustaqilligi va xolisligini hamda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida sud hokimiyati rolini tubdan oshirish maqsadida sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining huquqiy asoslarini shakllantirish.

Shunga ko‘ra, “Xabeas korpus” instituti maqomini Konstitutsiyada mustahkamlab, shaxs 48 soatdan ortiq ushlab turilmasligini ta’minlovchi norma kiritishni taklif etamiz.

So‘nggi yillarda gender tengligiga erishish, xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini mustahkamlash yangi O‘zbekiston davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Teng huquqlilikka asoslangan konstitutsiyaviy tamoyilning bosh maqsadi, bu — jamiyat hayotining barcha sohalarida erkaklar va ayollar o‘rtasida to‘liq tenglikka erishish. Shu maqsadda Asosiy qonunimizga bir xil mehnat uchun erkaklar va ayollarga teng miqdorda haq to‘lash to‘g‘risida alohida norma kiritilishi taklif etiladi.

 Erkin ERNAZAROV,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh muharriri:

— Ma’lumki, Konstitutsiya qonun-qoidalariga qat’iy amal etilishini ta’minlash maqsadida Konstitutsiyaviy sudlar tashkil etiladi. Konstitutsiyaviy sudlar birinchi marta 1920 yilda Avstriya va  Chexoslavakiyada ta’sis qilingan edi. Ikkinchi jahon urushidan keyin esa,  1951 yilda Germaniya Federativ Respublikasida, 1958 yilda  Fransiyada, so‘ng boshqa mamlakatlarda ham paydo bo‘ldi. Hozirgi paytda jahonda  ularning soni ko‘p va vakolatlari ancha keng.

Ana shu xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, Konstitutsiyamizga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi vakolatlarini kengaytirish masalasini kiritish maqsadga muvofiq, degan fikrdamiz. “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi amaldagi qonunda Konstitutsiyaviy sudga  qonunlar, Oliy Majlis palatalari qarorlari, Prezident farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari, davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash, Konstitutsiya va qonunlar normalariga sharh berish,  konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qo‘llanilgan va Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lmagan qonunda buzilgan, deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlarini  ko‘rib chiqish vakolatlari berilgan.

Biz Konstitutsiyamizga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi vakolatlarini mamlakat Prezidenti saylovlari o‘tkazilishini nazorat qilish, mazkur saylovlarning yakunini belgilash, Prezident adolatli saylanganini e’lon qilish, umumxalq referendumlarini o‘tkazish va ular yakunlarini chiqarish, deputatlar va senatorlar to‘g‘ri saylanganligi to‘g‘risida qarorlar chiqarishni kiritishni taklif qilamiz.

 Farhod HAYITBOEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Inson huquqlari sohasida ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i:

— Mamlakatimizda so‘nggi yillarda insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish yo‘lida davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida tub islohotlar olib borilmoqda. Bugungi kunda oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biri – Konstitutsiyamizni isloh qilish.

  Chunki, konstitutsiyaviy islohotlarni o‘tkazish, bugungi kunda quyidagi asoslarga ko‘ra hayotiy zaruratga aylandi.

Birinchidan, xalq bilan muloqot tizimi inson manfaatlari va huquqlarini konstitutsiyaviy darajada yanada mustahkamlashni zaruriy talabga aylantirmoqda. Yer islohoti, mahalliy davlat hokimiyati organlari islohoti, monopoliyalar islohoti va boshqalar shular jumlasidandir.

Ikkinchidan, “davlat – inson uchun” degan tamoyilni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash, mazkur tamoyil asosida insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, davlat hokimiyati organlarining ba’zi vakolatlarini fuqarolik jamiyati institutlariga o‘tkazish zaruriyatini yana bir bor ijtimoiy hayotning o‘zi isbotladi.

Men ham mamlakatimiz Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha ayrim taklif va mulohazalarimni bildirmoqchiman.

Birinchidan, “Inson – jamiyat – davlat” konsepsiyasi asosida davlat tomonidan aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlashda davlat fuqarolik jamiyati institutlari salohiyatidan samarali foydalanishiga doir mexanizmni yanada takomillashtirish juda dolzarb ahamiyatga ega.

Shu bois, fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy    maqomini konstitutsiyaviy norma darajasida belgilash hamda ularning ishsizlik va kambag‘allikni tugatish kabi ijtimoiy foydali faoliyatini davlat tomonidan rag‘batlantirish mexanizmini takomillashtirish taklif etiladi.

  Ikkinchidan, har bir insonning sog‘lom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo‘lishi, o‘z sog‘lig‘iga yoki mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zarar o‘rni qoplanishi huquqiga egaligi masalalari Asosiy qonunimizda belgilanishi maqsadga muvofiq.

  Shuningdek, davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘ymasligi xalqning haqqoniy talabi, desak bo‘ladi.

Sevara  IShMURATOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Umumiy bo‘lim boshlig‘i:

— Mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli va izchil islohotlar Bosh qomusimizni bugungi real voqelikka, kechayotgan demokratik yangilanishlar mantig‘iga moslashtirishni taqozo etadi.

Konstitutsiya to‘g‘risida, uning ma’no-mazmuni va ustuvor tamoyillari haqida gapirar ekanmiz, asosiy qonunimizda, birinchi navbatda, shaxs manfaatining davlat manfaatidan ustun etib belgilangani, inson, uning huquq va erkinliklari hamda manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida muhrlab qo‘yilganini alohida ta’kidlash lozim.

Bosh qomusimizning 2-moddasida “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”, deyilgan. Bu norma haqiqiy ma’nodagi demokratik boshqaruvni, xalq hokimiyatini o‘zida namoyon etadi.

O‘z navbatida, biz ham o‘z konstitutsion huquqlarimizdan foydalanishimiz, siyosiy-ijtimoiy faolligimizni oshirishimiz talab etiladi. Bugungi siyosiy jarayonga befarq bo‘lmasdan, o‘z taklif va mulohazalarimizni hayotiy o‘zgarishlarga tayanib taqdim etsak, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Shu orqali yangi O‘zbekistonning poydevorini bunyod etishga har birimiz o‘z hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz.

 

Farida BAKAEVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i:

— Asosiy qonunimizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha men ham o‘z taklif va mulohazalarimni bildirmoqchiman.

Birinchidan, Konstitutsiyaning birinchi bo‘limida amaldagi muqaddimada mustahkamlangan “Konstitutsiyaviy tuzilishning asosiy tamoyillari”ni quyidagi yo‘nalishlarda ochib berish taklif etiladi:

  • inson huquq va erkinliklari hamda davlat suverenitetiga sodiqlik;
  • jamiyatda demokratiya g‘oyalarini tasdiqlash, xalqchillik va ijtimoiy adolatni mustahkamlash;
  • xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari va huquqiy davlat qurishning milliy tajribasini hisobga olish;
  • mamlakatda aholi tinchligi va millatlararo totuvlikni ta’minlash;
  • tinch-totuv yashashga asoslangan tashqi siyosatni qurish va boshqa davlatlar bilan nizolarni BMT Ustavi tamoyillariga muvofiq hal etish, shuningdek, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash;
  • Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash.

Ikkinchidan, Konstitutsiyaning “Inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlangan ikkinchi bo‘limining konseptual tuzilmasini batafsil qayta ko‘rib chiqish, unda mavjud bo‘lmagan inson huquqlari toifalarini Konstitutsiyaning boshqa bo‘limlarida mustahkamlangan inson huquqlariga oid moddalarni ko‘chirish orqali to‘ldirish, ularni Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi pakt va Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi pakt qoidalariga, shuningdek, amaldagi milliy qonunchilikka muvofiqlashtirish zarur.

Masalan, “Umumiy qoidalar” deb nomlangan V bobni quyidagi tahrirda o‘zgartirish maqsadga muvofiq: “Tenglik va shaxsga nisbatan kamsitishning turli shakllariga yo‘l qo‘ymaslik”.

Ushbu bobni shaxsga nisbatan kamsitishni taqiqlash to‘g‘risida quyidagi tahrirda asosiy kirish normasi bilan to‘ldirish taklif etiladi: “O‘zbekiston Respublikasida barcha teng huquqli bo‘lish, jamiyat hayotining barcha sohalarida hamda o‘zining barcha huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirishda bevosita, bilvosita, ko‘p tomonlama va boshqa kamsitish shakllaridan himoyalanish huquqiga ega.

Har qanday kamsitish barcha shaxslarga kamsitish to‘g‘risidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqadigan va buzilgan huquqlarni tiklash choralarini ko‘ruvchi vakolatli davlat organlari tomonidan kamsitishlardan teng va samarali himoya qilinishini kafolatlaydigan qonunlar bilan taqiqlanadi”.

Otabek NORBOEV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i:

— Konstitutsiyamizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Milliy markaz va jurnalimiz tahririyati xodimlari o‘z taklif-mulohazalarini bildirmoqda. Men ham shu haqda muxtasar fikr yuritmoqchiman.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 21-moddasi 1-qismida “O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatiladi”, deyilgan. Ushbu qismni “O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ayni vaqtda boshqa davlat fuqaroligini olishi mumkin emas”, degan jumla  bilan to‘ldirishni taklif etaman.

  Chunki, xorijiy davlatlarda yashayotgan ayrim O‘zbekiston fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqmasdan turib boshqa davlatlar fuqaroligini olishi amaliyotda tez-tez uchramoqda. Bu esa, qonunbuzilish holati sifatida tegishli javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Asosiy qonunimizga bu haqida aniq qoida kiritilishi shu kabi qonunbuzarlik holatlarining oldini oladi.

  Ikkinchidan, Konstitutsiyamizning 110-moddasi 3-qismida qayd etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega”, degan jumlani olib tashlash tavsiya etiladi.

Sababi ushbu qoida Asosiy qonunimizning 112-moddasi 1-qismida mustahkamlangan “Sudyalar mustaqildirlar, faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi”, degan qoidaga zid hamda sudyalarning mustaqilligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Uchinchidan, Konstitutsiyamizning 117-moddasi 9-qismidagi “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi komissiya a’zolari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimi bo‘yicha komissiya majlisida saylanadi”, degan jumlani “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi komissiya a’zolari orasidan yopiq ovoz berish yo‘li bilan saylanadi”, deb o‘zgartirish tavsiya etiladi.

* * *

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar – davr talabi, inson qadri ustuvor bo‘lgan yangi O‘zbekistonni barpo etishning zaruriy sharti hisoblanadi. Asosiy Qonunimizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish keng jamoatchilik muhokamasi va takliflari asosida amalga oshirilayotgani yurtimizda demokratik tamoyillar ustuvorligidan dalolat beradi.

Azizbek RAMAZONOV

yozib oldi

Powered by GSpeech