12 iyun – Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni

Har yili iyun oyining 12 sanasida dunyoda Butunjahon bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. Ushbu kunni bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni etib belgilash g‘oyasi 1997 yil Amsterdam va Osloda bo‘lib o‘tgan konferensiyalarda ta’kidlab o‘tilgan. 2002 yil Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) tomonidan 12 iyun rasman bolalar mehnatiga qarshi kurashish kuni deb e’lon qilingan.

So‘ngi ma’lumotlarga qaraganda dunyo bo‘yicha 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan mehnat qilayotgan bolalar soni 218 ming nafarni tashkil etib, shundan,  152 milion nafari zamonaviy qullik qurboni bo‘lganligi aniqlangan.  Shuningdek, 72 milion bolalar esa xavfli joylarda ishlatilayotganligi ma’lum bo‘lgan. Shu kabi majburiy mehnatga barham berish maqsadida dunyo davlatlarida bolalarni majburiy ishlatish va hayot uchun xavfli bo‘lgan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanmasliklari bo‘yicha turli hil tadbirlar o‘tkazib kelinadi.

Bolalar mehnatiga qarshi kurashish bo‘yicha so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sezilarli ishlar amalga oshirildi. O‘zbekistonda bolalar mehnatiga to‘liq barham berildi. Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 2018 yil AQSh O‘zbekiston paxta mahsulotlarini bolalar mehnati orqali yetishtirilgan mahsulotlar ro‘yxatidan chiqardi.

2022 yil 10 mart kuni paxtadan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va ular bilan savdo qiluvchi jahondagi yetakchi 331 ta kompaniyani birlashtiruvchi Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnati batamom bartaraf etilganligini tan olib, O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan boykotni bekor qildi..

Xalqaro Mexnat tashkiloti bilan faol hamkorlik natijasida mazkur tashkilotning “Bolalar mehnatining eng yomon shakllariga barham berish va taqiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 182-konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.  

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqlarida ham yoshlar siyosatiga alohida to‘htalib, Majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilganligini ta’kidlab o‘tdi.

Darhaqiqat, hozirgi kunda  O‘zbekiston qonunchiligida bolalarni majburiy mehnat qilishga hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi, aksincha ularni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish va ta’limga yo‘naltirish davlatimiz taraqqiyotining poydevoridir.

 

 

Hamidullo MO‘MINOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi “Inson huquqlari uyi”mas’ul xodimi

Powered by GSpeech