17 iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2022 yil 10 iyun kuni “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi. Ushbu qarorning 17 iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni arafasida qabul qilingani yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish borasidaO‘zbekiston va xalqaro hamjamiyatning yondashuvlari uyg‘unligidan dalolat beradi.

Bu haqda so‘z borganda, avvalo, 17 iyun – Jahon cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash kuni tarixi haqida muxtasar to‘xtalish lozim. Ushbu xalqaro sana BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1995 yil 30 yanvarda ta’sis etilgan bo‘lib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tanlangan.

O‘zbekiston Osiyo mintaqasidagi davlatlar orasida birinchilar qatorida BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasiga a’zo bo‘lgan. Ushbu Konvensiya 1995 yil 31 avgustda O‘zbekiston parlamenti tomonidan ratifikatsiya qilinib, 1996 yildan kuchga kirgan. Bugungi kunda mazkur Konvensiyaga 196 ta davlat a’zo hisoblanadi.

Qurg‘oqchilik – ekinlarning hosildorligini yo‘qolishi, o‘rmon yong‘inlari va suv tanqisligi natijasida insonlar hayotining barbod bo‘lishi nuqtai nazardan eng daxshatli tabiiy ofatlardan biridir. So‘nggi yillarda oziq-ovqat va suv tanqisligi, kuchli qurg‘oqchilik tufayli yuzaga kelgan o‘rmon yong‘inlari kuchaygan.

Yerning tanazzulga uchrashi va iqlim o‘zgarishi natijasida kuchaygan qurg‘oqchilik ayniqsa shiddatli tus olmoqda. Bunday tashvishli holat 2000 yilga nisbatan 29 foiz ko‘p va har yili 55 mln. kishiga ta’sir qiladi. Eng achinarlisi, 2050 yilga borib qurg‘oqchilik dunyo aholisining to‘rtdan uch qismiga ta’sir qilishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi axborot xizmati ma’lumotlariga qaraganda, hozirgi kunda O‘zbekistonning 70 foiz yoki 31,4 mln gektar yeri qurg‘oqchil maydonlar bo‘lib, ular asosan tabiiy sho‘rlangan, ko‘chma barxan qumliklar va qumliklardan iborat cho‘l hamda issiq garmsel shamollari ta’siridagi hududlardir.

Orol dengizi suv sathining qurishi tufayli O‘zbekistonda yana qo‘shimcha 3 mln gektardan ortiq maydonda Orolqum paydo bo‘ldi. Natijada ushbu mintaqada ekologik muhit yomonlashib, cho‘llanish jarayonlari yanada kuchaydi va ko‘plab ijtimoiy muammolarni yuzaga keltirdi.

Mamlakatimizda 2017 yildan buyon CADI — “Markaziy Osiyodagi cho‘llar bo‘yicha tashabbus” loyihasi amalga oshirilib kelmoqda. Loyiha Birlashgan Millatlar oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshirilib, Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Ekspertlarning fikricha, yerlarni qayta tiklash bioxilma-xillikni saqlashga hissa qo‘shadi. Yerning isishiga ta’sir etuvchi atmosfera uglerodining yerda saklanib kolishi tufayli iqlim o‘zgarishi jarayoni sekinlashadi. Shuningdek, bu iqlim o‘zgarishi oqibatlarining yumshashiga olib kelishi va COVID-19 pandemiyasi tugagach, “yashil” tiklanishga asos bo‘lishi mumkin.

Prezidentimizning 2019 yil 22 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu borada ulkan ahamiyat kasb etdi. Qaror mamlakatimizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish ishlari samaradorligini oshirish maqsadiga qaratilgandir.

Mazkur qaror bilan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasiga bir qator qo‘shimcha funksiyalar yuklatildi. Ayniqsa, yurtimizda cho‘llanishning oldini olish, o‘rmonlarni qayta tiklash va ihota o‘rmonlarini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish masalalari bo‘yicha halqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan samarali o‘zaro xamkorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi amalga oshirilayotgan tadbirlar haqida fikr yuritganda, xususan, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgani haqida to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Chunki respublikamiz uchun eng dolzarb qaynoq hududlar tanlab olingan mazkur “Yo‘l xaritasi” negizida qisqa muddat ichida bir qator ibratli ishlarni amalga oshirishga erishildi.

Misol uchun, Orol dengizining suvi qurigan hududida 2019-2022 yillarda qariyb 1,7 million gektar maydonda o‘rmon barpo etish va qayta tiklash tadbirlari amalga oshirildi. Bundan tashqari, Buxoro viloyatida Qizilqum cho‘llariga tutash hududlaridagi sug‘oriladigan vodiy yerlarni hamda infratuzilmalarni qum bosishidan saqlash maqsadida 200 ming gektardan ortiq maydonda Buxoro yashil qalqonini yaratish, Navoiy viloyatida 150 ming gektardan ortiq cho‘l yaylovlari holatini yaxshilash maqsadida saksovulzorlar barpo etish bo‘yicha ishlar boshlangan.

O‘z navbatida, davlatimiz rahbarining kuni kecha qabul qilingan qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatilgani diqqatga molikdir. Vazirlik, jumladan:

  • yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish sohasida yagona davlat siyosatini yuritadi;
  • ushbu sohada davlat dasturlari va istiqbolga mo‘ljallangan strategiyalarni ishlab chiqadi hamda ularni amalga oshirishda ishtirok etuvchi vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
  • yerlar degradatsiyasi va cho‘llanishi, shu jumladan yerlarni tiklash, rekultivatsiya va melioratsiya tadbirlari, yaylovlardan almashlab foydalanish, ularni saqlash va fitomelioratsiyalash, qishloq xo‘jaligi ekinlarini almashlab ekish, o‘rmonlar va ihotazorlar barpo qilish jarayonlari monitoringini yuritadi;
  • yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish ishlarini olib borishga mas’ul korxona, muassasa, tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar uchun bu bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar beradi.

Qarorga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligida Yerlar degradatsiyasi jarayonlari bilan kurashish masalalari bo‘yicha departament va hududlarda Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘limlari tashkil etildi.

Xulosa qilib aytganda, yer yuzida global miqyosda iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish jarayonlari kuchayib borayotgan hozirgi zamonda, ayniqsa, bizning kam o‘rmonli mintaqamizda, asosan qumli cho‘l hududlarida o‘rmonzorlar maydonlarini kengaytirish va yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish juda ulkan ahamiyatga ega.

Bu muhim omil, shuningdek, cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha innovatsion loyihalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etish, mahalliy aholining cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish bo‘yicha xabardorligini oshirish, yerlardan barqaror foydalanishni hamda amalga oshirish dasturlarini ishlab chiqib, amaliyotda qo‘llashni tashkil etishni ham taqozo etadi.

 

Oydin IBROHIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi Matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi

Powered by GSpeech