“INSON – JAMIYAT– DAVLAT” KONSTITUTSIYAVIY TAMOYILINI AMALGA OSHIRISH: MILLIY VA XORIJIY TAJRIBA

2022 yil 20 iyun kuni Urganch shahrida shu mavzuda xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Barqaror rivojlanish markazi” NNT, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi ko‘magida tashkil etildi.

Konferensiyaning bosh maqsadi inson, uning hayoti, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat ekanligi tamoyili hamda “Davlat – inson uchun” va “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladi” degan ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha milliy va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, mazkur tamoyillarni konstitutsiyaviy qonunchilik hamda amaliyotda mustahkamlash borasida har tomonlama asoslangan takliflar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

 

Oflayn va onlayn formatlarda o‘tkazilgan xalqaro tadbirda dunyoning 30 dan ortiq mamlakati vakillari, 300 nafardan ziyod milliy ekspert, Oliy Majlis senatorlari va deputatlari, akademik hamjamiyat va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Anjumanda Yangi O‘zbekistonda boshlangan konstitutsiyaviy  islohotlarning asl maqsadi – xalq irodasi, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish, huquq va erkinliklarini ta’minlash, pirovardida, inson qadrini ulug‘lash, og‘irini yengil qilish, hayotini yaxshilash va ijtimoiy adolat tamoyilini hayotga tatbiq etish ekani haqida atroflicha so‘z bordi.

Konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish yuzasidan xalqimiz, jumladan, o‘qituvchilar, tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolik jamiyati institutlari va milliy-madaniy markazlar, siyosiy partiyalar vakillari, mahallalar aholisi tomonidan Konstitutsiyaviy komissiyaga 40 mingdan ziyod takliflar kelib tushgani qayd etildi. Ushbu takliflar jamiyat va davlat hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy va boshqa sohalarini qamrab olgan.

Konstitutsiyaviy komissiya o‘z faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni ilg‘or xalqaro tajribani chuqur o‘rganish asosida ko‘rib chiqayotgani ta’kidlandi. Biron-bir taklif va mulohaza e’tibordan chetda qolmayapti, takliflar xalqimiz farovonligini ta’minlashga, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotiga nima beradi, degan nuqtai nazar bo‘yicha har tomonlama chuqur tahlil qilinayapti.

Xalqaro anjuman doirasida, jumladan, “Inson qadr-qimmatini himoya qilishning konstitutsiyaviy asoslari: xalqaro va milliy tajriba” mavzusi bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Bu borada Jan-Antuan Dyupra – Yevropada xavfsizlik va prognozlash instituti eksperti (Fransiya), Pol Politis – AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi muvaqqat vakili, Mariya Lyudovika Botarelli – Yevropa ayollar lobbisi Italiya muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasi prezidenti (Italiya) kabi ekspertlar ayni sohadagi xalqaro tajriba haqida fikr almashdilar.

 

Muhokamalar davomida bugungi kunda inson qadri ulug‘lanadigan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi – barcha fuqarolarimiz qalbidan chuqur joy olib, uni hayotga tatbiq etish umummilliy harakatiga aylanib ulgurgani, eng muhimi, xalqimizda ertangi kunga, islohotlar natijasiga bo‘lgan ishonch kuchaygani, O‘zbekistondagi shiddatli demokratik o‘zgarishlarga daxldorlik hissi yuksalib borayotgani milliy va xorijiy ekspertlar tomonidan e’tirof etildi.

Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishga yo‘naltirilgan keng qamrovli, shiddatli, aniq maqsad va vazifalarga qaratilgan demokratik islohotlar amalga oshirilayotgani yuqori baholandi.

 

Ekspertlar “Inson qadri uchun” g‘oyasi hamda yangi “Inson – shaxs – jamiyat” paradigmasini hayotga izchil tatbiq etish taklifi jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilinyotganiga alohida e’tibor qaratdilar. Ushbu g‘oyalar mamlakatdagi islohotlar o‘zagini tashkil etib, turli yo‘nalishlardagi tarixiy yangilanishlarni o‘zaro bog‘lab turibdi.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi mamlakatimiz tarixida sifat va mazmun jihatdan yangi taraqqiyot davri boshlanganidan dalolat beradi. Bu yangi davrning eng muhim va ustuvor xususiyatlari, avvalo, mamlakatimizda davlat va boshqaruv organlari, barcha rahbarlar bundan buyon o‘z faoliyatini “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida olib borishi, ularning barcha kuch va imkoniyatlari adolatli jamiyat va ijtimoiy davlat qurish, hozirgi va kelgusi avlodlarning farovon turmushini ta’minlashga qaratilganida aks etadi.

Forumda “Konstitutsiyaviy islohot: fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyatini oshirish” masalasi bo‘yicha ham qizg‘in munozaralar bo‘ldi. Bu sho‘bada “Qonun hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashda deputatlarning fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligiga oid konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarni rivojlantirish”, “Konstitutsiyaviy huquq va jamoatchilik nazorati institutini mustahkamlash”, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari – mahallalar faoliyati samaradorligini oshirish” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

Ma’ruzachilar tomonidan O‘zbekistonda adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirish yo‘nalishida jamoat birlashmalari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan qonun hujjatlari va sa’y-harakatlar o‘z mevasini berayotganiga munosib baho berildi.

Shuningdek, fuqarolarning jamoat birlashmalariga uyushish huquqini yanada mustahkamlash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini takomillashtirishning konstitutsiyaviy asoslarini yanada takomillashtirish masalalari bo‘yicha asoslangan takliflar qizg‘in muhokama qilindi.

 

Xalqaro konferensiya yakunida O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish  bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiyaga tegishli taklif va tavsiyalar tayyorlandi.

Xorijiy davlatlar va O‘zbekiston konstitutsiyaviy taraqqiyotining qiyosiy tahlili hamda xalqaro konferensiya ishi davomida bildirilgan fikr-mulohazalar asosida Urganch deklaratsiyasi qabul qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘zA

Powered by GSpeech