Yangilanayotgan Konstitutsiyamizda:
– O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlariga ko‘ra, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha normani aks ettirish;
– bola manfaatlari, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratishni ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilash;
– davlat iqtidorli yoshlarni, ularning moddiy ahvolidan qat’i nazar, doimo qo‘llab-quvvatlashini mustaqil qoida sifatida qayd etish;
– “Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, yoshlarni sog‘lom turmush tarzi tamoyillari asosida ma’naviy va axloqiy yetuk insonlar etib tarbiyalash uchun zarur sharoitlarni yaratadi”, degan qoidani yozib qo‘yish;
– yosh avlod taqdiri uchun mas’uliyatni yanada oshirish uchun: “Ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lig‘i, to‘laqonli va barkamol rivojlanishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir”, degan qoidani kiritish lozim.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev joriy yil 20 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surgan ushbu takliflar ta’lim muassasalari pedagogik jamoalari, bolalar huquqlari bilan shug‘ullanadigan davlat, nodavlat va xalqaro tashkilotlar vakillari hamda ota-onalar tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun tavsiya etgan takliflarini ekspertlar ham yuqori baholayotgani bejiz emas. Bu tashabbuslar davlat rahbarining Asosiy qonunda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oyani mustahkamlashga qaratilgan taklifi bilan hamohangdir.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan bo‘lsa, o‘sha yilning 9 dekabrida mamlakatimiz parlamenti BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi mazkur Konvensiyaning asosiy prinsiplari barcha davlatlarning Konstitutsiyalariga implementatsiya etilishi, ya’ni uyg‘unlashtirilishi tarafdoridir.
Chunki davlat Konstitutsiyasida bola huquqlari bo‘yicha normalar aks ettirilishi, birinchi navbatda, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning tub mohiyati va ahamiyatini anglashga yordam beradi. Qolaversa, bu muhim omil kattalar bilan bir qatorda bolalar ham inson huquqlari egalari ekanini konstitutsiyaviy asosda kafolatlashga xizmat qiladi.
Shu o‘rinda jahon Konstitutsiyalarida bola huquqlariga oid qoidalar qanday aks etgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Yaqinda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida o‘tkazilgan xalqaro davra suhbati ayni shu mavzuga bag‘ishlandi.
Tadbirda, jumladan, Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning bolalar manfaatlarining ustuvorligi, bolaning hayotga, ismga, fuqarolikka, ota-onasini bilish huquqiga, ota-onaning bolalarga nisbatan huquqlari va majburiyatlariga oid tamoyillar qaysi davlatlarning Konstitutsiyalarida qanday shakl va mazmunda o‘z aksini topgani atroflicha muhokama etildi.
Irlandiya hukumatining Bolalarni himoya qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Konor O’Mahoni bola huquqlariga oid qoidalar mustahkamlab qo‘yilgan 47 ta davlat Konstitutsiyalarini qiyosiy tahlil qilib berdi. Xorijiy ekspertning so‘zlariga qaraganda, har qanday konstitutsiyaviy o‘zgarishlar jarayonida bildirilgan takliflarning yoshlar tashkilotlari va bevosita navqiron avlod vakillari ishtirokida muhokama qilinishi juda zarur.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti keng jamoatchilik takliflari asosida Konstitutsiyaviy komissiya tomonidan tayyorlanadigan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqish, so‘ngra umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan loyihani referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish tashabbusini ilgari surgani tahsinga loyiq.
Bu boradagi xalqaro amaliyotga to‘xtalganda, Venesiya komissiyasining 2013 yil 8-9 mart kunlari bo‘lib o‘tgan 95-yalpi majlisida qabul qilingan qarorga ko‘ra, “Konstitutsiyalarda bolalar huquqlarining aks etishi” mavzusida tadqiqot o‘tkazilganiga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi.
Nega deganda xuddi shu tadqiqot negizida Venesiya komissiyasining 2014 yil 21-22 mart kunlari o‘tkazilgan 98-yalpi majlisi tomonidan “Bolalar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida: xalqaro standartlar va milliy Konstitutsiyalar” nomli ma’ruza tayyorlangan.
Natijada Yevropa Kengashiga a’zo davlatlar Konstitutsiyalarining bolalar huquqlarini himoya qilish yo‘nalishidagi turlicha tajribalarni umumlashtirish imkoniyati tug‘ildi. Bu, o‘z navbatida, milliy Konstitutsiyalarda bola huquqlariga oid qoidalarni qanday aks ettirish va ularning samaradorlik bilan amalga oshirilishini qay tarzda ta’minlash mumkinligi masalasiga oydinlik kiritishga yo‘l ochdi.
Xususan, Norvegiya Konstitutsiyasining 104-moddasi bola huquqlariga bag‘ishlangan bo‘lib, unda bolalarning ko‘plab huquqlari kafolatlangan, bolaning qadr-qimmati asosiy huquqiy prinsip ekani ta’kidlangan. Ushbu Konstitutsiyaning 109-moddasida bolalarning ta’lim olish huquqi to‘g‘risida so‘z boradi. Hujjatda bola manfaatlarini eng maqbul tarzda ta’minlash prinsipi aniq ifodasini topgan.
Shvesiya Konstitutsiyasida bola huquqlariga oid normalar inson huquqlariga kirish qismida mustahkamlangan. Finlyandiya Konstitutsiyasida barcha insonlarning qonun oldida tengligi qayd etilgan holda, bolalarning huquqlari alohida ta’kidlangan. Ya’ni, bolalarga katta shaxslarga muomala qilgandek muomalada bo‘lish va ularga o‘zlarining rivojlanish darajasiga mutanosib masalalar ijobiy yechim topishida bevosita ishtirok etishlariga ijozat berish zarur.
Polsha Konstitutsiyasining 72-moddasi ayni mazmundagi uchta banddan iborat:
(1) Polsha Respublikasi bola huquqlarini himoya qilishni ta’minlaydi;
(2) ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan g‘amxo‘rlik va yordam huquqiga ega;
(3) davlat hokimiyati organlari va bolalar uchun mas’ul shaxslar bola huquqlarini o‘rnatish jarayonida, iloji boricha, bolaning qarashlariga ustuvor ahamiyat beradi.
Xorvatiya Konstitutsiyasining 62-63-moddalarida davlat onalik, bolalik va yoshlarni himoya qilishi, har bir inson bolalarni va nochor shaxslarni himoya qilishga burchli ekani qayd etilgan. Shuningdek, 64-moddada bolalarning majburiy mehnatga va zararli ishlarga jalb etilmasligi bilan bog‘liq huquqlari kafolatlangan.
Moldova va Ruminiya Konstitutsiyalarida bolalar o‘z huquqlarining amalga oshirilishida alohida huquqlarga egaligiga doir umumiy qoidalar bayon etilgan. Latviya va Ozarbayjon Konstitutsiyalarida ham bola huquqlarini keng qamraydigan qoidalar mavjud.
Osiyo davlatlari haqida so‘z borganda, jumladan, Hindiston Konstitutsiyasining bir qator moddalarida bola huquqlari qat’iy kafolatlanganini ta’kidlash lozim. Xususan:
- 21A-moddada – 6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalarning bepul va majburiy ta’lim olish huquqi;
- 24-moddada – 14 yoshga to‘lmagan bolalarni har qanday turdagi xavfli mehnatdan himoya qilish huquqi;
- 39(e)-moddada – iqtisodiy zaruratdan kelib chiqib, bolalarning huquqlarini suiiste’mol qilishdan, ularni yoshi va kuch-quvvati to‘g‘ri kelmaydigan ishlarga majburlashdan himoya qilish huquqi;
- 45-moddada – olti yoshga to‘lmagan barcha kichik bolalarni parvarishlash va ularga ta’lim berish huquqi mustahkamlab qo‘yilgan.
Bola huquqlari Nepal Konstitutsiyasining 39-moddasida kafolatlangan. Ushbu modda “Bola huquqlari” deb nomlangan va 10 ta banddan tashkil topgan:
(1) Har bir bola ism olish va tug‘ilganidanoq shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish huquqiga ega.
(2) Har bir bola ta’lim olishi, sog‘ligini saqlashi, ta’minoti, munosib parvarishi, sport bilan shug‘ullanishi, hordiq chiqarishi hamda o‘z shaxsini har tomonlama rivojlantirishi uchun oilasi va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanish huquqiga ega.
(3) Har bir bola bolani rivojlantirish va bola ishtirokini ta’minlash huquqiga ega.
(4) Hech qaysi bola qandaydir fabrika, kon yoki shunga o‘xshash xavfli joylarda ishlashga jalb etilishi mumkin emas.
(5) Hech qaysi bola erta nikohga kirishi, g‘ayriqonuniy ko‘chirilishi, o‘g‘irlab ketilishi yoki garovga olinishi mumkin emas.
(6) Hech qaysi bola armiya, politsiya yoki boshqa har qanday qurolli guruhga yollanishi yoki safarbar etilishi yoxud madaniy yo diniy an’analar bahonasida zo‘ravonlikka, yakkalab qo‘yishga yoki jismoniy, ruhiy, shahvoniy yo boshqa turdagi ekspluatatsiyaga yoxud undan har qanday vositalar yo har qanday usullar bilan nomunosib foydalanish holatlariga duchor etilishi mumkin emas.
(7) Hech qaysi bola uyda, maktabda va boshqa har qanday joyda va vaziyatda ham jismoniy, ruhiy va boshqa turdagi qiynoqlarga solinishi mumkin emas.
(8) Har bir bola balog‘atga yetmagan yoshdagilarga mo‘ljallangan odil sudlov huquqiga ega.
(9) Nochor, yetim, nogiron, nizodan jabrlangan, ko‘chirilgan yoki muhtoj bola davlat tomonidan alohida himoyaga olish va imtiyozlar berish huquqiga ega.
(10) Shu moddadagi (4), (5), (6) va (7)-qoidalarga zid har qanday xatti-harakat uchun qonun bo‘yicha jazo beriladi hamda bunday qilmishdan jabr ko‘rgan bola qonun asosida aybdordan tovon undirib olish huquqiga ega.
Xorijiy davlatlar Konstitutsiyalarining ana shu qiyosiy tahlili ayon bir haqiqatni yaqqol tasdiqlaydi. Bu o‘rinda O‘zbekiston Prezidenti tomonidan davlatning fuqarolarni yashash uchun zarur uy-joy bilan ta’minlash, oilaning iqtisodiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash, bolaning manfaatlari, jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, inson sog‘ligi va atrof muhitni muhofaza qilishga taalluqli normalar Konstitutsiyada o‘z aksini topishi taklif etilgani juda muhimligi haqida so‘z bormoqda.
Bu tashabbuslar oila, bolalar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, mamlakat ichkarisi yoki tashqarisida yashayotgan barcha fuqarolarimiz huquqlari va manfaatlarini konstitutsiyaviy kafolatlashga qaratilgani bilan diqqatga sazovordir.
Akademik Akmal Saidov ta’biri bilan aytganda, aholining 40 foizi bolalardan iborat bo‘lgan O‘zbekistonda bola huquqlarini har tomonlama ta’minlash va himoya qilish masalasi o‘ta dolzarbdir. Mamlakatda ayni sohada bolalarning huquqlarini ta’minlash, ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy rivojlanishiga ko‘maklashishga qaratilgan qirqdan ziyod qonun va huquqiy hujjatlar qabul qilingani ham shundan dalolat beradi.
Irlandiyalik ekspert Konor O’Mahoni ham mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatladi.
O‘z navbatida, YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade qayd etganidek, “Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida bola huquqlari to‘g‘risidagi normalarni kuchaytirish, xususan, bolaning eng maqbul manfaatlarini hisobga olish, kamsitmaslik, zo‘ravonlik va shafqatsiz muomalani taqiqlash, bolalarni ekspluatatsiya qilishga yo‘l qo‘ymaslik prinsiplari, kafolatlangan xizmat ko‘rsatish va odil sudlov imkoniyatlaridan foydalanish huquqini ta’minlash masalalari har doim va hamma joyda, ayniqsa, aholisining uchdan bir qismini bolalar tashkil etuvchi O‘zbekistonda nihoyatda ahamiyatlidir”.
G‘ulom MIRZO,
Oydin IBROHIMOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati xodimlari
- Qo'shildi: 27.06.2022
- Ko'rishlar: 5035
- Chop etish