Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

O‘zbekiston xalqaro taraqqiyot yo‘lida dolzarb va muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan 24 iyun kuni Xitoy raisligida 18 mamlakat davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotda ilgari surilgan tashabbuslar xorijiy ommaviy axborot vositalari va xalqaro ekspert doiralari vakillari tomonidan chuqur o‘rganilmoqda va keng muhokama qilinmoqda.

  

Xitoyning “Jenmin jibao” gazetasi va “Chinadaily.com” elektron portali, Italiyaning “Askanews.it” axborot agentligi, ko‘plab xorijiy bosma va elektron nashrlar O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida “BRIKS plyus” formatidagi muloqot Barqaror rivojlanish kun tartibidagi masalalarni ilgari surishda inklyuziv sheriklik uchun zarur platforma sifatida alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidlaganiga e’tibor qaratgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev yig‘ilganlar e’tiborini “Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun” tamoyili asosida islohotlarni amalga oshirishni izchil davom ettirayotgan Yangi O‘zbekiston keng ko‘lamli xalqaro sheriklikka, shu jumladan, “Janub — Janub” formatidagi hamkorlikka ochiqligiga qaratgani alohida ta’kidlangan.

Xorijiy nashrlar O‘zbekiston Prezidenti jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatlarning oqibatlarini bartaraf etish uchun global savdo va investitsiyalar tizimidagi to‘siqlarni bartaraf etish, yangi ishlab chiqarish va savdologistika zanjirini yaratish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha loyihalarga investitsiyalar jalb etish va infratuzilmalarni modernizatsiya qilish, texnologiyalar transferi va innovatsiyalarni joriy etish, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, biotexnologiyalar, jumladan, vaksinalar ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhimligini qayd etganini urg‘ulagan.

O‘zbekiston Prezidentining nutqidagi asosiy yo‘nalishlardan biri qambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi dasturlarni amalga oshirish, iqlim o‘zgarishi va inson taraqqiyoti masalalari bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikni faollashtirish bo‘ldi. O‘zbekiston Universitetlar ligasi va Tarmoqli universitet kabi BRIKS dasturlarida ishtirok etish, shuningdek, professional ta’lim va yoshlar siyosati sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekani bildirildi. O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi sifatida sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha BRIKS va ShHTning o‘zaro amaliy hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif qildi, deb yozadi mualliflar.

Xorij ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida transport-kommunikatsiya sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish hamda “Shimol — Janub” va “G‘arb — Sharq” transkontinental yo‘nalishlariga mintaqani jalb etish tarafdori ekanini ta’kidlagani haqida so‘z yuritgan.

O‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish, oziq- ovqat mahsulotlarini yetkazib berish va foydalanishning ishonchli tizimlarini shakllantirish maqsadida jahon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining ellik foizigacha bo‘lgan qismi hissasiga to‘g‘ri kelayotgan BRIKS mamlakatlarining ulkan salohiyatidan unumli foydalanish muhimligi qayd etilgan.

Xalqaro axborot makonidagi yetakchi nashrlar Prezident Shavkat Mirziyoevning “BRIKS plyus” shaklidagi navbatdagi muloqotning o‘tkazilishi tezkor ravishda umumiy tahdidlarning oldini olishga bo‘lgan qat’iy intilishlarni yana bir bor namoyish etgani haqidagi fikrini keltirgan.

Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert, tarix fanlari doktori, professor Aleksandr Knyazev “Sputnik” agentligiga bergan intervyusida “O‘zbekiston “BRIKS plyus”dagi ishtiroki bilan tashqi siyosiy faolligini namoyon qildi. Ushbu maydonchada O‘zbekistonning Rossiya, Xitoy, Hindiston kabi ustuvor sheriklari bor. Mamlakat o‘zining xalqaro mavqeini oshirar ekan, Markaziy Osiyo mintaqasidagi rolini yuksaltirishga erishmoqda. Uning ikki tomonlama munosabatlari faollashmoqda. Buni, ayniqsa, Rossiya bilan aloqalarda ko‘rish mumkin”, deb fikr bildirgan.

Moskva davlat universitetining Osiyo va Afrika mamlakatlari instituti direktori, Oliy iqtisodiyot maktabining jahon iqtisodiyoti va siyosati fakulteti professori, tarix fanlari doktori Aleksey Maslovning fikricha, BRIKS loyihalaridagi ishtirok O‘zbekistonga nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy manfaat ham keltiradi.

— O‘zbekiston uchun, birinchi navbatda, BRIKS banki muhim ahamiyatga ega. Ushbu moliya muassasasi imtiyozli shartlarda mablag‘lar olish imkoniyatini taqdim qiladi. Bank transmilliy avtomagistrallar yaratish, infratuzilma loyihalari, shu jumladan, yo‘llar qurilishi uchun investitsiyalar ajratadi. Bu O‘zbekiston mahsulotlarini boshqa davlatlarga eksport qilishga yordam berishi mumkin, — deydi Aleksey Maslov.

Xitoyning yetakchi tahlil markazlari vakillari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda.

Li Juysi,

Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti Bosh tadqiqotchisi:

— Prezident Shavkat Mirziyoev “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotdagi nutqida nafaqat BRIKS makoni va Yevroosiyo mintaqasi, balki global ahami yatga molik dolzarb masalalarga alohida to‘xtaldi. O‘zbekiston rahbari jahon savdo va investitsiyalar tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan inqiroz hodisalariga barham berish, savdo yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlash, o‘zaro investitsiya va sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, kambag‘allikni kamaytirish va barqaror ekologik rivojlanishni ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston Prezidentining biznes muloqotlar uchun doimiy platforma — “BRIKS plyus” biznes hamjamiyati forumini ishga tushirish muhimligi to‘g‘risidagi tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlayman. Shu nuqtai nazardan, BRIKSga a’zo davlatlar ishbilarmon doiralarini joriy yil avgust oyida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ShHT iqtisodiy forumiga taklif etish mumkin.

O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan tashabbuslar, birinchi navbatda, hozirgi murakkab sharoitda iqtisodiyotni, savdo-iqtisodiy aloqalarni, sanoat kooperatsiyasini tiklash va kambag‘allikni qisqartirish muammolarini hal etish uchun o‘ta muhimdir. Bu takliflar Yangi O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanish strategiyasini ham aks ettiradi.

Syuy Tao,

Xitoy davlat kengashi Taraqqiyot tadqiqot markazi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy taraqqiyot instituti yetakchi eksperti:

— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “BRIKS plyus” global taraqqiyot masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotdagi ma’ruzasi menda alohida taassurot qoldirdi. Ma’ruzada turli sohalardagi mavjud muammolarni hal etishning zamonaviy tendensiyalari va yo‘llari, ularni amalga oshirish bo‘yicha amaliy g‘oyalar chuqur tahlil qilindi.

Jumladan, O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida iqtisodiyotni tiklash, transport va kommunikatsiyalar o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash, yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirlarini yaratish kabi dolzarb masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

O‘zbekiston rahbarining kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida dastur qabul qilish zarurligi to‘g‘risidagi tashabbusi ham alohida ahamiyatga ega.

Prezident Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, O‘zbekiston va Xitoy kambag‘allikni qisqartirish sohasida faol hamkorlik qilib kelayotgani Yangi O‘zbekiston qurilishining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etish quvonarli.

Chjan Sinzi,

Guandun xalqaro ilmiy va texnologik hamkorlik ittifoqining MDH mamlakatlari bo‘yicha vitseprezidenti:

— Avvalo, O‘zbekistonni “BRIKS plyus” formatidagi global taraqqiyot masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotda muvaffaqiyatli ishtirok etgani bilan tabriklayman. Unda O‘zbekiston rahbari qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Ular, albatta, BRIKS davlatlari va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishni rag‘batlantirishda muhim rol o‘ynaydi.

Guandun xalqaro ilmiy va texnologik hamkorlik ittifoqi O‘zbekiston bilan ta’lim, texnologiya, innovatsiya va tijorat sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga tayyor.

Ishonchim komilki, O‘zbekistonning muloqot doirasidagi yangi xalqaro hamkorligi Xitoy va “BRIKS plyus” mamlakatlari bilan transchegaraviy savdo uchun yangi platformani shakllan- tirishni mustahkamlaydi.

O‘zbekiston bilan ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish sohasida yaqin hamkorlik qilishdan manfaatdormiz.

Chjan Dun,

Xitoy-ShHT mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlik Pilot zonasi administratsiyasi rahbari:

— O‘zbekiston xalqaro munosabatlarning faol ishtirokchisi, so‘nggi yillarda mamlakat nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan ko‘p qirrali hamkorlikni izchil rivojlantirmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoevning “BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotda ishtirok etishi va mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni boyitish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ushbu yo‘nalishda Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik muhim o‘rin tutadi, chunki mamlakatlarimiz izchil rivojlanish kun tartibini faol ilgari surmoqda.

O‘zbekiston Prezidentining “BRIKS plyus” muloqoti doirasida jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatlar sharoitida global savdo va investitsiyalar tizimi uchun to‘siqlarni bartaraf etish va yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirini yaratish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha loyihalarga investitsiyalar jalb etish va infratuzilmalarni modernizatsiya qilish bo‘yicha tashabbuslari amaliy iqtisodiy samara beradi, mintaqalararo savdo-iqtisodiy hamkorlik va O‘zbekistonning maxsus iqtisodiy zonalari negizida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yangi rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi.

Xitoy ishbilarmon doiralari O‘zbekistonda yaratilayotgan yangi biznes imkoniyatlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Biz Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida sanoat zonalari sohasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, yuqori texnologiyalarni o‘z ichiga olgan qo‘shma mintaqaviy loyihalarni yaratishda davom etamiz.

 

“Dunyo” AA

Powered by GSpeech