Yangi O‘zbekiston yoshlari – bugunimiz va istiqbolimiz poydevori

Bundan besh yil muqaddam Prezidentimiz tashabbuslari bilan 30 iyun sanasi mamlakatimizda “Yoshlar kuni” deb e’lon qilindi. Birgina shu dalilning o‘zi ham keyingi yillarda yurtimizda yoshlarning hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun munosib sharoit yaratish, ularni har tomonlama  qo‘llab-quvvatlash, kasbga yo‘naltirish  va  bandligini  ta’minlash, tashabbuslarini rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Yurtimiz – baxtiyor yoshlar mamlakati, desak, aslo mubolag‘a emas. Aholimizning qariyib 64 foizini yoshlar, ya’ni­ 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslar tashkil etadi.

Albatta bu voqelik davlatimiz zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi, jamiyatimizdan juda katta e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishni talab etadi. Binobarin, yoshlarimizga ko‘rsatiladigan har qanday e’tibor ertaga o‘zining ulkan yutuq va natijalarini ham beradi.

Chunki hozir O‘zbekiston mehnat resurslarining yarmidan­ ko‘pi yoshlardir. Kelgusida har uchinchi rahbar ham yoshlardan bo‘ladi.

Yoshlar masalasi har doim davlatimiz siyosati darajasidagi muhim masala bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda yosh yigit-qizlarimiz uchun yaratilayotgan keng ko‘lamdagi imkoniyat va shart-sharoitlar, ularning o‘qib-o‘rganishlari, qizg‘in faoliyat ko‘rsatishlari uchun qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik nafaqat yurtdoshlarimiz, balki dunyo hamjamiyatini ham o‘ziga jalb etmoqda.

Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodini yuzaga chiqarish uchun har bir hududda zarur shart-sharoitlar muhayyo qilinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat.

1999 yil 17 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi o‘zining 54/120-sonli rezolyusiyasi bilan Xalqaro yoshlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi vazirlar konferensiyasining 12 avgustni Xalqaro yoshlar kuni deb e’lon qilish haqidagi  tavsiyasini ma’qullagan. Ushbu kunda jahon hamjamiyatining diqqat-e’tibori yoshlarga oid masalalarga yana bir bor qaratiladi.

Eslatib o‘tamiz, milliy qonunchiligimizga ko‘ra 30 iyun –O‘zbekiston Respublikasida Yoshlar kuni etib belgilangan. Shuningdek, 2020 yil 30 iyunda:

- Prezident Farmoniga asosan yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi – O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.

- Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi (Agentlik) hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etildi. 

 Agentlikning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi.  Agentlik, jumladan, yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlar va davlat dasturlarini ishlab chiqadi. Shuningdek, yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

 Farmon bilan O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.  Dasturda, jumladan, O‘zbekiston yoshlari portalini tashkil etish va unda yoshlar siyosatini baholash milliy indekslari hamda yoshlarga oid qonun hujjatlari bazasini shakllantirish belgilangan. 

 Dasturda nazarda tutilgan tadbirlar Agentlik tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki nodavlat notijorat tashkilotlariga ijtimoiy buyurtma shaklida ajratiladigan davlat grantlari va subsidiyalar taqsimlash orqali moliyalashtiriladi. 

Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari tuzilgani, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etilgani ham yurtimizda soha rivoji sari qo‘yilgan muhim qadamlar bo‘ldi.

Yosh avlod haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilar ekan, avvalo ular bizning tayanchimiz va ertangi kelajagimizning davomchilari ekanligi, yoshlarga oid qonunchilik tizimini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish qulay  huquqiy va tashkiliy iqtisodiy imkoniyatlar barpo qilish,  ularning  kasb-hunar  o‘rganishlari,  mehnat  qilishlari,  erkin  ijod  qilishlari  uchun barcha sharoitlarni  yaratish  ishlari diqqat markazimizda turadi.

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyot yo‘lidan ma’lumki, yurtning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon bo‘lishi o‘sha davlatda yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etiluvchi kelajak avlodga, yurt ravnaqini ta’minlovchi katta kuch, davlatning strategik resursi sifatida qaralayotgani bejiz emas. 

 

Oydin IBROHIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi Matbuot xizmati yetakchi mutaxassisi

Powered by GSpeech