Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli: yangi muammolar, yutuqlar va imkoniyatlar

2022 yil 29-30 iyun kunlari Anqara shahrida “Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va ularning inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilishdagi kengaytirilgan roli: yangi muammolar, yutuqlar va imkoniyatlarni o‘rganish” mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro sammit bo‘lib o‘tdi. Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari D.Muratova ishtirok etdi.

Tadbirda turli xorijiy davlatlar, xususan, Albaniya, Germaniya, Gruziya, Daniya, Ozarbayjon, Xorvatiya va Turkiyaning inson huquqlari sohasidagi milliy institutlari vakillari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari hamda mintaqaviy mutaxassislar qatnashdi.

Tadbirning maqsadi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning xalqaro inson huquqlari kun tartibida yangi paydo bo‘lgan va rivojlanayotgan rolini muhokama qilish, ushbu institutlar duch kelayotgan asosiy muammolarni yoritib berish va bu muammolarni bartaraf etishning samarali strategiyalarini muhokama qilish, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning iqlim o‘zgarishi, biznes va inson huquqlari sohasidagi o‘zaro bog‘liq munosabatlar bo‘yicha tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir avvalida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajeb Tayep Erdog‘anning murojaati o‘qib eshittirildi. Turkiya Respublikasi Prezidenti Sammitga yig‘ilgan barcha ishtirokchilarni qutlar ekan, mamlakatda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib, Turkiya ayni damda dunyoning turli millatlariga mansub ko‘plab qochoqlar uchun makon bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, 20 yil avvalgi holatga qiyoslanadigan bo‘lsa, Turkiya Respublikasi bugungi kunda inson huquqlarini ta’minlash sohasida ulkan natijalarga erishgan, xususan, terrorizm va ekstremizm xavfi sezilarli darajada pasaygan. Prezident mazkur tadbir ko‘zlangan maqsadlarga erishishda barcha uchun manfaatli bo‘lishiga ishonchi komil ekanligini bildirib, Sammitni yuqori darajada o‘tkazishda muvaffaqiyat tiladi.

So‘ng, Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Qilich tadbirni ochar ekan, ayni paytda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar nafaqat mahalliy, balki mintaqaviy va xalqaro muammolarga duch kelayotganini, mazkur to‘siqlarni bartaraf etish choralarini aniqlash maqsadida yig‘ilgan Sammit ishtirokchilaridan minnatdor ekanini bildirdi. M.Qilich qayd etishicha, ushbu tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘lida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning o‘zaro hamkorligini yana chuqurlashtirish va mustahkamlashdir.

Turkiya Respublikasi Adliya vaziri Bekir Bozdag ham Sammit ishtirokchilarini qutlab, Turkiya qonun ustuvorligi va demokratiya ta’minlangan mamlakat ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti mamlakatda inson huquqlari sohasida tizimli strategiyalarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etilgan. O‘tgan davrda ayollar huquqlarini ta’minlash, diskriminatsiyaning turli xil ko‘rinishlarini bartaraf etish borasida salmoqli yutuqlarga erishilgan. Bu boradagi tegishli normalar mamlakat Konstitutsiyasida ham o‘z aksini topgan.

Sammit davomida iqlim o‘zgarishiga inson huquqlariga asoslangan yondashuvni shakllantirishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roli, tadbirkorlik va inson huquqlari sohasidagi o‘zaro bog‘liq munosabatlar mavzulariga oid taqdimotlar namoyish etildi.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlanganlaridek, inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish har bir davlatning majburiyatidir. Bu majburiyat qonun ustuvorligini ta’minlaydigan turli xil huquqiy va ma’muriy siyosat hamda tizimlar orqali resurslarni teng taqsimlash va inson qadr-qimmatini hurmat qilish va kamsitmaslik tamoyillari orqali amalga oshiriladi.

Bugungi kunda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar hukumatning inson huquqlari tizimlarini kuchaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini mustahkamlashda hal qiluvchi tarkibiy qismga aylangan. Boshqa davlat tashkilotlaridan farqli ravishda milliy institutlar o‘zining mustaqil va doimiylik xususiyatiga asoslangan holda inson huquqlari sohasida uzoq muddatli milliy rejalarni hamda istiqbolli strategiyalarni ishlab chiqishda alohida ahamiyat kasb etadi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1993 yil 20 dekabrda qabul qilingan 48/134-son qaror, Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar maqomi to‘g‘risidagi Parij tamoyillari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning faoliyati uchun asos yaratadigan muhim hujjatlar ekanini nazarda tutgan holda, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Yevropa tarmog‘i kabi inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy mexanizmlar tomonidan olib borilayotgan ishlarning dolzarb xususiyatlari qizg‘in muhokama qilindi.

Ma’lumki, Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Global alyansi iqlim o‘zgarishi va inson huquqlari bilan bog‘liq tematik sohaga alohida e’tibor qaratadi. O‘z navbatida, Yevropa parlamentining 2021  yil 19 maydagi qarorida iqlim o‘zgarishining inson huquqlariga ta’siri va bu borada atrof-muhit himoyachilarining roli to‘g‘risida ta’kidlangan.

Ushbu jarayonlardan kelib chiqib, Sammitning birinchi sessiyasi iqlim o‘zgarishi va inson huquqlari mavzusiga bag‘ishlandi. Bunda iqlim o‘zgarishiga inson huquqlariga asoslangan yondashuvni shakllantirishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning rolini oshirishga alohida urg‘u berildi.

Biznes va inson huquqlari masalasi – Sammitning yana bir muhim mavzusidir. Edinburg Deklaratsiyasi 2010 yil oktyabr oyida Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarni xalqaro muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasining 10-xalqaro konferensiyasi doirasida qabul qilingan bo‘lib, biznes va inson huquqlarini hal qilishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning roliga bag‘ishlangan. Edinburg Deklaratsiyasi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning korporativ inson huquqlari mas’uliyati va suiiste’molchiliklari bilan faol ravishda shug‘ullanish, jumladan BMTning biznes va inson huquqlariga oid rahbariy tamoyillariga murojaat qilish bo‘yicha jamoaviy majburiyatlarini belgilaydi.

Tadbirda ishtirok etgan davlatlar vakillari inson huquqlari sohasida hukumat siyosatini belgilab beruvchi inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning inson huquqlari bo‘yicha kuchli milliy tizimlarini joriy qilish ulkan ahamiyatga egaligini ta’kidladilar. Bu boradagi ijobiy ishlarga yuqori baho berildi.

Sammitda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning aksariyati BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygani e’tirof etildi. Ular xalqaro va mintaqaviy normalar hamda standartlarning milliy darajada qo‘llanishini nazorat qilib borayotgani alohida ta’kidlandi.

Ishtirokchilar tomonidan inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar uchun normativ-huquqiy asoslar va ularning inson huquqlari taraqqiyoti hamda himoyasidagi roli va ahamiyatini, milliy institutlarning inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq o‘z vakolatini amalga oshirish davomida institutsional imkoniyatlarini kuchaytirish usullari va vositalari, inson huquqlari bo‘yicha turli sohalarda milliy institutlarning ish faoliyatini kuchaytirish, tajriba va eng yaxshi amaliyotlarni o‘zaro almashish uchun maydon tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.

“Inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro mexanizm bilan aloqa va hamkorlik” mavzuidagi sessiya doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratova so‘zga chiqdi.

Muratova O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, xususan, BMT bilan uzoq yillik hamkorligi, mazkur hamkorlik doirasida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar, kelajakdagi rejalar, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazning tizimli faoliyati va mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, inson xuquqlari sohasida qabul qilingan yangi qonunlar to‘g‘risida ma’lumotlar berdi. Shu bilan bir qatorda, mazkur tadbir mavzusi taaluqli bir qator takliflarini bildirdi.

Tadbir ishtirokchilari Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan inson huquqlari bo‘yicha maqsad va vazifalar bilan tanishtirildi.

Samit ishtirokchilari joriy yil oktyabrida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari sohasidagi ta’lim bo‘yicha Global forumga katta qiziqish bildirdilar.

Tadbirda yakunida ishtirokchi davlatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari ilg‘or tajribasini o‘rganish va targ‘ib etish yuzasidan tegishli hujjatlar qabul qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

O‘zA

Powered by GSpeech