Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Sudyalar oliy maktabi - alohida e’tibor va haqli e’tiroflar...

 

Biror tashkilot yoki muassasa xalqaro darajada o‘z-o‘zi e’tirof etilmaydi, albatta. Ikkinchidan, bunday e’tirof mamlakatda amalga oshirilayotgan ijobiy ishlarga berilgan baho hisoblanadi.

 Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi haqida xalqaro ekspertlarning ijobiy fikrlari xususida ham shunday deyish mumkin.

Sudyalar oliy maktabi tashkil etilganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Davlat rahbarining 2019 yil 6 yanvardagi 4096-sonli qarori bilan faoliyat boshlagan mazkur  dargoh   sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sud apparati xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasidir.

Mamlakatimizda sudyalarni tayyorlash bo‘yicha maxsus ta’lim muassasa faoliyat ko‘rsatayotganiga BMTning Sudya va advokatlarning mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi Diego Garsiya Sayan alohida e’tibor qaratadi: U bu borada shunday deydi: “Sud hokimiyati mustaqilligini himoya qilish va advokatlar faoliyatini erkin amalga oshirishlarini mustahkamlash yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoev o‘z lavozimiga kirishgan kundan boshlab birinchi qadam sifatida mustaqil, xolis haqqoniy sud tizimini yaratib kelmoqda. Bunga Sudyalar oliy kengashi huzurida tashkil etilgan sudyalarni zamon talablariga javob beradigan, yetuk mutaxassislar qilib tayyorlash maqsadida Sudyalar oliy maktabi amaliy misol bo‘la oladi”.  Haq gap. Shuningdek, fikrini davom ettirib, ushbu ta’lim muassasasi sudyalarning yangi avlodining vujudga kelishiga imkonini yaratishini aytarkan, alohida ta’kid etadiki, Sudyalar oliy maktabi sud hokimiyatining mustaqilligini  ta’minlashga mas’ul organ  - Sudyalar oliy kengashi huzurida tashkil etilishi munosib kadrlarni saralash va tayinlanishida, mustaqil va haqqoniy sudyalar hamjamiyatining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. Haq gap.  Zotan, Kengash sudyalar hamjamiyatining mustaqil organi bo‘lib, eng malakali va mas’uliyatli mutaxassislar orasidan sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlash, lavozimga tayinlash, shuningdek rahbar sudyalik lavozimlariga tavsiya etish orqali sudyalar korpusini shakllantirish faoliyatining ustuvor yo‘lanishi hisoblanadi.

 Shuningdek, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari –  Elchi Sharlott Adrian xonim Sudyalar oliy maktabi tashkil etilishini demokratlashtirish bosqichidagi eng muhim islohotlardan biri, deya qayd etadi va:: “mukammal sud tizimi shaxs, jamiyat va iqtisodiy rivojlanish uchun muhim omillardan biri hisoblanadi. Aminmizki, Sudyalar oliy maktabi tomonidan tayyorlanayotgan malakali va zarur ko‘nikmalarga ega kadr sud hokimiyai mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilishadi” , deya fikr bildirgan.

BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska hamda Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo‘yicha jamiyati (GIZ) rahbari Yorg PudelkaBMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi rahbari Reshard Komenda ham  Sudyalar oliy maktabining faoliyatininig natijalari  yaqqol ko‘zga ko‘rinayotganligini ta’kidlaydilar.

 Sudyalar oliy maktabi tashkil etilganidan buyon 132 nafar sudyalikka nomzodlar magistratura kurslarida ta’lim olgan bo‘lsa, ulardan 115 nafari (87 foiz) sudyalik lavozimiga tayinlandi. Hozirgi kunda 75 nafar sudyalikka nomzodlar Oliy maktabda ta’lim olishmoqda, qolaversa 897 nafar sudya (mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha sudyalarning 87 foizi) hamda 461 nafar sud apparati xodimlari malakasini oshirildi. Shuningdek, 100 ga yaqin xalqaro va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda sudyalikka nomzodlar hamda sudyalar uchun mahorat darslari va seminarlar tashkil etildi, odil sudlovning dolzarb masalalarini tadqiq qilish maqsadida 50 ga yaqin xalqaro va 10 dan ortiq respublika tadbirlari o‘tkazildi. Sudyalar oliy maktabining 30 yaqin xodimlari xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarida bilimi va ko‘nikmalarini oshirgan holda tajriba almashib kelishdi.

Ta’lim jarayoniga bevosita yuqori malakali sudyalar, huquqshunos olimlar, soha mutaxassislari hamda xalqaro ekspertlar jalb qilinmoqda. Tajriba almashish maqsadida xorijiy davlatlarning sudyalarni tayyorlash bo‘yicha maxsus ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalar mustahkam o‘rnatilgan. Misol uchun, xorij  davlatlardagi Sudyalar oliy kengashlari huzuridagi ta’lim muassasalari, xususan, Ispaniya Sudyalar oliy maktabi, Bolgariya Sudyalar milliy instituti, Ruminiya Milliy magistratura instituti, shuningdek mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Fransiya Milliy magistratura maktabi, Italiya Odil sudlov maktabi hamda Kanada Milliy sudyalar instituti bilan hamkorlikda muntazam tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shu o‘rinda davlatimiz rahbari tashabussi bilan Sudyalar oliy maktabida Inson huquqlari va xalqaro huquq kafedrasi tashkil etilganini alohida qayd etish kerak.  Buning natijasida  amaldagi va bo‘lajak sudyalar uchun yangi o‘quv moduli, ya’ni inson huquqlari oid normalar hamda xalqaro huquq normalarining qo‘llanilishi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari shakllantirildi.

Xulosa o‘rnida aytsak, o‘tgan davrda  sud-huquq sohasida, ayniqsa, chinakam mustaqil sud hokimiyatini shakllantirish va uning nufuzini oshirish, sudlar faoliyatida odil sudlovni amalga oshirish bo‘yicha qonuniylikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan inkor etib bo‘lmas haqiqat. Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabining tashkil etilishi va u qisqa davrda nainki tizim, balki jamiyatda hayotida o‘z o‘rnini topib ulgargani esa o‘tkazilayotgan islohotlarning ijobiy hosilalaridan biridir. 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI SUDYaLAR OLIY KENGASHI

 

 

Powered by GSpeech