Konstitutsiyaviy islohot va siyosiy boshpana berish huquqi: Milliy va xorijiy tajriba, xalqaro amaliyot

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti shu yil 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvida xalqimizga murojaat qilib, konstitutsiyaviy islohot jarayonida yanada faol qatnashishga chaqirdi. “Betakror yurtimizda barqaror jamiyatni va bardavom taraqqiyotni ta’minlash – barchamizning bosh maqsadimizdir! Men butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqiraman”, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoev.

Davlat rahbari yangilangan Konstitutsiya loyihasini qabul qilish uchun umumxalq muhokamasi va referendum o‘tkazilishini bildirdi. Prezidentimiz Asosiy qonunga qator normalarni kiritish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi.

 

Yashash joyini erkin tanlash huquqi: milliy amaliyot va xalqaro huquq

 

Asosiy qonunimizda O‘zbekistonning har bir fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi, shuningdek, barcha fuqarolarga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim. Har bir fuqaroning shaxsiy hayot daxlsizligi va uning kafolatlari aynan Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi kerak, dedi davlatimiz rahbari.

Shu kunlarda umumxalq muhokamasi uchun e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ushbu takliflar o‘z aksini topgan.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 28-moddasiga ko‘ra: “O‘zbekiston  Respublikasi  hududida  qonuniy  asoslarda bo‘lib  turgan  har  bir  shaxs  respublika  hududi  bo‘ylab  erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. Har kim respublikadan tashqariga chiqish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari O‘zbekistonga moneliksiz qaytish huquqiga ega”.

Agar yangi normalar bilan to‘ldirilgan ushbu moddaning birinchi jumlasini amaldagi Konstitutsiyaning 28-moddasi birinchi jumlasi bilan solishtirilsa, “O‘zbekiston  Respublikasi  fuqarosi” degan tushuncha yangi tahrirdagi matnda “O‘zbekiston  Respublikasi  hududida  qonuniy  asoslarda bo‘lib  turgan  har  bir  shaxs” degan mazmunda kengaytirilganini kuzatish mumkin.

Eng asosiysi, taklif etilayotgan tahrirda mavjud normalar aniqlashtirilgan. Xususan, nafaqat fuqarolarning, balki mamlakatimizda qonuniy asosda yurgan har bir kishining bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chish, yashash joyini erkin tanlash va respublikadan tashqariga chiqish huquqlari mustahkamlangan.

Fikrimizcha, O‘zbekiston  Respublikasi  hududida  qonuniy  asoslarda bo‘lib  turgan  har  bir shaxs deganda, bir tomondan, fuqaroligi bo‘lmagan yurtdoshlarimiz, ikkinchi tomondan, xalqaro huquq talablari doirasida yurtimizda bo‘lib turgan xorijiy fuqarolar ham tushuniladi.

O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar tufayli mamlakatimizda fuqarosizlikka barham berish borasidagi vaziyat keyingi besh yilda tubdan o‘zgardi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish bilan bog‘liq chaqirig‘iga javoban birgina 2021 yilning o‘zida 56 ming 751 nafar shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘ldi.

Keyingi davrda yangilangan "O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq, mamlakatimizda kamida 15 yil davomida yashab turgan va doimiy yashash joyida ro‘yxatdan o‘tgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolik berilishining yangi tartibi o‘rnatildi.  

Bundan tashqari, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining 2024 yilgacha fuqarosizlikka barham berish bo‘yicha Global harakatlar rejasiga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilish holatlarini yalpi ro‘yxatga olishni ta’minlash maqsadida chaqaloqlarni, shu jumladan, hujjatlari mavjud bo‘lmagan ota-onalardan tug‘ilgan bolalarni rasmiylashtirish amaliyotiga o‘zgarishlar kiritilgan.

Fuqarolik va fuqarosizlik bo‘yicha modul hamda Fuqarolik va fuqarosizlik bo‘yicha modul asosida o‘qituvchilarga ta’lim berish dasturi ishlab chiqildi. Markaziy Osiyoda fuqarosizlikni kamaytirish va tugatish masalalariga bag‘ishlangan qo‘shma tadbirlar tashkil etildi. BMTning 1954 yilgi Apatridlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiyasi va 1961 yilgi Fuqarosizlikni qisqartirish to‘g‘risidagi konvensiyasi hamda Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni himoya qilish bo‘yicha Rahbariy qoidalar o‘zbek tiliga tarjima qilindi va nashr etildi.

BMTning 1961 yilgi Fuqarosizlikni kamaytirish to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shilar ekan, hukumatlar fuqarolikka bo‘lgan ustuvor huquqni himoya qilishga sodiqligini namoyon etadi. Zero, inson qadri – ulug‘, inson huquqlari bardavomdir.

Shaxsning fuqarolikka egaligi jamiyat hayotiga to‘laqonli ishtirok etish, xususan, siyosiy huquqlarini amalga oshirish, saylovda ishtirok etish, mulk huquqidan foydalanish, mehnat, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi huquqlarini qonuniy asosda keng ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kafolatlaydi. Fuqarolik, shuningdek, insonning mamlakat hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, mamlakatga kelish va undan chiqib ketish kabi boshqa bir qator huquqlarini ham ta’minlaydi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 13-moddasida har bir inson har bir davlat doirasida bir joydan ikkinchi joyga erkin ko‘chish va o‘ziga yashash joyini tanlash, istalgan mamlakatni, shu jumladan, o‘z mamlakatini tark etish va o‘z mamlakatiga qaytish huquqiga ega ekanligi qayd etilgan.

Yashash joyini tanlash erkinligi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 12-moddasida ko‘rsatilgan. Paktda qayd etilishicha, ushbu erkinlik qonunda nazarda tutilgan, davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligini yoki axloq-odobini yoki boshqalarning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun zarur bo‘lgan va Paktda e’tirof etilgan boshqa huquqlar bilan mos keladigan cheklovlardan boshqa hech qanday cheklovlarga duchor bo‘lmasligi kerak.

Shu ma’noda, hozirgi kunda Konstitutsiya islohoti doirasida ko‘rib chiqilayotgan konstitutsiyaviy kafolat davlatga ushbu huquqlarni himoya qilish va ushbu erkinliklarning asossiz hamda qonunga xilof ravishda cheklanishiga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini yuklaydi. Bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish va yashash erkinligi shaxs huquqlarining ustuvorligi tamoyiliga rioya qilish asosi bo‘lib xizmat qiladi.

Yana bir muhim masala – qochoqlar mavzusidir. Mamlakatimizda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirishga oid “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi, shuningdek mamlakatimizning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lishi bilan bog‘liq holda, qochoqlar huquqlarini himoya qilish hamda fuqarolik va fuqarosizlik masalalari bo‘yicha xalqaro sheriklar bilan hamkorlikda muntazam qo‘shma tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Qochoqlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikning amaliy natijalari haqida fikr yuritganda, avvalambor, inson huquqlari bo‘yicha trening dasturining qochoqlarni himoya qilishga oid moduli ishlab chiqilganini ta’kidlash lozim. Davlat organlari xodimlari uchun mo‘ljallangan ushbu modul asosida o‘qituvchilarni tayyorlashga qaratilgan trening ham o‘tkazildi.

Shuningdek, 1951 yilgi Qochoqlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiya bo‘yicha qo‘shma seminar-treninglar tashkil etildi. BMTning ushbu sohaga oid 3 ta muhim hujjati: 1951 yilgi Qochoqlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiya va 1967 yilgi uning Protokoli; Qochoqlarni xalqaro darajada himoya qilish va boshpana berishning davlat tizimni yaratish masalalariga oid Rahbariy qoidalar (Parlament a’zolari uchun qo‘llanma); Qochoqlar maqomini belgilash tartib-taomillari va mezonlari bo‘yicha Rahbariy qoidalar o‘zbek tiliga tarjima qilindi.

So‘nggi yillarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining Boshqarmasi vakillari o‘rtasida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bu hayotiy dalillarning barchasi o‘zaro hamkorlik aloqalarimiz tobora faollashayotganini ko‘rsatadi.

 

Boshpana berish huquqi: yaqin xorij tajribasi

 

BMT ekspertlari tahlillariga qaraganda, jahondagi 66 ta davlatning Konstitutsiyalarida xorijiy fuqarolarga boshpana berish huquqi kafolatlangan. Ushbu davlatlar tajribasini turli mintaqa va qit’alar kesimida ko‘rib chiqamiz.

Dastlab Markaziy Osiyo mintaqasidagi boshpana berishning aniq konstitutsiyaviy huquqiga ega mamlakatlar tajribasiga muxtasar to‘xtalamiz.

Xususan, 2010 yil 27 iyunda qabul qilingan Qirg‘iziston Konstitutsiyasining 19-moddasiga ko‘ra, “(2) xalqaro majburiyatlarga muvofiq Qirg‘iziston Respublikasi siyosiy asoslarda, shuningdek inson huquqlari va erkinliklari buzilganligi sababli ta’qib qilingan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga boshpana beradi”.

1994 yil 6 noyabrda qabul qilingan va 2003 yil 22 iyunda o‘zgartirilgan Tojikiston Respublikasi Konstitutsiyasining 16-moddasida qayd etilishicha, “Tojikiston inson huquqlari buzilishi qurboniga aylangan chet el fuqarolariga siyosiy boshpana berishi mumkin”.

1992 yil 18 mayda qabul qilingan va 2003 yil 15 avgustda o‘zgartirilgan Turkmaniston Konstitutsiyaviy qonunining 8-moddasiga muvofiq, “(2) Turkmaniston o‘z mamlakatlarida siyosiy, milliy yoki diniy e’tiqodlari uchun ta’qibga uchragan chet el fuqarolariga boshpana huquqini beradi”.

Sobiq sovet ittifoqi o‘rnida tashkil topgan MDH makonidagi mustaqil davlatlar Konstitutsiyalarida bu borada qanday normalar ko‘zda tutilgan? Ayrim misollar:

  • 1994 yil 1 martda qabul qilingan Belarus Konstitutsiyasining 12-moddasi: “Belarus Respublikasi  siyosiy yoki diniy e’tiqodi yoki etnik mansubligi uchun boshqa davlatlarda ta’qibga uchragan shaxslarga boshpana berish huquqini qo‘llashi mumkin”.
  • 1995 yil 24 avgustda qabul qilingan va 2010 yil 15 oktyabrda o‘zgartirilgan Gruziya Konstitutsiyasining 47-moddasi: “(2) xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari asosida va qonunda belgilangan tartibda Gruziya chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga boshpana beradi”.
  • 1994 yil 29 iyulda qabul qilingan Moldova Konstitutsiyasining 19-moddasi: “(3) boshpana huquqi qonunga muvofiq va Moldova Respublikasi qo‘shilgan xalqaro shartnomalarga rioya qilgan holda beriladi va olib qo‘yiladi”.
  • 1995 yil 12 noyabrda qabul qilingan Ozarbayjon Konstitutsiyasining 70-moddasi: “(1) e’tirof etilgan xalqaro huquqiy standartlarga muvofiq, Ozarbayjon Respublikasi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga siyosiy boshpana beradi”.
  • 1993 yil 12 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 31 dekabrda o‘zgartirilgan Rossiya Konstitutsiyasining 63-moddasi: “(1) Rossiya Federatsiyasi xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga muvofiq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga boshpana beradi”.
  • 1996 yil 28 iyunda qabul qilingan va 2010 yil 30 sentyabrda o‘zgartirilgan Ukraina Konstitutsiyasining 26-moddasi: “(2) chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga qonunda belgilangan tartibda boshpana berilishi mumkin”.

 

Osiyo qit’asi davlatlari tajribasi

 

Endi mamlakatimiz joylashgan qit’a – Osiyo davlatlarining boshpana berish sohasidagi konstitutsiyaviy tajribasiga nazar solamiz.

  • 1982 yil 4 dekabrda qabul qilingan va 2004 yil 14 martda o‘zgartirilgan Xitoy Konstitutsiyasining 32-moddasi: “Xitoy Xalq Respublikasi Xitoy hududidagi chet elliklarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qiladi va Xitoy hududida chet elliklar Xitoy Xalq Respublikasi qonunlariga rioya qilishlari kerak. Xitoy Xalq Respublikasi siyosiy sabablarga ko‘ra talab qilinayotgan chet elliklar uchun boshpana berishi mumkin”.
  • 1971 yil 11 sentyabrda qabul qilingan va 2007 yil 26 martda o‘zgartirilgan Misr Konstitutsiyasining 53-moddasi: “(1) siyosiy boshpana huquqi xalqlarning manfaatlarini, inson huquqlarini, tinchlik va adolatni himoya qilgani tufayli ta’qibga uchragan har bir chet ellik uchun davlat tomonidan kafolatlanadi”.
  • 1945 yil 18 avgustda qabul qilingan va 2002 yilda o‘zgartirilgan Indoneziya Konstitutsiyasining 28-moddasi: “(1) har bir inson o‘zi, oilasi, sha’ni, qadr-qimmati va mol-mulkini himoya qilish, inson huquqi bo‘lgan narsalarni qilish yoki qilmaslik qo‘rquvi tahdidlaridan himoyalanish hamda himoya qilish huquqiga ega; (2) har bir inson qiynoqlardan yoki g‘ayriinsoniy va kamsituvchi muomaladan ozod bo‘lish hamda boshqa mamlakatdan siyosiy boshpana olish huquqiga ega”.
  • 2005 yil 15 oktyabrda qabul qilingan Iroq Konstitutsiyasining 21-moddasi: “(2) qonun asosida Iroqda siyosiy boshpana huquqi xalqlarning manfaatlarini, inson huquqlarini, tinchlik va adolatni himoya qilgani tufayli ta’qibga uchragan har bir chet ellik uchun davlat tomonidan kafolatlanadi”.
  • 1979 yil 24 oktyabrda qabul qilingan va 1989 yil 28 iyulda o‘zgartirilgan Eron Konstitutsiyasining 155-moddasi: “Agar shaxs Eron qonunlariga binoan xoin va sabotajchi sifatida qaralmasa, Eron Islom Respublikasi hukumati uni izlayotganlarga siyosiy boshpana berishi mumkin”.
  • 1991 yil 15 avgustda qabul qilingan va 2003 yil 6 mayda o‘zgartirilgan Laos Konstitutsiyasining 51-moddasi: “Laos Xalq Demokratik Respublikasi ozodlik, adolat, tinchlik va ilmiy sabablar uchun kurashgani tufayli ta’qibga uchragan chet elliklarga boshpana beradi”.
  • 1992 yil 13 yanvarda qabul qilingan Mongoliya Konstitutsiyasining 18-moddasi: “(4) fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga siyosiy birlashmalarda ishtirok etgani yoki e’tiqodi tufayli, siyosiy yoki boshqa faoliyati sabab ta’qibga uchraganlarga ularning asosli so‘rovi bo‘yicha Mongoliyada boshpana berilishi mumkin”.
  • Saudiya Arabistoni Maslahat kengashi asosiy tizimida 1992 yil 1 martda qabul qilingan va yangi Konstitutsiya deb yuritiladigan Qirol farmonining 42-moddasi: “Agar jamoat manfaati buni talab qilsa, Davlat siyosiy boshpana beradi. Qoidalar va xalqaro shartnomalar jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish bilan bog‘liq tartib-qoidalarga aniqlik kiritadi”.

 

Yevropa davlatlari tajribasi

 

Yevropa qit’asi davlatlarining bu boradagi tajribasi alohida diqqatni tortadi. Misol uchun:

  • 1998 yil 21 oktyabrda qabul qilingan Albaniya Konstitutsiyasining 40-moddasi: “Xorijliklar qonunga ko‘ra Albaniya Respublikasida panoh huquqiga ega”.
  • 1991 yil 12 iyulda qabul qilingan va 2007 yil 6 fevralda o‘zgartirilgan Bolgariya Konstitutsiyasining 27-moddasi: “(2) Bolgariya Respublikasida, xalqaro e’tirof etilgan huquq va erkinliklarni himoya qilish doirasida, har bir shaxs, ta’qibga uchraganida, o‘sha davlat qonunlari va xalqaro konvensiyalarga muvofiq, boshqa davlatlardan boshpana izlash va olish huquqiga ega”.
  • 1949 yil 20 avgustda qabul qilingan va 2007 yilda o‘zgartirilgan Vengriya Konstitutsiyasining 65-moddasi: “Qonun hujjatlarida belgilangan shartlarga muvofiq, Vengriya Respublikasi, agar ularning kelib chiqish mamlakati bo‘lmasa yoki boshqa davlat himoyani ta’minlamasa, Vengriya o‘z vatanida yoki mamlakatida irqi yoki millatiga ko‘ra ta’qibga uchraganlar, muayyan ijtimoiy guruhga mansubligi, diniy yoki siyosiy e’tiqodi tufayli quvg‘inga duchor etilishiga asosi bo‘lgan chet el fuqarolariga boshpana huquqini kengaytiradi”.
  • 1979 yil 6 dekabrda qabul qilingan va 1992 yil 27 avgustda o‘zgartirilgan Ispaniya Qirolligi Konstitutsiyasining 13-moddasi: “(4) Qonun boshqa mamlakatlardan kelgan fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Ispaniyada boshpana olish huquqidan foydalanishi mumkin bo‘lgan shartlarni belgilaydi”.
  • 1947 yil 22 dekabrda qabul qilingan va 2003 yil 12 iyunda o‘zgartirilgan Italiya Konstitutsiyasining 10-moddasi: “(3) o‘z mamlakatida Italiya Konstitutsiyasi bilan kafolatlangan demokratik erkinliklarning haqiqiy amalga oshirilishini rad etgan chet ellik, qonunda belgilangan shartlarga muvofiq, Respublika hududida boshpana olish huquqiga ega”.
  • 1991 yil 23 dekabrda qabul qilingan va 2006 yil 20 iyunda tahrir qilingan Sloveniya Respublikasi Konstitutsiyasining 48-moddasi: “Qonun doirasida boshpana huquqi inson huquqlari va asosiy erkinliklariga sodiqligi tufayli ta’qibga uchragan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun tan olinadi”.
  • 1990 yil 22 dekabrda qabul qilingan va 2001 yil 2 aprelda o‘zgartirilgan Xorvatiya Konstitutsiyasining 33-moddasi: “Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, agar ular siyosiy bo‘lmagan jinoyatlar v xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga zid bo‘lgan faoliyat uchun javobgarlikka tortilmasa, Xorvatiya Respublikasidan boshpana olishlari mumkin”.

 

Amerika qit’asi davlatlari tajribasi

 

Boshpana berishning aniq konstitutsiyaviy huquqini kafolatlashda Amerika qit’asi davlatlarining tajribasi, ayniqsa, e’tiborlidir. Jumladan:

  • 2009 yil 7 fevralda qabul qilingan Boliviya Konstitutsiyasining 29-moddasi: “xorijliklarning talab va mafkuraviy yoki siyosiy ta’qiblar uchun boshpana yoki siyosiy panoh olish huquqi qonunlar va xalqaro shartnomalarga muvofiq e’tirof etiladi”.
  • 1988 yil 5 oktyabrda qabul qilingan va 2010 yil mart oyida o‘zgartirilgan Braziliya Konstitutsiyasining 4-moddasi: “Braziliya Federativ Respublikasining xalqaro munosabatlari quyidagi tamoyillar asosida boshqariladi: (X) siyosiy boshpana berish konsepsiyasi”.
  • 1999 yil 15 dekabrda qabul qilingan Venesuela Konstitutsiyasining 69-moddasi: “(1) Venesuela Bolivar Respublikasi boshpana huquqini kafolatlaydi”.
  • 1985 yil 31 mayda qabul qilingan va 1993 yil 17 noyabrda o‘zgartirilgan Gvatemala Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasi: “Gvatemala boshpana huquqini tan oladi va uni xalqaro amaliyotga muvofiq beradi”.
  • 1991 yil 6 iyulda qabul qilingan va 2005 yil 22 iyulda o‘zgartirilgan Kolumbiya Konstitutsiyasining 36-moddasi: “Boshpana huquqi qonunda nazarda tutilgan chegaralar doirasida tan olinadi”.
  • 1992 yil 24 fevralda qabul qilingan va 2002 yil 26 iyunda o‘zgartirilgan Kuba Konstitutsiyasining 13-moddasi: “Kuba Respublikasi imperializm, fashizm, mustamlakachilik va neokolonializmga qarshi demokratik huquqlarga oid ideallari yoki kurashlari uchun; kamsitish va irqchilikka qarshi; milliy ozodlik uchun; ishchilar, dehqonlar va talabalarning huquqlari va talablari uchun; ularning ilg‘or siyosiy, ilmiy, badiiy va adabiy faoliyati; sotsializm va tinchlik uchun quvg‘in qilinganlarga boshpana beradi”.
  • 1983 yil 20 dekabrda qabul qilingan va 2003 yil 15 mayda o‘zgartirilgan Salvador Respublikasi Konstitutsiyasining 28-moddasi: “Salvador o‘z hududida yashashni istagan chet el fuqarosiga boshpana beradi, qonunlarda va xalqaro huquqda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno”.
  • 1992 yil 20 iyunda qabul qilingan Paragvay Respublikasi Konstitutsiyasining 43-moddasi: “Paragvay siyosiy sabablarga ko‘ra yoki tegishli umumiy jinoyatlari yoki fikri yo e’tiqodi tufayli ta’qibga uchragan shaxslarga hududiy va diplomatik boshpana huquqini beradi. Davlat organlari tegishli shaxsiy va xavfsizlikni ta’minlovchi hujjatlarni darhol berishi talab etiladi. Siyosiy boshpana berilgan hech kim hokimiyat uni ta’qib qilayotgan mamlakatga borishga majbur etilmaydi”.
  • 1998 yil 5 iyunda qabul qilingan Ekvador Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasi: “Siyosiy jinoyatlar uchun ta’qib qilingan ekvadorliklar boshpana so‘rash hamda ushbu huquqni qonun va xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshirish huquqiga ega. Ekvador boshpana uchun xorijliklar huquqini tan oladi”.

 

Afrika qit’asi davlatlari tajribasi

 

Afrika qit’asidagi davlatlarda ham boshpana berish konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash yo‘nalishida muayyan tajriba to‘plangan. Xususan:

  • 1992 yil 25 avgustda qabul qilingan Angola Konstitutsiyaviy qonunining 26-moddasi: “Har qanday chet ellik shaxs yoki fuqaro siyosiy sabablar bilan ta’qib qilingan taqdirda, amaldagi qonunlarga va xalqaro hujjatlarga muvofiq, unga boshpana so‘rash huquqi kafolatlanadi”.
  • 1990 yil 2 dekabrdagi referendumda qabul qilingan Benin Respublikasi Konstitutsiyasining ilovasi hamda Xalq va inson huquqlari bo‘yicha Afrika xartiyasining 12-moddasi: “(3) har bir shaxs, ta’qibga uchraganida, o‘sha davlat qonunlari va xalqaro konvensiyalarga muvofiq, boshqa davlatlardan boshpana izlash va olish huquqiga ega”.
  • 1992 yil 25 fevralda qabul qilingan Mali Konstitutsiyasining 12-moddasi: “(2) siyosiy yoki diniy e’tiqodi, etnik aloqasi tufayli ta’qib qilingan har qanday shaxs Mali Respublikasida boshpana huquqidan foydalanishi mumkin”.
  • 1990 yil 30 noyabrda qabul qilingan Mozambik Konstitutsiyasining 64-moddasi: “(2) Mozambik Respublikasi tinchlik uchun kurashgani tufayli quvg‘inga uchragan chet elliklar, demokratiya, milliy va ijtimoiy ozodlik yoki inson huquqlarini himoya qilgani sabab ta’qibga uchraganlarga boshpana beradi”.
  • 1990 yil fevralda qabul qilingan va 1998 yil 24 dekabrda o‘zgartirilgan Namibiya Respublikasi Konstitutsiyasining 97-moddasi: “Davlat ularning siyosiy e’tiqodlari, irqi, dini yoki ma’lum bir ijtimoiy guruhga a’zoligi asoslariga ko‘ra ta’qibdan qo‘rqqan shaxslarga boshpana beradi”.
  • Ruanda Respublikasining 2003 yil 26 mayda qabul qilingan yangi Konstitutsiyasi 25-moddasi: “Boshpana huquqi qonun bilan belgilangan sharoitlarda tan olinadi”.
  • 1996 yil 31 martda qabul qilingan Chad Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasi: “Boshpana huquqi qonunda belgilangan shartlar bilan chet el fuqarolari uchun beriladi. Siyosiy qochqinlarni ekstraditsiya qilish taqiqlanadi”.

Qaysi davlatlar Konstitutsiyalarida ekstraditsiya qilish taqiqlangan?

 

Ayrim davlatlarning Konstitutsiyalarida boshpana huquqi ko‘zda tutilmagan bo‘lishiga qaramay, siyosiy qochqinlarni qaytarib yubormaslik tamoyiliga amal qilish tajribasi ham kuzatiladi. Bunda o‘sha davlat Konstitutsiyasida ekstraditsiya taqiqlanganiga oid norma mavjudligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, Jazoirning 1976 yil 19 noyabrda qabul qilingan va 1996 yil 28 noyabrda o‘zgartirilgan Konstitutsiyasi 69-moddasiga muvofiq, “Hech qanday holatda, qonuniy boshpana huquqiga ega bo‘lgan siyosiy qochqinni topshirish yoki ekstraditsiya qilish mumkin emas”.

Suriya Arab Respublikasining 1973 yil 13 martda qabul qilingan va 2000 yil 11 iyunda o‘zgartirilgan Konstitutsiyasidagi siyosiy boshpana masalasiga bag‘ishlangan 34-moddasiga binoan, “Siyosiy qochqinlar siyosiy tamoyillari yoki erkinlikni himoya qilishlari sababli ekstraditsiya qilinishi mumkin emas”.

Birlashgan Arab Amirliklarining 1971 yil 18 iyulda qabul qilingan muvaqqat Konstitutsiyasi 38-moddasiga ko‘ra, “fuqarolar va siyosiy qochqinlarni ekstraditsiya qilish taqiqlanadi”.

Bahrayn Qirolligining 2002 yil 14 fevralda qabul qilingan Konstitutsiyasi 21-moddasi, Liviyaning 1969 yil 11 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyasi 11-moddasi, Tunis Respublikasining 1959 yil 1 iyunda qabul qilingan va 2008 yil 28 iyulda o‘zgartirilgan Konstitutsiyasi 17-moddasi, shuningdek, Quvayt davlatining 1962 yil 11 noyabrda qabul qilingan Konstitutsiyasi 46-moddasida ham siyosiy qochqinlarni ekstraditsiya qilish taqiqlangan.

 

G‘ulom MIRZO,

Oydin IBROHIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
matbuot xizmati xodimlari

O‘zA

 

Powered by GSpeech