O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish mazmun-mohiyati mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi

2022-yilning 1-iyul kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida mutaxassislar va Milliy kutubxona tizimidagi axborot-kutubxona markazlari xodimlari uchun Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamkorlikda onlayn va oflayn tartibda (ZOOM platformasi orqali) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish mazmun-mohiyati mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markaz direktori, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshabayeva, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori Hafisa Karimovalar so‘zga chiqib, bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda ro‘y berayotgan geosiyosiy vaziyatlar, eng avvalo, mamlakatimizni kelgusi besh yilda rivojlantirishga qaratilgan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi va unda belgilangan maqsadlarni amalga oshirish nafaqat qonunlarimizni mustahkamlashni, shu bilan birga, Bosh qomusimizda ham inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan normalarni yanada takomillashtirib, bugungi zamon talablariga moslashtirishni taqozo etayotganini ta’kidladilar.

    Shuningdek, o‘tgan vaqt davomida Konstitutsiyani takomillashtirish uchun fuqarolarga o‘z takliflarini bildirishning bir necha ko‘rinishdagi imkoniyatlari yaratilgani, jumladan, Meningkonstitutsiyam.uz portali hamda maxsus Telegram-bot  va call-markaz orqali takliflar qabul qilinayotgani ham aytib o‘tildi.

    O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1992-yil 8-dekabrda qabul qilinganidan buyon unga 16 marta o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan. Lekin bugungi kundagi konstitutsiyaviy islohotlar zamirida inson omili, uning manfaatlari asosiy o‘ringa qo‘yilgani bilan ham ahamiyatlidir.

    Ma’lumot o‘rnida aytish joizki,  Konstitutsiyani isloh qilish bo‘yicha 46 kishidan iborat konstitutsiyaviy komissiya bir oy ichida hujjat loyihasini ishlab chiqdi. Portal orqali fuqarolar va tashkilotlardan 60 mingdan ortiq takliflar qabul qilib olindi.

 

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi

Powered by GSpeech