Joriy yil 2-5 iyul kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Jenevaga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida xalqaro tashkilotlar va diplomatik missiyalar rahbarlari bilan hamkorlikda o‘zaro uchrashuv, amaliy muloqot hamda anjumanlar o‘tkazildi.
Xususan, 4 iyul kuni Butunjahon intellektual mulk tashkilotida “Konstitutsiyaviy islohot: inson qadri va huquqlarini ta’minlash – bosh maqsad” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Ushbu tadbirda Jenevada joylashgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohi, Parlamentlararo Ittifoq, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, Xalqaro mehnat tashkiloti, O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya, YuNISEF rahbariyati va xodimlari, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi, nohukumat tashkilotlar faollari, xorijiy davlatlarning Jenevadagi vakolatxonalari boshliqlari, Shveysariya ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Akmal SAIDOV, O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi:
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini isloh etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish jarayonida amaliy hayotimizning bosh qadriyatiga aylantirishdir. Chunki inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganlaridek, “insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak". Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi bilan bog‘liq taklif va tavsiyalar jamoatchilik e’tiboriga havola etilgani alohida e’tiborga sazovor.
Konstitutsiyamizga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritish taklif qilindi. Nega deganda, yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan.
Ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishini nazarda tutadigan “Miranda qoidasi” Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilmoqda. Shuningdek, “Xabeas korpus” institutini rivojlantirishga jiddiy ahamiyat berilmoqda.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotining barcha sohalarida ijobiy islohotlar amalga oshirilayotgani, eng muhimi, ana shu shiddatli o‘zgarishlarning markazida insonning asosiy huquqlari va erkinliklarini ta’minlash masalasi turgani xalqaro muloqot ishtirokchilari tomonidan mamnuniyat bilan ta’kidlandi. Xususan, mamlakatda gender tenglikka erishish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, so‘z erkinligini ta’minlash borasida muhim yutuqlar qo‘lga kiritilgani yuqori baholandi.
Ayniqsa, O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotning ustuvor tamoyillari va g‘oyalari BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarining “Hech kimni ortda qoldirmaslik” shiori bilan hamohang ekanligi alohida e’tirof etildi. Zero, bu muhim omil inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta’minlashda ulkan ahamiyat kasb etadi.
Martin CHUNGONG, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoev Janobi oliylarining mamlakatingiz konstitutsiyaviy asoslarini isloh etish va takomillashtirishga qaratilgan tashabbusi tahsinga sazovordir.
Asosiy Qonunga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tkazilayotgani va ushbu jarayonda jamoatchilikning keng ishtirok etayotgani, o‘z navbatida, bo‘lajak referendumning qonuniy negizda yuksak uyushqoqlik bilan o‘tishiga yo‘l ochadi. Taklif etilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar, hech shubhasiz, xalqaro standartlar talablariga mos keladi.
Dunyoning boshqa mamlakatlaridagi konstitutsiyaviy islohotlar sohasida Parlamentlararo Ittifoq to‘plagan tajriba O‘zbekistonning bu boradagi hozirgi qat’iy yo‘li va ibratli amaliyotiga juda ham monand hamda uyg‘un ekanini alohida ta’kidlayman. Shu ma’noda, “Inson sharafi va qadr-qimmati”ni bosh masala etib belgilagan holda, Asosiy Qonunga o‘zgartirishlar kiritish jarayonlarini izchillik bilan amalga oshirayotgan O‘zbekistonni boshqa ko‘plab mamlakatlarga namuna qilib ko‘rsatishdan sira ikkilanmayman.
Konstitutsiya – xalq uchun yoziladi. Mamlakatingizda bo‘lib o‘tayotgan umumxalq muhokamasi va kelib tushayotgan ko‘psonli takliflarning e’tibor bilan hisobga olinishi natijasida xalqaro standartlarga, eng muhimi, O‘zbekiston xalqining xohish-irodasi va orzu-istaklariga to‘liq mos keladigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi shakllantirilishi tayin.
Parlamentlararo Ittifoq O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot jarayonlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Biz bu borada har qanday texnik ko‘mak ko‘rsatishga hamisha tayyormiz.
Heynz KOLLER, Xalqaro mehnat tashkilotining Bosh direktori o‘rinbosari, Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori:
– Shu yil mart oyida O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifim samaralaridan juda ham xursandman. Mamlakatingizda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berilgani, «Cotton Campaign» tomonidan o‘zbek paxtasiga nisbatan boykotning bekor qilingani va pandemiya sharoitiga qaramay, yurtingizga Yevropa Ittifoqi tomonidan «GSP+» benefitsiari maqomi taqdim etilgani – bularning barchasini yuksak baholayman.
Bu salmoqli natijalar avvalo O‘zbekiston Prezidentining qat’iy va mustahkam siyosiy irodasi samaralaridir. Albatta, Prezidentning jamoasi, shu jumladan, barcha ijtimoiy sheriklari yaqin hamkorlikda tirishqoqlik bilan ishlaganini ham e’tirof etish kerak.
Keyingi davrda O‘zbekiston bilan Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasida ishonchli va o‘rnak olishga arzigulik amaliy munosabatlar qaror topdi. Mamlakatingiz bu borada chindan ham boy ijobiy tajriba to‘pladi. Ushbu ibratli amaliyot Xalqaro mehnat tashkiloti tarixidagi eng maqbul namunadir, desam, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Konstitutsiyaviy islohot haqida so‘z borganda, O‘zbekistonda Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari dasturilamal prinsiplarini konstitutsiyaviy normalar maqomida mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni astoydil ma’qullayman. Xususan, surunkali bolalar mehnati va majburiy mehnatni taqiqlash, ijtimoiy davlat g‘oyasi bilan sug‘orilgan konstitutsiyaviy normalar nihoyatda muhimdir.
Bunday yondashuv, bir tomondan, xalqning kundalik turmushini farovon etishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, mamlakat yalpi iqtisodiyoti yuksalishi yo‘lida ham ijobiy samaralar berishiga aminman.
Jianni MAGAZZENI, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Universal davriy sharh bo‘limi boshlig‘i:
– O‘zbekistonda inson qadri va huquqlarini himoya qilishga qaratilgan islohotlar amalga oshirilayotganini qo‘llab-quvvatlayman. Mamlakatingiz inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari yuzasidan Universal davriy sharh muhokamasi bo‘yicha katta ijobiy tajribaga ega.
Bu o‘rinda, ayniqsa, 2018 yilda O‘zbekiston Universal davriy sharhning uchinchi bosqichi doirasida taqdim etilgan 212 ta tavsiyamizdan 198 tasini qabul qilgani va amaliyotga tatbiq etgani yuksak bahoga sazovordir.
Universal davriy sharhning oldingi bosqichlari doirasida taqdim etilgan qonun ijodkorligi bilan bog‘liq takliflarimiz ham O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasida o‘z aksini topadi, deb umid qilaman.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Universal davriy sharh – BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining mexanizmi. Ushbu mexanizm doirasida bir yilda to‘rt marotaba BMTga a’zo 193 ta davlat tomonidan inson huquqlari sohasidagi majburiyatlari va vazifalari qanday bajarilayotgani muntazam ravishda sharhlab boriladi.
Universal davriy sharh har bir davlatga inson huquqlari sohasidagi vaziyatni yaxshilash maqsadida amalga oshiradigan sa’y-harakatlari haqida ma’lum qilishi, shuningdek, ayni sohadagi o‘z majburiyatlarini bajarishi uchun imkoniyatlar yaratadi.
Diego GARSIYA-SAYAN, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi:
– Fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklarini hamda advokatlar va sudyalarning mustaqilligini amalda ta’minlash juda muhimdir. Bu borada muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoev Janobi oliylarining bevosita rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijobiy yangilanishlar yuksak bahoga loyiqdir.
O‘zbekistonning yangi Prezidenti mamlakat boshquruviga kelgan davrdan e’tiboran yurtingiz hayotining barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlar shiddatli sur’atlarda amalga oshirilayotganini kuzatib kelmoqdamiz. Shu jumladan, ochiqlik va transparentlikni ta’minlash, sudyalar va advokatlarning mustaqilligiga erishish yo‘lida salmoqli odimlar qo‘yilganiga guvoh bo‘lib turibmiz.
O‘zbekistonga bundan uch yil oldin amalga oshirgan tashrifimni mamnunlik bilan eslayman. O‘shanda O‘zbekiston Prezidenti va tegishli muassasalar rahbarlari bilan samarali muloqotlar olib borgandik.
Fursatdan foydalanib, o‘zaro ishonchga asoslangan ana shu muloqotlarimiz o‘z mevasini berganini alohida ta’kidlamoqchiman. Chunki ayni vaqtda mamlakatingizda huquq ustuvorligini ta’minlash jarayonlari ijobiy tomonga izchil rivojlanayotganini ko‘rib turibmiz.
Mamlakatingizda o‘lim jazosi qo‘llanmasligi haqidagi normaning Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilishini olqishlayman. Albatta, “Xabeas korpus” institutini rivojlantirishga jiddiy ahamiyat berilayotgani va barcha shaxslarning mamlakat hududida erkin harakatlanishi kafolatlanayotgani ham nihoyatda ahamiyatlidir.
Konstitutsiyangizda qonun ustuvorligi prinsiplari o‘rnatilayotgani diqqatga sazovor. Ayniqsa, “O‘zbekiston – huquqiy davlat” tamoyilining yangilanayotgan Asosiy Qonunda o‘z aksini topishi havas qilsa arzigulikdir.
Shu o‘rinda Bosh Qomusingizda tom ma’nodagi huquqiy davlat barpo etishning kafolati bo‘lib xizmat qiladigan konstitutsiyaviy normalar qaror topishiga chin dildan tilakdoshman. Chunki buning natijasida sudyalar, yanada muhimi, advokatlarning haqiqiy mustaqilligi so‘zsiz ta’minlanadi.
Ruts DREYFUS, O‘lim jazosiga qarshi xalqaro komissiya Vitse-prezidenti, Shveysariyaning sobiq Prezidenti:
– Xalqaro komissiyamiz Markaziy Osiyoni o‘lim jazosidan xoli mintaqaga aylantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlaringizni qizg‘in qutlaydi. Ishonchim komilki, bu ezgu intilishlar o‘z samarasini beradi va Yevropa Ittifoqidan keyin Markaziy Osiyo o‘lim jazosini to‘liq taqiqlagan ikkinchi mintaqa maqomiga ega bo‘ladi.
O‘zbekiston ijtimoiy hayotining barcha sohalarida muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoev Janobi oliylari rahbarligida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni Shveysariya jamoatchiligi chuqur hayrat bilan kuzatib bormoqda.
Konstitutsiyaviy islohot asnosida O‘zbekistonning Asosiy Qonuniga o‘lim jazosi qo‘llanishining taqiqlanishiga oid norma kiritilayotganini to‘la qo‘llab-quvvatlayman. Bunday konstitutsiyaviy tuzatish Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy prinsipi bo‘lmish yashash huquqini ro‘yobga chiqarish imkonini beradi va buni ta’kidlayotganimdan mamnunman.
Anna-Katerin HANN, Fribur Universiteti professori (Shveysariya):
– Dastavval, Shveysariyada amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar va bu borada o‘zim to‘plagan tajriba haqida muxtasar to‘xtalaman.
Mamlakatimiz Asosiy Qonuni 1848 yilda tasdiqlangan bo‘lib, o‘tgan davrda unga bir necha bor o‘zgartirishlar kiritilgan. Shular orasida 1999 yilgi konstitutsiyaviy islohot alohida ahamiyatga ega.
Tahlillarimga ko‘ra, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot 1999 yilda Shveysariyaning yangilangan Konstitutsiyasini qabul qilish jarayonlariga juda o‘xshaydi. O‘shanda mamlakatimizda federal adliya isloh etilgan va shveysariyalik fuqarolarga qo‘shimcha siyosiy huquqlar berilgan.
Shveysariyaning Asosiy Qonunida, shuningdek, boshqa bir qator dasturilamal huquqlar kodifikatsiyalashtirilgan. Binobarin, bu huquqlarni ilgari faqat sud amaliyoti va qonunosti hujjatlar orqaligina bilganmiz.
Robert BLYUM, Jeneva Diplomatlar doirasi Prezidenti:
– Muhtaram Shavkat Mirziyoev Janobi oliylarining Prezident lavozimiga saylanishi va yurtingizda shiddatli islohotlar jarayonining boshlanishi timsolida O‘zbekiston qaytadan dunyoga keldi go‘yo. Shu nuqtai nazardan, davlatingiz rahbarining Konstitutsiyani takomillashtirish tashabbusini mamlakatingiz istiqboli yo‘lidagi o‘ta muhim qaror, deb hisoblayman.
Asosiy Qonunni o‘zgartirish jarayonlarining e’tiborga molik jihatlari bisyor. Ayniqsa, yangilanayotgan Konstitutsiyada “O‘zbekiston – ijtimoiy va huquqiy davlat” degan yangicha maqomni mustahkamlab qo‘yish bo‘yicha astoydil ish olib borilayotgani e’tirofga sazovor.
Konstitutsiyaviy islohot avvalo inson huquqlarini kafolatlashga qaratilganini alohida ta’kidlamoqchiman. Bu muhim jarayon O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish sohasida dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilot – BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zoligi davrida kechayotgani joriy islohotlarning ahamiyatini yanada oshiradi.
Prezidentingiz tanlagan yo‘l mamlakatni taraqqiyot, demokratiya va huquq ustuvorligi sari dadil boshlab borayotganini yaqqol ko‘rib turibman. Bu yo‘l, o‘z navbatida, O‘zbekiston jahon maydonida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishini ta’minlashiga ishonaman.
O‘zbekistonda 2021 yili bo‘lib o‘tgan Prezident saylovida shveysariyalik kuzatuvchilar missiyasi rahbari sifatida ishtirok etar ekanman, saylovning ochiqlik va transparentlik ruhida, barcha xalqaro demokratik standartlarga rioya etgan holda o‘tkazilganini kuzatish sharafiga muyassar bo‘lganman. Bu galgi ulkan siyosiy tadbirlar ham o‘shanday yuksak professional darajada tashkil etilishiga ishonchim komil.
Xalqaro davra suhbatida, shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari – Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G. Fozilov, Bosh prokuror o‘rinbosari E. Yo‘ldoshev va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori E. Tulyakov qatnashdi.
Tadbirda ishtirok etgan nufuzli xalqaro tashkilotlar namoyandalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotga o‘zlarining zarur ekspertlik ko‘magini ko‘rsatishga shayligini bildirdilar. Bunday amaliy yordam O‘zbekiston Prezidentining tashabbuslari to‘liq amalga oshishi uchun yo‘naltirilishi alohida ta’kidlandi.
G‘ulom MIRZO tayyorladi
Toshkent – Jeneva – Toshkent
- Qo'shildi: 07.07.2022
- Ko'rishlar: 5589
- Chop etish