SHUKRONALIK VA MEHR-OQIBAT AYYOMI

Istiqlol yillarida xalqimizning qadimiy va betakror bayramlaridan bo‘lmish muborak Ramazon va Qurbon hayitlarini munosib nishonlashga alohida e’tibor berilmoqda. Chunki har ikki hayit ayyomlarining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish juda muhim.

Xususan, yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga muvofiq, joriy yilda Qurbon hayitining birinchi kuni 9 iyul – shanba kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi tomonidan qabul qilingan qarorni inobatga olib, mamlakatimizda 2022 yil 9 iyul kunini Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlash belgilandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 dekabrdagi “2022 yildagi rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, Qurbon hayitini mamlakatimizda munosib nishonlash, shu ulug‘ bayram kunlari mo‘tabar yodgorlik va qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida, 2022 yil 11-12 iyul kunlari ham yurtdoshlarimiz dam olish imkoniga ega bo‘ldilar.

Bu hayitning eng muhim tadbiri – qurbonlik qilishdir. Shuning uchun bu haqda muxtasar ma’lumot taqdim etilmoqda.

 

Qurbonlik shartlari va odoblari

 

Butun muslmon olami Qurbon hayitini katta bayram sifatida qarshi oladi. Bu bayramda qurbonlik qilinadi. Quyida shu haqda ma’lumot beramiz.

Qurbonlik Islom dinining vojib bo‘lgan ulug‘ amallaridan biridir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling” (Kavsar surasi, 2-oyat). Qurbonlik lug‘atda “yaqinlashmoq”, “yaqin bo‘lmoq” ma’nolarini bildirib, istilohda bu so‘z Allohga qurbat hosil qilish maqsadida jonliq so‘yishni anglatadi.

Sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qurbon hayiti kuni erta bilan o‘zlari qurbonlik qilardilar va boshqalarni ham kurbonlik qilishga targ‘ib etardilar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Imkoniyati bo‘la turib, qurbonlik qilmagan kimsa namozgohimizga yaqinlashmasin”, deganlar (Imom Ahmad, Ibn Moja rivoyati). Boshqa bir hadisda esa: “Har kim qurbonlik qilishga qodir bo‘lsa-yu, qurbonlik qilmasa, vafotidan keyin majusiylar yoki nasroniylar qatorida tiriladi”, dedilar.

 

Qurbonlik tarixiga bir nazar

Qurbonlik hijriy ikkinchi yil vojib bo‘lgan bo‘lsa-da, lekin uning tarixi  Ibrohim alayhissalom zamonlariga borib taqaladi va u zotdan bizga qolgan amallardandir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

Qurbonlik qilishdan maqsad nima?

Qurbonlik qilishdan maqsad banda o‘zining Alloh amriga itoatini, taqvosini namoyon etishdir. Alloh taolo banda so‘ygan hayvonning go‘shtiga ham, qoniga ham muhtoj emas: «Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!» (“Haj” surasi, 37-oyat).

Shuningdek, qurbonlik qilish Alloh taoloning amrini ado etishga bandaning tayyor ekanini ko‘rsatadi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgani uchun Alloh taologa shukr etish bo‘ladi. Allohning yo‘lida jonliq so‘yib, beva-bechoralarni to‘yg‘azish shukrning bir ko‘rinishidir.

Qolaversa, bu amalni bajarishda Alloh taoloning buyukligi va dinining ulug‘ligi zohir bo‘ladi.

 

Qurbonlik kimlarga vojib?

Qurbonlik zimmaga vojib bo‘lishi uchun 4 narsa topilishi shart.

  1. Musulmon bo‘lishi. Chunki qurbonlik qurbat bandani Alloh taologa yaqin qiluvchi ibodat bo‘lib, kofir unga ahl emas (Badoe’us sanoe’).
  2. Ozod bo‘lish. Chunki qulning mulki bo‘lmaydi (Al bahrur roiq).
  3. Nisob egasi bo‘lish.
  4. Muqim bo‘lish. Musofirga qurbonlik vojib emas.

 

Qurbonlik qilinadigan hayvonlar

Qurbonlik quyidagi hayvonlardan birini so‘yish bilan ado etiladi:

Qo‘y (qo‘y deyilganda echki ham tushuniladi), qoramol va tuya. Ushbu hayvonlardan boshqa hayvonlar qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi.

Qo‘yda yolg‘iz bir kishi, qoramol va tuyada esa bir kishidan yetti kishigacha sherik bo‘lib ado qilish mumkin. Qo‘y olti oylik va undan katta bo‘lishi shart. Qoramol ikki yosh va undan katta bo‘lishi, tuya besh yosh va undan katta bo‘lishi zarur.

Shu bilan birga, qurbonlikka so‘yiladigan hayvon semiz, yo‘g‘on va yoshi katta bo‘lishi afzal sanaladi. Qurbonlikka yaramaydigan aybi yoki nuqsoni bor hayvonlarni so‘yishdan ehtiyot bo‘lish lozim.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “To‘rt nafar hayvon qurbonlikka yaramaydi: ko‘zi ko‘rligi bilinib turgan (aybli) hayvon, kasali zohir kasal hayvon, cho‘loqligi zohir cho‘loq va o‘rnidan tura olmaydigan o‘ta ozg‘in hayvon”, deganlar» (Imom Termiziy rivoyati).

Qurbonlik qilinadigan hayvon aybdan xoli bo‘lishi lozim. Qurbonlik qilinadigan hayvonning qulog‘i,  dumi yoki ko‘zining bir qismidan ko‘prog‘i yo‘q bo‘lsa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.

Kasal, cho‘loq va ozg‘in hayvonlar so‘yadigan joyga o‘z oyog‘i bilan yurib bora olmasa, qurbonlikka so‘yish mumkin emas.

 

Qurbonlik qilish vaqti

  • qurbonlik hayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanadi.
  • uchinchi hayit kunining quyoshi botishi bilan tugaydi.

 

Qurbonlikning qiymatini sadaqa qilish mumkinmi?

Qurbonlik talab etilgan jonliqlardan birini so‘yish orqali ado etiladi. Jonliqni so‘ymay, jonliqni yoki uning miqdoriga teng mablag‘ni berish qurbonlik hisoblanmaydi. Bu sadaqa hisoblanadi.

 

Qurbonlik odoblari

Qurbonlik qilish vojib bo‘lgan kishi quyidagi odoblarga rioya qilishi lozim:

Avvalo – Qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to‘g‘ri, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo‘lishi lozimdir. Boshqalar “ko‘rsin” yoki “eshitsin”, degan niyatdan yiroq bo‘ladi.

Ikkinchi odob – qurbonlik qiluvchi soch, soqoliga va badaniga hech narsa tekkizmasligi.

Qurbonlik qilishni iroda qilgan kishi zulhijja oyining birinchi kunidan boshlab, to hayit kuni qurbonlikni bajargunga qadar soch-saqolini olmaydi va badanining boshqa joylariga ham tig‘ tekkizmasligi mustahabdir.

Uchinchi odob – qurbonlik qilishda ayb va nuqsoni bor hayvonni qurbonlik qilishdan saqlanish.

To‘rtinchi odob – qurbonlikni o‘z qo‘li bilan qilish. Qurbonlik qiluvchi o‘z qo‘li bilan so‘yishi mustahabdir. Ammo o‘zi so‘yishni bilmasa yoki boshqa sabablarga ko‘ra  boshqaga so‘ydirishning zarari yo‘q.

Beshinchi odob – qurbonlikning vaqtini rioya qilish.

Oltinchi odob — so‘yish odoblariga rioya etish.

Hayvonlarni so‘yishning o‘ziga xos odoblari, mustahablari bordir. Tuyani tik turgan holida oldingi chap oyog‘ini bog‘lab, bo‘ynining pastidan, ko‘kragi tomondan so‘yish, qoramol va qo‘ylarni esa chap tomoni bilan yotqizib, tomog‘ining tagidan so‘yish, pichoqning o‘tkir bo‘lishi, uni so‘yiladigan hayvonning oldida o‘tkirlamaslik, boshqa hayvonning ko‘z oldida so‘ymaslik shular jumlasidandir.

 

 

Powered by GSpeech