O‘ZBEKISTONDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN O‘ZGARISHLAR BARQAROR VA ORTGA QAYTMAS MAZMUNGA EGA
XORIJIY DAVLATLARNING EKSPERT, JAMOATCHILIK, ISHBILARMON DOIRALARI VAKILLARI 1-2 IYUL KUNLARI QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASIDA SODIR BO‘LGAN VOQEALARGA O‘Z MUNOSABATINI BAYON ETAR EKAN, MAMLAKATIMIZ RAHBARIYATI TOMONIDAN QONUNCHILIK VA HUQUQ-TARTIBOTNI TA’MINLASH BORASIDA AMALGA OSHIRILAYOTGAN CHORA-TADBIRLARNI QO‘LLAB-QUVVATLASHINI BILDIRMOQDA.
Janubiy Kavkazni o‘rganish markazi rahbari, siyosatshunos Farhod Mamedov (Ozarbayjon) O‘zbekiston Markaziy Osiyoda mintaqaning barcha mamlakatlari bilan chegaradosh yagona davlat ekaniga e’tibor qaratib, respublika barqarorligini izdan chiqarishga urinish butun mintaqaga ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lganini ta’kidlagan. Bundan manfaatdor bo‘lgan kuchlar o‘ziga xos tarix va ulkan hududga ega, mamlakatning eng kam aholisi yashaydigan Qoraqalpog‘istonni tanlagan. Hududda Orol dengizi qurishi tufayli yuzaga kelgan turli muammolar, xususan, ishsizlik bilan bog‘liq ob’ektiv qiyinchiliklar mavjud.
“Shu bilan birga, so‘nggi besh yil davomida hudud mahalliy byudjetiga bir milliard dollarga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi, — deydi ekspert. — Ishsizlik muammosini hal etish maqsadida korxonalar, qishloq xo‘jaligi klasterlarini tashkil etish rag‘batlantirilmoqda, infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda. Orol dengizining qurib qolgan qismida millionlab tup daraxtlar ekilmoqda. Orolbo‘yi o‘simlik va hayvonot dunyosi, ekotizimini tiklash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda.
Hudud sobiq sovet davridan beri mavjud bo‘lgan muammolar iskanjasidan chiqmoqda. Aynan bunday sa’yharakatlar natijalari O‘zbekiston yetakchisiga tashqaridan uyushtirilgan muammoni tezkor va tag-tugi bilan hal etish imkonini berdi. Mamlakat rahbariyati har qanday tahdidga munosib javob berish uchun siyosiy iroda, resurslar va eng muhimi, qonuniy asoslarga ega ekanini namoyish etdi”.
Qozon federal universiteti kafedra mudiri, Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti ilmiy dasturlar direktori, siyosiy fanlar doktori, professor Andrey Bolshakovning (Rossiya) ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Nukusga shaxsiy tashriflari Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni tezkorlik bilan barqarorlashtirishga imkon berdi. O‘zbekiston rahbari Konstitutsiyaviy qonun loyihasidan Qoraqalpog‘istonga oid moddalarni olib tashlash fikrini ilgari surdi va parlament bu takliflarni qo‘llabquvvatladi.
“O‘zbekistonda iqtisodiyotning barcha sohasi izchil isloh qilib kelinmoqda, —dedi ekspert. — Qoraqalpog‘iston Respublikasi shu ma’noda juda murakkab hudud hisoblanadi. Orol dengizining qurishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik muammolar tufayli mahalliy aholining qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanish imkoniyatlari chegaralangan. So‘nggi yillarda O‘zbekiston rahbariyati mazkur vaziyatni o‘nglash uchun tizimli tarzda harakat qilmoqda. Qoraqalpog‘istonda Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, sement zavodlari, “Nukus-polimer” MChJ, televizor, changyutkichlar ishlab chiqaruvchi korxonalar, metall-konstruksiya zavodi, tikuvchilik fabrikalari kabi qator yirik majmualar faoliyat yuritmoqda. Ularning barchasi ichki va xorijiy sarmoyalar jalb qilish orqali yanada rivojlanmoqda.
Masalan, so‘nggi 5 yilda O‘zbekiston ushbu hududga 1 milliard dollarga yaqin sarmoya kiritdi. Mamlakatning barcha viloyatlarida bo‘lgani kabi bu yerda ham mavjud qiyinchiliklarga barham berish va taraqqiyotni ta’minlashga harakat qilinmoqda. Hududda kichik biznes rivoj topmoqda, ijtimoiy nafaqalar taqdim qilinmokda, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash muammosi hal etilmoqda. O‘zbekiston hukumati, ayniqsa, Qoraqalpog‘istonning ish o‘rinlari yetarli bo‘lmagan tumanlarini rivojlantirishga intilmoqda”.
Shuningdek, professor Andrey Bolshakov Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlarni to‘xtata olmasligini ta’kidladi. Mamlakat aholisi, millati va e’tiqodidan qati nazar, yangilanishlar jarayonini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu esa O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar va butun modernizatsiya jarayonining muvaffaqiyati uchun o‘ta muhimdir.
Tojikiston Milliy Fanlar akademiyasi Osiyo va Yevropa mamlakatlari instituti katta ilmiy xodimi Viktor Kimning qayd etishicha, Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar barqaror va ortga qaytmas mazmunga ega ekanini, hech qanday buzg‘unchi kuchlar yangi O‘zbekiston qurish bo‘yicha ijobiy jarayonga xalaqit bera olmasligini ko‘rsatdi.
— O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev muntazam tarzda “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak“ligini ta’kidlab keladi. Mamlakat hukumatining so‘nggi yillardagi barcha amaliy harakatlari aynan shu maqsadni amalga oshirishga qaratilgan, — deydi ekspert. — Zamonaviy O‘zbekiston — bu markazda ham, olis hududlarda ham bir xil turmush darajasini ta’minlashga erishayotgan davlatdir. Qoraqalpog‘iston misolida hududlar so‘nggi yillarda qanday ijobiy tomonga o‘zgarganini ko‘rish mumkin. Nafaqat hudud qiyofasi o‘zgarib, yangi binolar va yo‘llar qurildi, shahar va qishloqlarning obod qiyofasiga erishildi, balki jamiyat, oila, inson hayotining barcha jabhasida sifatli o‘zgarishlar ro‘y berdi. So‘nggi besh yilda hududga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi, 65 ming oilaga, jumladan, nogironligi bor bolalari 16 yoshgacha bo‘lgan 17 ming oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi. Har yili yangi ish o‘rinlari, xususan, zamonaviy qishloq xo‘jaligi klasterlari, qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda.
Davlat ekologik tizimni tiklashni eng muhim vazifa deb bilmoqda. Orol dengizi mintaqasi nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro hamjamiyatning dolzarb muammosidir. O‘zbekiston rahbari yuqori xalqaro minbarlardan turib, ushbu mintaqaviy muammoni birgalikda hal etish zarurligini asoslab bermoqda.
O‘zbekistonda 2022 yilga kelib yangilanishlar sur’ati shu darajaga yetdiki, ijobiy o‘zgarishlar orqaga qaytarib bo‘lmas mazmun kasb etdi, yangi O‘zbekiston qurilishi esa hozirdanoq haqiqatga aylandi. Mamlakatda islohotlar rivojining yangi bosqichiga o‘tish uchun erishilgan muvaffaqiyatlarni konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash zaruriyati paydo bo‘ldi. Shu bois O‘zbekiston rahbari 2021 yil dekabr oyida mamlakatning amaldagi Konstitutsiyasini yangilash tashabbusi bilan chiqdi. U ilgari amalda bo‘lgan “Davlat — jamiyat — shaxs” tamoyilini yangi “Inson — jamiyat — davlat” tamoyiliga almashtirishni o‘ta muhim, deb hisoblaydi. Iqtisodiy islohotlar jarayonida esa inson manfaatlarini ta’minlash asosiy mezon bo‘lishi kerak.
O‘zbekiston Prezidentining iyul voqealariga tezkor munosabati respublikada barqarorlik, tinchlik va totuvlikni saqlashga qaratilgan ijobiy o‘zgarishlar uchun tanlangan yo‘nalish o‘zgarmasligining yana bir bor tasdig‘i bo‘ldi. Davlat rahbari Qoraqalpog‘istonning taqdiri O‘zbekiston taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi butun o‘zbek xalqining baxti va farovonligi ekanini alohida ta’kidladi.
Jorj Vashington universiteti Xalqaro munosabatlar maktabi professori Jeyms Durso (AQSh):
— AQSh hukumatining Nukusdagi voqealarga munosabati O‘zbekistonning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini yaqqol tasdiqladi. AQShning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasida mintaqa davlatlarining mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga ustuvor ahamiyat beriladi.
Qoraqalpog‘iston mamlakat Prezidenti uchun doimo ustuvor hudud bo‘lib kelgan. Qoraqalpog‘iston Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylanganidan keyin tashrif buyurgan birinchi hudud bo‘ldi. So‘ngra ekologik halokatga uchragan hududni rivojlantirishga qaratilgan Orol mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondi tashkil etildi. Prezidentning notinchlik boshlangan kunning ertasigayoq Nukusga odamlar bilan muloqot qilish uchun uchib kelgani, albatta, davlat rahbarining hudud ahli haqidagi g‘amxo‘rligini, qoraqalpoq xalqiga bo‘lgan e’tiborini ifodalaydi.
Davlat rahbariyatining mazkur voqealarga ochiq munosabati, albatta, butun O‘zbekiston, jumladan, Qoraqalpog‘iston aholisining ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Surishtiruv ishlarini ochiq va xolis o‘tkazish ham bunda ahamiyatlidir. O‘zbekiston hukumati saylov natijalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatish tajribasiga ega. Bunday munosabat o‘tgan yilgi Prezident saylovida ham namoyish etildi. Demakki, ochiq jarayon olib borish uchun yaxshi misol bor.
Pitsburg universiteti professori, Jamoatchilik va xalqaro munosabatlar maktabi Xalqaro taraqqiyot dasturi direktori Jennifer Murtazashvili “Foreign Policy” jurnalida chop etilgan maqolasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev izchil iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirib, mamlakat chegaralarini ochgani, valyutani liberallashtirgani, ommaviy axborot vositalari erkinligini ta’minlaganini ta’kidlagan. Shuningdek, u mazkur islohotlar iqtisodiy o‘sishning yuqori darajasini ta’minlab, dunyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama munosabatlar mustahkamlanishi sharoitida yangi xorijiy investitsiyalar jalb etganini ta’kidlagan.
Mutaxassis Prezident Qoraqalpog‘istonga yirik miqdorda sarmoyalar kiritgani, ushbu mablag‘lar Nukus shahri bilan cheklanib qolmagani, balki Mo‘ynoq, Qo‘ng‘irot, To‘rtko‘l kabi shaharlarga yetib borganiga alohida e’tibor qaratgan. Xususan, nashrda Mo‘ynoq shahri toza ichimlik suvi bilan ta’minlangani, mahalliy aeroport faoliyati qayta tiklangani ma’lum qilingan. “So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda ilgari biron-bir kishi bashorat ham qila olmagan yangilanish davri yuz berdi”, deb qayd etgan ekspert.
Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti raisi Frederik Starr (AQSh) kutilmaganda yuzaga kelgan inqiroz ijobiy o‘zgarishlarga aylanishi mumkinligini ta’kidlagan. Chunki bugungi kunda O‘zbekistonda barcha sohada faol islohotlar olib borilmoqda. “Mamlakat islohotlar jarayonida faollik ko‘rsatmoqda. Shunday ekan, institutsional islohotlar ham, investitsiyalar jalb etish istiqboli ham ravshan. Bu sa’y-harakatlar davlat sektorini ham, xususiy sektorni ham qamrab olishiga ishonaman”, dedi professor.
“O‘zbekiston aniq natijalarga olib keladigan pragmatik va amaliy yechimlar qabul qiladi, deb hisoblayman. Biroq bu jarayon katta e’tibor va vaqt talab etadi”, deb ta’kidladi amerikalik ekspert.
Frederik Starrning urg‘ulashicha, “O‘zbeklar va qoraqalpoqlar yuzlab, minglab yillar davomida yonma-yon, birga yashab kelmoqda. Bu esa sodir bo‘lgan qayg‘uli voqeani o‘tmishda qoldirish uchun zarur bo‘lgan barcha yangi ijobiy o‘zgarishlarga asos bo‘la oladi”.
Pokistonning O‘zbekistondagi sobiq elchisi (2013 — 2018 yillar), Pokiston Tashqi ishlar vazirligi xuzuridagi Tashqi ishlar kengashi a’zosi Riyoz Buxoriyning so‘zlariga ko‘ra, “aldangan va noto‘g‘ri ma’lumotlar ta’siriga tushib qolgan yoshlar o‘z xatosini tezda tushunib yetadi”.
“O‘zbekiston bu vaziyatdan yanada kuchliroq bo‘lib chiqishiga ishonaman, — deydi ekspert. —O‘zbek birodarlarimizga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida porloq kelajak, birdamlik, tinchlik va farovonlikka erishishini tilayman”.
Janubiy Osiyo tadqiqotlari va xalqaro munosabatlar markazi prezidenti Said Amir Jaffri (Pokiston):
— Qoraqalpog‘istondagi voqealar ortida mintaqaviy va Yevroosiyo integratsiyasini mustahkamlashni istamaydigan, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik loyihalari, Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilayotgan kuchlar turibdi.
Pokistonliklar O‘zbekiston rahbariyatining sa’y-harakatlarini va mamlakat Prezidentining Nukusda bildirgan muhim fikr-mulohazalarini, shuningdek, Qoraqalpog‘istonda favqulodda holat joriy etilganini qo‘llab-quvvatlamoqda.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar qisqa vaqt ichida vaziyatni barqarorlashtirish imkonini beradi.
Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida qizilmiya ildizini ekish, yetishtirish, qayta ishlash va xalqaro bozorlarga eksport qilish loyihasini amalga oshirayotgan “Issa Global Pte. Ltd” kompaniyasi (Singapur) direktori Yusuf Muhammad:
— Nukusdagi voqealarni yuragimdagi dard bilan qabul qildim. Biz o‘z tajribamizdan bilamizki, bu hol Qoraqalpog‘istonning halol, mehnatkash va o‘ta ochiq fuqarolari bilan sodir bo‘lishi mumkin emas edi. Bu esa Nukusda bir guruh bosqinchilar harakat qilgani, ular tashqaridan boshqarib turilgani, qonunga zid to‘qnashuvlar uyushtirgani, jamiyatni parchalash, O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish maqsadida davlat hokimiyati organlarining binolarini zo‘ravonlik bilan egallashga urinishlar qilganidan dalolat berib turibdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rgan tezkor chora-tadbirlari, Nukus shahriga amalga oshirgan tashriflari, faollar, Jo‘qorg‘i KenGES deputatlari, keksa avlod vakillari, qator turarjoy dahalaridagi aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazgani samarasida ig‘vogarlarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi, ko‘p millatli xalqning tinch va farovon hayoti tiklandi, deb ta’kidlamoqchiman.
Biz Qoraqalpog‘istondagi tinch va xavfsiz vaziyatdan kelib chiqib, respublikaning porloq kelajagiga ishonamiz va kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish bo‘yicha rejalarimizni amalga oshirishda davom etamiz.
Xolon texnologiya instituti prezidenti, professor Eduard Yakubov (Isroil):
— O‘zbekistonda tug‘ilib, ushbu zaminda qariyb qirq yil yashadim. O‘ttiz yildan ortiq vaqtdan beri oilam bilan respublikadan tashqarida istiqomat qilyapman. Men O‘zbekistonni juda yaxshi ko‘raman, unga chin dildan intilaman va uning muvaffaqiyatlaridan doimo xursandman.
Bugungi kunda “Inson — jamiyat — davlat” kabi asosiy tushunchalar birinchi o‘ringa chiqmoqda. Gap shaxsning huquq va erkinliklari va uning har tomonlama rivojlanish shartsharoitlari, jamiyatning shaxs oldidagi roli va mas’uliyati, davlatning shaxs va jamiyat oldidagi burchi haqida bormoqda. Ushbu asosiy tushunchalar o‘rtasidagi uyg‘unlikni topish, hayotni har tomonlama yaxshilash uchun manfaatlar muvozanati vektoridan foydalanishga erishish lozim. Aynan mana shu fundamental omillar mamlakat Asosiy Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etmoqda.
O‘zbekiston xalqi Bosh qomusga kiritish taklif etilayotgan o‘zgartishlarni ochiq muhokama qilish, shuningdek, bu boradagi takliflarini bildirish imkoniyatiga ega. Bu umume’tirof etilgan demokratik qoidalar doirasida, ochiq va oshkora amalga oshirilmoqda. Respublika fuqarolarining aksariyat qismi aynan shunday imkoniyatdan foydalanmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida insonlar qurbon bo‘lishiga olib kelgan zo‘ravonlik harakatlari va tartibsizliklar mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishning tinch, amaliy va qonun doirasidagi muvozanatli muhokama jarayonida kutilmagan voqea bo‘ldi.
O‘zbekiston xalqlarining tarixi bag‘rikenglik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlashning ajoyib namunasidir. Dono oqsoqollar barcha nizo va muammolarni faqat tinch yo‘l bilan, ularning sabab va oqibatlarini chuqur tahlil qilish orqali, ezgu niyat va toza fikr bilan hal etishga chaqirib kelgan. Bu, istisnosiz, mintaqadagi barcha xalqlar uchun o‘rnak olsa arziydigan qadriyatdir. Barchani, aziz vatandoshlarim, do‘stlarim va hamkasblarimni O‘zbekistonimiz, yangi obod O‘zbekistonimizni asrab-avaylashga va mustahkamlashga chaqiraman!
«Dunyo» AA.
- Qo'shildi: 13.07.2022
- Ko'rishlar: 4256
- Chop etish