Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyani tatbiq etish jarayonlari davom etmoqda

O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar davom etmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini e’lon qildi.

Konstitutsiya mazmuniga “Inson – jamiyat – davlat” degan yondashuv chuqur singdirilib, amaliy hayotda bosh qadriyatga aylanmoqda. Insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururining barcha sohalarda birinchi o‘ringa qo‘yilishi konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda.

Konstitutsiyaviy islohotlarning bosh g‘oyasi “Barpo etilayotgan Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati – hamma narsadan ustun!” tamoyilidir. Konstitutsiya moddalarida:

  • “Miranda qoidasi”,
  • “Xabeas korpus” instituti,
  • fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, xususiy mulk himoyasini ta’minlash,
  • tovarlar, xizmatlar, ishchi kuchi va moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishi,
  • tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olish huquqi,
  • erkin va halol raqobatning himoya qilinishi,
  • yerning xususiy mulk bo‘lishi,
  • ayollar, bolalar, yoshlar va nuroniylar, migrantlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari himoya qilinishi batafsil mustahkamlanmoqda.

Insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlarini himoya qilishning huquqiy mexanizmi Konstitutsiya darajasida takomillashtirilmoqda. Ekologik huquqlar himoyasi Konstitutsiyada ilk bor o‘z ifodasini topmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning jami 78 bandidan 62 bandi (79%) bo‘yicha ijro muddati yakunlangan. Shundan:

  • 6 ta band bo‘yicha ijro muddati uzaytirilgan;
  • 60 ta band (77%) bo‘yicha ishlar bajarilgan;
  • 4 ta band bo‘yicha ishlar muddatidan oldin bajarilgan;
  • 18 ta bandni (23%) amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Milliy strategiya bilan jami 12 ta kodeks va 33 ta qonun hujjatlarini qabul qilish nazarda tutilgan. Shundan 5 tasi yangi kodekslar, 20 tasi yangi qonun hujjatlari, 7 tasi yangi tahrirdagi kodekslar va 9 tasi yangi tahrirdagi qonunlardir.

Shuningdek, Milliy strategiya tadbirlari doirasida 8 ta xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish belgilangan. Ularning 3 tasi bugunga qadar ratifikatsiya qilingan.

Hozirgi kunda 2 ta kodeks Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va Senat tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining 11 ta qonuni qabul qilingan. Xususan:

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonuni (yangi tahriri);

“Favqulodda holat to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni (yangi tahriri);

“Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni (yangi tahriri);

“Aholi bandligi to‘g‘risida”gi;

“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi (yangi tahriri);

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi;

“O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi;

“O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi;

“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi;

“Bola huquqlarining kafolatlarini ta’minlash tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi;

“O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Bundan tashqari, 10 ta yangi qonunni qabul qilish jarayoni jadal bormoqda. Bu o‘rinda “Sudyalar hamjamiyati organlari to‘g‘risida”gi, “Xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “Bepul yuridik yordam to‘g‘risida”gi, “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi, “Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi, “Advokatura va advokatlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi, «O‘zbekiston Respublikasida ommaviy tadbirlar to‘g‘risida»gi, “Prokuratura organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonun loyihalari ishlab chiqilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 25 martdagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qaror bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” tashkil etildi.

Shuningdek, Markazga inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazani tizimlashtirish, o‘quv, ilmiy-uslubiy va ommabop nashrlar hamda xalqaro shartnomalarning davlat tilidagi to‘plamlari doimiy chop etilishini ta’minlash, inson huquqlarini ta’minlashga oid islohotlarning xronologiyasini yuritish, fuqarolar va ilmiy tadqiqotchilarga inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratish vazifalari yuklatildi.

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya etish masalalariga bag‘ishlangan 40 dan ziyod amaliy qo‘llanma, sharh va uslubiy adabiyotlar nashr etildi va 80 dan ortiq davlat tashkilotlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlariga tarqatildi.

2022 yil 19-20 may kunlari “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va mazkur sohada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi masalalari” mavzusida vazirlik va idoralarning jamoatchilik bilan aloqalar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar uchun mas’ul xodimlar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etildi.

2022 yil 26-27 may kunlari Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi. Bosh prokuratura Akademiyasida o‘tkazilgan ushbu mashg‘ulotlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan prokuratura organlarining tergov tarmoqlari ustidan nazorat bo‘limi, o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi prokurorlari jalb etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun 2022 yil aprelida kuchga kirdi. Bundan ko‘zlangan maqsad qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini huquqiy mustahkamlashdir.

2022 yil 10 mart kuni paxtadan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va ular bilan savdo qiluvchi jahondagi yetakchi 331 ta kompaniyani birlashtiruvchi Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnati batamom bartaraf etilganini tan olib, O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan boykotni bekor qildi.

Bularning barchasi Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lidagi qamrovdor va tizimli islohotlar samarasidir.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech