O‘ZBEKISTON PREZIDENTINING TASHABBUSI MARKAZIY VA JANUBIY OSIYO O‘RTASIDAGI MUNOSABATLARDA YANGI DAVRNI BOSHLAB BERADI
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyusiya bir ovozdan ma’qullandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yana bir muhim xalqaro tashabbusi amalga oshgani nafaqat yurtimizda, shuningdek, xorijda ham katta mamnuniyat bilan kutib olindi. Jumladan, jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalari hamda taniqli ekspert va tahlilchilar mazkur rezolyusiyaning ahamiyati haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqda.
Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositasi — “Sinxua” axborot agentligida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha maxsus rezolyusiya bir ovozdan ma’qullangani haqida maqola e’lon qilindi. Nashrda mazkur rezolyusiyani qabul qilish va unda Markaziy hamda Janubiy Osiyo mintaqalari o‘rtasidagi muloqotning umumiy yondashuvlari, asosiy tamoyillari va yo‘nalishlarini birlashtirish tashabbusi O‘zbekiston Prezidenti tomonidan 2021 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuidagi Toshkent xalqaro konferensiyasida ilgari surilgani qayd etilgan.
“Jenmin jibao” gazetasida O‘zbekiston tomonidan 40 ta davlat bilan hammualliflikda ishlab chiqilgan mazkur rezolyusiyani BMTga a’zo barcha davlatlar bir ovozdan ma’qullagani alohida ta’kidlangan. “Mazkur rezolyusiya BMTga a’zo barcha davlatlarni Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikka oid umumiy xavflar hamda tahdidlarga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga chaqiradi”, deb yoziladi Xitoy nashrida.
Nashrlarda, shuningdek, BMTga a’zo davlatlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida 2022 yilni “O‘zaro uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash yili” deb e’lon qilish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatlagani ta’kidlangan.
“Mazkur rezolyusiyaning BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan qabul qilingani O‘zbekiston rahbariyatining tinchlik va do‘stlik, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, mintaqalararo savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish uchun qulay shartsharoitlar yaratish, barqarorlik va xavfsizlikka umumiy xavf va tahdidlarga qarshi kurashda sa’y-harakatlarni birlashtirish, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan davlat siyosati xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganining yorqin ifodasidir”, deb yozadi Xitoy ommaviy axborot vositalari muxbirlari o‘z xulosalarida.
Tehronda chop etiladigan “Iran Daily” gazetasida “O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan maxsus rezolyusiya qabul qilindi” rukni ostida maqola berildi.
Nashrda qayd etilishicha, hujjatda Vena deklaratsiyasi va uning dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar uchun harakat dasturini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash muhimligi, shuningdek, iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar samaradorligini oshirish uchun transport va tranzit yo‘laklarining muhim ahamiyati ta’kidlangan.
Shuningdek, maqolada mazkur hujjatda mintaqaviy tashkilotlarning aloqalarni mustahkamlashdagi muhim o‘rni e’tirof etilgan va shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yilni Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida “O‘zaro uzviy aloqalarni mustahkamlash yili” deb e’lon qilish tashabbusi yuksak baholangani qayd etilgan.
Malayziyaning “Bernama” millim axborot agentligi tomonidan “BMT O‘zbekiston tashabbusi bilan Markaziy va Janubiy Osiyo bo‘yicha maxsus rezolyusiyani ma’qulladi” sarlavhasi ostida maqola chop etildi.
Unda 11 iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tomonidan 40 ta davlat, jumladan, Malayziya bilan hammualliflikda ishlab chiqilgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha maxsus rezolyusiyani bir ovozdan ma’qullagani ta’kidlangan.
Keltirilishicha, rezolyusiyada Markaziy va Janubiy Osiyoda transport aloqalarini ta’minlash maqsadida xavfsiz, arzon, qulay va barqaror transport tarmoqlarini yaratish bo‘yicha hamkorlik muhimligi e’tirof etilgan.
“Hujjat transport va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini kengaytirish hamda yangi xalqaro transport yo‘laklarini yaratish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirishni rag‘batlantiradi”, deb yozadi axborot agentligi muxbiri. Rezolyusiyada Afg‘onistonning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lashdagi o‘rni, shuningdek, tinchlik va barqarorlik uchun uning Iqtisodiy rivojlanishi va mintaqalararo Iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi muhimligi ham e’tirof etilgan.
Qayd qilinishicha, rezolyusiyada ikki mintaqa davlatlarining tarixiy-madaniy markazlarini qamrab oluvchi sayyohdik marshrutlarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega hamda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Rossiya — Tojikiston (slavyan) universitetining Xalqaro munosabatlar va diplomatiya kafedrasi professori, tarix fanlari doktori Guzel Maitdinovaning fikricha, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash bo‘yicha maxsus rezolyusiya qabul qilingani O‘zbekistonning, umuman, Markaziy Osiyoning roli va nufuzi darajasi oshganidan dalolatdir.
Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va kengaytirish maqsadida transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish Janubiy dengiz portlariga barqaror yo‘nalishlarni ochadi.
Misrlik ekspert, “Al-Hivar” siyosiy va axborot tadqiqotlari markazi boshqaruvi raisi, “Al-Jumhuriya” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari Muhammad Tal’atning bildirishicha, ushbu rezolyusiya Misr hammuallifligida qabul qilingan bo‘lib, uni BMTga a’zo barcha davlatlar bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.
Misrda ham O‘zbekiston Prezidentining mintaqalararo bog‘liqlikni mustahkamlash, Markaziy va Janubiy Osiyodagi millionlab xalqlar turmush tarzini sezilarli yaxshilashga qaratilgan tashabbuslari yuqori baholanadi.
O‘zbekiston rahbariyati Afg‘oniston orqali transport tarmoqlarini qurish hamda Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Ushbu muhim hujjatning BMTda qabul qilinishi ham 2021 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli xalqaro konferensiyada Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan tashabbusning amaldagi yorqin natijasidir.
Etiborlisi, bugungi kunda ko‘plab davlatlarda kuzatilayotgan notinch vaziyatga qaramay, O‘zbekiston rahbari jafokash Afg‘oniston xalqi muammosini hal qilishga jahon hamjamiyati e’tiborini qaratishga intilib kelmoqda. Shu maqsadda joriy yil 25-26 iyul kunlari Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu forum Afg‘onistonga zarur yordam ko‘rsatish va uni mintaqaviy jarayonlarga faol jalb etish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirishda yana bir amaliy qadam bo‘lishi kutilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati.
- Qo'shildi: 15.07.2022
- Ko'rishlar: 4859
- Chop etish