SHAXS INTELLEKTUAL KAMOLOTINING QAYNAR BULOG‘I

20 iyul – Xalqaro shaxmat kuni. Bu sana 1924 yili Butunjahon shaxmat federatsiyasiga (FIDEga) asos solingan kun munosabati bilan e’lon qilingan va 1966 yildan boshlab har yili dunyo miqyosida keng nishonlab kelinmoqda.

Xalqaro shaxmat kuni YuNESKO tomonidan an’anaviy bayramlar qatoriga kiritilgan. FIDEga a’zo mamlakatlarda har yili shu kuni turli shaxmat tadbirlari, jumladan, shaxmatning “Rapid”, “Blis” va “Standart” yo‘nalishlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi. FIDE homiyligida yoshlar, erkaklar, ayollar va keksalarga mo‘ljallangan 40 dan ortiq musobaqa o‘tkazib kelinadi.

Butunjahon shaxmat federatsiyasi – FIDE qanday tashkilot?

FIDE – shaxmat bo‘yicha milliy federatsiyalarni birlashtirgan xalqaro nodavlat sport tashkiloti. Bugungi kunda 178 milliy federatsiya uning a’zosi hisoblanadi. Federatsiyaning asosiy maqsadi shaxmat sportini ommalashtirish, turli darajadagi sport musobaqalari va jahon chempionatlarini tashkil etishdir.

FIDE o‘z ramziga va bayrog‘iga ega, shiori: “Barchamiz – bir oilamiz” (lot. Gens una sumus). FIDE bosh qarorgohi Gresiyaning Afina shahrida joylashgan.

Federatsiya 1980 yildan YuNESKOning rasmiy  a’zosidir. FIDEga turli xalqaro federatsiyalar, jumladan, Xalqaro ko‘zi ojizlar assotsiatsiyasi, Xalqaro xat orqali shaxmat o‘ynash bo‘yicha federatsiya, Xalqaro shaxmat matbuoti assotsiatsiyasi, FIDEning Xalqaro  shaxmat kompozitsiyalari bo‘yicha doimiy komissiyasi ham a’zo bo‘lgan.

FIDE xalqaro shaxmat qoidalarini joriy etgan bo‘lib, ushbu qoidalar asosida sportchilar va hakamlar uchun xalqaro darajadagi toifalar yangilab boriladi. FIDE tomonidan har oyning boshida shaxmatchilarning reytinglari ham yangilanadi va rasmiy saytda muntazam e’lon qilinadi. FIDEning rasmiy sayti www.fide.com.

Shaxmat – sport o‘yini. Ayni chog‘da, bu qiziqarli o‘yin zamirida san’at, falsafa, mantiq, hisob ilmlari ham jamlangan. Shaxmat intellektual o‘yinlar ichida eng murakkabi va mukammalidir. Bugungi kunda dunyoda 500 milliondan ortiq kishi shaxmat bilan bevosita shug‘ullanadi.

Mana, keyingi 56 yildan buyon Xalqaro shaxmat kuni munosabati bilan sayyoramizning turli hududlarida ushbu o‘yin ixlosmandlari ko‘plab musobaqalar, yetakchi shaxmatchilar bilan uchrashuvlar, shaxmat seanslarida qatnashishi yaxshi an’anaga aylangan. Eng muhimi, bu o‘yinlarda inson tafakkuri nechog‘lik beqiyos qudratga egaligi har gal qaytadan o‘z tasdig‘ini topadi.

Shaxmat o‘yini O‘zbekiston uchun alohida ahamiyatga ega, ammo yurtimizning shaxmat bilan bog‘liq olis tarixi oldida Xalqaro shaxmat kunining 50-60 yillik navqiron o‘tmishi nihoyatda oz muddat bo‘lib ko‘rinadi. Nega deganda, mamlakatimiz hududida qadimdan shaxmat sevimli o‘yinlardan biri bo‘lgan.

Surxondaryo va Samarqanddan qariyib ikki ming yillik tarixga ega shaxmat toshlari topilgan. Xususan, 1972 yilda Dalvarzintepada olib borilgan arxeologik qazilmalar vaqtida Kushon davri, ya’ni I-II asrlarga oid shaxmat donalari, 1977 yilda Afrosiyobda o‘tkazilgan tadqiqotlar chog‘ida esa VII-VIII asrlarga taalluqli 7 ta shaxmat donasiga duch kelingan.

Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, “Lison ut-tayr”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” kabi tarixiy asarlarida shaxmat, ya’ni shatranjga oid qimmatli ma’lumotlar bor. O‘rta asarlarda ham ko‘plab mashhur tarixiy shaxslar shaxmat ustasi bo‘lgani manbalarda keltirilgan.

Samarqandda o‘tkazilgan musobaqalarda g‘olib chiqqan Ali Shatranjiy (Oloviddin at-Tabriziy) shatranj haqida kitob yozib, XIV asrgacha O‘rta Osiyoda yashagan bir qancha oliyalar, ya’ni grossmeysterlar haqida muhim ma’lumotlarni bitib qoldirgan. U Sohibqironning o‘zi bilan shatranj o‘ynab turgan.

Akademik Akmal Saidovning qayd etishicha, nihoyatda o‘tkir xotira va teran aql-idrok sohibi bo‘lgan Amir Temur shaxmat o‘yinida ham yuksak mahoratga erishgan. Ulug‘ Sohibqiron bobomiz shaxmatni shunchaki vaqtni dilxushlik bilan o‘tkazish va hordiq chiqarish o‘yini emas, balki puxta geosiyosiy hamda amaliy rejalar tuzish uchun aqlni peshlash mashg‘uloti, deb bilgan.

XX asrning 20-yillaridan O‘zbekistonda shaxmatning zamonaviy qoidalari keng targ‘ib etilishi bu sport turining rivojlanishiga turtki berdi. Toshkent, Samarqand, Ko‘qon va boshqa shaharlarda shaxmat to‘garaklari ochildi.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston shaxmatida yuksalish boshlandi. Shaxmatchilarimiz xalqaro miqyosdagi tadbirlarda ham faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni ola boshladilar. Ayniqsa, erkaklar terma jamoasi 1992 yili jahon shaxmat olimpiadasida ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 1999 yili Osiyo chempionatida g‘alaba qozondi. 

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston shaxmatining eng yorqin g‘alabasi 2004 yilga to‘g‘ri kelganini – o‘shanda Rustam Qosimjonov FIDE versiyasi bo‘yicha jahon chempionligini qo‘lga kiritganini alohida ta’kidlash lozim. Osiyoning birinchi va jahonning 17-chempioni R.Qosimjonov 18 yoshida xalqaro grossmeysterga aylandi va bugungi kunda yer yuzidagi 50 nafar eng kuchli shaxmatchi qatoriga kiradi.

O‘z navbatida, 1998 yili Ibrohim Hamroqulov o‘smirlar o‘rtasida jahon birinchiligida g‘olib chiqdi. Xalqaro grossmeyster Nafisa Mo‘minova O‘zbekiston tarixidagi birinchi ayol grossmeysterga aylangani ham faxru iftixorimizni uyg‘otmay qolmaydi.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi 1992 yildan FIDE a’zosi hisoblanadi. O‘tgan yillarda Federatsiya tomonidan mamlakatimizda va jahonda shaxmatni rivojlantirish hamda ommaviylashtirish yo‘lida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, mamlakatimiz shaxmat bo‘yicha qit’a chempionatlariga, nufuzli Gran-pri turnirlariga mezbonlik qildi.

So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan mamlakatimizda shaxmat o‘yini rivoji tubdan yachngi bosqichga ko‘tarildi. Bu o‘rinda davlatimiz rahbarining 2021 yil 14 yanvarda qabul qilingan “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining ahamiyatini ta’kidlash maqsadga muvofiqdir.

Prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda shaxmatni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishning asosiy yo‘nalishlari etib:

  • «Maktabda shaxmat» loyihasini amalga oshirish;
  • bolalar va o‘smirlarning shaxmat bilan shug‘ullanishga qiziqishini oshirish, uni ommaviylashtirish;
  • shaxmat infratuzilmasini yanada rivojlantirish hamda xalqaro talablarga moslashtirish, bolalar-o‘smirlar shaxmat maktablarini tashkil qilish;
  • shaxmat bo‘yicha respublika hamda xalqaro musobaqalar va olimpiadalar g‘oliblari, xalqaro grossmeyster, xalqaro toifadagi sport ustasi, shuningdek xalqaro unvonlarga ega bo‘lgan trenerlar va hakamlar unvonlarini qo‘lga kiritgan shaxmatchilarni pul mukofotlari bilan taqdirlash masalalari belgilandi.

Qarorning nechog‘lik ulkan ahamiyatga egaligining tasdig‘i sifatida uning ayrim xususiyatlariga to‘xtalamiz.

Birinchidan, bunga qadar Prezidentimizning 2018 yil 9 avgustda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatimizdagi 150 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari tajriba tariqasida shaxmatga o‘qitish tashkil qilingandi. Yangi qarorga asosan shu amaliyot kengaytirildi va yana qo‘shimcha 150 ta maktab shaxmatga ixtisoslashtiriladigan bo‘ldi.

Ikkinchidan, tanlov asosida 1 000 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida 2-4-sinf o‘quvchilarini «Jismoniy tarbiya» fani doirasida 18 soatlik reja asosida shaxmatga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi va qolgan barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari 2-4-sinf o‘quvchilari «Jismoniy tarbiya» fani doirasida shaxmatga o‘qitiladi.

Uchinchidan, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filialida shaxmat bo‘yicha ta’lim yo‘nalishi ochiladi; boshqa oliy ta’lim muassasalarida shaxmat yo‘nalishiga zarur ehtiyojdan kelib chiqib, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasining tavsiyasiga asosan alohida qabul kvotalari belgilanadi.

To‘rtinchidan, mamlakatimizda O‘zbekiston shaxmat klublari assotsiatsiyasi; jismoniy imkoniyati cheklangan shaxmatchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston milliy paralimpiya assotsiatsiyasi tarkibida shaxmat bo‘yicha alohida bo‘linma; O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Shaxmatni ommaviylashtirish va rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

Beshinchidan, 2021 yildan boshlab har yili Toshkent shahrida – Prezident sovrini uchun xalqaro shaxmat turniri; O‘zbekistonlik birinchi xalqaro grossmeyster G.Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir; shaxmat bo‘yicha XVII Jahon chempioni R.Qosimjonov xalqaro turniri; Samarqandda – «Sohibqiron kubogi» xalqaro shaxmat turniri; Xivada – Al-Beruniy xalqaro shaxmat turniri; Buxoro, Termiz va Xivada – «Turizm va shaxmat haftaligi» o‘tkazilishi belgilab berildi.

Bugun AQSh, Shvesiya, Germaniya, Kanada, Ispaniya, Kuba, Italiya, Niderlandiya, Polsha, Daniya, Isroil va boshqa mamlakatlar maktablarida shaxmat o‘qitiladi. Mamlakatimizda shaxmat maktab o‘quv predmeti sifatida keyingi uch-tӯrt yil mobaynida jadal rivojlana boshladi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvarda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida ham bolalar va o‘smirlarning shaxmat bilan shug‘ullanishga qiziqishini oshirish, havaskor shaxmatni ommaviylashtirish, bu borada umumta’lim maktablari, boshqa ta’lim muassasalari, mahalla va tashkilotlarda shaxmat bo‘yicha musobaqalarni muntazam ravishda tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan.  

Ushbu fanning ta’lim tizimiga kiritilishi nafaqat o‘quv faoliyati samaradorligini oshirishga yordam beradi, balki mashg‘ulotning dastlabki bosqichlarida o‘quvchilarda iroda, mustaqillik kabi shaxsiy sifatlar shakllanishi va mantiqiy fikrlash uchun ham katta ahamiyatga ega bӯladi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda Xalqaro shaxmat kuni har yili yuqori saviyada nishonlanadi. Bu yil ushbu bayram arafasida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Anatoliy Karpov nomidagi shaxmat maktabi ochildi. Shu munosabat bilan shaxmat bo‘yicha 16 karra Jahon chempioni, taniqli grossmeyster Anatoliy Karpov yurtimizga tashrif buyurdi.

Sportni rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, shu kunlarda Fransiyada shaxmat bo‘yicha ko‘zi ojizlar, zaif ko‘ruvchi yoshlar va ayollar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Joriy yil 17 iyulda yakunlanadigan mazkur chempionatda ayollar o‘rtasida 18 ta davlatdan 26 nafar, yoshlar o‘rtasida esa 13 ta davlatdan 13 nafar shaxmatchi g‘oliblik uchun dona surmoqda. Murosasiz bahslarda mamlakatimiz sharafini Ahadxon Kimsanboev hamda Durdona Jumanova himoya qilmoqda.  

Yana bir muhim voqea: bir necha kundan so‘ng Hindistonning  Chennay shahrida 44-shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Mazkur chempionat mobaynida Xalqaro shaxmat federatsiyasining kongressi o‘tkazilib, unda 2026 yilgi Jahon shaxmat olimpiadasiga mezbon bo‘ladigan mamlakat nomi ham e’lon qilinadi.

Gap shundaki, 2026 yili o‘tkaziladigan 46-jahon shaxmat olimpiadasi mamlakatimizda o‘tkazilishi mumkin. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi mutasaddilari ta’kidlaganidek, O‘zbekiston 46-shaxmat olimpiadasini qabul qilishga da’vogar davlatlar uchun bo‘lib o‘tadigan tenderda ishtirok etadi.

Shunday ekan, biz jonajon yurtimizga ham, qadrdon yurtdoshlarimizga ham shaxs intellektual kamolotining qaynar bulog‘i bo‘lmish shaxmat o‘yinlarida omad va muvaffaqiyatlar tilaymiz.

Darvoqe, maqolamizga nuqta qo‘yishga shaylangan edik hamki, FIDE tomonidan yuritiladigan jahon shaxmat reytingida O‘zbekiston ilk bora kuchli 20 talikka kirishga muvaffaq bo‘lgani haqida xushxabar keldi. Ya’ni, 2022 yil iyul oyi reytingiga asosan O‘zbekiston jahon shaxmat reytingida 19-o‘rinni egalladi.

Jahon reytingida AQSh, Rossiya, Xitoy yetakchilik qilmoqda. Dunyo shaxmatida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan  Gruziya, Serbiya, Eron, Italiya, Bolgariya, Kuba, Turkiya kabi davlatlarni ortda qoldira olgan O‘zbekiston esa 19-o‘rinda! 

 

Oydin IBROHIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi matbuot xizmati xodimi

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati

Powered by GSpeech