20 iyul – Xalqaro shaxmat kuni

Yaqinga qadar dunyoda shaxmat eng qadimiy sport turlaridan biri hisoblanib, uning kelib chiqish vatani deb Hindiston tan olingan edi. Ammo, arxeolog olimlar tomonidan Surxondaryo viloyatining Dalvarzintepa yodgorligida olib borilgan tadqiqotlari natijasi bu sport turi bilan O‘zbekiston yerlarida yashagan avlodlar ulardan ilgariroq shug‘ullanganini tasdiqladi. Olimlar tomonidan 2000 yillik tarixga ega bo‘lgan shaxmat donalari buni isbotlab turibdi.

Samarqandning Afrosiyob tepaliklarida olib borilgan tadqiqotlar davomida ham eramizgacha 7-8 asrlarga taalluqli 7 dona shaxmat donasi topilgan.

Qadimdan avlodlarimizning shaxmatga bo‘lgan ishtiyoqi tufayli hozirgi kunda farzandlarimiz ham shaxmat bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarda borayotganligi tahsinga loyiqdir.

Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Xususan, birgina 2015 yilda o‘zbek shaxmatchilari 25 ta oltin, 8 ta kumush, 12 ta bronza medallarini qo‘lga kiritishganligi, FIDEga a’zo faol a’zolarimiz soni ming nafardan, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi a’zolari soni qariyb ikki yarim mingga yetganligi, 17 nafar hamyurtimiz halqaro grossmeyster, 24 nafari halqaro toifadagi sport ustasi, 28 nafari FIDE ustasi darajasini qo‘lga kiritganligini, bular orasida jahon chempionlari Rustam Qosimjonov, Nodirbek Abdusattorov, aka-uka Javohir va Islom Sindorovlar, Nodirbek Yoqubboev, qizlarimizdan Umida Omonova, Gulruhbegim Tohirjonova, Afruza Hamdamova, Feruza Qurbonova va Nozima Aripovalarni alohida tilga olish joiz deb xisoblayman.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimizda shaxmatni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari alohida e’tirofga loyiqdir. Buning tasdig‘i sifatida O‘zbekistonda bolalar sport va shaxmatning rivojiga qaratilgan yuksak e’tibori uchun muhtaram Yurtboshimiz 2016 yilda Osiyo shaxmat federatsiyasi tomonidan “Yil odami” deb e’lon qilinganligini ta’kidlash mumkin.

Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan 2021 yil 14 yanvarda qabul qilingan “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan shaxmatni ommaviy sport turiga aylantirish, natijada O‘zbekiston shaxmat maktabini dunyoda yetakchilar qatoriga chiqarish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan o‘ta muhim vazifalar belgilab berildi.

Qaror bilan “Shaxmatni 2025 yilgacha rivojlantirish Dasturi” tasdiqlangan bo‘lib, unda “Maktabda shaxmat” loyihasini amalga oshirish muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab qo‘yilgan. Dasturga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilida 150 ta ixtisoslashtirilgan maktablarda shaxmat bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etilishi, buning uchun davlat byudjetidan 7,5 mlrd. so‘m, qolgan barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablari 2, 3 va 4-sinf o‘quvchilarini «Jismoniy tarbiya» fani doirasida shaxmatga umumiy o‘qitish va zarur anjomlar bilan ta’minlash uchun 20 milliard so‘mgacha mablag‘larn yo‘naltirildi.

Dasturning 2025 yilgacha amalga oshirilishi natijasiga ko‘ra aholining 3 foizi (2021 yilgi ko‘rsatgich 0,8 foizni tashkil qilgan) doimiy ravishda shaxmat bilan shug‘ullanishiga erishiladi.

Dasturning eng yirik rejasi – bu O‘zbekiston Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) reytingining eng kuchli o‘ntaligi safidan joy olishidir.

Buning uchun grossmeysterlarimiz va xavaskor shaxmatchilarimiz shu davr mobaynida ko‘plab turnirlarida o‘z salohiyatlarini namoyon etishlari lozim. Chunki, shaxmatchi uchun xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, xorijlik raqiblar bilan kuch sinashishi juda muhimdir.

Shu munosabat bilan mamlakatimizda 2021 yildan boshlab har yili an’anaviy tarzda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Shaxmat bo‘yicha xalqaro turnir, o‘zbekistonlik ilk grossmeyster Georgiy A’zam xotirasiga bag‘ishlangan xalqaro turnir, jahon chempioni R.Qosimjonov sharafiga bag‘ishlangan, Samarqand shahrida “Sohibqiron kubogi”, Xiva shahrida “Al-Beruniy”, Buxoro va Termiz shaharlarida “Turizm va shaxmat haftaligi” xalqaro turnirlari o‘tkazilishi belgilangan.

Hozirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari va delegatsiya vakillari  28 joriy yilning iyul – 8 avgust kunlari Hindistonning Chennay shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan shaxmat olamidagi eng nufuzli musobaqalardan biri xisoblangan, 1924 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan jahon shaxmat olimpiadasining 44-turnirida ishtirok etish uchun muhim tayyorgarlik ishlarini olib borishmoqda.

Mazkur olimpiada doirasida 2026 yilda tashkil etiladigan 45-jahon shaxmat olimpiadasi mezbonligi uchun tender ham bo‘lib o‘tadi. Kelgusi olimpiada mezbonligi uchun e’lon qilingan tenderda halqaro toifadagi shaxmatchilar, grossmeysterlar diyori sifatida O‘zbekiston ham nomzod sifatida ishtirok etadi.

“Aql gimnastikasi” xisoblangan shaxmat nafaqt o‘sib kelayotgan yosh avlodning balki, kattalarning ham tafakkurini o‘stirishga, rivojlantirishga xizmat qiladi. Chunki, shaxmat kishidan yuksak aql-zakovat, sabr-toqat, matonat, iroda va o‘z vaqtida to‘g‘ri qaror qabul qilishni talab qiladigan sport turidir.

Shu sababli shaxmat bilan shug‘ullangan har bir inson har qanday vaziyatda to‘g‘ri va odilona yechim topishni o‘rganadi, desak, hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

                                                                  Otabek Norboev,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech