Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimida o‘z faoliyatiga kirishgan davrdanoq mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarini demokratlashtirish hamda liberallashtirish, Yangi O‘zbekistonni qurish bo‘yicha ulkan ishlar boshlab yuborildi.

Tarixan qisqa vaqt ichida davlatimiz rahbarining bevosita rahbarligida tub va jadal demokratik islohotlarning mutlaqo yangi bosqichi boshlanishini belgilab beruvchi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi – jamiyat va davlatni barqaror rivojlantirishning uzoq muddatli strategiyasi ishlab chiqildi.

Birinchidan, Harakatlar strategiyasi – Yangi O‘zbekistonni qurish uchun tamal toshi bo‘lib xizmat qildi. bugungi jadal sur’atlarda rivojlanayotgan dunyoda faqat zamon bilan hamnafas odimlayotgan, jamiyat va davlatni modernizatsiya qilish uchun zarur islohotlarni amalga oshirayotgan davlatlargina raqobatbardosh bo‘la olishini anglashdan kelib chiqib, Yangi O‘zbekiston uchun yangi siyosat va mamlakat taraqqiyoti uchun uzoq muddatli strategiya ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Ikkinchidan, Yangi O‘zbekiston davlati — xalqniki. Mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati, qonuniy ehtiyojlari va manfaatlarini himoya qilishdir. O‘zbekiston Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari faoliyati insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga katta hissa qo‘shmoqda.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi qabul qilinib, amalga oshirila boshlandi. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida amalga oshirish xalq uchun farovon va munosib turmush sharoitini yaratishga yo‘naltirilgan demokratik islohotlarning asosiy mezoniga aylandi.

bugungi kunda inson huquqlari va erkinliklari sohasida O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan 80 dan ortiq xalqaro hujjatdagi holatlar milliy qonunchilikda o‘z ifodasini topgan.

Eng muhimi, keng ko‘lamli islohotlar xalq hayotini, dunyoqarashini, turmush tarzini o‘zgartirmoqda. Jamiyatda “Yangi O‘zbekistonni birgalikda quramiz” degan yuksak maqsad shakllantirilgan va “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” yangi tamoyili kundalik faoliyat asosiga aylangan.

Uchinchidan, Yangi O‘zbekiston kuchli parlamentarizm instituti amalda bo‘lgan va “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyili amalga oshiriladigan davlatdir.

O‘tgan davrda davlat boshqaruvi xodimlari soni 15 foiz qisqartirildi. Markaziy idora va vazirliklarning 26 ta funksiyasi quyi bo‘g‘inlarga o‘tkazildi.

“Qonunning yagona manbai va yaratuvchisi – xalqdir”, degan ezgu g‘oyani amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Qonunlar insonlar va jamiyat hayotini yaxshilash, qonun ijodkorligi sifatini tubdan oshirish, qonunchilikni tizimlashtirish va kodlashtirish, qonunosti hujjatlar sonini keskin kamaytirish va “aqlli tartibga solish” modeli elementlarini joriy etish uchun qabul qilinadi.

Inson huquqlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadigan sud tizimida tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, nazorat instansiyasi bekor qilinib, fuqarolar va advokatlarning shikoyatlari ham, xuddi prokuror protesti kabi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘riladigan tartib o‘rnatildi.

Ilk bor mansabdorlarni noqonuniy harakatdan tiyib turadigan hamda fuqarolar va tadbirkorlar huquqini tiklashga qaratilgan ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Iqtisodiy va fuqarolik sudlarida prokurorning ishtiroki cheklandi, jinoyat ishlarini asossiz ravishda suddan chaqirib olish bilan bog‘liq amaliyotga barham berildi.

To‘rtinchidan, Yangi O‘zbekiston — insonning rivojlanishi va iste’dodi qadrlanadigan mamlakat. bugungi kunda илм­фан, ta’lim, innovatsiya, texnologiya va kadrlar zamonaviy demokratik jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi omili ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Mamlakat taraqqiyotini zamon talablariga mos ravishda илм­фансиз tasavvur etish qiyin.

Ayni muhim maqsadlarga erishish yo‘lida inson kapitalini rivojlantirishga yo‘naltirilgan, O‘zbekistonning 2030 yilga kelib “Global innovatsion indeks” reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirish strategik rejasi qabul qilindi.

Beshinchidan, Yangi O‘zbekiston — davlat faoliyati, avvalo, xalq tinchligi va farovonligini ta’minlashga, jamiyatda adolat g‘oyalari va tamoyillarining tantana qilishiga qaratilgan mamlakat.

Pandemiya milliy sog‘liqni saqlash tizimi uchun ham jiddiy sinov va katta tajriba maktabiga aylandi. Mamlakatda bu xavfli kasallikka qarshi kurashish uchun misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, ko‘plab yangi shifoxonalar va karantin zonalari foydalanishga topshirildi. Ko‘plab qo‘shimcha tibbiy асбоб­усkunалар va tez yordam mashinalari xarid qilindi.

Har bir inson davlat rahbarining “Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning bironta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi”, degan qat’iy irodasi va prinsipiga guvoh bo‘lmoqda.

Konstitutsiyaviy adolat tamoyilini amalda ta’minlash borasida ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Obod qishloq” dasturi amalga oshirilishi tufayli qishloq aholisining yashash sharoitlari yaxshilanmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy qo‘llab­қувvaтлашнинг yangi samarali mexanizmlari joriy etilyapti.

Mamlakatimizda ijtimoiy muammolarni bartaraf etish maqsadida joriy etilgan “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimlari dastlabki ijobiy natijasini berayotganini ta’kidlash lozim. Ayniqsa, faxriylarimiz, xotin-qizlar, yoshlar, aholining yordamga muhtoj qatlamlarining huquq va manfaatini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Oltinchidan, Yangi O‘zbekiston — o‘z xalqaro majburiyatlariga sodiq davlat, ishonchli tashqi iqtisodiy sherikdir. O‘zgarib borayotgan O‘zbekiston biznes va sarmoyadorlar uchun iqtisodiy ochiqligi va jozibadorligi bilan tavsiflanadi, ustuvor vektori Markaziy Osiyo bo‘lgan davlatning samarali tashqi siyosati uning qo‘shnilar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishiga, Afg‘oniston bilan o‘zaro aloqalarni kuchaytirishga, mintaqa va jahon davlatlari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashiga yordam beradi.

Amerika tashqi siyosati kengashi huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti asoschisi hamda raisi, professor Frederik Starr qayd etganidek, “O‘zbekiston suveren davlat sifatida ancha yosh mamlakat. Ammo uning davlatchilik tarixi to‘rt ming yillikka borib taqaladi. Nazarimda, bugun biz O‘zbekistonda ikkita muhim jihatga guvoh bo‘lyapmiz. Avvalambor, yurtingiz suveren davlat, yirik iqtisodiyot sifatida yangi qadamlarni tashlamoqda. Jadal sur’atdagi islohotlar muhim natijalarga olib kelishi muqarrar”.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi –

xalqparvar davlat poydevori

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomidir. Taraqqiyot o‘zgarishlarining yangi tarixiy bosqichda davom ettirilishi ko‘zda tutilgan holda, Taraqqiyot strategiyasiga 2 ta yangi ustuvor yo‘nalish qo‘shildi. Bulardan biri – ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi – O‘zbekistonning dunyoda yuz berayotgan global muammolarga munosabati negizida belgilangan yangi ustuvor yo‘nalishdir.

Taraqqiyot strategiyasida asosiy e’tibor, bir tomondan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir qonunlar, kodekslar, konsepsiya va dasturlar qabul qilinishiga qaratilgan. Ikkinchi tomondan, unda qonun ustuvorligini taminlash, konstitutsiyaviy islohotni hayotga izchil tatbiq etish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, ma’naviyatni rivojlantirish, shuningdek, global muammolarga O‘zbekistonning munosabati, xavfsizlik va tashqi siyosat borasidagi muhim vazifalar qamrab olingan.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida mamlakatimizni keyingi besh yilda rivojlantirishning 7 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha aks etgan joriy demokratik islohotlar ko‘lami va miqyosi asl voqelikka yanada aniqlik kiritadi, deb o‘ylaymiz. Bunda, muhimi, nechog‘lik xalqparvar va insonparvar, xalqchil va erkin, ijtimoiy va ma’naviy, huquqiy va adolatli, xavfsiz va barqaror, baxtli va, farovon, milliy va umumbashariy davlat barpo etishdek qat’iy niyatimiz o‘zining bor bo‘y-basti bilan namoyon bo‘lishi tayin.

Ushbu muhim hujjatda quyidagi ulug‘ maqsadlar aniq belgilangan:

– inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;

– mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;

– milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash;

– adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;

– ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;

– milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;

– mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish.

Umuman, dastlab Harakatlar strategiyasida, so‘ng Taraqqiyot strategiyasida O‘zbekiston bajarishni o‘z zimmasiga olgan BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarini mamlakatimiz hayotiga tatbiq etishning aniq taktika va strategiyalari belgilab berildi.

Boshqacha aytganda, O‘zbekiston tashqi xalqaro munosabatning teng huquqli a’zosi sifatida BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlari bilan hamohang holda rivojlanish yo‘liga tushib olib, bu borada o‘ziga xos o‘rni va ahamiyatini, yanada muhimi, ibratli tajribasini butun dunyoga ko‘rsata oldi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi ushbu muhim taraqqiyparvar jarayon uzluksiz davom etayotganidan dalolat.

Yangi O‘zbekistonda mutlaqo yangi milliy huquqiy tizim shakllanmoqda. Bu davrda “inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – eng muhim qadriyat” degan tamoyil e’tirof etilmoqda.

Shu munosabat bilan milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda “shaxs – jamiyat – davlat” tamoyilini mustahkamlash kerak. Zero, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida yillar davomida amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirilmoqda.

Xalq bilan bevosita muloqot qilish, yurtdoshlarimizning dardu tashvishlari, muammolarini ijobiy hal etish bo‘yicha mutlaqo yangi demokratik tizim – Xalq qabulxonalari o‘tgan besh yilda o‘zini oqladi. Bundan tashqari barcha davlat organlari faoliyatida “xalq dardiga kuloq solish”, muammolarni joyida hal etish va xalqni rozi qilish bo‘yicha samarali ishlar qilinmoqda.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida xalq bilan ochiq muloqot mexanizmini yanada takomillashtirish, muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini kengaytirish, davlat organlariga kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini raqamlashtirish, murojaatlarni tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash ko‘zda tutilgan.  Eng asosiysi, “Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi shart” g‘oyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi “Xalqchil davlat” milliy dasturi ishlab chiqilmoqda.

O‘zbekiston inson huquqlari sohasida 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, shu jumladan BMTning 7 ta asosiy shartnomasi va 4 ta Fakultativ protokoliga qo‘shilgan. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatlarning bajarilishi yuzasidan milliy ma’ruzalar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda shartnomaviy qo‘mitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilmoqda.

Joriy yil fevral oyida ana shunday ikkita davriy ma’ruza eshitildi. Bulardan biri – BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosi bo‘yicha O‘zbekisonning Oltinchi davriy ma’ruzasi bo‘lsa, keyingisi – Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro пактни bajarish bo‘yicha Uchinchi milliy hisobotdir.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 2021 yil 7 iyunda ratifikatsiya qilingan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi  qoidalarini mamlakatimizda amalga oshirish maqdsadida Milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi. Ayni vaqtda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va uning qo‘shimcha протоколларини amalga oshirish yuzasidan O‘zbekistonning Beshinchi milliy ma’ruzasi muhokamasiga hozirlik ko‘rilmoqda.

Mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasi doirasida Prezidentimiz 2022 yil 29 martda “O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonunning maqsadi qiynoqqa solishdan jabrlangan shaxslarga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilish tartibini huquqiy mustahkamlashdan iborat.

Mamlakatimizda jazoni ijro etish xizmatini isloh qilish sohasida uzoqni ko‘zlagan, maqsadli va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, mahkumlarning huquq va qonuniy manfaatlari doirasini yanada kengaytirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

O‘zbekiston BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasini 1995 yilda ratifikatsiya qilib, qiynoqlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga doir xalqaro majburiyatlarini bajarish yo‘lida tizimli, izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda. Milliy qonunchiligimiz BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil 17 dekabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan “Mahbuslar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari”ga (Nelson Mandela qoidalari) izchil uyg‘unlashtirilmoqda.

Bundan uch yil oldin mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Diyego Garsiya-Sayan Prezident Shavkat Mirziyoyevning islohotchilik faoliyati samaradorligini e’tirof etib, xususan: “O‘zbekistonning yangi Prezidenti mamlakat boshquruviga kelgan davrdan e’tiboran yurtingiz hayotining barcha sohalarida demokratik o‘zgarishlar shiddatli sur’atlarda amalga oshirilayotganini kuzatib kelmoqdamiz. Shu jumladan, ochiqlik va transparentlikni ta’minlash, sudyalar va advokatlarning mustaqilligiga erishish yo‘lida salmoqli odimlar qo‘yilganiga guvoh bo‘lib turibmiz”, deb ta’kidlagani bejiz emas.

Konstitutsiyaviy islohot –

barqaror taraqqiyotning zarur yuridik zamini

So‘nggi yillarda “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” doirasida konstitutsiyaviy islohot g‘oyasining tug‘ilishi, rivojlanishi va amalga oshirilishi jarayoni alohida ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, shubhasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, asosiy tashabbuskori esa mamlakatimiz aholisining keng qatlamidir. Davlat rahbari butun xalqimizni ana shu buyuk maqsadga erishishda o‘zaro birdamlikka va hamjihatlikka chaqirdi. Yurtboshimiz uqtirganidek, “Xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi bo‘ladigan yangilanayotgan Konstitutsiyamizga tayanib, Yangi O‘zbekistonni albatta birgalikda barpo etamiz”.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini jamiyatdagi bugungi real voqelikka moslashtirishni, aslida, mamlakatimizdagi izchil islohotlar taqozo etdi. Binobarin, atoqli fransuz siyosatchisi va davlat arbobi Sharl Andre de Goll ta’biri bilan aytganda, “Konstitutsiya bemalol o‘zgartirilishi mumkin. Uni mo‘miyodek qotirib qo‘yish kerak emas”.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida ilgari surilayotgan keng ko‘lamli vazifalar, xususan, adolatli va xalqparvar davlatni barpo etish, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada samarali ta’minlash kabi ulug‘vor maqsadlar bu borada zarur huquqiy asosni ta’minlovchi konstitutsiyaviy makonni yanada takomillashtirish ehtiyojini kun tartibiga qo‘ydi.

Shu asosda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil etilib, uning tarkibi va vazifalari belgilandi. Konstitutsiyaviy komissiya bugungi kunda faol ishlamoqda.

Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong  bu haqda shunday deydi: “Konstitutsiya – xalq uchun yoziladi. Mamlakatingizda bo‘lib o‘tayotgan umumxalq muhokamasi va kelib tushayotgan ko‘p sonli takliflar e’tibor bilan hisobga olinishi natijasida xalqaro standartlarga, eng muhimi, O‘zbekiston xalqining xohish-irodasi va orzu-istaklariga to‘liq mos keladigan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi shakllantirilishi tayin. Parlamentlararo Ittifoq O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot jarayonini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Biz bu borada har qanday texnik ko‘mak ko‘rsatishga hamisha tayyormiz”.

O‘z navbatida, Jeneva Diplomatlar doirasi Prezidenti Robert Блюмнинг fikricha, “Konstitutsiyaviy islohot avvalo inson huquqini kafolatlashga qaratilgan. Bu muhim jarayon O‘zbekistonning inson huquqini himoya qilish sohasida dunyodagi nufuzli xalqaro tashkilot – BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zoligi davrida kechayotgani joriy islohotlar ahamiyatini yanada oshiradi”.

O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslari

va jahon hamjamiyati e’tirofi

Turli xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning mavqei yaxshilanmoqda. O‘zbekiston rahbarining pragmatik tashqi siyosiy tashabbuslari butun dunyoda e’tirof etilmoqda. Ko‘plab xalqaro tashkilotlar va yetakchi xorijiy ekspertlarning baholashicha, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi taraqqiyot “lokomotivi” hisoblanadi.

Dunyodagi hech bir mamlakatda so‘nggi yillarda O‘zbekistondagi kabi keng ko‘lamli islohot amalga oshirilmagan. Toshkentning yaxshi qo‘shnichilik siyosati tufayli Markaziy Osiyo davlatlari ilk bor bugungi kunda dolzarb mintaqaviy masalalarni ochiq va samimiy muhokama qila boshladi.

O‘zbekiston jahon minbarlaridan ilgari surgan xalqaro, mintaqaviy va milliy tashabbuslar inson huquqi, erkinligi va qonuniy manfaatini har tomonlama ta’minlashga, bir so‘z bilan aytganda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgani xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda.

2017 yil sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti ilgari surgan tashabbuslar asosida keyingi 5 yilda BMT Bosh Assambleyasining quyidagi 6 ta rezolyutsiyasi qabul qilingani fikrimizni yaqqol isbotlaydi:

– BMT Bosh Assambleyasining 2018 yil 22 iyundagi yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyutsiyasi;

– BMT BA 72-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan g‘oya asosida 2018 yil 12 dekabrda Bosh Assambleyaning yalpi sessiyasida qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi;

 2018 yil 27 noyabrda Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik Trast jamg‘armasiga asos solinishiga xizmat qilgan rezolyutsiya;

– O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va 2019 yil 19 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi yalpi majlisida qabul qilingan “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” maxsus rezolyutsiyasi;

– 2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida davlatimiz rahbari taklifiga binoan qabul qilingan “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya;

– 2022 yil 11 iyul kuni BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasida qabul qilingan «Markaziy va Janubiy Osiyoda o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash» nomli rezolyutsiya.

BMTning 76 yillik butun tarixi davomida muayyan bir shaxsning tashabbusi bilan shuncha rezolyutsiya qabul qilinishi tajribasi kuzatilmagan.

Bundan tashqari, BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Prezidentimiz BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasiни ishlab chiqishni taklif etdi. bugungi kunda BMTning Yoshlar huquqlari bo‘yicha konvensiyasi loyihasini tayyorlash ishlari izchil olib borilmoqda.

O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeks BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida qabul qilindi. Ushbu Kodeksda pandemiyalarga qarshi kurash jarayonidagi xalqaro hamkorlik birdamlik, ochiqlik, o‘zaro yordam va inson huquqlarini ta’minlash tamoyillariga asoslanishining muhimligi ta’kidlangan.

Mamlakatimiz qo‘shilgan xalqaro hujjatlarning bajarilishi yuzasidan milliy ma’ruzalar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda shartnomaviy qo‘mitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilmoqda. O‘tgan davrda O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari masalalari bo‘yicha majburiyatlari bajarilishi yuzasidan BMTning ustav va shartnoma organlariga 41 ta milliy ma’ruza taqdim etildi.

So‘nggi yillarda yurtimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, jumladan, inson huquq va erkinligi hamda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida izchil va samarador ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston birinchi marta BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi a’zoligiga saylangani bu sohadagi amaliy faoliyatimizning yuksak e’tirofi bo‘ldi.

2021 yil 8 oktyabr kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 48-sessiyasi doirasida O‘zbekiston tashabbusi asosida Yoshlarning inson huquqlariga COVID-19 pandemiyasi ta’sirining oqibatlari to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi. Rezolyutsiyani ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 22 fevral kuni BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surgan.

Bularning bari O‘zbekiston Prezidentining xalqaro tashabbuslari va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturi jahon jamoatchiligi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlayotganiga yorqin dalildir.

2021 yili O‘zbekistonning Jeneva shahridagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi o‘rinbosarligiga saylandi.  O‘zbekiston vakili bu yuksak lavozimdagi vazifalarini 2022 yildan bajarishga kirishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida ekologiya yo‘nalishida yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Shu yangilanishlar talabidan kelib chiqqan holda, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safi “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengaydi.

O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi minbaridan Toshkent shahrida pandemiyadan keyingi davrda jahon iqtisodiyotini qayta tiklash muammolarini o‘rganish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni hayotga tatbiq etishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazish hamda  qadimiy Samarqand shahrida muntazam o‘tkazilayotgan Inson huquqlari muloqotlari doirasida Global ta’lim форумини tashkil etish takliflarini ham bildirganini ta’kidlash lozim.

Mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni bunyod etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga doir yana ko‘plab misollarni keltirish mumkin. Eng muhimi, bugungi kunda O‘zbekistonning jahonda nufuzi o‘sib borayotgani — bu nafaqat davlatning har tomonlama puxta o‘ylangan, qat’iy va mustaqil tashqi siyosati natijasi, balki mamlakatda demokratik va bozor islohotlarini amalga oshirishda erishilayotgan yutuqlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilishi hamdir.

Yangi O‘zbekiston rahbari — o‘z yo‘lidan borish huquqini izchil himoya qilayotgan zamonamizning sanoqli siyosatchilaridan biridir. Bu mustaqil taraqqiyot yo‘lining mohiyati:

birinchidan, jamiyatning o‘ziga xos tarixiy shart­sharoitlari, uning milliy, diniy va madaniy xususiyatlari puxtalik bilan hisobga olinganida;

ikkinchidan, iqtisodiy rivojlanish hamda taraqqiyotning an’anaviy axloqiy va madaniy qadriyatlar bilan uyg‘unligida;

uchinchidan, sog‘lom fikrning tajribaga asoslanmagan nazariyadan ustunligida;

to‘rtinchidan, mafkuralashgan konsepsiyalar ustidan vatanparvarlik, pragmatizm va ijodiy amaliyotning ustunligida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

2021 yilgi Prezident saylovidan so‘ng mamlakatimizda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishga kirishildi. Ushbu muhim konseptual hujjatda islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yilgan.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Biz ushbu strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinligi, qonuniy manfaatini eng oliy qadriyat etib belgiladik. Ta’kidlash kerak, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi milliy rivojlanishning yangi bosqichini boshlab beradi. Biz bundan buyon faoliyatimizni “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tamoyil asosida tashkil etamiz”.

Akmal SAIDOV,

akademik

O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti.

Powered by GSpeech