Odam savdosi qurbonlarining 71 foizini ayollar va bolalar tashkil etadi

BMT tomonidan 30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni, deb e’lon qilingan.

Dunyodagi barcha mamlakatlar odam savdosidan jabrlanishadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, odam savdosi qurbonlarining 71 foizini ayollar va bolalar tashkil etadi.

2010 yil 30 iyulda BMTning Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyusiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha BMTning Global harakat dasturi qabul qilingan. Mazkur harakatlar dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni ta’qib etish va barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.

Odam savdosi ko‘pincha noqonuniy tarzda chet mamlakatlarga borib mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish tufayli yuzaga kelmoqda. Nolegal mehnat migratsiyasi natijasida davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish, bojxona va soliq qonunchiligini qo‘pol tarzda buzish kabi noxush holatlar yuz bermoqda.

Jinoyatchilar, uyushgan jinoiy guruhlar o‘z vatandoshlarining soddaliklari, ishonuvchanliklari va yetarli axborotga ega emasliklardan foydalanib, ularni qullikka mahkum etmoqdalar. Natijada, aldangan fuqarolarimiz ham jismoniy, ham ruhiy azob-uqubatlarga duchor bo‘layapti. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaning 26-moddasiga ko‘ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.

Odam savdosi insoniyat sivilizatsiyasiga, jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘diradi. Shu sababli uyushgan jinoyatchilik, xususan, xalqaro terrorizm, narkobiznes, qurol-yarog‘larni noqonuniy sotish bilan bog‘liq o‘ta og‘ir jinoyatlar qatorida odam savdosining har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash bugun jahon afkor ommasi uchun dolzarb muammo bo‘lib turibdi.

Ayrim kishilarning soddaligi va ishonuvchanligi sababli moddiy muammolarni tezda hal etish ilinji, yengil ish topish, tez boy bo‘lish orzusi, yetarli huquqiy bilimga ega emasligi, loqaydlik va nopok kimsalarning g‘ayriqonuniy harakatlari, transmilliy jinoiy guruhlarning ixtisoslashuviga sabab bo‘lmoqda.

Qul — qul emas, qulligini anglamagan — qul, degan edi faylasuflardan biri. Qullikni anglash esa, Albert Kamyu aytganidek, albatta isyon bilan tugaydi. Taassufki, erkini, tengligini, shaxsiy daxlsizligini arzimas bahoga sotayotgan va yoki ixtiyorsiz ravishda qullik domiga tushib qolayotganlar yo‘q emas. «Quldorlik tuzumi» deb atalgan butun boshli ijtimoiy formatsiyani bosib o‘tgan insoniyat uchun bu tushuncha yangilik emas. Qullar, qul bozorlari haqida tarix kitoblaridan o‘qigan, badiiy filmlarda ko‘rgan XXI asr avlodi «Odam savdosi» degan yangi iboraga to‘qnash keldi. Ibora sifatida yangi ammo ijtimoiy voqelik sifatida juda eski bu illat butun insoniyatda tashvish va xavotir uyg‘otmoqda.

Odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish yo‘li bilan odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning o‘zga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka o‘xshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson a’zolarini va (yoki) to‘qimalarini olishni anglatadi.

Aytish lozimki, bugungi kunga kelib odam savdosining avj olishiga, ya’ni insonni qandaydir bir buyum sifatida, ta’bir joiz bo‘lsa insonni oldi-sotdining ob’ekti sifatida foydalanilishi, ularning huquq va erkinliklarining poymol etilishiga quyidagilar sabab bo‘lmoqda:

odam savdosi kabi noqonuniy faoliyat turi bir yoki bir necha a’zolardan iborat guruhlarning serdaromad manbasiga aylanib borayotgani, ya’ni ularning hech qanday og‘ir va mashaqqatli mehnatlarsiz mo‘may daromad olishga urinayotganligi;

odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning soddaligi, o‘zining, yaqinlarining taqdiriga va kelajagiga befarqligi, loqaydligida. Ya’ni eng oliy ne’mat hisoblanmish erkin hayot tushunchasiga nisbatan yengil va beparvolik bilan qarashlari oqibatida ushbu odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchilarning o‘ljasiga, aniqrog‘i ularning oson daromad manbaiga aylanib qolmoqdalar;

odam savdosini amalga oshiruvchi jinoyatchi shaxslar o‘zlarining tanishlari, yaqin qarindoshlariga nisbatan, ya’ni ularning ishonchiga kirib olib, ularning odam savdosini qurboniga aylanib qolishiga sababchi bo‘layotganligida;

odam savdosining qurboniga aylanayotgan shaxslarning or-nomus qilib, ko‘rgan xo‘rliklari, ularga nisbatan ishlatilgan turli xildagi jismoniy yoki ruhiy tazyiqlar haqida yohud o‘zining noqonuniy ravishda chegarani buzib chiqib, chet davlatda hech qanday davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirganligidan qo‘rqib bular haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etmasligi.

Insoniyat tarixida odam savdosiga qarshi kurashish XIX asr oxiri va XX asr boshlarida xotin-qizlarning Yevropadan Amerika va Shimoliy Afrika qit’alariga keng ko‘lamli migratsiyasi hamda ayollarni Yevropaga sotish hodisasi kuzatilgan. Bu hodisaga barham berish maqsadida Parijda 1902 va 1910 yillarda ikkita konferensiya o‘tkazilib, «Oq qullar savdosiga qarshi kurash» nomli butunjahon Konvensiyasi qabul qilingan.

Keyinroq ushbu konvensiya «Ayollar va bolalar savdosini yo‘qotish» va «Voyaga yetgan ayollar savdosini yo‘qotish» nomli butunjahon Konvensiyalari bilan to‘ldirilgan. Odam savdosi muammosiga qarshi kurashishning keyingi tarixiy jarayonlari sekin-asta rivojlanib, 1948 yilda «Inson huquqlari» umumjahon Deklaratsiyasi qabul qilingan. Shundan so‘ng «Inson huquqlarining Yevropa Konvensiyasi», «Qullik xususida»gi Konvensiya, «Qullikni yo‘qotish amaliyoti to‘g‘risida»gi qo‘shimcha Konvensiya, «Bola huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiya, «Ayollarga qarshi diskriminatsiyaning har qanday ko‘rinishlariga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiyalar qabul qilinib, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida qo‘llanila boshlandi.

Yildan-yilga bu illatdan jabr chekayotganlar, uning qurboni bo‘layotganlar soni ortib bormoqda. Hudud va chegara bilmaydigan bu jinoyatning har biri jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Odam savdosidek og‘ir jinoyat inson hayoti, erkinligi va huquqlarini poymol qilib, uning erki, taqdiri va kelajagini oyoq osti qilishi bilan naqadar jirkanch ko‘rinishga ega.

Afsuski, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot- tashviqot ishlari olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar “zamonaviy qullik”, ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyoda har yili taxminan 2 milliondan ortiq isnon odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Xalqaro ekspertlarning baholashicha, ushbu jinoyatchilik natijasida olinayotgan yillik daromad miqdori 7 milliard AQSh dollaridan oshib ketgan. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning 80 foizi ayollar va bolalardir. Har yili dunyo bo‘yicha 600-800 ming nafar ayol va bola aldov yo‘li bilan xorijiy mamlakatlarga olib ketilib, sotib yuborilmoqda.

Inson huquqlarini tahqirlovchi hatti-xarakatlar, shu jumladan fuqarolarni majburiy mehnatga jalb qilish xalqaro hamjamiyat tomonidan qabih ishlar qatorida e’tirof etilib, ularni taqiqlashga oid bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu borada xalqaro hamkorlikning ifodasi sifatida bir qator xalqaro hujjatlar qabul qilindi. Shular orasida quyidagicha eng nufuzli va universal xalqaro hujjatlarni keltirish joiz:

  1. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi.
  2. Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt.
  3. Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt.
  4. Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga fakultativ protokol.

Universal xalqaro hujjatlar qatoriga o‘ttizga yaqin hujjat kirib, yuqorida keltirilgan ro‘yxatdagi hujjatlar ularning eng dolzarblari sanaladi.

Ularni universal deb atalishi sababi, ularda barcha masalalar o‘zining tugal darajadagi javobini hamda yechimini topgan bo‘lib, har bir hujjat uzoq davom etgan xalqaro muhokamadan so‘ng qabul qilingani, har biri o‘zida jahon boy tajribasini aks ettirgani uchun va nihoyat, har biri barqaror hukm surib kelgani uchun nufuzlidir.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yil 21 martida qabul qilingan “Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Konvensiya (O‘zbekiston Respublikasi mazkur xalqaro hujjatga 2003 yil 12 dekabarda qo‘shilgan. 2003 yilda O‘zbekiston yuqorida qayd etilgan BMTning 1949 yilgi Konvensiyasiga qo‘shildi, 2008 yilda esa BMTning transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi Konvensiyasini to‘ldiruvchi Odam savdosi, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish, bartaraf qilish va buning uchun javobgarlik to‘g‘risidagi Bayonnomani tasdiqlab, aholini ogohlantirish, jabrlanuvchilarni himoya qilish va huquqini muhofaza qiluvchi organlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan dasturlarni amalga oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash orqali odam savdosining oldini olish va bartaraf qilish majburiyatlarini oldi).

Shuningdek, mustaqillik yillarida xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosining xavfli ko‘rinishlariga qarshi kurash haqida bir qator shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

O‘zbekiston Respublikasining 2008 yilning 17 aprelidagi “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan. Qonunga muvofiq, odam savdosiga qarshi kurashish odam savdosining oldini olish, uni aniqlash, unga chek qo‘yish, uning oqibatlarini minimallashtirish, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyatini o‘z ichiga oladi.

Bugungi kunda odam savdosiga qarshi kurashish va bunday noxush voqealarni oldini olish global ahamiyat kasb etmoqda. Barcha davlatlarning o‘zaro hamkorligiga ehtiyoj tug‘ilib, bu borada davlatlararo va xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish hamda kuchlarni birlashtirish lozimligini taqqoza etmoqda. Bu borada odam savdosiga qarshi kurashning xalqaro va milliy qonunchilik normalarida tartibga solnishi shaxsning huquq va erkinliklarini ta’minlashning samarali vositasi hisoblanadi.

Konstitutsiyamizda aytilganidek, inson shaxsi daxlsizdir. Uning sha’ni, qadr-qimmatini toptashga hech kimning haqqi yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha mamlakatimizda mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Ammo, asosiy masala shundaki, odam avvalo o‘zining huquqlarini to‘liq anglab yetmas ekan, har qanday ko‘lamdagi chora-tadbirlar yetarlicha samara bermaydi. Shu nuqtai nazardan har bir fuqaroning huquqiy madaniyatini yuksaltirish ushbu illatga qarshi kurashishda muhim ahamiyatga ega.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, odam savdosi jinoyatiga qarshi kurash bugungi kunda jahon hamjamiyatining eng dolzarb muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda va bu kurashga shu hamjamiyatning teng huquqli sub’ekti sifatida O‘zbekiston Respublikasi ham o‘z hisassini qo‘shib kelmoqda. Mamlakatimizning obro‘sini dunyo miqyosida ko‘tarish, uning mavqeiga putur yetkazadigan odam savdosi kabi qabohatlardan asrash har birimizni burchimiz bo‘lmog‘i kerak. Odam savdosi kabi qabix jinoyatlarni sodir qiluvchi shaxslar oramizda, ularni changaliga har birimizni yaqinlarimiz tushib qolishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun ogoh bo‘lishimiz lozimdir.

 

Dilnoza Muratova,
 Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
direktorining o‘rinbosari,
2-darajali adliya maslahatchisi

Hudud24.uz

 

Powered by GSpeech