Konstitutsiyaviy komissiyaga kelayotgan jamoaviy takliflarning o‘ziga xosligi nimada?

Farg‘ona viloyati So‘x tumanidan 5 ming nafar fuqaro imzolagan xatda so‘xliklar konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlangan. Kuni kecha matbuotda ushbu xat tahliliga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

Hozirgi kunda umumxalq muhokamasi qizg‘in davom etayotgan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan nafaqat fuqarolar, balki tashkilot va muassasalardan ham Konstitutsiyaviy komissiyaga ko‘plab jamoaviy takliflar kelmoqda.

 Jamoaviy takliflar asosan parlament palatalarining turli qo‘mitalari, partiyalar fraksiyalari, vazirlik va tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan yuborilmoqda.

         Bunday jamoaviy takliflarning o‘ziga xosligi nimada?

Birinchidan, bu xatlarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasining barcha moddalari bo‘yicha imkon qadar tizimli takliflar jamlangan.

Ikkinchidan, takliflarning izchilligi va o‘zaro uyg‘unligi ta’minlangan bo‘lib, ular deyarli bir-birini inkor etmaydi.

Uchinchidan, takliflar ham tegishli tor soha mutaxassislari, ham malakali huquqshunoslar ekspertizasidan o‘tkazilgani tufayli nisbatan aniq va pishiq-puxta shaklda kiritiladi.

Bu omillarning barchasi, shubhasiz, Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida faoliyat olib borayotgan qonun ijodkorlarining katta hajmdagi va mashaqqatli ishlarini bir qadar yengillatishga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda Konstitutsiyaviy komissiyaga yaqinda kelib tushgan ikkita jamoaviy taklifning mazmun-mohiyati haqida muxtasar so‘z yuritamiz.

Bulardan biri – Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha gender-huquqiy ekspertiza xulosasidir. Ushbu “Xulosa” Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan taqdim etilgan.

Ma’lumki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Asosiy qonunning 37-moddasi yangi tahrirda berilgan bo‘lib, beshta yangi band qo‘shilmoqda. Xususan, ayni moddaning 3-bandi quyidagi normadan iborat:

“Homiladorligi  yoki  bolasi  borligi  sababli  ayollarni  ishga  qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi”.

“Xulosa”da qayd etilishicha, “Ushbu normada bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi bir jinsdagi shaxslarni boshqa jinsdagi shaxslarga nisbatan ustun holatga tushirib qo‘yadigan vaziyatlarni, holatlarni yoki mezonlarni yaratish, shu jumladan gender tengsizlikni keltirib chiqarishi mumkin”.

Bu fikrning huquqiy tasdig‘iga sifatida Xalqaro mehnat tashkilotining Mehnat va ish turlari sohasida kamsitish to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga tayanilgan. Haqiqatan ham, mazkur Konvensiyaning 1-moddasiga ko‘ra, kamsitish – bu mehnat yoki ish turlari sohasidagi muomala yoki imkoniyatlar tengligining yo‘qolishiga yoki bunday tenglikkak putur yetkazilishiga olib keluvchi farqlash, cheklash hamda ustun qo‘yishlardir.

Milliy qonunchiligimizda, xususan, saylov to‘g‘risidagi qonunlarda xotin-qizlar orasidan nomzodlar saylovlarda ko‘proq ko‘rsatilishini rag‘batlantirish uchun kvota ajratishga qaratilgan bunday “kamsitish”li normalar mavjud bo‘lib, jahon qonunchiligi amaliyotida ular “ijobiy diskriminatsiya” deb yuritiladi. Shunga qaramay, Konstitutsiyaviy komissiya ushbu taklifni asosli va chuqur o‘rganib chiqishiga aminmiz.

 “Xulosa”dagi keyingi taklif Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 37-moddasining 4-bandiga taalluqli. Ushbu bandda shunday deyilgan:

“Har bir ishlovchi ayol homilador bo‘lgan taqdirda va tug‘ish davrida haq to‘lanadigan ta’tilga hamda yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun  ta’tilga  yoki  bolani  farzandlikka  olish  uchun  ta’tilga  chiqish huquqiga ega”.

“Xulosa”da izohlanishicha, ushbu norma amaldagi milliy qonunchilikka mos kelmaydi. Yanada aniq qilib aytganda, ayni shu konstitutsiyaviy normada ko‘zda tutilayotgan huquqiy kafolatlar Mehnat kodeksi hamda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda nisbatan kengroq qamrovga ega.

Xususan, Mehnat kodeksining 234 moddasida bolani parvarishlash uchun ta’tillardan otasi, buvasi yoki bolani amalda parvarishlayotgan boshqa qarindoshlari ham to‘liq yoki qismlarga bo‘lib foydalanishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Kodeksning 235-moddasiga muvofiq, yangi tug‘ilgan bolalarni bevosita tug‘ruqxonadan farzandlikka olgan, ya’ni bolaga vasiy etib belgilangan shaxslarga ham nafaqa to‘lagan holda ta’til berilishi va ularning xohishiga ko‘ra, bola uch yoshga kirgunicha qo‘shimcha ta’tillar berilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 24-moddasida bola tug‘ilishi munosabati bilan ona ham, ota ham, haq to‘lanadigan ta’til olish huquqiga egaligi belgilangan.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi 37-moddasining 4-bandidagi yangi normada esa ushbu imkoniyatlar ko‘lami juda torayib qolgan. Ya’ni, bolani parvarishlash uchun ta’tillardan faqatgina “har bir ishlovchi ayol” foydalanishi mumkinligi nazarda tutilmoqda, xolos.

Bu, o‘z navbatida, mazkur konstitutsiyaviy normada xalqaro huquq va milliy qonunchilikda mustahkamlangan xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari ta’minlanishi zarurligini ko‘rsatib turibdi. Ishonchimiz komilki, Konstitutsiyaviy komissiya ayni holatni ham inobatga oladi.

“Xulosa”da Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga faqat tanqidiy-tahliliy takliflar bildirish bilangina cheklanilmagan. Aksincha, ayrim normalarga ijobiy baho berilgan va ularning ahamiyati huquqiy negizda talqin etilgan.

Jumladan, “Xulosa”da qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 63-moddasi 2-bandidagi norma: “Nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi”, degan shaklda mazmunan to‘ldirilgani e’tirofga loyiq. Chunki amaldagi Asosiy qonunning xuddi shu normasi aniq bayon etilmagani bois huquqni qo‘llash amaliyotida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarayotgan edi.

Loyihada nikoh tomonlari ayol va erkak ekaniga aniqlik kiritilgan. Natijada turli bahslarga zamin yaratayotgan masala ijobiy hal etilgan.

Yana bir e’tirof: amaldagi Konstitutsiyaning 65-moddasida faqatgina onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi ko‘zda tutilgan. Konstitutsiyaviy qonun loyihasida esa 63-moddaning 3-bandidagi norma quyidagicha: “Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”.

Ya’ni, mazkur konstitutsiyaviy norma gender tenglik talabiga muvofiqlashtirilgan. Natijada, “Xulosa”da qayd etilganidek, ota-onaning teng huquqligi va oilaviy munosabatlar tengligini ta’minlashga huquqiy imkoniyat yaratilmoqda.

Konstitutsiyaviy komissiyaga kelib tushgan e’tiborga loyiq jamoaviy takliflardan yana biri – Konstitutsiyaviy qonun loyihasini lingvistik ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha taqqoslash jadvalidir. Bu o‘rinda lingvistik ekspertiza, Konstitutsiyaviy komissiya so‘roviga asosan, Atamalar komissiyasi huzuridagi yetuk tilshunos olimlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh tomonidan amalga oshirilganini alohida ta’kidlash lozim.

“Taqqoslash jadvali” – 31 betdan iborat nihoyatda salmoqli hujjat. Unda Konstitutsiyaviy qonun loyihasida qo‘llangan yuridik jumlalar o‘zbek adabiy tilining rasmiy ish uslubi qoidalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan chuqur tahlil qilingan va zarur o‘rinlarda tegishli so‘z va iboralarning talabga mos shakllari tavsiya etilgan.

Misol uchun, “Taqqoslash jadvali”da Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi (umuman, amaldagi qonun hujjatlarida ham ba’zan uchraydigan) “qo‘llaniladi” so‘zini – “qo‘llanadi”, “norma” so‘zini – “me’yor”, “umum e’tirof etilgan” iborasini – “umume’tirof etilgan” shaklida yozish taklif etilmoqda.

Shuningdek, loyihaning 26-1-moddasi xirgi bandidagi: “...tintuv o‘tkazishni yoki ko‘zdan kechirishni amalga oshirishga haqli emas” degan jumlani quyidagi: “...tintuv o‘tkazishga yoki ko‘zdan kechirishga haqli emas” tarzida yangi tahrirda berish so‘ralmoqda. Chindan ham, bunday yondashuv davlat tilining rasmiy ish uslubi qoidalariga talabi, qolaversa, yuridik til ifoda uslubining ham talabidir.

Binobarin, taklif etilayotgan jumlada konstitutsiyaviy qoidani ifoda etishda ixchamlikka amal qilingan. Ya’ni, 9 ta so‘zdan tashkil topgan avvalgi tahrirdagi matnga nisbatan yangi matnda 2 ta so‘z tejalgan.

Albatta, “Taqqoslash jadvali”da miliy qonunchilik tili uchun maxsus joriy etilgan ayrim qoidalar inobatga olinmagan takliflar ham uchraydi. Masalan, tilshunos ekspertlar “xalq deputatlari Kengashi” iborasida “Kengash” so‘zini barcha o‘rinlarda kichik harfda yozish zarur, deb hisoblaydi. Vaholanki, qonunchilik tilida  “Kengash” so‘zini bosh harfda yozish yuzasidan alohida qonun hujjati qabul qilingan.

Eng muhimi, Konstitutsiyaga kiritish tavsiya etilayotgan yangi qoidalarni ongu tafakkur bilan chuqur mushhoda etib, qalb tarozisidan o‘tkazib, xolis va haqqoniy asosda bildirilgan bu kabi takliflar yangilangan Asosiy qonunimizning mukammaligini ta’minlashga, uning tom ma’nodagi xalq Konstitutsiyasiga aylanishiga qaratilgan.

 

G‘ulom Mirzo,

jurnalist

Powered by GSpeech