Konstitutsiyaga muvofiq harakat qilish inson huquqlari va erkinliklarini adolatli hamda teng asosda himoya qilishni anglatadi. Mansabdor shaxslar Konstitutsiyaga zid xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi kerak. Konstitutsiya odamlar farovonligi va ularning manfaatlarining eng oliy huquqiy kafolati hisoblanib, jamiyat hayotini shakllantirish va davlatni tashkil etishning asosiy vositalaridan biri sanaladi.
Inson huquqlari zamonaviy davlatning konstitutsiyasida markaziy o‘rinni egallaydi hamda jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarni belgilaydi. Shu bois, inson huquqlari to‘g‘risidagi normalar zamonaviy Konstitutsiya loyihasining ajralmas qismi hisoblanadi.
Inson huquqlari va demokratik konstitutsiyaviy tuzum o‘rtasidagi bog‘liqlik Konstitutsiya qabul qilinishiga yoki konstitutsiyaviy islohotga olib keladigan jarayondan boshlanadi. Bunday jarayon jamiyatning barcha sohalari vakillarining keng ishtirokiga asoslangan bo‘lsa, muvaffaqiyatli natijalarga olib keladi. Konstitusyaiviy islohotlarni amalga oshirish faqat siyosiy arboblarga topshirilmasligi kerak, chunki bu jarayonning birgalikdagi muallifligi katta ahamiyatga ega. Bunda ishtirokchilar o‘z fikrlarini erkin bildirishi va hech qanday to‘siqlarsiz hokimiyat vakillari bilan muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin.
Ta’kidlash lozimki, yurtimizda amalga oshirilayottgan konstitutsiyaviy islohotlarda davlat va jamiyatning barcha vakillari ishtirok etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Fuqarolar ham o‘z siyosiy faolliklarini namoyish etib, Konstitutsiyani takomillashtirish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiyaga 60 mingdan ortiq takliflar bildirishdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’kidlaganidek, Konstitutsiyani takomillashtirishda inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi asosiy o‘rinni egallashi lozim. Shu munosabat bilan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Konstitutsiyaning inson huquq va erkinliklariga bag‘ishlangan normalarni takomillashtirish, ularni inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomllar va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga muvofiqlashtirish hamda Konstitutsiyada aks ettirish bo‘yicha o‘zining bir qator takliflarini Konstitutsiyaviy komissiyaga yo‘lladi.
Amaldagi Konstitutsiya xorijiy ilg‘or tajriba hamda xalqaro standart va talablarga har tomonlama mos keladi. Lekin, undagi ba’zi normalarni takomillashtirish, bugungi kun talablariga moslashtirishni zamon taqozo etmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib bir qator Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etilgan quyidagi takliflar inobatga olindi:
Birinchidan, Konstitutsiyaning 1-moddasida O‘zbekistonning huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligini belgilovchi qo‘shimcha. Mazkur norma dunyoning ko‘plab davlatlari konstitutsiyalarida mavjud. Shuningdek, ularda davlat tuzilish shakli ham belgilanadigan hollar ko‘plab uchraydi.
Ikkinchidan, Konstitutsiyaning huquqiy maqomini uning o‘zida belgilash. Ya’ni, Konstitutsiyaning 15-moddasini “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi” degan norma bilan to‘ldirish taklif etilgan. Amaldagi qonunchilikda bu Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘rsidagi qonunchilikda belgilangan. Xorijiy davlatlar tajribasida (Rossiya, Belorus va boshqalar) Konstitutsiyaning maqomini uning o‘zida belgilash tajribasi mavjud. Mazkur taklif Komissiya tomonidan qabul qilinib Loyihaga qo‘shilgan.
Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining o‘z mamlakatidan chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga ekstraditsiya qilinishi mumkin emasligi to‘g‘risidagi norma bilan to‘ldirish. Markaz tomonidan bildirilgan ushbu taklif Konstitutsiyaning 22-moddasiga qo‘shimcha sifatida kiritilgan.
Shuningdek, bir qator dolzarb masalalar ham borki, ularni Konstitutsiyaga kiritish unda inson huquqlari yanada kafolatlanishini hamda demokratik bo‘lishini ta’minlaydi.
Loyihada 18-moddani yangi birinchi va ikkinchi qismlar bilan to‘ldirish taklif etilgan. Shu munosabat bilan, uchinchi qismdagi “fuqarolar” so‘zi barchaning qonun oldida tengligini istisno etmoqda. Ya’ni, O‘zbekistonda juda ko‘plab chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar istiqomat qilishi va faoliyat yuritishi inobatga olinsa, bu xalqaro huquq normalariga zid bo‘ladi. Zero, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 2-moddasida har bir davlat o‘z hududida turgan va o‘z yurisdiksiyasi ostida bo‘lgan barcha shaxslarning hukuqlarini hech bir ayirmachiliksiz, hurmat qilish va ta’minlash majburiyatini oladi. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, 18-moddaning 3-qismini quyidagi tahrirda bayon etish maqchadga muvofiq:
“O‘zbekiston Respublikasida barcha bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, tanasining rangi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, nogironligi, tug‘ilgan joyi, yashash joyi, yoshi, e’tiqodi, shaxsi, ijtimoiy va xizmat mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar”.
Ta’kidlash joizki, inson huquqlari to‘g‘risidagi qoidalar demokratik konstitutsiyalarning asosini tashkil etadi. Konstitutsiyaviy islohotlarning muvaffaqiyati unda turli qatlam vakillarining manfaatlari inobatga olinganligi hamda ular tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga bog‘liq bo‘ladi. Bu esa, Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining qay darajada kafolatlanganligiga bog‘liq bo‘ladi. Shu sababli, Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi loyihada yuqoridagi takliflarning inobatga olinishi katta ahamiyatga ega.
Rustam Atovulloev,
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bosh yuriskonsulti
- Qo'shildi: 01.08.2022
- Ko'rishlar: 5461
- Chop etish