O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori

Joriy yilning 22-24 iyul kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori” mavzuidagi VI Xalqaro kongress mamlakatimiz madaniy hayotida muhim voqea bo‘lgani e’tirof etilmoqda.

O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati tomonidan tashkil etilgan ushbu an’anaviy xalqaro anjuman ishtirokchisi akademik Akmal SAIDOV bilan shu haqda suhbatlashdik.

– Hurmatli Akmal Xolmatovich, Siz VI Xalqaro kongressning ochilish tadbirida moderatorlik qildingiz. Avvalgi beshta xalqaro kongress ishida ham faol ishtirok etgansiz. Ushbu an’anaviy xalqaro madaniyat anjumaniga asos solinishi tarixi haqida muxtasar so‘zlab bersangiz.

  • Xalqaro kongress, aniq qilib aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va 2017-2021 yillarda mamlakatimiz hayotining barcha sohalariga keng tatbiq etilgan Harakatlar strategiyasining mevasidir. Chunki aynan Harakatlar strategiyasida Yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun har tomonlama hozirlik ko‘rish, mamlakatimiz zaminida Uchinchi Renessans poydevori qo‘yilishiga erishish, bunda Vatanimizning barcha imkoniyati va salohiyati, jumladan, boy tarixiy va madaniy merosi yutuqlaridan samarali foydalanish istiqbollari belgilab berilgandi.

Shu asosda Birinchi xalqaro kongressO‘zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o‘rtasidagi muloqot uchun yo‘l” mavzusida 2017 yil 15-16 may kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazildi. O‘z navbatida, 2018 yil 6-8 iyun kunlari Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida – Ikkinchi xalqaro kongress, 2019 yil 22-23 avgust kunlari Toshkent shahrida – Uchinchi xalqaro kongress, 2020 yil 15-18 dekabr kunlari poytaxtimizda – To‘rtinchi xalqaro kongress va 2021 yil 13-21 sentyabr kunlari Toshkent, Nukus va Xiva shaharlarida – Beshinchi xalqaro kongress doirasidagi madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Keyingi ikkita xalqaro kongress “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori” mavzusiga bag‘ishlandi. Bu bejiz emas. Bunda ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy mezon bo‘lgani tabiiydir.

Ya’ni, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat bo‘lib, beshinchi ustuvor yo‘nalishi – ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi – ma’naviyatdir. Biz yangi O‘zbekistonni barpo etishda ana shu ikkita mustahkam ustunga, ya’ni bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanamiz”.

Xalqaro kongressning tashkilotchilari qaysi tashkilot va muassasalar? Ishtirokchilari kimlardan iborat?

Xalqaro anjumanning asosiy tashabbuskori O‘zbekiston madaniy merosini saqlash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati hisoblanadi. Butunjahon jamiyati «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasi asosida tashkil etilgan va 2018 yilda Parijda rasman ro‘yxatdan o‘tgan.

Mazkur loyihaning bosh homiysi – “Eriell Group” neft-servis kompaniyasidir. Ushbu kompaniya Butunjahon jamiyati homiysi va kongress tashkilotchisi hisoblanadi.

Bu yil “Eriell Group” kompaniyasi homiyligida o‘tkazilgan Oltinchi xalqaro kongress O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligi, Turizm va madaniy meros vazirligi, Samarqand viloyati hokimligi, Abu Rayxon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, YuNESKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya, Islom sivilizatsiyasi markazi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” Davlat aviakompaniyasi, “Zamon press info” nashriyot uyi, shuningdek,  ISESCO, IRSICA singari xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazildi.

Bundan tashqari, Butunjahon jamiyatining ICCN, «Mueller&Schindler» nashriyot uyi (Avstriya), Al-Furqon (Buyuk Britaniya) kabi xalqaro hamkorlari ham bu borada katta yordam ko‘rsatib kelmoqda.

Oltinchi xalqaro kongress ishida dunyo miqyosida taniqli 250 dan ortiq sharqshunos, tarixchi, etnograf va san’atshunos olimlar, mashhur xalqaro muzeylarning 50 nafar direktori, xalqaro tashkilotlarning 6 nafar nufuzli eksperti, 15 nafar akademik, 25 nafar professor, 22 nafar fan doktori, ko‘plab muzeylar xodimlari,  madaniyat va san’at sohalarini yoritishga ixtisoslashgan OAV ijodkorlari – jami 32 davlatdan 350 dan ortiq vakil ishtirok etdi.

Ochilish marosimida YuNESKO Bosh direktorining madaniyat bo‘yicha o‘rinbosari Ernesto Renato Ottone Ramires aytgan mana bu e’tirofli so‘zlar yodimda saqlanib qoldi: “O‘zbekiston Respublikasi hukumatiga mamlakatning boy madaniy merosini asrab-avaylash borasidagi tinimsiz sa’y-harakatlari uchun tashakkur bildiraman. Xalqaro kongress bu ezgu ishga katta hissa qo‘shishiga shubham yo‘q”.

Ushbu xalqaro madaniyat anjumanining ahamiyati nimada?

– Bu haqda fikr yuritganda, avvalo, Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan, O‘zbekiston zamini asrlar davomida turli xalqlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishda g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotganini jahon hamjamiyati yaxshi bilishi va yuksak e’tirof etishini ta’kidlash lozim.

Davlatimiz rahbari qayd etganidek, “Bundan uch ming yil muqaddam mintaqada ilk shaharlar va davlatchilikning vujudga kelishi bu hududda yangi hayotiy tushunchalar va falsafiy qarashlarning, ilm-fan, xususan, tibbiyot va astronomiya, jo‘g‘rofiya va matematika, geodeziya, me’morchilik sohalarining, madaniy-ma’rifiy va diniy qadriyatlarning jadal taraqqiy etishiga asos yaratdi”.

Shu ma’noda, har yili tashkil etilayotgan Xalqaro kongress:

Birinchidan, o‘zbek milliy madaniyati va san’ati butun jahonda nechog‘lik keng tarqalganini teran anglash imkoniyatini yaratadi.

Ikkinchidan, O‘zbekistonning madaniy va ilmiy rivojiga katta hissa qo‘shadi. Chunki tadqiqotchilarni birlashtirib, O‘zbekiston san’ati va tarix fani ilgari qadam tashlashiga xizmat qiladi.

Uchinchidan, jahon muzeylari va kolleksiyalarida saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish imkoniyatini kengaytiradi.

To‘rtinchidan, bunday anjumanlar jahonning ko‘plab muzeylari, shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan qadimiy osori-atiqalarimiz haqida muntazam yangi ma’lumotlarga ega bo‘lishimiz uchun nihoyatda ahamiyatlidir.

Bunga birgina misol: Oltinchi xalqaro kongressda ishtirok etgan tojikistonlik olimlar ushbu mamlakat muzeylari, kutubxonalari, oliy ta’lim muassasalarida O‘zbekiston bilan bog‘liq juda ko‘plab osori atiqalar mavjudligini, Dushanbeda Sohibqiron Amir Temur haqida eski o‘zbek tilida bundan to‘rt asr avval bitilgan nodir qo‘lyozma ham borligini ta’kidladilar. Kelgusida ana shunday asarlarning faksimil nusxalarini chop etish, bugungi alifboda nashr qilish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

Ushbu kongressda ilk bor qatnashgan Tojikiston Milliy muzeyi direktori Zafarsho Safo Ibrohimzoda o‘z kechinmalarini mana bunday ifodaladi:

“Tadbirga turli mamlakatlardan 150 dan ortiq olimlar taklif etilgani menda katta taassurot qoldirdi. Bu, albatta, jahon hamjamiyati Samarqandni tamaddunlar markazi sifatida tan olishidan dalolat beradi. Jahon jamoatchiligi O‘zbekistonning boy madaniy merosidan xabardor bo‘lishi uchun bunday tadbirlarni tez-tez o‘tkazib turish kerak, deb hisoblayman.

Haqiqatan ham, ushbu Xalqaro kongress, bir tomondan, O‘zbekistonning boy madaniy merosini jahon miqyosida o‘rganish va ommalashtirishga keng yo‘l ochsa, ikkinchi tomondan, dunyo bo‘ylab sochilib ketgan milliy merosimizga oid osori-atiqalarni izlab topish, jamlash va tizimlashtirishga xizmat qiladi.

– Anjuman ishtirokchilari uchun noyob kitoblar taqdimoti o‘tkazilgani haqida ham to‘xtalsangiz?

– Bu anjuman har yili o‘tkazilishi munosabati bilan xorijiy kolleksiyalarda saqlanayotgan O‘zbekiston madaniy merosi namunalariga atalgan kitoblar muntazam chop etib boriladi. O‘tgan 6 yil davomida «O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida» loyihasi doirasida milliy osori-atiqalarimizga bag‘ishlangan 60 ta kitob-albom chop etilgani bu fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.

Oltinchi xalqaro kongress doirasida “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” turkumidagi 10 ta yangi kitob-albom, ya’ni 51-60 jildlarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitoblardan xorijlik mutaxassislarning madaniy merosimiz haqida o‘z fikrlarini bildirib yozgan maqolalari joy olgan. Kitob-albomlarda xorijiy davlatlarda saqlanayotgan osori-atiqalarimiz haqida batafsil ma’lumot berilgani juda muhim.

Bundan tashqari, Yevropaning yetakchi matbaa korxonalaridan biri – “Mueller& Schindler” nashriyotida  o‘zbek zaminining buyuk farzandi, atoqli  olim  Mirzo Ulug‘bek buyurtmasi bilan yaratilgan “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” (“Qo‘zg‘almas yulduzlar tasviri haqidagi kitob”) qo‘lyozmasining  faksimil nusxasi  namoyish etildi.

Shuni ham qayd etish joizki, xalqaro kongress ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumatiga madaniyat sohasi, gumanitar fanlarning tobora rivojlanib borayotgani, O‘zbekiston xalqlarining madaniy merosini asrab-avaylashga qaratilgan tashabbuslar doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlanayotgani uchun chuqur minnatdorchilik bildirilgani bejiz emas.

Binobarin, «O‘zbekiston obidalaridagi bitiklar», «O‘zbekiston fan va madaniyati olimlar asarlarida» turkumlariga mansub salmoqli kitoblarni nashr etish bo‘yicha ishlar ham izchil davom ettirilmoqda. Ayni mavzularda 60 dan ortiq film suratga olingan, O‘zbekistonda va xorijda ko‘plab media-forumlar o‘tkazilgan.

Bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan “O‘zbekiston madaniy merosi jahon to‘plamlarida” loyihasi doirasida nashr etilayotgan kitoblar e’tirof etilmoqda. Ushbu noyob kitoblarni eng yirik ilmiy muassasalar, kutubxonalar va muzeylarga imkon qadar keng tarqatishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda.

Xulosa qilib aytganda, Butunjahon jamiyatining VI Kongressi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan Deklaratsiyada alohida ta’kidlanganidek, «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevning bevosita tashabbusi bilan O‘zbekistonda Yangi Renessans – Yangi Uyg‘onish davrining poydevori qo‘yilyapti, bu esa mamlakatimizda ma’naviy-ma’rifiy sohada tub o‘zgarishlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda».

 

G‘ulom Abdurahim suhbatlashdi

Powered by GSpeech