YANGI O‘ZBEKISTONDAGI KONSTITUTSIYAVIY ISLOHOTLAR: XALQCHIL, OCHIQ VA SHAFFOF

Joriy yil 5 avgust kuni Xitoy poytaxti – Pekin shahrida joylashgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Bosh qarorgohida “Yangi O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Oflayn va onlayn tarzdagi ushbu xalqaro tadbir O‘zbekistonning Xitoydagi Elchixonasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekistonning “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va ShHT Kotibiyati tomonidan tashkil etildi.

Davra suhbatida Shanxay hamkorlik tashkiloti rahbariyati, Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimlari, ShHTga a’zo, kuzatuvchi va hamkor hisoblanuvchi davlatlar elchilari va vakolatli vakillari, diplomatik korpus, shuningdek, Xitoyning ijtimoiy-siyosiy, ekspert-tahlil, ishbilarmonlar doiralari namoyandalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Muloqot asnosida ishtirokchilarga O‘zbekistonning hozirgi taraqqiyot bosqichidagi shiddatli va qamrovdor islohotlar samaralari haqida atroflicha ma’lumot berildi. Uchrashuvda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot:

birinchidan, Asosiy qonunni O‘zbekiston taraqqiyotining zamonaviy real holati bilan uyg‘unlashtirish;

ikkinchidan, mamlakatni yanada barqaror rivojantirishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash;

uchinchidan, Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi doirasidagi islohotlar izchil va uzviy asosda amalga oshirilishini ta’minlashni ko‘zda tutadi.

 

Xalqaro davra suhbatiga Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari Soxayl XAN moderatorlik qildi.

 Chjan MIN, Shanxay hamkorlik tashkilotining Bosh kotibi (videomurojaat):

– Mamlakatingizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish va xalqingiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholaymiz. Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining muhim bosqichida dadil odimlamoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatda keng ko‘lamli islohotlar dasturini amalga oshirish izchil davom etmoqda. O‘zbekistonga tashriflarim chog‘ida mamlakatingizda ulkan o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldim.

O‘zbekistonda aholining malakali tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya va sog‘lom ekologik muhitni ta’minlashga e’tibor tobora kuchaytirilayotgani e’tiborimni tortdi. Bu boradagi sa’y-harakatlar ijtimoiy davlat tamoyillariga to‘la mos keladi.

Ayniqsa, O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot “Inson qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi uchun” degan ustuvor tamoyilni ro‘yobga chiqarishga qaratilgani alohida ahamiyatga ega. Inson qadr-qimmati – tinch-osoyishta va xavfsiz hayotni, fuqarolarning ajralmas huquq va erkinliklarini ta’minlash, mamlakatda istiqomat qiladigan har qaysi inson uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilmalarni izchillik bilan barpo etish, malakali tibbiy xizmat, sifatli ta’lim, ijtimoiy himoya va sog‘lom ekologik muhit imkoniyatlarini yaratish deganidir.

Bugungi kunda O‘zbekiston tomonidan olib borilayotgan ochiq va faol tashqi siyosat mamlakatning xalqaro nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston xalqaro jarayonlarning muhim ishtirokchisi bo‘lib, mintaqaviy hamkorlikka jadal sur’at bag‘ishlamoqda, ShHT makonida tinchlik va barqaror rivojlanishga muhim hissa qo‘shmoqda.

Akmal SAIDOV, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, Konstitutsiyaviy komissiya raisi (onlayn muloqot):

– Konstitutsiyaviy islohot O‘zbekistonning kelgusida ham barqaror taraqqiy etishi, xalqimizning farovonligi ortishi, yurtimizning yanada obod bo‘lishi va Vatanimizning dunyodagi obro‘-e’tibori bundan-da yuksalishiga qaratilgan ustuvor vazifalarni bajarishga xizmat qiladi.

Ushbu konstitutsiyaviy islohotning tashabbuskori bevosita O‘zbekiston xalqi ekanini alohida ta’kidlash lozim. Ayni jarayonlar hozirgi kunda mamlakatni rivojlantirishning asosiy prinsipi hisoblanuvchi “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili negizida amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev konstitutsiyaviy islohotni umumxalq muhokamasi va referendum asosida, xalqimizning fikr-mulohazalari, xohish-irodasi va qo‘llab-quvvatlashiga tayangan holda amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. O‘zbekiston Prezidenti ta’biri bilan aytganda, “konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida referendum orqali amalga oshirsak, bu tom ma’noda xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi”.

Bunday demokratik yondashuv “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi – xalqdir” degan tamoyilga to‘la mos keladi. Binobarin, O‘zbekiston xalqi Konstitutsiyaga kiritish taklif etilayotgan yangi norma va qoidalarni ongu tafakkuri, qalbidan o‘tkazib, ularga xolis va haqqoniy munosabatini bildirmoqda. Davlatimiz rahbari ishonch bilan ta’kidlaganidek, “Barchamiz Asosiy qonunimizda o‘zimizni, oilamizni, mahallamizning orzu-umidlarini ko‘rishga intilayotganimiz – bu tabiiy va mutlaqo to‘g‘ri".

O‘zbekistonda Asosiy qonunga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzilgan. Komissiya tarkibi deputatlar, senatorlar, O‘zbekistonning barcha hududlaridan vakillar, fuqarolik jamiyati institutlari faollari, huquqshunoslar, siyosatshunoslar va boshqa mutaxassislardan iborat.

Prezidentimiz O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining uchta bosqichini aniq belgilab berdi.

Birinchi bosqich – Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilishni tashkillashtirish.

Konstitutsiyaviy komissiya takliflari asosida ishlab chiqilgan loyiha Parlamentning Qonunchilik palatasiga taqdim etildi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining birinchi bosqichi yakuniga yetdi.

Ikkinchi bosqich – Parlament tomonidan ishlab chiqilgan yangilangan Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqish.

Joriy yil 1 avgustigacha e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasida yoshlar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari, tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati instituti vakillari, umuman vatanimiz taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz katta qiziqish bilan ishtirok etib, o‘z takliflarini bildirdi. Umumxalq muhokamasi doirasida 150 mingdan ortiq taklif kelib tushdi.

 Uchinchi bosqich – umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish.

Ayni vaqtda Konstitutsiyaviy komissiyada har bir taklif va ekspertiza xulosalari ekspertlar, mutaxassislar, olimlar, siyosatchilar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, shu asosda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi maromiga yetkazilyapti.

Shundan so‘ng Konstitutsiyaviy qonun loyihasi parlament quyi palatasi qo‘mitalarining qo‘shma yig‘ilishi, siyosiy partiyalar fraksiyalarida muhokamalardan o‘tkaziladi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisi kun tartibiga olib chiqiladi. Qonun loyihasining matni tayyor bo‘lishi bilan deputatlar muhokamasiga kiritiladi va xalq vakillarining fikrini inobatga olgan holda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi referendumga qo‘yiladi.

 

 Li YUNSYUAN, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyoni ijtimoiy rivojlantirish instituti direktori:

– O‘zbekistondagi Konstitutsiya islohoti milliy ustuvor yo‘nalishlaringizga mos bo‘lib, mamlakatni barqaror rivojlantirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlaydi. Bu O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar, yangi Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish jarayonining mantiqiy davomidir.

Shu bilan birga, ushbu jarayon xalqaro standartlarga to‘liq mosdir. Shubhasiz, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan Konstitutsiya islohoti, umuman, izchil o‘zgarishlar mamlakat milliy taraqqiyotiga oid kompleks vazifalarni amalga oshirishda muhim asos bo‘ladi.

Yangilanadigan Konstitutsiyangizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat hisoblanishiga taalluqli qoida alohida o‘rin egallayotgani tahsinga sazovor. Chunki ijtimoiy davlatda barchaga va har bir shaxsga  munosib hayot sharoitlari yaratiladi.

Bunday maqomga ega mamlakat fuqarolari o‘z muammolari bilan o‘ralashib, davlatning e’tibori va g‘amxo‘rligidan chetda qolib ketmaydi. Shu ma’noda, O‘zbekistonda Asosiy qonunni isloh etishda aynan ijtimoiy davlatga xos normalarga, xususan:

fuqarolarning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, muhtoj toifalarni uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash;

oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirish;

bolaning manfaatlari, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish;

nogironligi bo‘lgan insonlar – jamiyatning to‘laqonli a’zolari, degan tamoyil negizida ularning konstitutsiyaviy huquq va kafolatlarini belgilab qo‘yish;

tabiatdagi global iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq vaziyatning tobora keskin tus olayotganini nazarda tutgan holda, ekologik xavfsizlik yo‘nalishiga doir ekologik-huquqiy normalarni ifoda ettirishga katta e’tibor qaratilayotganini qo‘llab-quvvatlayman.

 

 Li SZIGO, Xitoy Xalqaro munosabatlar akademiyasi Yevroosiyo instituti direktori:

– O‘zbekiston islohotlarni yanada chuqurlashtirish, taraqqiyotni jadallashtirish va milliy farovonlikni oshirish yo‘lida ilgari odimlamoqda. Bu jarayon O‘zbekistonning xalqaro faolligiga ham jadal sur’atlar bag‘ishlayapti.

Ayni sharoitda mamlakat Asosiy qonunini o‘zbek jamiyatining zamonaviy voqeliklari bilan uyg‘unlashtirish juda muhim va dolzarbdir. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umummilliy tarzda muhokama qilingani juda muhim.

Bularning barchasi Konstitutsiya islohoti xalq manfaatlaridan kelib chiqayotgani, jamiyatning keng qatlamlaridan takliflar olinayotganining dalolatidir. Demak, mamlakatning yangilangan Konstitutsiyasi chinakam xalq Konstitutsiyasiga aylanadi.

 

 Syuy TAO, Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyoni ijtimoiy rivojlantirish instituti bosh ilmiy xodimi:

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohot tabiiy ravishda mamlakat taraqqiyoti dinamikasiga hamohangdir. Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarildi va bu jarayonni huquqiy jihatdan mustahkamlash kerak.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalarida fuqarolarning xohish-irodasini keng ifodalashga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani e’tiborga molik. Oshkoralik, ochiqlik va inklyuzivlik – O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot jarayonini shu omillar bilan tavsiflashni istardim.

 Su CHAN, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasi qoshidagi Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi strategik hamkorlik kengashi direktori o‘rinbosari:

– «Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» tamoyilining konstitutsiyaviy tarzda mustahkamlab qo‘yilishi davlatning jamiyat oldidagi mas’uliyatini kuchaytirishda juda muhimdir. Yanada muhimi, O‘zbekiston taraqqiyotining «Inson – jamiyat – davlat» tamoyiliga asoslangan yangi paradigmasida inson omiliga alohida urg‘u berilayotganidir.

O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan joriy islohotlar mamlakat taraqqiyotining izchilligi va uzluksizligini ta’minlaydi. Bu yangilanishlar jarayoni mamlakatning milliy ustuvor manfaatlariga to‘la mos ekani diqqatga molik.

Eng asosiysi, O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot juda dolzarb. Chunki ushbu jarayon kelajakda mamlakat yanada jadal taraqqiy etishining huquqiy asoslarini mustahkamlash va mukammallashtirishga xizmat qiladi.

 

Li YAN, Xitoy Xalqaro munosabatlar akademiyasi Yevroosiyo instituti ilmiy xodimi:

– Men O‘zbekiston Konstitutsiyasiga xususiy mulk va tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish sohasida kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida gapirmoqchiman.

Konstitutsiyaviy islohot fuqarolarning iqtisodiy faoliyati uchun huquqiy maydonni kengaytirmoqda. Bu, o‘z navbatida, barqaror taraqqiyotni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

 Muloqotda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq  Respublikasidagi  Favqulodda  va  muxtor  elchisi  Farhod Arziev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Davra suhbatida muhokama qilingan mavzu yuzasidan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Eron diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Elchilarning chiqishlarida mamlakatimizdagi islohotlar jarayonlari, O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi faol sa’y-harakatlari va Shanxay hamkorlik tashkilotidagi muvaffaqiyatli raisligi yuqori baholandi.

 G‘ulom MIRZO tayyorladi

Toshkent –Pekin – Toshkent

Powered by GSpeech