YANGI O‘ZBEKISTONNING KITOBSEVAR INSONLARI BO‘LAYLIK!

9 avgust — Xalqaro kitobsevarlar kunidagi o‘ylar

 

Yaqinda jahonning eng kitobsevar xalqlari haqidagi ma’lumotga ko‘zim tushdi. Xalqaro madaniyat indeksiga ko‘ra, “Dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan aholiga ega mamlakat” degan mezon bo‘yicha kuchli 26 ta davlat reytingi Internetda e’lon qilinibdi.

Ushbu reytingda birinchi o‘rinni egallagan Hindistonda odamlar kitob mutolaasi uchun haftasiga o‘rtacha 10 soatu 42 daqiqa sarflar ekan.  Ro‘yxatning oxiriga bo‘lsa ham ilinib qolgan Janubiy Koreyada ushbu ko‘rsatkich 3 soatu 6 daqiqani tashkil etmoqda.

Reyting ro‘yxatida, shuningdek, Tailand (9:24), Xitoy (8:00), Filippin (7:36), Misr (7:30), Chexiya (7:24), Rossiya (7:06), Shvesiya (6:54), Fransiya (6:54), Vengriya (6:48), Saudiya Arabistoni (6:48), Polsha (6:30), Venesuela (6:24), Janubiy Afrika Respublikasi (6:18), Avstraliya (6:18), Indoneziya (6:00), Argentina (5:54), Turkiya (5:54), Ispaniya (5:48), Kanada (5:48), Germaniya (5:42), AQSh (5:42), Italiya (5:36), Braziliya (5:12), Yaponiya (4:06) davlatlari ham bor.

Ammo, ushbu ro‘yxatda O‘zbekistonni izlab topolmadim. Unga Markaziy Osiyo mintaqasining boshqa davlatlari ham kirmagan.

Xolbuki, Sharqda kitob va mutolaa madaniyati azaldan qadrlangan.  Ulug‘ alloma ajdodimiz Shayx Najmiddin Kubro iborasi bilan aytganda,  “Kitob — sahroda do‘st, hayot yo‘llarida tayanch, yolg‘izlik damlarida yo‘ldosh, baxtiyor daqiqalarda rahbar, qayg‘uli damlarda madadkor, odamlar orasida zebu ziynat, dushmanlarga qarshi kurashda quroldir”.

Joriy yil 23 aprelida YuNESKO Bosh direktori Odri Azule Butunjahon kitob kapitali bo‘yicha maslahat qo‘mitasining baholash natijalariga ko‘ra Fransiyaning Strasburg shahrini 2024 yil uchun Jahon kitob poytaxti etib belgiladi. 2001 yildan hisoblaganda Strasburg bu nomga munosib ko‘rilgan 24-shahar sanaladi.

Bunga qadar Madrid (2001), Aleksandriya (2002), Nyu-Dehli (2003), Antverpen (2004), Monreal (2005), Turin (2006), Bogota (2007), Amsterdam (2008), Bayrut (2009), Lyublyana (2010), Buenos-Ayres (2011), Yerevan (2012), Bangkok (2013), Port-Xarkort (2014), Incheon (2015), Vrotslav (2016), Konakri ( 2017), Afina (2018), Sharja (2019), Kuala-Lumpur (2020), Tbilisi (2021), Gvadalaxara (2022) va Akkra (2023) shaharlari “Jahon kitob poytaxti” nomiga sazovor bo‘lgan.

Binobarin, YuNESKO hamda kitob sanoatining uchta asosiy sektori – noshirlik, kitob savdosi va kutubxonachilik sohalari faoliyati bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkilotlar har yili 23 aprelda dunyo shaharlaridan biriga “Jahon kitob poytaxti” faxriy unvonini taqdim etishi xayrli an’anaga aylangan. Bunday sharafga sazovor bo‘lgan shahar, odatda, kitob va kitobxonlikni keng targ‘ib etish, yil davomida bu borada alohida chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish majburiyatini zimmasiga oladi.

Shu munosabat bilan kamina “23 aprel — Butunjahon kitob va mualliflik huquqi kuni” arafasida chop ettirgan maqolamda bundan bir necha yil ilgari akademik Akmal Saidov matbuotda Toshkent shahrini – “Jahon kitob poytaxti”ga aylantirish tashabbusini ilgari surgani haqida yozgandim. Haqiqatan ham, mamlakatimiz poytaxti bu faxriy unvonga har tomonlama munosib, deb o‘ylayman.

Shuning uchun Toshkent “Jahon kitob poytaxti” unvoniga musharraf bo‘lmaganiga astoydil ranjigandim. Endi esa O‘zbekistonning “Dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan aholiga ega mamlakat” reytingiga kirmay qolganidan afsuslanmoqdaman.

Bugungi kunda gurkirab taraqqiy etayotgan poytaxtimiz uchun, eng asosiysi, turli xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinlarni izchil zabt etayotgan Yangi O‘zbekiston uchun bunday marralar cho‘t emas, nazarimda. Agar har ikki ro‘yxat o‘zaro qiyoslanadigan bo‘lsa, aksariyat mamlakatlarning ikkala reytingda ham borligini ko‘rish mumkin. Xalqona aytganda, “Harakatda – barakat” deganlari shu.

Albatta, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham kitobxonlikka katta e’tibor qaratilmoqda. Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda matbaa va noshirlik sohasini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, bosma mahsulotlar bozorini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli va tizimli ishlar amalga oshirildi.

Bunda, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 16 martda qabul qilingan "Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Keyingi davrda mamlakatimizda yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirishga, ularning kitob bilan do‘st bo‘lishiga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga katta e’tibor berilayotgani davlatimiz rahbari tomonidan beshta muhim tashabbus ilgari surilgani misolida yana bir bor yaqqol tasdig‘ini topdi.

Shu tashabbuslarning to‘rtinchisi aynan kitob va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan. Ushbu tashabbus doirasida yurtimizda kitobxonlik klubi tashkil etildi, umumta’lim maktablariga yuz minglab nusxada kitoblar sovg‘a qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari kitobsiz, ya’ni ilmsiz farovon kelajakka erishib bo‘lmasligiga o‘z vaqtida e’tibor qaratdi. Xususan, 2017 yil 12 yanvarda Prezidentimizning “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi imzolangandi. O‘tgan vaqt ichida bu yo‘nalishda salmoqli ishlar amalga oshirildi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrda qabul qilingan “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi hamda 2019 yil 7 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlari ayni sohadagi islohotlarning izchilligiga keng yo‘l ochdi.

Yanada muhimi, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi yettita ustuvor yo‘nalishdan biri ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqishni ko‘zda tutadi. Taraqqiyot strategiyasining 72-maqsadida: birinchidan, aholiga axborot-kutubxona xizmati ko‘rsatishni yanada rivojlantirish; ikkinchidan, kitobxonlikni keng ommalashtirish; uchinchidan, “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish vazifalari belgilab berilgan.

Aslida ham, kitob va kitobxonlik har bir davrning eng dolzarb mavzularidan biri bo‘lib kelgan. Hozirgi kunda uning dolzarblik ko‘lami yanada ortdi. Taniqli adib va alloma Mirzo Kenjabek ta’biri bilan aytganda, “Kitobga qaytish vijdonga qaytishdir. Kitobga qaytish haqiqatga, insofga, adolatga, ma’naviyat va ma’rifatga, umuman olganda, hayotga qaytishdir. Kitobsiz hayot ruhsiz hayotdir. Ruhsiz hayot esa o‘limdir”.

Biroq hamma yurtdoshlarimiz ham aynan shunday fikrdami? Bilmadim...

Bir ijodkor tanishimning nadomati bu borada hozircha nekbinlik qila olmasligimizning ifodsidek tuyuldi. Tug‘ilib-o‘sgan qishlog‘ida jamoatchilik kutubxonasi ochishga bel bog‘lagan o‘sha qalamkash do‘stimiz otameros hovlisini kutubxonaga moslashtirish orzusi bilan yashamoqda. U kutubxonaning boshlang‘ich kitob fondini shaxsiy kutubxonasidagi kitoblar hisobiga to‘ldirish niyatida. Bu yerda aholiga bepul kutubxona xizmati ko‘rsatiladi, deydi.

Qishloqda yangi kutubxona ochish jarayonini moddiy tomondan ozgina qo‘llab-quvvatlashga ehtiyoj mavjudligi haqida viloyat hokimligiga xat yozgan ekan. Lekin, bir necha oy bo‘libdiki,  nafaqat kutubxona ochish tashabbusi bilan chiqqan faol ziyoli sifatida, balki mahalliy davlat hokimiyati idorasiga murojaat yo‘llagan fuqaro maqomida ham haligacha xatiga hech qanday javob olmabdi.

Vaholanki, Prezident Shavkat Mirziyoev haqli tanqid qilganlaridek, yurtimizdagi 9 ming 309 ta mahallaning 6 mingdan ortig‘ida kutubxona mavjud emas. Agar o‘sha ziyoli hamyurtimizning tashabbusi ertami-kech ro‘yobga chiqsa, bu uyatli (!) ro‘yxatdagi salmoqli raqam har tugul bittaga kamayadi.

Harakatda – barakat, deyilgani bejiz emas.

 

G‘ulom Mirzo,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

 

 

Powered by GSpeech