DAVLAT XIZMATI FAOLIYATIGA YANGICHA YONDASHUV

Mamlakatimizda sohalar rivoji yildan-yilga o‘sib bormoqda. Barcha uchun imkoniyatlar ko‘lami kengaymoqda. Qaysi bir tizimni olmang, yangilanishlarni ko‘rasiz.

Yoshlar va kam ta’minlanganlar bilan ishlash, ta’lim, sog‘liqni saqlash tizimida tub islohotlarni amalga oshirish, “mahallabay” ishlash bilan har bir oilaning muammolariga kirib borish hisobiga minglab muammolar yechilmoqda. Har jabhada salmoqli amaliy natijalar bo‘y ko‘rsatmoqda.

Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan davlat xizmatini isloh qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda davlat xizmatini isloh qilish hamda boshqaruvda natijadorlik va sifatni oshirish haqida fikr yuritilar ekan, shubhasiz, bu borada tegishlicha takliflar va fikr-mulohazalar bildirildi.

Prezidentimiz davlat xizmatida 118 ming nafar xodim mehnat qilayotgani, xodimlarga samarali ishlash uchun munosib sharoitlar yaratilgani, ular safini yosh kadrlar bilan to‘ldirish borasidagi sa’y-harakatlar muntazamlik kasb etgani, ayniqsa, davlat xizmatida 40 yoshgacha bo‘lgan xodimlar soni 37 foizdan 61 foizga yetgani, shunga qaramasdan, hali davlat xizmati chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylanmaganini alohida ta’kidladi.

Bu raqamlar zamirida aniq mas’uliyat va vazifalar bor. Xususan, davlat xizmatida mehnat qilayotgan kadrlar o‘z ustida tinimsiz ishlashi, bilimi va kasb salohiyatini muntazam oshirib borishi zarur. Davlat  xizmatchilari aholi bilan ishlash va murojaatlarga javob berishda insonlar psixologiyasini yaxshi bilishi, shunga mos ravishda muomala va shaxslararo muloqot madaniyatini mukammal egallagan bo‘lishi zarur.  

Ma’lumki, so‘nggi 2 yil davomida chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun tayyorlandi. Ushbu qonun bilan belgilanayotgan yangi tizimning har bir idora va hudud kesimida qanday ishlashi, bu borada turgan ustuvor vazifalar yig‘ilishda tahliliy muhokama qilindi.  

Ushbu qonunni qabul qilishdan asosiy maqsad nimada edi? Bu kabi savollar juda ko‘pchilikni o‘ylantirgani aniq. Ammo, shuni ham ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi, ularning ijtimoiy va huquqiy himoyasi masalalarini tartibga soluvchi, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, o‘tash va tugatishni umumiy yondashuvini mustahkamlovchi yaxlit qonunimiz mavjud emasdi. 

Qonunchilikda davlat fuqarolik xizmatchilariga belgilangan mezonlar, ularning faoliyatini baholash jarayonlari, ularni tayyorlash va qayta tayyorlash tartib-taomillari belgilanmagan edi.

Shu ma’noda, yangi qonun ushbu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etishda, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi davlat siyosati yagonaligini ta’minlashda ayni muddao bo‘ldi. Qonunning har bir bandida davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari bilan birga, uning javobgarligi, cheklovlar ham o‘rnatilgani qayd etilgan.

Hech shubhasiz, mazkur qonun mohiyatan fuqarolik huquqlarimizni yanada mustahkamlash va mas’uliyat bilan faoliyat olib borishda,  xususan, davlat fuqarolik xizmatini rivojlantirish uchun yangilik sari intilishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.  

 

  Sevara Ishmuratova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Umumiy bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech