12 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi yakunlari asosida qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov so‘zga chiqib, qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
— Hozirgi kunda konstitutsiyaviy islohotlarning mas’ul pallasiga kirdik, — dedi A.Saidov. — Mamlakat miqyosida juda katta ishlar olib borilyapti. Ayni vaqtda konstitutsiyaviy islohotning ikkinchi bosqichiga qadam qo‘ydik. Birinchi bosqich 62 mingdan ortiq taklif asosida tayyorlangan va hozirgi kunda umumxalq muhokamasi yakunlangan Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash bosqichi bo‘lsa, ikkinchisi — umumxalq muhokamasi bosqichidir.
Takliflarni olish shu yil 31 iyul kuni tugadi. Bugungi kunda fuqarolarimizdan kelib tushgan 150 mingdan ortiq taklifni tahlil qilish, umumlashtirish va Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritish ustida ish ketyapti.
Keyingi vaqtda Qonunchilik palatasiga tashrif buyurgan har bir xorijiy delegatsiya a’zolarini Takliflar bilan ishlash guruhi, Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati xodimlarining oldiga olib kirib, suhbat uyushtiryapmiz. Ular quyi palatada yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, konstitutsiyaviy islohot jarayonida qanday ish olib borilayotganini amalda ko‘rishmoqda. O‘z navbatida, dunyodagi konstitutsiyaviy islohotlar tajribasida O‘zbekiston yaratgan tizimga o‘xshagan xalq bilan birga keng muhokama qilish tizimini ko‘rmaganini aytishmoqda.
Xuddi shu tajribamiz haqida Jenevadagi 30 dan ortiq xalqaro tashkilot vakillari, Nyu-Yorkda esa Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh qarorgohida 40 dan ziyod davlatning doimiy vakillari va boshqa xalqaro tashkilotlar mutasaddi yuqori mansabli shaxslarining oldida ham aytib berdik.
Xalqaro hamjamiyat vakillari O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotning o‘ziga xos modelini yaratish uchun betakror tajriba to‘plaganini e’tirof etishdi. Asosiysi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni yuqori baholab, bu borada O‘zbekistonning tutgan yo‘lini to‘liq qo‘llab-quvvatlashdi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bugungi kunga qadar 10 ga yaqin milliy ekspertizadan o‘tkazildi. Qolaversa, xalqaro darajada ham ekspertizalar o‘tkazilyapti. Masalan, yaqinda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Bosh komissari tomonidan juda mazmunli, qo‘llab-quvvatlanadigan takliflar kelib tushdi.
Shu bilan birga, Toshkentda BMTning Doimiy muvofiqlashtiruvchisi, YuNISEF, YuNESKO kabi xalqaro tashkilotlar vakillari bilan 3 ta xalqaro jamoatchilik maslahatlashuvi o‘tkazdik. Dunyo Konstitutsiyalarida bola huquqlari, xotin-qizlar va nogironlar huquqlari qanday mustahkamlangani va bu boradagi xorijiy tajribalar biz e’lon qilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi qoidalar bilan qiyosiy tahlil qilindi.
Xalqaro hamkorlarimiz O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohot borasida juda ilg‘or qadamlar qo‘yilayotganini ta’kidladilar. Loyihaning sifati va darajasi hozirgi kundagi jahon konstitutsiyaviy taraqqiyotining tendensiyalariga to‘la mos kelishini e’tirof etib, bir qator amaliy takliflar berdilar.
Shuni alohida aytish kerakki, bugun xorijiy davlatlarda ham O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotga qiziqish nihoyatda katta. Xususan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) amaldagi raisi, Polsha tashqi ishlar vaziri Zbignev Rau O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot o‘z vaqtida o‘tkazilayotganini bildirdi.
Bugungi kunga qadar Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmuni va mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlab xalqaro tashkilotlar darajasida 11 ta, xorijiy davlatlarda 9 ta tadbir o‘tkazildi. Shu o‘rinda xalqaro darajada bo‘lib o‘tgan muloqotlarda bildirilgan bir-ikkita fikrga to‘xtalmoqchiman.
Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad mamlakatimizda xalqning faol ishtirokida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotni olqishlab, so‘nggi yillarda ayollar va yoshlar huquqlarini mustahkamlash bo‘yicha O‘zbekiston chempion ekanini qayd etdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi raisi A.Shahid esa O‘zbekiston BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish borasida rivojlanayotgan mamlakatlardan oldinda borayotganini ta’kidladi. Konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyatiga to‘xtalar ekan, A.Shahid O‘zbekiston Bosh Qomusiga taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Barqaror taraqqiyot maqsadlari bilan hamohang bo‘lgan qator muhim vazifalar ustuvorligini belgilab berganini yuksak baholadi.
YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi “O‘zbekiston Prezidentining ikkita tashabbusi, ya’ni Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasiga chiqarilishi va referendum orqali qabul qilinishi jahon hamjamiyati tomonidan qo‘yiladigan eng demokratik talablarga javob beradigan tashabbuslardir. Buni biz to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz”, degan fikrlarni aytdi.
Umuman olganda, xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlarga munosabati, bu borada tayyorlagan loyihamizni qo‘llab-quvvatlashi biz uchun ham g‘urur, ham katta ko‘mak, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bularning barchasi O‘zbekiston ayni sohada ham eng to‘g‘ri yo‘ldan borayotganidan dalolatdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 16.08.2022
- Ko'rishlar: 5121
- Chop etish