Joriy yilning 12 avgust kuni Inson huqulari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi xodimlari ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori Hafiza Karimova boshchiligida mas’ul xodimlar bilan suhbat davomida mazkur kutubxona va uning tarixi bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlar olinib, kelgusida kutubxonalar faoliyatini mustahkamlash bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.

Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazida 7 ta bo‘lim mavjud bo‘lib, ularda 60 nafar xodim faoliyat yuritadi. U uzoq yillardan buyon Vatanimizning ma’naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat, istiqlolga sadoqat tuyg‘ularini chuqur singdirish borasida faoliyat yuritayotgan kutubxonalardan sanaladi.




Qariyb 85 yoshni qarshilayotgan bu kutubxona 1937 yil oktyabr oyida atigi 10 000 nusxa kitob fondi bilan Yakkasaroy tumani markaziy kutubxonasi negizida tashkil topgan. Kitob fondi muntazam ravishda boyitilishi natijasida, 1972 yilda u 48 619 nusxaga yetgan. 1977 yilda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar jarayonida kutubxonalarni markazlashtirish ishlari amalga oshirilishi natijasida, «Bilim» markaziy shahar kutubxonasiga markazlashtirilgan kutubxonalar tizimining metodik markazi sifatida faoliyat olib borish maqomi berildi.

Hozirgi kunga kelib kitob fondi sezilarli darajada ortgan, ya’ni 200 mingga yaqin adabiyotlar shundan, qariyi II asrlik tarixga ega bo‘lgan 487 ta nodir nashrlar fondi bo‘lib, unda ensiklopediyalar, texnika, geografiya hamda jahon mumtoz adabiyotlariga oid juda muxim asarlar saqlanmoqda. Bu, o‘z navbatida, kitobxonlarning jahon miqyosidagi ilm-fan, madaniyat, san’at va boshqa turli bilimlardan ham bahramand bo‘lishiga keng imkoniyat yaratdi.


Kitoblarni foydalanuvchilarga yetkazish va aholi madaniy saviyasini oshirishda foydalanuvchilarga Elektron resurslardan foydalanish va o‘quv zallari xizmati bo‘limi yetakchilik qiladi. Ushbu bo‘lim Axborot-kutubxona markazining asosiy faoliyatini tashkil etib, uning muhim vazifasi foydalanuvchilarning axborot va adabiyotga bo‘lgan talablarini tez va sifatli qondirishdan iborat.
Bo‘lim boshlig‘i Muhayyo Inoyatovaning ta’kidlashicha kitobxonlar tomonidan bosma adabiyotlardan foydalanish jarayonida elektron adabiyotlariga ham talab ortib bormoqda. Hozirgi kunda 15 000 dan ziyod adabiyotlarning eletoron nusxasi yaratilgan. Kutubxona foydalanuvchilari ham 15 000 nafardan oshgan. Kitobxonlarga masofadan turib xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
“Bilim” axborot-kutubxona markaziga inson huquqlariga oid 33 nomdagi 300 ga yaqin nusxadagi adabiyotlar beg‘araz taqdim etildi.
Hamidullo Mo‘minov,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi “Inson huquqlari uyi” xodimi
Malika Talipova,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi “Inson huquqlari uyi” yetakchi mutaxassisi
- Qo'shildi: 17.08.2022
- Ko'rishlar: 6154
- Chop etish