O‘ZBEKISTON RAHBARINING SAUDIYA ARABISTONIGA SO‘NGGI 30 YILDAGI BIRINCHI DAVLAT TASHRIFI YAKUNLARI TOSHKENT VA AR-RIYOD UCHUN HAMKORLIKNING YANGI QIRRALARINI OCHADI
Xorijiy ekspertlar O‘zbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi yakunlari haqidagi fikr-mulohazalarini bildirmoqda.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi yakunlari xalqaro biznes va ekspertlar hamjamiyatining diqqat markazida bo‘ldi. Ekspertlarning aksariyati mamlakatlar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyatga ega ekani, tashrif chog‘ida erishilgan kelishuvlar ikki davlat rahbarlarining o‘zaro manfaatli munosabatlarni izchil kengaytirish va mustahkamlash borasidagi yuksak siyosiy irodasidan dalolat berayotganini e’tirof etmoqda.
Fumixiko KATO,
Yaponiya Milliy neft uyushmasi raisining o‘rinbosari va ijrochi direktori, Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi:
— O‘zbekiston bilan Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamlanishi va kengayishi g‘oyat muhim bo‘lgani holda, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va osoyishtalik mustahkamlanishi, barqarorlik va iqtisodiy taraqqiyot ta’minlanishi nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega.
Har ikki davlat Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqdagi mintaqaviy siyosat va iqtisodiyot masalalarida, shu jumladan, “afg‘on muammosi” deb nomlangan nizoning hal qilinishida muhim yetakchilik rolini o‘ynamoqda.
Shuni qayd etish kerakki, mintaqadagi davlatlar Yaponiya uchun juda muhim hamkorlar hisoblanadi, chunki O‘zbekiston bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgan bo‘lsa, chetdan sotib olinadigan neft mahsuloti umumiy hajmining 40 foizi mamlakatimizga Saudiya Arabistonidan import qilinadi.
Yaponiya ushbu mamlakatlar hukumatlari bilan birgalikda Afg‘onistonga yordam ko‘rsatmoqda, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, huquqni muhofaza qilish idoralarini takomillashtirish va Transafg‘on temir yo‘li qurilishi loyihasini amalga oshirishga, shuningdek, tabiiy resurslar va energetika sohasida ko‘maklashmoqda.
Umid qilamanki, ikki davlat rahbarlari uchrashuvlarining natijalari siyosiy, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish uchun o‘ziga xos poydevor bo‘ladi.
Stanislav SULOVSKIY,
Polsha Siyosiy fanlar institutining professori:
— O‘zbekiston Prezidentining davlat tashrifi strategik nuqtai nazardan muhim ahamiyatga ega, degan fikrdaman. O‘zbekiston uchun, ayniqsa, tashqi siyosatning so‘nggi paytlarda ko‘zga tashlanayotgan Osiyo yo‘nalishi, ya’ni sharqiy qirrasi Yevropa, ya’ni g‘arbiy yo‘nalishi kabi dolzarb mazmunga egadir. O‘zbekistonning ko‘p qirrali tashqi siyosat asosidagi muvaffaqiyatli muvozanatlashuvi geosiyosiy nuqtai nazardan bugungi murakkab davrda allaqachon o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda izchil iqtisodiy o‘sishni namoyon qilmoqda. Mamlakat iqtisodiyoti tez orada dunyoning eng yaxshi 50 davlati sirasiga kiradigan Osiyoning qator mamlakatlari muvaffaqiyatini takrorlashi mumkin. Biz Prezident Shavkat Mirziyoevning O‘zbekiston xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan samarali sa’y-harakatlarini kuzatmoqdamiz. Geosiyosiy nuqtai nazardan Saudiya Arabistoni nafaqat energetika, balki dunyoning muhim mintaqasidagi barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha ham xalqaro munosabatlar tizimida juda muhim o‘rin tutadi.
Bundan tashqari, ikki davlat rahbarlari qator muhim sohalardagi aloqalarni har tomonlama mustahkamlashga muvaffaq bo‘ldilar. Tashrifning dastlabki natijalaridan ayon bo‘lishicha, moliyaviy va sarmoyaviy jihatdan Saudiya Arabistoni O‘zbekiston bozorida faol ishtirok etishdan juda manfaatdordir. O‘zbekistonda amalga oshirish uchun Saudiya Arabistoni bilan ko‘p milliard dollarlik investitsiya loyihalari imzolanishi Toshkentning misli ko‘rilmagan muvaffaqiyati hisoblanadi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik salohiyati juda mustahkam. Hamkorlik sanoat qurilishi, metallurgiya, energetika, yuqori texnologiyalar, transport infratuzilmasi, turizm singari sohalarda ham samarali rivojlanishi mumkin.
Shabir Ahmad XON,
Peshovar universitetining Mintaqaviy tadqiqotlar markazi direktori, professor (Pokiston):
— Ushbu tarixiy tashrif turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning faollashuviga yangi sur’at bag‘ishlaydi, deb hisoblayman.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistonini diniy-ma’naviy qadriyatlar, boy ilmiy va madaniy meros bog‘lab turadi. Saudiyaliklar o‘zbeklarni buyuk Islom mutafakkiri, faylasuf va alloma Imom Buxoriyning avlodlari sifatida yuksak hurmat qiladi.
Saudiya Arabistoni 1992 yil birinchilardan bo‘lib O‘zbekiston davlat mustaqilligini tan olgan. Shunisi ham muhimki, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni mintaqaviy va xalqaro xavfsizlik hamda rivojlanish masalalari bo‘yicha umumiy qarashlarga ega. Toshkent va Ar-Riyod xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda bir-birini faol qo‘llab-quvvatlamoqda.
Shunisi ayonki, Prezident Shavkat Mirziyoevning tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishlaydi va o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtiradi. Tashrif natijasi o‘laroq, hamkorlik yanada kengaygani holda “yashil” iqtisodiyot, raqamlashtirish, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, kichik va o‘rta biznes kabi sohalarni qamrab oladi.
Joriy loyihalar hech bir qiyinchiliklarsiz amalga oshirilishining ta’minlanishi va ularning ko‘lamini yanada kengaytirish uchun qator hujjatlar va bitimlar imzolandi. Tashrif so‘nggi yillar davomida mamlakat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumotlarni berish imkonini yaratishi barobarida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni bundanda ravnaq toptirish uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochdi.
“Dunyo” AA
- Qo'shildi: 19.08.2022
- Ko'rishlar: 5260
- Chop etish