Qochoqlar maqomi to’g’risidagi konvensiyaga qo’shilish imkoniyatlari: huquqiy tadqiqot taqdimoti

Joriy yil 26 avgust kuni Toshkentda BMTning 1951 yildagi Qochoqlar maqomi to’g’risidagi konvensiyasi va mazkur Konvensiyaning 1967 yildagi Protokoliga qo’shilish istiqbollari nuqtai nazaridan O’zbekiston qonunchiligi va amaliyotining huquqiy tahliliga bag’ishlangan seminar bo’lib o’tdi. Tadbir Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMT Qochoqlar ishlari bo’yicha oliy komissari Boshqarmasi hamkorligida tashkil etildi.

O’zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ombudsman instituti, Inson huquqlari bo’yicha Milliy markaz, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillaridan iborat seminar ishtirokchilariga ayni mavzudagi tadqiqot natijalari taqdim etildi.

BMTning ikkinchi qo’shma yillik ish rejasi doirasida tayyorlangan ushbu tadqiqotda O’zbekiston Respublikasining qochoqlarni himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari va huquqni qo’llash amaliyoti tahlil qilingan. Unda bu boradagi milliy huquq normalari bilan xalqaro standartlar va mamlakatning xalqaro shartnomalar doirasidagi huquqiy majburiyatlari o’zaro qiyoslangani e’tiborlidir.

Shu bilan birga, tadqiqotda ayni yo’nalishdagi eng maqbul yaxshi amaliyotlar va bo’shliqlar yoritilgan. Kelgusida bu borada qonunchilikda o’z aksini topadigan o’zgarishlar va hukumat uchun milliy mudofaa tizimini yanada rivojlantirishga bo’yicha tavsiya hamda kuzatishlar qayd etilgan.

Tadbirning ochilishida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o’rinbosari, Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va BMT Qochoqlar ishlari bo’yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo’yicha direktori o’rinbosari Dumitru Lipkan so’zga chiqdi. 

Xususan, A.Saidov yer yuzida global geosiyosiy inqirozlar va favqulodda vaziyatlar tufayli o’z mamlakatlarini tark etishga yoki siyosiy boshpana izlashga majbur bo’lganlar soni doimiy ravishda o’sib borayotganini afsus bilan qayd etdi. Bunday qiyin va xavfli vaziyatlarda dunyo hamjamiyati, xalqaro tashkilotlar va butun dunyo fuqarolari boshpanaga muhtoj odamlarni himoya qilish harakatlarini kuchaytirayotgani muhimligini ta’kidladi.

 

Shu munosabat bilan XXI asrda yanada dolzarblik kasb etayotgan BMTning 1951 yildagi Qochoqlar maqomi to’g’risidagi konvensiyasi va mazkur Konvensiyaning 1967 yildagi Protokoli butun dunyo bo’ylab ta’qiblar va zo’ravonliklar tufayli o’z uylarini tashlab ketishga majbur bo’lgan millionlab odamlarning huquqlarini himoya qilish va saqlashning huquqiy asosini tashkil etuvchi asosiy hujjatlardir. Ushbu ikki hujjat xalqaro qochoqlar huquqlarining eng batafsil va keng qabul qilingan kodifikasiyasini ifodalaydi.

Binobarin, “har ikki xalqaro-huquqiy hujjat talablarini davlatlarning milliy qonunchiligiga implementasiya qilish bugungi kunda har qachongidan ham muhim. Umid qilamanki, ushbu tadqiqot natijalari mamlakatimiz qonunchiligini takomillashtirishga, demokratik tamoyillar va inson huquqlari va erkinliklarining huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi", - dedi Akmal Saidov.

O’z navbatida, BMT Qochoqlar ishlari bo’yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo’yicha direktori o’rinbosari Dumitru Lipkan ushbu tadqiqot qimmatli ma’lumot manbai bo’lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Chunki O’zbekiston hududida boshpana izlovchilarni samarali himoya qilish uchun amaldagi qonunchilik asosida vaqtinchalik chora-tadbirlarni amalga oshirish masalasi ko’rib chiqilayotgani bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.

Dumitru Lipkan "BMT Qochoqlar ishlari bo’yicha oliy komissari Boshqarmasi O’zbekistonning 1951 yildagi Qochoqlar maqomi to’g’risidagi konvensiyaga va 1967 yildagi Protokolga qo’shilgan va ularni amalga oshirayotgan BMTga a’zo boshqa davlatlar bilan bir qatorda turish istagini qo’llab-quvvatlashga doimo tayyor", deb alohida ta’kidladi.

Tadqiqotda e’tibor qaratilganidek, O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, qonunlari va qonunosti hujjatlari xalqaro himoyaga oid bir qator qoidalarni o’z ichiga olgan. Tahlil natijalari bo’yicha milliy qonunchilikni 1951 yilgi Konvensiya qoidalari va boshqa tegishli xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish tavsiya etilmoqda.

Ma’lumot uchun: BMT Inson huquqlari bo’yicha kengashi Umumjahon davriy sharhining 2018 yildagi 30-sessiyasida O’zbekiston hukumati 1951 yildagi Qochoqlar maqomi to’g’risidagi konvensiyani va uning 1967 yildagi Protokolini ratifikasiya qilish bo’yicha tavsiyalarni qo’llab-quvvatlagan.

Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi va BMT Qochoqlar ishlari bo’yicha oliy komissari Boshqarmasi 2020 yildan buyon O’zbekistonda fuqarosizlikni kamaytirish va uning oldini olish hamda qochoqlarni himoya qilish bo’yicha Umumjahon davriy sharh tavsiyalarini bajarish uchun o’zaro hamkorlik qilib kelmoqda.

 

Inson huquqlari bo’yicha
O’zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech