“Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o’zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda”.
Davlatimiz rahbarining ana shu fikrlarining tasdig’i sifatida mamlakatimizda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko’rsatishni takomillashtirish, rivojlantirish va kitobxonlik madaniyatini ommalashtirish ishlari izchil yuksalmoqda. Bu haqda fikr yuritganda, avvalo, Harakatlar strategiyasi doirasida so’ngggi besh yilda sohada salmoqli natijalarga erishilganini ta’kidlash lozim.
O’z navbatida, 2022 yil 28 yanvarda Prezidentimiz Farmoni bilan 2022-2026 yillarga mo’ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi. Taraqqiyot strategiyasini 2022 yil – Inson qadrini ulug’lash va faol mahalla yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko’rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish yuzasidan ustuvor maqsad-vazifalar belgilab berildi.
Bunda, ayniqsa, “Kitobsevar millat” umummilliy g’oyasini ro’yobga chiqarish masalasi kun tartibiga qo’yilgani juda muhim. Shu asosda mamlakatimizning boshqa hududlari qatori poytaxtimizning Yashnobod tumanida ham aholiga axborot-kutubxona xizmatlari ko’rsatishning yangi tizimini yaratish bo’yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, tumanimiz aholisi uchun “Do’stlik” metro stansiyasidan chiqish joyida salkam 3 gektarlik bog’ barpo etildi va aholi serqatnov ushbu manzilda “Elektron kutubxona” tashkil etildi.
Internet rivojlangan bir davrda hammani ham kutubxonaga jalb qilish deyarli imkonsiz ekani sir emas. Shu ma’noda, bog’ va saylgohlarda, odamlar gavjum hududlarda bunday ma’rifat markazlarining tashkil etilishi ayni muammoning maqbul yechimi ekanini tajribamiz tasdiqlamoqda.
Tuman axborot-kutubxona sayti (qr-ebook.uz) yaratilib, unga bugungi kunda ko’p o’qiladigan eng dolzarb mavzudagi 600 nomdan ortiq adabiyot joylashtirildi. Bu baza yanada boyitib borilmoqda.
Kitob qaysi ko’rinishda bo’lmasin, qog’ozda yoki elektron shaklda ekanidan qat’i nazar, uning mazmuni va ahamiyati o’zgarmaydi. Bog’ oralab o’tiladigan yo’lak bo’ylab saytimizning QR-kodlarini o’rnatib chiqishda ana shu oddiy va asl haqiqatni hisobga oldik.
Aholi, ayniqsa, yoshlarimiz o’qishga yoki ishga shoshilar ekan, yo’l- yo’lakay saytimizning QR-kodi orqali o’zlariga zarur adabiyotlarini telefonlariga yuklab olmoqda. Bu, bir tomondan, yurtdoshlaritmizning vaqtini tejayotgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, kitobxonlik va mutolaa imkoniyatlarini osonlashtirmoqda.
Bunday imkoniyatga ega bo’lmaganlar uchun Yashnobod tuman axborot-kutubxona markazida planshetlar bor. Ushbu planshetlarga zarur adabiyotlarni yuklab olish va o’qish uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Yana bir muhim jihat: bunday yangi “Elektron kutubxona”larda elektron baza, Internet tizimi bilan bemalol ishlaydigan mutaxassislar ishlashi kerak. Chunki elektron kitoblarni va kerakli saytlarni topishda foydalanuvchilarga tez va sifatli yordam ko’rsatish talab etiladi.
Bularning barchasi, bir tomondan, kutubxona va kutubxonachilar nufuzini oshirishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, kitobxonlik madaniyati yanada yuksalishiga, jamiyatimiz bilim darajasi izchil ortishiga olib keladi.
Yoshlarimiz ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanmoqda. Saytimiz hisoblagichi keyingi uch oylik faoliyati davomida 99 ming marta kitob yuklanganini ko’rsatdi. Ko’rishlar soni 269 ming 124 tani tashkil etdi.
Shu ma’noda, kelgusida dunyo miqyosida kitobsevar millat bo’lishimizga ishonchimiz bisyor. Chunki biz – buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz.
Bir so’z bilan aytganda, yoshlarimizning kitob mutolaasi orqali nafaqat bilim olib, dunyoqarashini munosib shakllantirishi, ayni chog’da, intellektual salohiyatini ham oshirib borishi Yangi O’zbekiston taraqqiyotida, hyech shubhasiz, o’z o’rni va ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.
Yaxshigul Atayeva,
Toshkent shahar Yashnobod tuman axborot-kutubxona
markazi direktori
- Qo'shildi: 31.08.2022
- Ko'rishlar: 5395
- Chop etish